BU — YULG‘ICHLIK EMASMI?

Plastik kartochka joriy etilganligi zab ish bo‘ldi-da. Endi oddiy do‘konda ham, minimarketu supermarketda ham tarozidan ursa uradiki, ammo hisob-kitobdan urolmaydi.

 

Chunki 11985 so‘mlik xaridingiz uchun sotuvchi terminalingizdan 12000 ming so‘m yechib ololmaydi. Biroq naqd pul bilan to‘laydigan bo‘lsangiz, 15 so‘m yutqazishingiz aniq. Chunki sotuvchida qaytim uchun 15 so‘m yo‘q. Shu bois qaysi bir do‘konda xuddi sadaqa berganday bir dona konfet bersa berdi, bo‘lmasa yo‘q. Oldin bor edi-ku deysizmi? Ha, oldin besh so‘mlik ham, o‘n so‘mlik ham, yigirma besh so‘mlik ham, ellik so‘mlik ham bor edi. Ularning qiymatiga to‘g‘ri keladigan mahsulot bo‘lmagani uchun imi-jimida muomaladan chiqib ketishdi. 

Yaqin-yaqingacha 100 so‘mga bir dona gugurt berar edi. Hozir esa 120 so‘m bo‘ldi. Majbur bo‘lganingizdan keyin 200 so‘mga bitta gugurt olasiz-da. Lekin sotuvchiga begona bo‘lsangiz, iltimosu iltijo qilganingiz bilan 100 so‘mga gugurt bermaydi. Shunaqa. Sizdan unga o‘tsa mayli. Biroq undan sizga o‘tgudek bo‘lsa, osmon uzilib tushadi. 

Yana bir narsaga tushunib bo‘lmaydi. Masalan, supermarketda bir kilo olmaning bahosi 10190 so‘m bo‘lsa, bir kilo nokning bahosi 9990 so‘m, bir kilo pomidor 10890 so‘m bo‘lsa, bir kilo bodring 15790 so‘m. Ko‘ryapsizmi, har bir mahsulotga 90 so‘m qo‘shib qo‘yilgan. Bir kilo olma uchun naqd 10200 so‘m to‘laysiz-u, 10 so‘m qaytimini sadaqa qilib ketaverasiz. Xuddi shunday bo‘lishi kerakdek, sotuvchi ham lom-mim demaydi. Qiziqsiz-a, har yuz kishidan ming so‘m tushib turgandan keyin albatta, lom-mim demaydi-da. Ming xaridordan o‘n ming so‘m qolganda, bir oyda g‘oyibdan bor-yo‘g‘i 300 ming so‘m kelar ekan. Shunga shunchami?! Ha endi... Lekin bu bir yilda uch million olti yuz ming so‘m bo‘ladi-da. Yo‘g‘-e! Hisoblab ko‘ring! Demak, uch yuzdan bo‘lsa, o‘n oyda uch million. Ikki oyda olti yuz ming. Buning uchun men uch oy ter to‘kishim kerak. Bu hazilakam pul emas. Mana endi, insof bilan aytganda buni ko‘zga ko‘rinmas yulg‘ichlik deyish mumkinmi?! Albatta-da. 

Yashang! Xaridorni shilishning bunday zo‘r usulini o‘ylab topgan kashfiyotchilarni kimdir taqdirlashi kerakmi? Axir, bu o‘z-o‘zidan bo‘lmagan-ku. Qancha bosh qotirgan. Qog‘oz qoralagan. Qanchadan-qancha vaqt sarflagan. Sinovdan o‘tkazgan... Xullas, mehnat qilgan. Mehnat qilgandan keyin uning rohatini ham ko‘rishi kerak-da, axir! 

Savdoni nazorat qiluvchi yoki mijozlar manfaatini himoya qiluvchi tashkilotlar bundan ko‘z yumib yurishibdi. Hozircha! Bir kun kelib birorta kattaroq rahbar boshiga bir musht urib, bunisi nimasi, desa ko‘zi ochilib qolar, to‘g‘rimi? Zora shunday bo‘lsa!

 

Nuriddin OCHILOV

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.