AYOL MANGLAYIDAGI DOG‘ yoxud tashlab ketilgan go‘daklar isyoni

“Chilonzorda tashlab ketilgan bir necha kunlik chaqaloq shifoxonaga joylashtirildi”, “Surxondaryoda kollej o‘quvchisi o‘z farzandini o‘ldirib, kanalga oqizib yubordi”, “Namanganlik ayol hojatxonada tug‘ib, go‘dakni tashlab qochdi”, “Sirdaryoda farzandfurush “ona” qo‘lga olindi”, “Toshkentda yetti kunlik chaqalog‘ini tashlab ketgan ona qidirilmoqda”, “Andijonda 23 kunlik chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lgan ona ushlandi”.

 

Joriy yilning o‘tgan qisqa davrida ma’lum qilingan yuqoridagi xabarlar hech kimni befarq qoldirmasligi aniq. Eng mudhish jinoyat yaqindagina, ikkinchi aprel kuni sodir bo‘lgan. Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Ma’murobod qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Saidaxon Tilavoldieva o‘zining uch yoshga ham to‘lmagan o‘g‘li Firdavsbek Ibrohimjonovni bo‘g‘ib o‘ldirgan va Qo‘qon shahri Turkiston ko‘chasida joylashgan «Toshkent—Qo‘qon» yo‘nalishi bo‘yicha qatnovchi avtomashinalar turar joyi yonidagi archa daraxti tagiga yashirib qo‘ygan. Tergov jarayonida izoh so‘ralganda, ayol turmushidan ajrashib, ota uyiga qaytgani va oilasidagilar bilan chiqisha olmay, Toshkentga kelgani, bola sababli o‘ziga ish, turar joy topa olmagani vaj qilib ko‘rsatilgan. Bular oshkor bo‘lgan jinoyatlar. Hali yashirib yurilgan, ko‘pchilik xabar topmaganlari ham bo‘lishi mumkin. Go‘daklarga qilingan bunday shafqatsizlikni eshitar yo ko‘rarkanmiz, har gal buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatovning “Kassandra tamg‘asi” asari yodga tushadi. Fazoviy rohib Filofey ayrim homilador ayollar peshonasida paydo bo‘lib, boshqalarga ko‘rinmaydigan dog‘ning sababini aniqlaydi va uni “kassandra tamg‘asi” deb ataydi. Olim kosmosdan maxsus nur yuborib, ana shu dog‘ni kuchaytiradi va u hammaga ko‘rina boshlaydi. Orbital moduldan yo‘naltirilgan bu nurlar embrionning impulslarini kuchaytirib beradi. Filofey shu yo‘l bilan butun yer yuzidagi ikkiqat ayollarning homilalaridan kelgan signallarning ma’nosini ma’lum qiladi, u shunday edi: “Erk menda bo‘lsa, tug‘ilmaslikni afzal ko‘rgan bo‘lur edim. Bordiyu mening xohishimga qaramasdan tug‘ilishga majbur qilsalar, taqdiri azalni qabul qilishga majburman, hamma zamonlarda odamlar xuddi shunday yo‘l tutishgan. Lekin men bilan vidolashishga hali kech emas va men kassandra-embironman, tug‘ilishni xohlamayman, istamayman, istamayman...”. Buni qarangki, taqdiri ayanchli yoki insoniyatga kulfat keltiradigan odam bo‘lishi kutilayotgan farzandlar homilalik davridayoq dunyoga kelishdan bosh tortadi. Onasining peshonasidagi dog‘ ularning isyoni bo‘lib, ishora berib turadi.

Yozuvchining ushbu falsafiy qarashlari hayotda haqiqatan amalga oshganida, qanchadan-qancha homilalar isyon qilgan, qanchalab kulfatlarning oldi olingan bo‘larmidi?! O‘z farzandiga yuqoridagidek yovvoyilarcha munosabatda bo‘lgan ayollar-chi, ular bunday isyonni qanday qabul qilishardi?! Tug‘ilmasidanoq undan qutilishni ko‘zlab yurgan toshbag‘ir onalar uchun ushbu chora qo‘l kelardi, balki?!

Ona degan yuksak nomga nomunosib ayollarning qilmishi ana shunday javobi og‘ir savollarni ko‘ndalang qo‘yishga undaydi. Ular o‘z ko‘zini o‘zlari o‘yganini, yuragining bir parchasini kesib otganini anglamagan ojiz kimsalardir. Ming afsuski, oramizda shunday odamlar bor va ular kamayish o‘rniga ko‘payayotgandek, nazarimizda.

Axir ular bizning davomchilarimiz-ku. Dunyoda eng yomon uvol — bolaning uvoli  emasmi?!

 

Oy-kun o‘tgan sayin Zamiraning yuragiga g‘ulg‘ula tusha boshladi. Har qancha harakat qilmasin oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi. Endi bolasini ota uyida dunyoga keltirishi kerak. Qizidagi o‘zgarishni sezib yurgan onaning esa har gal unga qaraganda g‘azabi qo‘ziydi:

— O‘z qadrini bilmagan g‘alcha! Topgan “shahzodang” seni shu ahvolda tashlab ketar ekan, barvaqtroq aytsang o‘larmiding, bir-ikki oyligida yo‘qotib qutilardik!

Tili qisiq bo‘lishiga qaramay, qiz ham tilini tiya qolmaydi:

— Men qayoqdan bilay, bunday bo‘lishi tushimgayam kirgani yo‘q!

Qizining bez bo‘lib gap talashishi onani battar tutaqtiradi:

– Bola-chaqa deb, qo‘lim kosov, sochim supurgi bo‘ldi, bitta ko‘ylagim ikkita bo‘lmadi. Sening esa tiling bir qarich, bu bolani bitingga boqasanmi endi? Bilib qo‘y, ukalaringni rizqini qirqib, men seni bolangga yedirib qo‘yolmayman. 

Zamiraning oy-kuni yaqinlashganda, Zulxumor opa to‘g‘ri borib, tug‘uruqxona rahbariga uchrashdi:

— O‘rgilay, bu nodon qizning ishini o‘zingiz to‘g‘irlang, o‘tinaman! Sharoitim juda og‘ir, o‘z bolalarimni amallab boqyapman. Shu chaqani bolaga ehtiyojmand biror oilaga berib yuboraylik.

— Meni aralashtirmang, opa, o‘zingiz hal qilavering!

— Agar qo‘limdan kelsa, sizga aytib o‘tirarmidim, aylanay?! Men bir oddiy ayol bo‘lsam, bunday ishlarni uddalay olmayman-da, iltimos, yordam bering, do‘xtirjon!

— Qiziz-chi, o‘zi rozimi, keyin menga da’vo qilib yurmaydimi?!

— E, rozi bo‘lmay qaerga borardi, kim boqadi bu bolani, qolaversa, qizim hali yosh, tengi chiqsa, o‘zidan ham uzatib qutilaman...

Do‘xtir opa bu nochor onaga biroz tikilib turdi-da, battar bo‘llaring, deganday, bepisandlik bilan javob berdi:

— Men bir surishtirib ko‘ray-chi, odam topilsa, aytarman...

Bu orada Zamiraning ko‘zi yoridi, binoyidek sog‘lom o‘g‘ilni dunyoga keltirdi. Bolasiga biroz mehri tushdiyu, ammo onasining gapini eslab, “E, sho‘rpeshona bolaginam, kimlarning uyida katta bo‘lar ekansan-a”, deya xo‘rsinib qo‘ydi.

Hadeganda bolaga xaridor topildi. Zamira biror ehtiyojmand oila bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandi. Ammo yoshi oltmishga borib qolgan bir ayol ekan. Bu keksa ayol chaqaloqni nima qilarkin, o‘z farzandlari, nabiralari yo‘qmikan, xayolidan o‘tdi uning. Onasiga ham shu savolni berdi.

— Ey, senga nima farqi bor, shu ayolning topilganiga shukur qilmaysanmi, nodon?! Yana bir ming ikki yuz do‘llur beraman deb turgan bo‘lsa?! U yog‘imni tortsam bu yog‘imga yetmay turgan vaqtda, shuncha pulning kelishini o‘ylasang-chi, – deya javradi Zulxumor opa qizining noo‘rin gapidan g‘ashlanib. Boshqa tomondan erining topish-tutishidan ko‘ngli to‘lmay turgan paytda, shuncha pulga ega bo‘layotganidan biroz xursand ham bo‘ldi. Go‘dakning keyingi taqdiri nima bo‘lishini o‘ylash shu tobda unga ortiqchalik qilardi. Zamira esa ichini it tirnagandek bezovta. Haligi ayol bilan uchrashadigan kun Zulxumor opa chaqaloqni qizining qo‘lidan olarkan, Zamira yuragining bir bandi uzilgandek qalqib ketdi. Dod solib, o‘zini aldab ketgan yigitni qarg‘adi-so‘kdi, qo‘shib onasini beshafqatlikda aybladi. Shovqinni eshitib qaerdandir kelib qolgan otasi tushirgan tarsakidan so‘ng talvasasi aridi. Endi ota-onasining izmidan chiqib, o‘zboshimchalik qilib bo‘lmasligini angladi. Ammo tez orada hammasiga ko‘nikdi, hatto onasi to‘g‘ri qilganini ham tan oldi. “Hali yoshman, turmushga chiqish niyatidan voz kecholmayman, agar qo‘limda bolam bo‘lganida kim menga uylanardi?”, deya o‘zini ovutib ham qo‘ydi.

Chaqaloqqa xaridor bo‘lgan kampir esa go‘dakka rahmi kelganidan yo ehtiyojmandligidan olib ketmagan ekan. U ham o‘z kamini to‘ldirish uchun bevaqt dunyoga kelgan begunoh boladan foydalanishni ko‘zlagan bo‘lib chiqdi. Uni Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidan Toshkentga olib kelib, Yakkasaroy tumani Qushbegi mavzesi 13-uy 93-xonadonda kutib turgan ikki ayolga sotayotgan chog‘ida qo‘lga tushdi va bu ishga aralashganlarning har biri jazosini oldi. 

(Lavhadagi ismlar o‘zgartirildi).

Bu voqealar o‘ylab topilgan yurak dog‘i emas!

Bunday imonsiz odamlar haqida eshitib yoqangni ushlaysan, kishi. Oltmishga kirgan “momo”ning qilgan ishini qarang! Ular bu qilmishlari bilan u dunyoda o‘zlariga jahannamdan joy tayyorlaganini anglarmikan?!

Odam savdosi... Avvallari bu so‘zlar uzoq-uzoqlardan, o‘ta sovuq eshitilardi. Endi esa yonginamizda sodir bo‘lib turibdi. Kishilar o‘z inon-ixtiyorlarini “janob dollar”ning izmiga topshirib qo‘ygandan buyon inson degan nomga noloyiq ishlarga qo‘l urmoqda. Ko‘zingni och, ey, g‘ofil banda, buyuk jahongir Iskandarning ochiq ketgan qo‘lini esla! Jillaqursa o‘z jigaringni sotishdan tiyilarsan. Ey, gumroh ayol, tishini bergan rizqini ham berishini qachon tushunib yetasan?! Manglayingdagi “qotil ona” degan tamg‘ani nima bilan yuvmoqchisan? Yaratganning mo‘’jizaviy in’omiga shukronang shumi?! Begunoh go‘dakdan keraksiz matodek voz kechib, sochingga oq, qo‘lingga hassa tushganida qaerga bormoqchisan? Bu charxpalak dunyoning azaliy bir hikmati bor – arpa ekib, bug‘doy kutib bo‘lmaydi...

Xolida FAYZIYEVA