UMRNI UVOL QILMANG!

Dono xalqimizning “O‘tgan kuningni unutma, xom chorig‘ingni chiritma...” degan maqoli bor. Sal dag‘alroq bo‘lsa ham bu topilma aynan haqiqatning o‘zi. Hayot sinovlaridan o‘tmay, boyvachcha ota-bobolarining erkatoyi bo‘lib o‘sgan, halol non topish mashaqqatini boshidan kechirmagan kimsalar o‘ta yengil yoki sal og‘irroq sharoit ta’sirida o‘zlarini yo‘qotib qo‘yadilar.

 

Hammamizga juda yaxshi ma’lum, ancha yil avval o‘rinsiz jazavaga tushib, boshlarini toshlarga urgan bir qator yoshlar bebaho umrlarining ancha qismini uvol qilib, turmalarda o‘tirib chiqdilar. Soddadil, hayot sinovlaridan o‘tmagan yoki boyish uchun oson yo‘l izlab nafs balosi ortidan ketib, vatan xoinlarining tuzoqlariga ilingan bu adashganlar ona yurtiga, hatto o‘zlarini dunyoga keltirgan ota-onalariga qarshi tosh otishdan ham toymagan edilar. Aslini olganda bu masalada faqat yoshlar aybdor, deyish o‘rinli emas. E’tibor bering, shahar, qo‘rg‘on va qishloqlarni boshqarayotgan rahbarlar, deputatlar, ayniqsa, maktab jamoalari qayoqqa qarab turgan edilar?! Ular qanday qilib shu qadar tashvishli, achinarli ahvolga befarq bo‘ldilar? Bu masalada hammamiz baravar aybdormiz. Chunki bo‘layotgan hangomalarni ko‘rib ko‘rmaganga, bilib bilmaganga olganmiz. Yomon ko‘rinmaslik uchun menga nima keragi bor, deb chekkaga chiqib turganmiz. Oqibatda qanchadan-qancha yoshlar qamaldi, ularning ko‘p yillab oltin umrlari uvol bo‘ldi. Xayriyatki, Prezidentimiz nihoyatda ulug‘vor vazifani amalga oshirib, ko‘pchilik adashganlarni afv etib, pokiza hayotga qaytardi. 

Davlatimiz rahbari alohida ta’kidlaganidek, bag‘rikenglik, kechirimlilik olijanob insonlarga xos fazilatdir. Chindan ham afv etilganlar, ularning farzandlari davlatimizga, xalqimizga nafrat bilan emas, xayrixohlik va minnatdorlik tuyg‘usi bilan yashasinlar... 

Endi asosiy mavzuga kelsak, adashganlarning boshlariga tushgan qora kunlardan o‘zimiz tegishli xulosa chiqarib oldikmi? Hamma joyda targ‘ibot-tashviqot, yuzma-yuz muloqotlar, ochiq savol-javoblar o‘tkazilyaptimi? Yoshlarning to‘g‘ri yo‘ldan adashib ketishlariga eng asosiy sababchilardan bo‘lmish maktab jamoalari keyingi faoliyatlarida keskin ijobiy burilish yo‘liga o‘tdilarmi? 

Ochiq-oydin tan olish kerak, mamlakatimiz o‘g‘il-qizlariga to‘g‘ri ta’lim berishda maktab jamoalarining o‘rni juda katta. 

Alloh in’om qilgan umrni uvol qilmaslik haqida gap ketar ekan, panjara ortida necha yillar o‘tirib, guldek hayotini xazon aylaganlar qatoriga o‘zlari tanlagan kasblariga loqayd, yuzaki yondashayotganlarni ham bemalol qo‘shish mumkin. Ayniqsa, hozirgi davrimiz bunaqa xiyonatlarni aslo kechirmaydi. Shundoq ham ko‘p sohalarda, xususan, maorif yo‘nalishida ancha yillarni boy berib qo‘ygan ekanmiz. Oqibatda ko‘plab bilim dargohlarida o‘qituvchilar yetishmaydi, yetarlicha ta’lim ololmayotgan farzandlarimizning ko‘pchiligi oliy bilim dargohlariga kira olmayaptilar. Hatto bir amallab ta’lim olgan yoshlar o‘z ismini ham to‘g‘ri yozolmaydigan hollar uchrab turibdi. 

Umumiy gaplardan qochib, o‘zim bevosita guvoh bo‘lgan bir maktabdagi ahvolni bayon etay. Bu safar tuman va qishloq nomlarini aynan keltirmadik. Xullas, tumandagi mavjud bu bilim dargohida o‘rta maktabni tiklash sari qadam tashlanmoqda. Afsuski, bu hududdagi ayrim ota-onalar farzandlarini qo‘shni qishloq maktabiga, hatto shahar va qo‘rg‘onlardagi boshqa bilim dargohlariga topshirish harakatida yuribdilar. 

Avvalo, mazkur maktabda muhim yo‘nalishlar bo‘yicha malakali mutaxassislar yetishmas ekan. Qolaversa, bu joyda ishlayotgan o‘qituvchilar o‘quvchilarga bo‘lar-bo‘lmas vazifalar berib, o‘zlari bo‘sh xonalarda gurunglashib o‘tirishar ekan. Bu haqda hatto o‘quvchilarning o‘zlari gapirib berishdi. Maktab direktori yoki uning yonidagilar vazifaga loqayd qarayotgan muallimlarga nima uchun indashmaydi? 

Chunki asosiy rahbarlar ancha olis shahardan qatnab ishlaydilar. “Mushugini pisht desang” ular bir narsani bahona qilib, maktabga kelmay ham qo‘yaveradilar. Vaziyat shunday bo‘lgach, intizomni tiklash haqida qanday gap bo‘lishi mumkin?! 

Bir maorif sohasi emas, barcha kasb egalari ishlaydigan makonda yashab, butun vaqtini, diqqat-e’tiborini, kuch-g‘ayratini ish joyiga sarflash shart ekanligi hozirgi davrning eng muhim vazifasidir. Davlatimiz rahbari bu kabi talablarni har bir chiqishlarida qayta-qayta muntazam ta’kidlayapti-ku! Aslida uni yuqoridan doimiy ravishda talab qilib turish shartmi?! Ayniqsa, kelajagimiz poydevorini barpo etayotgan muallimlar buni yaxshi tushunmoqlari, kasblariga xiyonat qilgandan ko‘ra, boshqa yo‘lni tanlaganlari ma’qul. To‘g‘risini aytganda, bu faqatgina o‘z kasbiga emas, Vatanimizga, xalqimizga, kelajagimizga ham xiyonat, deyish mumkin! Fidoyilik, vatanparvarlik haqida ko‘p gapiramiz. Ayrimlar, ayniqsa, o‘qituvchilik kasbiga adashib kirib qolganlar o‘zi ishlayotgan jamoada kuchli mutaxassislar bo‘lmasligini, yaxshi ustozlar yetishmasligini xush ko‘rishar ekan. Shunday bo‘lsa, ular chala-chulpa ishlab, istagancha dars soatlari olishadi, xohlagancha tartibbuzarlik qilishadi, lekin jazodan holi qolishadi! Bunaqa quvlik-shumliklarning umri qisqa. 

Yurtboshimiz rahnamoligida shu kabi kirdikorlarning ham payi qirqilmoqda. O‘qituvchilik sharafli kasb. Ustoz degan ulug‘ nomni birdaniga obro‘sizlantirish odobdan emas. “Qizim senga aytaman, kelinim sen eshit!” naqliga amal qilib, o‘qituvchilik kasbiga yuzaki yondashayotganlar bundan xulosa chiqaradilar, degan umiddamiz. Demak, vazifaga astoydil yondashib, bola ta’limi va tarbiyasi masalasida ota-onalar, keng jamoatchilik bilan mustahkam aloqa bog‘lagan holda har bir ma’rifatli ustoz muntazam sur’atda iqtidorli shogirdlar tayyorlab berishi shart! 

Har bir insonda Alloh tomonidan berilgan iqtidor bo‘ladi. Ustoz buni vaqtida fahmlab, ulug‘ va nurli yo‘l sari otlantirmog‘i kerak. Ana shundagina barcha sohalarda, ayniqsa, ta’lim-tarbiya yo‘nalishida kadrlar tanqisligi yuzaga kelmaydi. Har bir muallimning mashaqqatli mehnati mevasi xuddi shu natija bilan o‘lchanadi va baholanadi. Maktab rahbarlari esa muhimdan-muhim bu holatni qat’iy nazorat qilishlari, o‘zlari esa har tomonlama ibrat bo‘lmoqlari shart! 

Nurli bu yo‘ldan chekinsak, o‘z ildizimizga o‘zimiz bolta urgan bo‘lamiz. Boshqacha qilib aytganda, Xudoyi taolo bergan aziz umrimizni bekorga suvga oqizib, uvol qilib yuboramiz!.. 

 

Asad ASILOV, 

Yozuvchi