SOVG‘AMI, G‘AVG‘OMI?

Atrofdan go‘zallik izlagan kishidan yomonlik chiqmaydi, uning qalbi ham go‘zal va mehrga to‘la bo‘ladi. Biroq oxirgi paytlarda yosh bolakaylarning gap-so‘zlariga quloq tutib, yurish-turishiga nazar solsak, ular orasida mehr atalmish unsur kamayib ketayotganiga guvoh bo‘lasan, kishi. Bugun bolakaylarni ertaklaru, rivoyatlarga ishontirish qiyin. Ularni hayratlantirish va bir narsaga qiziqtirish juda ham mushkul yumushga aylanib boryapti.

 

Keling shu masalaga jiddiyroq e’tibor berib, muammoning mohiyatiga chuqurroq kirib boraylik. Masalan, beshinchi, oltinchi sinfda o‘qiydigan bolajonlar bo‘sh vaqtingda nima bilan shug‘ullanasan desangiz sizga yoqish uchun darhol – “Kitob o‘qiyman” deb javob beradi. Aslida-chi, kompyuter, telefon yoki televizordan bo‘shashmaydi. Ota-onalar hech qachon farzandining ilmsiz, odobsiz va mehrsiz bo‘lishini istamaydi. Ammo farzandlarini bunchalik erkin qo‘yishi, xohlagan mashg‘uloti bilan shug‘ullanishiga zamin yaratishi ota-onalar o‘zlari istamagan oqibatni keltirib chiqarishini bilisharmikan? Ko‘cha-ko‘yda xuddi kattalardek kiyinib, qo‘llariga qimmatbaho soat taqib, sochlarini allambalo usullarda turmaklab olgan yosh bolakaylarning yurish-turishi kishini ajablantiradi. “Go‘dak”larning qo‘lidagi eng so‘nggi rusumdagi matohlarni ko‘rib, hatto katta odamlarni ham vahima bosadi. 

Yaqinda beshinchi sinfda o‘qiydigan singlimning kiyinishiga tanbeh bergandim. U ham “bolaman-ku, axir bular moda. Qo‘g‘irchog‘imni ham oyim shunday kiyintiradi” degandi. Kiygan kiyimini “moda” ekanligini anglab turib yana “bolaman-ku” deganiga, hayron qolasan. Bunda aybni qo‘g‘irchoqqa to‘nkab bo‘lmaydi.

Bizda bir an’ana bor. Qiz bolaga sovg‘a olinayotganda katta yoshli bo‘lsa, atir-upa, kichik yoshli bo‘lsa, qo‘g‘irchoq yoki yumshoq o‘yinchoq olishadi. Ammo nega shuning o‘rniga kitob olishmaydi. Axir kitobda-ku barcha ma’rifat. Bunisi ham mayli, lekin nega chet elning sariq sochli va bo‘yi yetgan qiz ko‘rinishidagi qo‘g‘irchog‘ining o‘rniga, o‘zimizning o‘sha qora soch va milliy libosdagi qo‘g‘irchoqlarimizni sovg‘a qilmaymiz?! Axir yosh qizlarimizdagi ma’naviyat ularning o‘sha qo‘llarida ardoqlab, ko‘tarib yurgan qo‘g‘irchoqlariga bo‘lgan mehrdan boshlanadi-ku. Kitoblarda afsonaviy farishta va parilarning sochini qizil, oq, sariq va kulrang qilib tasvirlashadi.

Jiyanlarim bilan tez-tez bog‘ga sayrga chiqaman. Menga o‘yinchoq olib bering, deb xarxasha qilishadi, — deydi talaba Zilola Eshmamatova. – Ular xohlagan o‘yinchoqni olib beraman. Yaqinda jiyanimga o‘yinchoq to‘pponcha xarid qildim. Keyingi gal kamon olib bering, — degan edi, aytganini qildim. Kamonning o‘qi to‘g‘ri kelgan joyga otiladigan emas, faqatgina deraza oynalariga otiladigan xilidan ekan. Jiyanlarimning bu qiliqlarini ko‘rib, qo‘shnimizning o‘g‘li ham derazasiga tosh otib, oynalarni sindiribdi.

O‘yinchoq harid qilishda, albatta, bolaning yoshi va qiziqishi inobatga olinishi kerak, deb o‘ylayman. Besh-olti yoshli bolalarga yozish va o‘qishni o‘rgatadigan doskalar, fikrlashni o‘stiradigan o‘yinchoqlar olib berilishi maqsadga muvofiqdir. O‘yinchoq do‘konlaridagi savdo jarayonlarini kuzatadigan bo‘lsak, hech bir sotuvchi xaridorni to‘g‘ri yo‘naltirmaydi. Ota-onalar esa bunda farzandlariga sovg‘a olishda ancha adashishadi. Balki, bolalarning kayfiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazmaydigan to‘pponcha-yu, ular uchun idealiga aylanib qolgan xorij filmlari qahramonlari va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lmagan o‘yinchoqlarni rastalardan umuman olib tashlash kerakdir?

Bizda haligacha milliy o‘yinchoqlarni sanoat usulida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan. Biroq xalqimizning qo‘li gul ustalari tomonidan yaratilayotgan milliy qo‘g‘irchoqlar ham arzon, ham sifatli ekaniga ko‘p bor amin bo‘lganman. Ularning narxlarini yanada arzonlashtirishga va ishlab chiqarishni sanoat darajasiga ko‘tarsak, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Bolalik — poshsholik. Biroq bolaning birgina xarxashasi uchun unga o‘zi istagan o‘yinchoqni olib berish ham to‘g‘ri emas. Uning “shumligiga” yengilmay, xarakteriga ijobiy ta’sir o‘tkazadigan va yoshiga mos o‘yinchoq tanlash uchun uni qiziqtirish kerak. Agar bola shunga ham ko‘nmasa, hamma gap o‘zimizda yoki ularning ko‘ngliga yo‘l topolmayotganimizda. Yoki yana o‘sha eski mavzu — tirikchilik tashvishi bizning bolalik beg‘uborligimizni o‘g‘irlagan.

Xulosa o‘rnida aytishimiz mumkinki, bolalar tarbiyasida ular bilan tillasha bilish, qalbiga quloq solish va uni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltiruvchi sovg‘alar hadya etish ham muhimdir. Ana shundagina biz tanlagan sovg‘a g‘avg‘oga emas, dilbandlarimizning tarbiyasi yo‘lida ijobiy samara beradi.

 

Dilobar ASLIDDIN qizi.

O‘zMU magistranti

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Olam bag‘ri butun bo‘lsin!

2018-04-24 15:19:36

RANGLAR JILVASI

2018-04-24 15:17:38

“YANGILIKLAR IMPERIYASI”DA unutilmas ...

2018-04-24 15:11:54

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

April 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30

.