Haqiqat egildi, LEKIN SINMADI

Kuzning namxush havosi tanni junjiktiradi. Ufq chetida bir to‘p bulut chetlari quyoshning zaif nuridan yallig‘langan. Tog‘ yonbag‘irlab o‘rlayotgan qo‘ylar suruvi ortidan cho‘pon tayoqni beliga solib olgan Raim cho‘pon yonida eski choponga o‘ralgan o‘n ikki yoshlardagi bolaga sekin gap qotdi:


– Bobomurod otangni nima aybi bor ediki, uni Sibirga surgun qildi. El burnini qonatmagan, birovning cho‘piga ola qaramagan, Mirqobulboy. Ota-enamdan erta yetim qolib, sizlarning uylaringdan panoh topdim. Bo‘yim bir qarichligidan suruv ortidan ergashib yuribman.
Bola jim. Nega otasini surgun qilishganligini tasavvuriga sig‘dirolmasdi. Nima emish, elning nasibasini terib, boylik yiqqanmish. Uch kun avval onasi  uning qulog‘iga shu gaplarni quygandi. Bola baribir bu og‘ir gapdan ma’ni tuyolmagandi. Hozir Raim cho‘ponning gapidan yuragi similladi. Ular suruv ortidan yayov ergashardi. Egariga xurjun ortilgan cho‘bir suruv orasida xas-xashakni titkilaydi.
– Tog‘da tunab qolish yaramaydi, – dedi cho‘pon tayoqni yelkaga olib. – Yalanglikka chiqib olsak, har qalay yurishimiz yengil ko‘chadi.
Atrofga tun oqish chodirini yoydi. Ko‘qda yulduzlar bodroqday ochilib, yorqin shu’lasini sochardi. Yaxshiki, oydin tunda yo‘l yurish manzil masofasini qisqartiradi. Ular yo‘lma-yo‘l ko‘zada suv ichishib, arpa nonni tanovul etib borishardi. Bir hafta ichida sillasi qurigan ko‘yi Qo‘rg‘ontepaga yetib kelishdi. Yo‘lda och qolganda bir bosh qo‘yni yo‘lovchilarga pullab, tirikchilik uchun yegulik sotib olishardi. Ular shu yerda muqim qo‘nim topishdi.
– Bolam, o‘sha kunlarni eslasam, peshonamdan ter sachraydi, – deya Mirqobul aka o‘g‘li O‘rolga arzi dod qilib qolardi. – Yo‘lda tovonim qovrilib, jishga aylanibdi. Raim aka kigizni kuydirib kulini bosib, davolab, oyoqqa turg‘izib oldi. Dehqonobod ota makonim. Raim aka bilan ikkimizning ko‘zimiz doim shu tarafga qadalgan edi. O‘sha yerda uylangach, ko‘chimiz og‘irlashdi. Bugun esa fuqaroligi yo‘q fuqaro bo‘lib, bir enlik hujjatga zor bo‘lib o‘tiribmiz.
Ular 1992 yilning mart oyida Tojikistondagi alg‘ov-dalg‘ov to‘polonlar boshlangani bois, Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidagi Samarqand mahallasiga ko‘chib kelishgandi. Mahalladagilar ularning joniga oro kirishdi. Bir qushga don ham, suv ham kerak deganday, birov bir tovoqda un, birov bir hovuch b o‘lsin qand-qurs tutib, ulardan ehsonini ayamadi. Oila tezda o‘nglanib oldi. Mirqobul bobo o‘n bir nafar yaqin qarindosh bilan bu yerga ko‘chib kelishgan edi. Har joyning tosh-tarozisi bor, albatta. Mahalla-ko‘yda begonaday yurish isnodday tuyuladi. Yuragini kemirayotgan bu og‘riqni unutish uchun u qishloq fuqarolar kengashiga murojaat qildi. U yerdagilar darrov ro‘yxatga olishdi.
Hamma ko‘rgilik ancha keyin boshlandi. 2011 yilning dekabr oyida viloyat IIB XChKFRQB (xorijga chiqish-kirish va fuqarolarni reabilitatsiya qilish bo‘limi)dan vakil kelib, Mirqobulovlarning fuqarolik holati bo‘yicha tekshiruv o‘tkazib, hech biridan tushuntirish xati olmasdan to‘plangan materiallar bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan qaror chiqaradi. Ya’nikim, 2011 yilning 21 dekabr kuni Mirqobulovlar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqariladi. 2012 yil 4 yanvar kuni Nazar Jo‘raev o‘g‘li O‘rolga qo‘ng‘iroq qilib, viloyat IIB XChKFRQB vakili fuqarolikni tasdiqlovchi hujjatlarni yig‘ishtirib ketganligini ming bir xavotir ichra xabar qiladi. O‘shanda O‘rol Mirqobulov Qarshi shahar IIBda tergovchi bo‘lib ishlardi. U Tallimarjon shahar militsiya bo‘linmasiga qo‘ng‘iroq qilib, voqeadan xabar topmoqchi bo‘lganda, u yerdagilar aniq javob qaytarisholmadi. Otasi Nazar Jo‘raev bo‘linmaga borib, o‘zi uchun to‘ldirilgan 1992 yil 15 may kuni ro‘yxatga olingan kelish manzil varaqasi hamda turmush o‘rtog‘i Oysanam Safarova nomiga 1991 yil 10 iyul kuni to‘ldirilgan xuddi shunday varaqa  nusxalarini olib viloyat IIBga murojaat qiladi.
Tanganing ikkinchi tomoniga qaraylik. O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolik to‘g‘risidagi qonuni” 1992 yil 2 iyul kuni qabul qilingan edi. Mirqobulovlar oilasi unga qadar yashash manzilidan hujjat olib, fuqarolikni qabul qilishga ulgurgandi. Viloyat IIB XChKFRQB qaroridan so‘ng Mirqobulovlar yashash hujjatidan ayrilishdi. Boshpurtsiz bironta kishi fuqaro sanalmasligini beshikdagi bola ham biladi. O‘rol Mirqobulov ishsiz qoldi. Holbuki, 1992 yilning mart oyidan Nishon tumanidagi  Qori Niyoziy maktabida o‘qiy boshlagan edi. Maktabni 2001 yili tugatib, 2003 yili Respublika IIV Akademiyasiga qabul qilindi. 2007 yili tergov faoliyati mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishni tamomlab, Qarshi shahar tergov bo‘limida tergovchi bo‘lib ishlay boshladi. 2009 yilda katta leytenant unvonini oldi. 2010 yili shu bo‘limda katta tergovchi lavozimiga ko‘tarildi. Yosh mutaxassis ayni o‘sish pillapoyasida ishdan ketdi. Ishdan ketdi emas, ketkizishdi. Ana endi bundan keyingi hangomalarni ko‘ring.
2012 yil 22 iyun kuni Mirqobulovlar oilasi “jinoyati” jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tumani sudida ko‘rildi. Sud hukmiga ko‘z yugurtiraylik. “Sudlanuvchi Djuraev Mirqobul... O‘zbekiston fuqarosi ekanligi haqidagi qalbaki fuqarolik pasportini g‘ayriqonuniy ravishda olish maqsadida Nishon tuman IIB Tallimarjon shahar militsiya bo‘linmasi mansabdor shaxslari bilan bila turib rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumot kiritish, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish va ushbu qalbaki hujjatlarga asosan g‘ayriqonuniy ravishda o‘ziga O‘zbekiston Respublikasining qalbaki fuqarolik pasporti berish haqida o‘zaro jinoiy til biriktirib, rasmiy hujjat hisoblangan doimiy yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga, O‘zbekiston Respublikasi Qashqadaryo viloyati Nishon tumani Tallimarjon shahar Eski posyolok (qo‘rg‘oncha) hududida 1991 yil 6 sentyabrdan buyon yashashligi to‘g‘risida takroran soxta ma’lumotlar kiritib...”
Bu yog‘ini tushunavering, bir gapni qalashtirib, uzundan-uzoq yozilgan hukm bayonnomasini o‘qiyversangiz boshingiz aylanib ketishi tayin. Tayoqning ikki uchiga qarang. Go‘yo Mirqobul Jo‘raev Tallimarjon shahar militsiya bo‘linmasi mas’ul xodimlarini sehrlaganu ular soxta hujjatlarga imzo chekib yuboravergan. Bandasi ishonmaydigan xulosa. Xullas, Mirqobul Jo‘raev va uning yaqinlari O‘zbekiston Respublikasi JKning 228-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandi va 228-moddasi 3-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni “qasddan sodir etishib”, sudlanishadi. Ularning o‘zlari qanday qasddan jinoyat qilganliklarini ham tushunishmadi. “Ayblanuvchi”larning birontasidan aqalli tushuntirish xati olinmasdan, tekshiruv xulosasiga asosan, ayblov e’lon qilinishi qaysi qonunchilikka to‘g‘ri keladi. Bu jumboqligicha qolib ketdi. Bunday voqealar faqat o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillari, ya’ni sho‘ro zamonidagi qatliom davrida sodir etilgan desak yanglishmaymiz.
– Yonimda haydovchilik guvohnomasidan boshqa hech bir hujjat yo‘q, – deydi O‘rol o‘ksinib. – U paytlari Toshkentga kirishda pasport hujjatini so‘rashardi. DAN xodimi oldida suvga tushgan mushukday jovdirab, qo‘ynimdan haydovchilik guvohnomani ko‘rsatardim, xolos. Eng og‘iri, pasportim bo‘lmaganligi sababli safarga chiqqan paytlarimda biron bir mehmonxonaga bo‘ylolmasdim. Mashina ichida tuni bilan tunab qolardim. Ba’zida unsiz yig‘lab, qatag‘on yillarini qarg‘ardim. Bobom surgun qilinmaganda shu yurtda o‘sib-ulg‘aygan bo‘lardim-ku, degan xo‘rsiniq ko‘kraklarimni kuydirib o‘tardi. Bobolarimning kindik qoni tomgan yurtga begonamasman-ku, derdim tuni bilan uyqum qochib.
O‘rolning amakisi Nishon tumani IIB tergov bo‘limi xodimi Ubaydulla Jo‘raevning qismati ham xuddi shunday iztiroblar bilan kechdi. Ishga tiklanish yo‘lida Toshkentga qatnayverib tovoni qavardi. Hech bir mahkama dardiga quloq solmadi. Doimo qo‘li bo‘sh qaytdi.
– Necha bor jinoyatchilar ustidan tergov harakatlarini olib borganman, – deydi u. – Biron marta nohaqlikka qo‘l urmadim. O‘ylardimki, aybsiz odamga aybdorlik tamg‘asi behuda urilmaydi. Afsus, tang kelganda qildan qiyiq axtarganlar umringga zomin bo‘lishi mumkin ekan. Noiloj, 5 yilu 3 oy o‘z ona yurtimda pasportsiz yashadim. O‘tgan yilning 17 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini qayta qo‘lga qiritganimda hovlini aylanib yuguraman, qichqiraman. Turmush o‘rtog‘imga: “Qo‘yni qo‘radan olib chiqinglar, Alloh yo‘liga ehson chiqaraylik”, – deya ko‘chani to‘ldirib baqiribman. Prezidentimiz baxtimizga salomat bo‘lsinlar! Ko‘kragini yerdan uzolmay qolgan menday fuqaroligi yo‘q fuqarolarga panoh berdi. Inson manfaati har qanday manfaatdan ulug‘ ekanligini har doim takrorlashi, ko‘ksimizga oftobni tutadi.
O‘rol Mirqobulov butunlay ko‘ngli sovub bo‘lgan edi. Ukasiga tegishli fermer xo‘jaligida ishchi bo‘lib ishladi. Axir, ro‘zg‘orni boqish kerak-ku. Uning bugungi quvonchi cheksiz.
– 2017 yilning 6 noyabr kunidan boshlab Qarshi shahar IIB TB surishtiruvchisi lavozimiga tayinlandim,  – deya sevinadi u. – Juda tushkunlikka tushgandim. Maktabni shu yerda bitirib, Akademiyani tugallasam-da, ishsizlik domiga uloqtirilsam, bu qanday gap?! Keling, qonuniy yondashaylik. Bizlar ko‘chib kelganimizda men 2-sinfda o‘qirdim. 8 yoshli bolani hujjatni soxtalashtirishda ayblash — borib turgan nodonlik-ku?! Qonun “himoyachilari”ning bunday uydirma, yolg‘on harakatlari jinoyat ishini soxtalashtirishmasmi? Men-ku, qonunni tushunaman. Tushunmaydiganlar dodini kimga aytsin?! Mayli, bu ham qismatimda bor ekan. Viloyat prokuraturasi tomonidan ushbu jinoyat ishi qayta ko‘rilib, sudda bekor qilindi. Bizning ustimizdan soxta hujjat to‘plaganlar qonuniy jazosini olishi kerak! Bilasizmi, yangi pasport olgan kunim yuz-ko‘zimga ishonmayman. Quvonganimdan ust-boshim terdan shalabbo bo‘lib ketdi. Ko‘zim yarq etib ochildi. Ilk bora o‘zimni tanib turganday, yoqalarimni tutamlab tortib qo‘yaman. Yerdan bir kaft tuproq oldim-da yuz-ko‘zimga surtdim. Ichimdan quyunday yopirilayotgan shovurdan borlig‘im tilga kirdi: “Men – O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiman!” Nazdimda, bu jarang yeru ko‘kni titratib yubordi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga ming rahmat. U kishining nomini tilga olib har kuni tongu shomda duodaman.  Bugungi yangi islohotlari meni yanada vatanimga bo‘lgan muhabbatimni oshirib, fuqarolarning huquqlari va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini ishonchli himoya qilishga, yurt tinchligini ta’minlash yo‘lida jonimni fido etishga undaydi. Bu yo‘lda  bir zum chekinmayman. Bu quruq va’da emas, yuragimning da’vati!

                                                                                                                                      O‘roz HAYDAR 
                                                                                                                            Qashqadaryo viloyati

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.