TO‘YXONALAR haqiqiy madaniy-ma’rifiy tadbirlar maskaniga aylansin

Yaqinda qo‘shnim farzandini uylantirdi. Barcha xursand, to‘y sohibu sohibalarining shodligiga sherik bo‘lyapti. Shu onda xizmatchi yigitlardan birining “qilig‘i” diqqatimni tortdi. U choy ichish uchun qo‘yilgan piyolaga dasturxonda ortib qolgan spirtli ichimlikni quydi-da, “kishi bilmas” tarzda ichib yubordi.

 

Qolgan yigitlar ham uning atrofida aylanisha boshladi. Bir pasda “yosh ulfatlar” hali bu, hali u stolda qolgan shishalarni yig‘ishtirib kela boshladi. Aroq solingan piyolalarni bir-biriga urishtirib, “Yoshlar baxtli bo‘lsin!” deya bir-biriga qarab kulishgancha, piyolalarni bo‘shata boshlashdi. So‘ng dasturxonga tortiq qilingan turli meva-chevalarni bir-birlariga otishib, qo‘pol hazillarga o‘tishdi. Aslida davra — madaniyat, ma’naviyatiga ularning o‘zlari mas’ul emasmi? “Bolam bir choynakkina choy olib kelgin”, — degan keksa onaxonning iltimosiga quloq ham solishmadi. Aslida, farzandning komil, eli, oilasi uchun jon kuydira oladigan inson bo‘lishini qaysi ota-ona istamaydi, deysiz? Ammo ro‘zg‘or — g‘or deganlaridek, oila uchun ozgina bo‘lsa-da, foydasi tegishini istab, bolasini to‘yxonada ishlashiga ruxsat bergan ota-onalarni bunday holat qiziqtirmaganmikin, deya o‘ylanib qolasan kishi. Aniqroq aytganda, bolasi taqdirini o‘sha bazmgoh boshqaruvchisiga ishonib topshirib qo‘yibdi. Bugun yoshgina bo‘la turib, ichkilikka ruju qo‘ygan yigit (xizmatchilar asosan, kollej o‘quvchilari) ertaga oila va jamiyatga qanday naf bera oladi? Bu masalaning bir tomoni, xolos. To‘yxonalarda xizmat qiladigan yig‘it-qizlarning qonuniy mehnat huquqlari tegishli tashkilotlardan nega kafolatlanmayapti? Qolaversa, to‘y egasi el oldiga dasturxon yozish uchun oylab, hatto yillab yig‘inadi, topgan-tutganini yaxshi kunga ataydi. Shunga yarasha, taklif etilgan mehmonlarning kayfiyati  a’lo bo‘lishini, izzat-ikrom bilan kuzatilishini istaydi. Bu esa, albatta, to‘yxona ma’muriyatiga bog‘liq. To‘yxona xizmatchilari spirtli ichimliklar bilan “dardlashib” qolsalar, mehmonlar nima bo‘ladi? Yuzlab odamlar tashrif buyuradigan bunday joylarda tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotnomasi bo‘lmasdan turib, faoliyat yuritish mumkinmi? 

To‘y sohibi albatta, to‘yiga begonani aytmaydi. Qavm-qarindoshlar, do‘st-yor, quda-andalar... Ular esa ba’zida to‘yxonalardan xunob bo‘lib qaytishadi. Nega deysizmi? Chunki shaxsiy mashinalarini qo‘yishga joy topolmaydilar. Avtoulovlar uchun to‘xtash joyi yaratib qo‘ygan to‘yxonalarda esa hali to‘yga kirmasingizdan “yoqangizga” yopishib olib, “haqi”ni so‘raydigan yigitlar “shay” turishadi. Bazmgoh egasi barcha xizmatlar uchun “daromad”ni o‘ylabdi, ammo soliqlarni qanday to‘layapti? Hanuzgacha ba’zi to‘yxonalarda xizmat to‘lovlari pul o‘tkazish yo‘li yoki plastik kartochkalar orqali qabul qilinmayapti. 

Darvoqe, to‘y — ezgu udumlarimiz namoyishi. Shuni to‘g‘ri anglay bilsak, to‘yxonalarimiz haqiqiy madaniy-ma’rifiy tadbirlar maskaniga aylanishiga katta hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

 

Guljahon MARDON qizi,

 Pastdarg‘om tumani 

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.