NAFIS NOMLAR ORTIDAGI JAHANNAM

 

“LIRIK” KAYFIYATDAGI “TAKSIST”

O‘sha kuni o‘tirgan taksim meni bu baloga ro‘para qildi. Haydovchi manzilga yetmasdan bir joyda to‘xtadi. 

— Hozir, ikki daqiqa, — dedi u. 

O‘ttiz yoshlar atrofidagi erkakshoda juvon mashinaga yaqinlashdi. Haydovchi oynani tushirdi. 

— Nechta kerak, oka? — dedi ayol.  

— Qancha o‘zi, — so‘radi haydovchi. 

— Pochkasi 25 ming! 

— 2 ta! 

U 10 tadan tabletka solingan ikki pachka uzatdi. 

Mashina qo‘zg‘aldi. Haydovchi qutilardan birini ochib, 4-5 donasini og‘ziga tashladi. 

— Bu qanaqa dori aka? Bittadan ichilmaydimi, ko‘pi zarar-ku, — dedim unga. 

—“Tramadol” — dedi u, — qoradoriga o‘xshagan narsa, maza qildiradi lekin. E, ukam, to‘rt shisha aroq ham bu lazzatni berolmaydi. 

Qotib qoldim. Bunday haydovchi bilan manzilimga eson-omon yetolamanmi, deb o‘yladimu, haydovchidan darhol mashinani to‘xtatishini so‘radim...

PSIXOTROP TABLETKALAR BOZORI

Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi «Shuhrat» nomi bilan mashhur chorraha. Har gal avtobus yoki taksida o‘tib ketarkanman, yo‘lning chetida uymalashib turgan to‘rt-besh ayol-erkakka ko‘zim tushadi. Ilgarilari bu chorraha o‘zining “Tungi kapalaklar”ini og‘ushiga olgani bilan dong taratgandi. Bu holga barham berilishi hamono (agar barham berilgan bo‘lsa) mazkur chorraha psixotrop tabletkalar bozoriga aylanmayaptimi, degan fikrda ataylab, bir necha kun chorraha yaqinida turib, “sotuvchi”larni kuzatdim. Soch-soqoli o‘sgan, ko‘rinishi shubhali yosh yigitlar, qizlar... Bu maskanda birrovchi mashinalarning keti uzilmaydi. Xaridorlarning aksariyati o‘rta yoshli erkaklar. Orasida onda-sonda ayollar ham uchrashi yanada ajablanarli. “Lirika”, “Tramadol” yoki “Sonnat” nomli tabletkalarning bozori shunchalik chaqqon ekanki, xaridorgirlikda «Ippodrom»dagi mollar ham bir chetda qoladi. Qiziq, “Lirika” — g‘oyat nafis nom emasmidi? Nahotki, shu qadar beozor, latif so‘zlarni ham qabohatga qopqoq qilishgan bo‘lsa Nahotki, shunday ko‘z o‘ngimizda «og‘ufurushlik» gurkirayotgan bo‘lsa, degan o‘y bilan mavzuga chuqurroq kirishga harakat qildik.

 

BILIB QO‘YGAN YAXSHI... 

O‘zbekiston Respublikasida 1999 yilda «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi, 2000 yilda Vazirlar Mahkamasining “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, olib kirish va tranzit tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingan. Shuningdek, turli yillarda giyohvand moddalar va psixotrop preparatlarga doir qarorlar, qonunlarning qabul qilingani ham bejiz emas. Unga ko‘ra, qonun hujjatlarida mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatlarga chek qo‘yish, ularni davlat chegaralaridan olib kirish va olib chiqish, ishlab chiqarish, tayyorlash, yo‘q qilish, tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish faqatgina yuridik shaxslar tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Ammo...

 

YOLG‘ONI YO‘Q GAPLAR... 

Mazkur tabletkalarning inson salomatligiga ta’siri xususida Toshkent shahar Narkologiya dispanseri vrach-narkologi Fahriddin Nizomov bunday deydi: 

— Psixotrop tabletkalar aslida og‘riq qoldiruvchi preparat hisoblanadi. “Tramadol” tabletkasi og‘ir jarrohlik amaliyotlari, turli o‘sma kasalliklarida og‘riq qoldirish uchun, “Lirika” kapsulasi tutqanoq xurujlarini to‘xtatish, “Sonnat” tabletkasi tinchlantirish hamda uxlatish uchun shifokor tavsiyasi va nazorati ostida qo‘llaniladi. Bu kabi preparatlar shifokor ko‘rsatmasisiz sotilmaydi, — deydi Fahriddin Nizomov. — Afsuski, hozirgi kunda bunday dorilarga asosan 16 va 35 yosh orasidagilar og‘u sifatida ruju qo‘ygan. Bir guruh yoshlarda dorilarga qaramlik boshlangan. Uning bir qancha belgilari mavjud. Ya’ni doriga kunlik ehtiyoj sezib, iste’mol qilinayotgan modda dozasi kun sayin ortib, boshlanishda bitta tabletka bo‘lsa, keyinchalik o‘n-o‘n beshta, ma’lum muddatdan so‘ng elliktagacha iste’mol qilishga yetib boradi. Natijada odam organizmi va ruhiyatida kuchli o‘zgarishlar yuz beradi. Qolaversa, bunday psixotrop moddalar me’yoridan ortiq iste’mol qilinsa, bepushtlikka olib keladi. Naslni qirqadi, homilaning nogiron tug‘ilishiga sabab bo‘ladi. Qaramlikning ham ikki turi mavjud: jismoniy va ruhiy. Jismoniy qaramlikda tabletka qabul qilmagan paytda bo‘g‘imlarda og‘riq turadi, ishtaha yo‘qolishi, ko‘ngil aynishi, surunkali ich ketish, yurak og‘rishi kuzatiladi. Ruhiy qaramlikda esa tabletka iste’mol qilmagan paytda uyqusizlik, qo‘zg‘aluvchanlik, jahldorlik, agressivlik, qo‘li ishga bormaslik holatlari avj oladi.

Shifokor bilan suhbat asnosida yana ma’lum bo‘ldiki, bunday dorilar surunkali kasalliklarga olib kelish barobarida, natija o‘lim bilan tugash xavfi bor. Preparat iste’moli insonni tutqanoq, talvasa xurujlari, galyutsinatsiyaga olib keladi. Zaharvand eyforiya holatiga tushib qolib, o‘zi bilmasdan turli jinoiy ishlarga qo‘l urishi shubhasizdir.

Shuningdek, psixotrop vositalarning ham turlari bo‘lib, birinchi turi — qonun bo‘yicha ta’qiqlangan, ya’ni tibbiyotda ham, oddiy aholi o‘rtasida ham ishlatish mumkin emas. Ikkinchisi, qaramlik chaqiruvchi bo‘lgani bois, qonun bo‘yicha odamlarning mustaqil ravishda ishlatishi ta’qiqlangan, biroq tibbiyotda shifokor nazorati ostida qo‘llashga ruxsat etilgan vositalar.

Ta’kidlash lozimki, shifokor psixotrop moddani tavsiya qilganda bemorning kasallik tarixi yoki ambulatoriya kartasida uni nima sababdan tavsiya qilganligini ko‘rsatib berishi shart bo‘ladi.

— Bizning Narkologiya dispanserida bunday dori vositalari hatto davolash uchun ham ishlatilmaydi. Narkolog-vrachlarning bunday preparatlarni ishlatishga haqlari yo‘q. Psixotrop dorilarni aksar hollarda psixiatrlar, psixonevrolog yoki onkolog, travmotolog-xirurglar og‘riq qoldirish uchun tavsiya qilishlari mumkin.

 

 SIZ NIMA DEYSIZ?

Bir holat kishini taajjubga soladi. Tarkibida psixotrop moddalar bor, faqat vrachlarning ruxsati bilan foydalanish mumkin bo‘lgan bu kabi tabletkalar savdosi yo‘lga qo‘yilganidan nahotki tegishli mutasaddilarning xabari bo‘lmasa!? Negaki, chorrahaning har ikki tomonida avj olayotgan “bozor” yonidan minglab odamlar o‘tib qaytadi. Shu jumladan, tegishli organ xodimlari ham. Ayniqsa, bu holatdan o‘sha hududning uchastka noziri bexabar bo‘lishi aslo mumkin emas. Yo‘qsa, o‘z hududida inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazadigan, oddiy aholining foydalanishi qonun bilan ta’qiqlangan psixotrop tabletkalar savdosiga yo‘l ochib bergan shaxs eng kamida ularga «sherik» bo‘ladi...

Kishini ajablantiradigan yana bir holat, bunday dori vositalari yurtimizga chetdan kirib kelmayaptimi? Lekin qaysi yo‘llar bilan, degan savol kishini qiynaydi. Ehtimol, dorixonalarda retsept asosida berilishi lozim bo‘lgan tabletkalar qaysidir yo‘llar bilan qora bozorga kelib qolgandir. Har holda bu ishda dorixonalarning ham «hissa»si borday tuyuladi kishiga...

Shahar bedarvoza emas, deydilar. Nahotki, darvozamizning kishi bilmas tirqishi bo‘lsa. Yuqoridagi holatdan xulosa qilish mumkinki, bojxonachilar ham biroz chalg‘ib qolishgan ko‘rinadi. Zotan, keti uzilmas miqdorda, minglab odamlarning ehtiyojini qondirar darajadagi savdo bunchalik avj olmagan bo‘lardi.

 

MANA SIZGA KO‘ZGU...

— Yoshim 24 da, — deydi narkologiya dispanserida davolanayotgan qiz. — Boshida dugonalarim bilan bekitib sigareta chekardik. Bir kuni uydagilardan tanbeh eshitdim. Bundan asabiylashib, dugonamni oldiga bordim. U boshim og‘riyotganini bilib, ikki dona tabletka berdi. Nimaligini so‘rasam, “bir zumda bosh og‘rig‘ing qoladi” dedi. Birozdan so‘ng chindan ham bosh og‘rig‘im qoldi. O‘zimni qanday his qilganimni ta’riflab berolmayman. O‘sha kundan keyin yana bir-ikki marta dori berdi. So‘ng “endi sotib ol, uncha qimmat emas” dedi. Qaerdan olishni ko‘rsatdi. Shundan so‘ng shu baloyi azimga o‘rganib qoldim. 2 donadan boshlangani, hozirga kelib kuniga 35-40 donaga yetdi... Men ham bir oila bekasi bo‘lishni, farzandlarim bo‘lishini istayman. Xudo xohlasa sog‘ayib chiqsam, aslo bunday ishlarga qo‘l urmayman.

Qizning gaplarini eshitib, o‘zimizcha bir xo‘rsinib qo‘yamiz. So‘nggi pushaymon... Lekin shu onda xayolimizdan yana bir narsa o‘tmoqda. “Tramadol” og‘riq qoldiruvchi, “Lirika” tutqanoq xurujlarida, “Sonnat” tinchlantirish va uxlatishda qo‘llanilsa, yo‘lda mashinani to‘xtatib, «dori» olgan haydovchi yoki kuniga ellikdan ortiq kishining hammasi og‘ir jarrohlikni boshidan o‘tkazganmi yoki ularning barchasida tutqanoq kasalligi bormikin? Shubhasiz, bu masala jiddiy o‘ylab ko‘rishni talab etadi.

 

SO‘NGSO‘ZDAN OLDIN...

Ushbu maqolani tayyorlash jarayonida mutaxassislarning fikrini o‘rganish bilan bir qatorda, “Lirika”, “Tramadol”, “Sonnat” kabi “dori”larning bemor uchun qanchalik foydaliligi, me’yoridan ortiqcha iste’mol qilish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan jihatlarni ham aniqlashtirishga harakat qildik. Imkon qadar bu haqda tushuncha ham berildi. Ehtimol, muxbir oshirib yuboribdi, deydiganlar ham topilib qolar. Nima bo‘lganda ham bu kabi “dori”larni qo‘lda sotish, qora bozorning avjlanishi kishini tashvishlantiradi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bugun yonginamizda «gurkirayotgan» psixotrop moddalar savdosi bizning ogohlikni yo‘qotganimizdan dalolat beradi. Baloyi nafs ilinjida farovon hayotimiz, kelajagimiz va  millatimizning genofondiga uyushtirilayotgan har qanday tahdidlardan vaqtida xabar topsak, yuqoridagi ko‘ngilsiz holatlarning oldini olgan bo‘lamiz.

 

Shavkat ODILJON

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: gd-jpeg, libjpeg: recoverable error: Premature end of JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: 'images/-89.jpg' is not a valid JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: Division by zero in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 252

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: gd-jpeg, libjpeg: recoverable error: Premature end of JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: 'images/-92.jpg' is not a valid JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: Division by zero in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 252

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: gd-jpeg, libjpeg: recoverable error: Premature end of JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: imagecreatefromjpeg() [function.imagecreatefromjpeg]: 'images/-93.jpg' is not a valid JPEG file in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 699

Warning: Division by zero in /home/uzhurriy/public_html/plugins/system/sjcore/core/ytools/ytools_image.php on line 252

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.