Oila muammosi BIRNIKI EMAS!

Ayol go‘zalligi olamni charog‘on etsa, mehri tosh yuraklarni-da eritishga qodir. Uning siymosi, qalb-qo‘ri esa dilbandlari chehrasida, xulq-atvorida namoyon. Ayolni avaylab-asragan yurtning kelajagi ham porloq bo‘ladi.   Bugungi kunda xotin-qizlar hayotimizning barcha jabhalari, jumladan, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimi, sanoat va qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport va aloqa sohalarida samarali faoliyat olib bormoqda. Ular fan, san’at, madaniyat va sportda yuqori marralarni zabt etishmoqda. Qishloq ayollari esa hech ikkilanmay gektar-gektar yerlarga bosh bo‘lib, fermerlikda ham o‘rnak bo‘lmoqda. Bu quvonarli hol, albatta. Biroq yordamga muhtoj, nogiron, ishsiz, ijtimoiy ahvoli og‘ir xotin-qizlarimiz ham borki, ularning taqdiriga befarq qarab bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan o‘tgan davr mobaynida qator ishlar amalga oshirildi. Jamiyatda xotin-qizlarning rolini oshirish, ularning qiziqishlarini himoya qilish, turli-tuman ma’naviy va madaniy talablarini qondirib, ularga ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va psixologik yordam berish, shuningdek, oilani, onalik va bolalikni himoyalash maqsadida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Lekin oramizda arzimas sabablar bilan oilasini buzayotgan, firibgarlik, o‘g‘irlik, qotillik kabi turli jinoyatlarga qo‘l urib, hatto o‘z bolasini sotib moddiy boyishni ko‘zlayotgan ayollar ham uchrab turibdi. 

To‘g‘ri, jinoyat ko‘chasiga qadam bosayotganlarning hammasi ham ma’nan qashshoqligi, boylikka bo‘lgan xirsi, tevarak-atrofidagi salbiy muhit sabab shu ko‘yga tushayotgani yo‘q. Ular orasida o‘ziga to‘q, o‘qimishli, ziyoli va sog‘lom oila muhitida voyaga yetgan xotin-qizlar ham bor. Biroq ularni nima shu ko‘cha sari yetaklayotgani og‘riqli savoldir. Yana bir muammo — ajralish dardi ham borki, unga davo topish nafaqat oila kattalari, balki qarindosh-urug‘lar, mahalla-ko‘y, qator tegishli tashkilotlar chekiga tushadi. Zero, oilaning parokanda bo‘lishi faqatgina ikki inson taqdirini o‘zgartiribgina qolmay, o‘rtadagi farzandlar kamoloti, ta’lim-tarbiyasi, kelajagi, shuningdek, jamiyatdagi munosabatlar, mamlakat rivojiga ham o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Shu bois, joriy yilning 2 fevralida Prezidentimizning “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi. Ta’kidlash lozimki, mazkur Farmonda qator muammo va kamchiliklar atroflicha tahlil qilingan. Jumladan, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hududiy bo‘linmalari tashkil etilishi, 2018 yil 1 apreldan boshlab FHDYo organlari, ularning nikoh munosabatlariga oid aktlarni rasmiylashtirish, oila institutini mustahkamlash, oilaviy ajrashishlarning oldini olish bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha tuman (shahar) hokimliklariga bo‘ysundirilishi, “Xotin qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi” hamda oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari tuzilmalarida “Ayollar maslahatxonalari”ning tashkil etilishi, Zulfiya nomidagi davlat mukofotini olish tartibiga o‘zgartirishlar kiritilgani, “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishonining ta’sis etilishi — hamma-hammasi ezgulikka xizmat qilishi shubhasiz. 

— Bugun yurtimiz aholisining 49,4 foizini xotin-qizlar tashkil etishi hech birimizga sir emas. Ulardan ko‘pchiligi turli sohalarda ishlamoqda. Ayniqsa, ta’lim sohasida. Viloyatimiz ish bilan band xotin-qizlarning 82 foizi ayni shu sohada faoliyat yuritmoqda, — deydi Toshkent viloyati hokimligi Oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha kotibiyati rahbari Nasiba Kulbekova. — Qabul qilingan mazkur Farmon sohada yechimini kutayotgan qator muammolarga barham beradi. Avvalo, joylarda “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi. Endilikda oila atalmish muqaddas dargohga hurmat va e’tibor yanada kuchayadi. Farmonning yana bir muhim jihati shundaki, joriy yilning 1 aprelidan fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi o‘rniga tegishli shtat birliklarini tuman, (shahar) xotin-qizlar qo‘mitalari tuzilmasiga o‘tkazgan hamda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibini saqlagan holda xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi. FHDYo organlari faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha tuman (shahar) hokimliklariga bo‘ysundiriladi. Nosog‘lom oila muhitini bartaraf etish, oilaviy kelishmovchiliklarni vaqtida hal etib, ularga barham berish bugunimiz va kelajagimiz uchun nihoyatda muhimdir. Mazkur Farmon esa  ayollar 14 yil mobaynida kutgan eng dolzarb va zarur me’yoriy hujjat bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. 

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, bugun yosh oilalarning aksariyati qiziqqonlik, mas’uliyatsizlik oqibatida buzilmoqda. Ana shunday illatga chek qo‘yish maqsadida Prezident Farmonida ko‘zda tutilganidek, endilikda yosh qizlarni yuksak odob-axloq tamoyillari asosida tarbiyalash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, kasb-hunarga o‘rgatish, ongi va qalbini g‘oyaviy tahdidlardan himoya qilish, shuningdek, mustaqil oilaviy hayotga tayyorlashga yo‘naltirilgan tadbirlarga alohida e’tibor beriladi. Shu maqsadda tuman (shahar) hokimliklariga bo‘ysundirilgan FHDYo organlari faoliyati ham tuman (shahar) hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi tomonidan nazorat qilinadi va muvofiqlashtiriladi. Qizlarni oilaga tayyorlash, erta turmush qurishning oldini olish, oila mustahkamligini ta’minlash masalalari ham har qachongidan dolzarb vazifaga aylanadi. Joylarda kuzatilayotgan erta turmush oqibatida nosog‘lom farzandlarning dunyoga kelayotgani yoki hali oilaga to‘la tayyor bo‘lmagan kelinchak salomatligidagi  noxush holatlar oila mustahkamligiga putur yetkazmay qo‘ymaydi. Oqibatda jamiyatni tashvishga solayotgan ajrashish muammosi ildiz otib boraveradi. 

Shuningdek, yon-atrofimizda istiqomat qilayotgan imkoniyati cheklangan, ishsiz yoxud boquvchisini yo‘qotgan ayollar, yolg‘iz onalar, ijtimoiy ahvoli og‘ir xotin-qizlarning qanchadan-qancha dardu tashvishi bor. Tan olish kerak, bugun ularning barchasi to‘la aniqlangani va qamrab olinganicha yo‘q. 

Istardikki, Farmonda ko‘rsatilgan har bir band, mutasaddilar uchun dasturilamal va vijdon ishi bo‘lib, yuklatilgan har bir vazifa shunchaki qog‘ozda emas, amalda o‘z ijobiy yechimini topsin. Sanab o‘tilgan muammolarni bartaraf  etishda ham faqat targ‘ibot-tashviqot ishlari bilan cheklanmay, jamiyatning har bir qatlamiga chuqur kirib borib, har bir oilada bo‘lib, ularning yashash tarzini bevosita kuzatib, atroflicha o‘rganib, yosh oilalar bilan yuzma-yuz suhbatlar qurilgach, moddiy yo ma’naviy yordamlar ko‘rsatilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi, nazarimizda. Har ne bo‘lganda ham xotin-qizlar masalasi va oila munosabatlari jamiyatimizda birlamchi o‘rinni egallaydi. Shu bois, bu yo‘nalish faol harakat va tinimsiz izlanishni talab etadi. 

 

Go‘zal MALIKOVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

 

 

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yigitlarning sarasi

2018-08-15 07:13:13

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

Kasbning nufuzi ustasiga bog‘liq. Xira ...

2018-08-15 07:16:32

Davlat xizmatlari: ishonch ...

2018-08-15 07:20:05

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2018
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.