NEGA HARBIY-VATANPARVARLIK mavzusidagi filmlarimiz jahon darajasida EMAS? Bu savolga rejissyorlardan javob oldik...

Kino san’atining qudrati shundaki, u orqali yo‘qni bor, borni yo‘q qilib ko‘rsatish mumkin. Masalan, yaxshi stsenariy va rejissura, aktyorlik mahorati bilan kichkina tarixni bo‘rttirib, ishonarli qilib tasvirlash hech gap emas.

 

So‘zimizni tarix va uning kino san’atidagi aksi haqida boshlaganimiz bejiz emas. Bugun yurtimizning haqqoniy tarixi filmlarimizda nega aks etmayotgani, keyingi yillarda suratga olinayotgan filmlarimizda sovchilik, qaynona-kelin masalalaridan nariga o‘tolmayotganimiz — millatning ertangi taqdiriga qayg‘uruvchi har bir kishini o‘yga solishi shubhasiz. 

Bizda bilimli, saviyali, tajribali rejissyorlar yoki mahoratli aktyorlar yo‘q desak, ijodkorlarimiz mahoratini shubha ostiga olgan bo‘lamiz. Tariximizning shonli, murakkab davrlarini bilmaydigan adib va tarixchilarimiz yetishmaydi deyish ham noto‘g‘ri. Xo‘sh, unda nima qilmoq kerak?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 2017 yilning 29 dekabr kuni milliy kino san’ati va kinoindustriyamizni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va bu borada mavjud muammolarni hal etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda shu kabi savollarga birgalikda javob izlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, tegishli vazirlik va idoralar, “O‘zbekkino” milliy agentligi va uning tizimidagi ijodiy tashkilotlar rahbarlari, kinoijodkorlar vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda Yurtboshimiz kuyunchaklik bilan: “Dunyo miqyosida turli g‘oya va mafkuralar kurashi, odamlar, ayniqsa, yoshlarning qalbi va ongini egallash uchun turli kuchlar o‘rtasida raqobat keskin tus olgan bugungi kunda eng ommaviy san’at bo‘lgan kinoning beqiyos imkoniyatlaridan samarali foydalanishimiz zarur”, deya ta’kidladilar.

Keyingi yillarda jahon kinoijodkorlari O‘zbekiston tarixi, yurtimizdan yetishib chiqqan Abu Ali ibn Sino, Amir Temur singari ulug‘ bobolarimiz hayoti va faoliyatlariga tez-tez murojaat qilayotgani bejiz emas. Biroq ular tarixiy haqiqatni nechog‘lik aks ettirishyapti? Mana bu masala biz uchun og‘riqli. 

Ma’lumki, harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi asarlar hamisha dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan. Ular millatning g‘ururini ko‘tarishga xizmat qilgan, milliy iftixorini yuksaltirgan. Xo‘sh, nega kinoijodkorlarimiz bu mavzuda yuksak saviyali (ya’ni jahonga chiqa oladigan, deylik, koreyalik, turkiyalik, hindistonlik muxlislar ham sevib tomosha qiladigan) asarlar yarata olmayapti? 

Prezidentimiz ijodkorlar bilan bo‘lgan uchrashuvda kino sohasida shu kabi yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari xususida kuyunib gapirdi. Yaxshi kinolar olish uchun katta mablag‘ ajratildi. 

Harbiy-vatanparvarlikni targ‘ib qiluvchi filmlarni yaratishda mablag‘ bilan birga rejissura ham muhim o‘rin tutadi, albatta. Haqiqatan ham gap tasavvurda, rejissyorning fantaziyasida. Pul bo‘lsa-yu, rejissyor yaxshi kino yarata olmasa, buni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Qachonki, rejissyor malakali, dunyoqarashi keng va yana nozik didli bo‘lsa, shu bilan birga ekranga olib chiqayotgan mavzuni chuqur bilsa, u yaratgan filmlar albatta muvaffaqiyatli chiqadi.

Mavzu yuzasidan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi, televidenie va kino rejissyori Shavkat Mahbubov quyidagi mulohazalarini bildirdi:

— 2000 yilga qadar o‘zbek kinematografiyasida milliy armiyamizning shakllanish jarayonlarini o‘zida aks ettirgan harbiy vatanparvarlikni tarannum etuvchi badiiy filmlar yo‘q edi. Harbiy mavzuda film yaratish istagim borligini iste’dodli ijodkor Yusuf Roziqovga aytganimda u bajonidil stsenariy yozib berishini aytdi. Bu taklifimizni Mudofaa vazirligi ham qo‘llab-quvvatladi. O‘sha vaqtda men harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi “Vatanimga xizmat qilaman” ko‘rsatuviga rejissyorlik qilardim. Harbiylar hayoti, ularning xizmat jarayoni haqida ozmi-ko‘pmi tasavvurga ega edim. Shunday imkoniyatga ega bo‘la turib bu mavzuda kino ishlamaslik men uchun kechirilmas xato bo‘lardi. Shunday qilib “Sardor” badiiy filmi yaratildi. Keyinchalik “Ostona”, “Sardor-2”, Hilol Nasimov bilan hamkorlikda “Sardor-3” filmlarini yaratdik. 

Bu bilan men nima demoqchiman, shu mavzuda yaxshi asarlar yaratish mumkin. Yurtboshimizning kinoijodkorlar bilan uchrashuvi menga yanada ilhom berdi. 

— Men uchun harbiy-vatanparvarlik mavzusi notanish emas, — dedi yana bir kinorejissyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi  Bahodir ODILOV. —Bu mavzuda 2011 yil “Jasur” filmini suratga olganman. Film stsenariysi real voqealar asosida yozilgan, unda ishtirok etgan qahramonlar ham to‘qima obrazlar emas, balki hayotdan olingan.  

Bu yo‘nalishda yangi kinolar olishni rejalashtirayapmiz. 

Prezidentimizning ijodkorlar bilan o‘tkazgan yig‘ilishi biz rejissyorlarni ruhlantirdi. Kino sohasida yangi loyihalarni yuzaga chiqarishga to‘siq bo‘layotgan muammolarning yechimi topildi. Bu esa ijod qilishga bo‘lgan ishtiyoqimizni oshiradi. Sohada olg‘a siljish bo‘ladi, albatta. Bugun “harbiy-vatanparvarlik mavzusida tarixiy yoki zamonaviy kino olaman” degan rejissyorga o‘z maqsadi yo‘lida hech qanday to‘siq yo‘q. Bu imkoniyatlardan unumli foydalanishimiz lozim. 

Darhaqiqat, harbiy-vatanparvarlik mavzusini targ‘ib qiluvchi yangi kinokartinalar yaratishga keng yo‘l ochildi, imkoniyat berilyapti. Kinorejissyorlar g‘ayrat bilan ishga kirishishga bel bog‘lagan. Demak, ulardan shu mavzudagi yangi filmlarni kutib qolamiz. 

Gulnora HOJIMURODOVA

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.