SO‘NGGI MANZIL

Tiriklik dunyosida odamlar notekis yashashadi, ya’ni, boy boyligi, kambag‘al kambag‘alligi bilan ajralib turadi. Ammo u dunyoda shohu gado barobar! Hatto Amir Temurdek buyuk sohibi saltanat ham vafotidan keyin jasadini ustozi Said Barakaning poyiga dafn etishni vasiyat qilganlar. Tolstoy jasadi nasroniylarning mahobatli qabristoniga emas, Yasnaya Polyanadagi o‘z chorbog‘iga qo‘yilgan. Adib o‘limidan oldin qarindoshlarini yig‘ib, qabri ustiga biron yodgorlik o‘rnatmasliklarini tayinlagan. Hozirgacha marhumning vasiyatini buzishga hech kim jur’at etolmaydi. Graf Lev Tolstoyday odam ham o‘zi va yaqinlarini Yaratganning qahrini keltiradigan ishlardan xalos etgan ekan.

Poytaxtimizdagi eng qadimiy qabristonlardan biri “Chig‘atoy” bir paytlar “Kommunistlar mozori” deb atalgan. Bu yer ikkinchi jahon urushi qurbonlarini ham o‘z bag‘riga olgan. Marhumlar makoni qabristonlar haqida yozishdan maqsadimiz o‘tganlarni eslash, ularga hurmat bajo keltirib, dilimizdagi gaplarni aytishdir.

Yozuvchi va jamoat arbobi Sharof Rashidovning qabri shu yerga ko‘chirilganini ko‘rib, xalq o‘zi sevgan va muruvvat ko‘rgan farzandlarini hech qachon unutmasligiga amin bo‘ldik. Rashidov atrofida nomini sahna asarlari orqali tanigan Muxtor Ashrafiy, o‘zbek kinosining otasi Komil Yormatov, jahondagi ne-ne nodir qo‘lyozmalarni o‘rgangan Hamid Sulaymon, endokrinologiya sohasi asoschilaridan biri Yolqin To‘raqulov, atoqli biolog Ubay Oripov va boshqa bir qancha davlat va jamoat arboblari, akademiklar, taniqli shoir va yozuvchilar, mehnat qahramonlari ham bor. Qalbida qancha ushalmay qolgan orzu-umidlari o‘zi bilan birga ketgan Mirtemir domlaning qabriga borganimizda, “Majnuntol tagiga o‘tkazing meni, Majnuntol yig‘lasin, men yig‘lab bo‘ldim”, degan satrlari xayolimizda aylangan bo‘lsa, Abdulla Oripovning qabrini ziyorat qilib, “Jannatga yo‘l” dramasi yodimizga tushdi.

Mazkur dramada bir shoir yigitni jannatga kirishi uchun atigi ikki paysa savob yetmay qoladi. Shunda u tirikligida xalq, millat, jamiyat dardi va og‘riqlari bir chetda qolib, behuda narsalarni qalamga olganidan afsuslanadi. Qo‘shni qabrdan osoyish topgan Erkin Vohidovning “Ruhlar isyoni” dostonidagi murosasiz savollar qalbimizni ag‘dar-to‘ntar qilib yuboradi. Ular bizni ta’magirlik, munofiqlik va xudbinlikdan nari bo‘lib, vijdon bilan yashashga, xalqqa foydasi tegadigan ishlar qilishga chorlaganday bo‘ladi. Ular xotirasini abadiylashtirish uchun ko‘chalar, maktablar va oliy ta’lim maskanlariga nomlari berilgan. Ular yashagan, ijod qilgan uylar muzeyga aylantirilgan. Bunday vatandoshlarimizning hayot yo‘lini yoshlarga tanishtirish, ular siymosida kelajak avlodni tarbiyalash biz uchun ham qarz, ham farz.

 TA’MA 

 Odatda hayotda har kim har xil pog‘onalarga ega. Kimdir mansabdor bo‘lsa, kimdir oddiy fuqaro. Unisi hashamatli uyda yashasa, bunisi oddiy uyda istiqomat qiladi. Dunyodan o‘tgandan keyin boy ham, kambag‘al ham barobardir. Qabristonda dono bilan nodon, botir bilan qo‘rqoq, boy bilan kambag‘al yonma-yon yotishi tabiiy hol. Ammo hayotdagi notekisliklar shu yerga ham ko‘chib kelgani bizni o‘yga soldi. Garchi  qabul qilingan tartib-taomilga ko‘ra, dafn etilgan joy (uchastka) doirasi belgilangan bo‘lsa-da, bu yerda ham tabaqalashish sezilib turibdi. Tiriklar go‘yo bir-birlariga o‘zini kimligini ko‘rsatib qo‘yish uchun marhumlarga iltifot ko‘rsatayotgandek. 

Qabrga qimmatbaho yodgorlik o‘rnatib, atrofiga ko‘rpachalar solib qo‘ygan bilan baribir marhum tirilib kelmaydi-ku, degan gap xayolimizga keldi. Qancha yodgorlik, surat, haykal o‘rnatib, atrofini sementlab tashlagan bilan vaqt hamma narsaga o‘z hukmini o‘tkazadi. Tuproqdan yaraldikmi, bora-bora yana shu tuproqqa qo‘shilib ketamiz. Hech bo‘lmasa, marhumlarni o‘z holicha tuproq bo‘lishiga qo‘yib beraylik, deging keladi. Olamdan o‘tganlar nomini abadiylashtirish uchun qo‘yilgan toshlarda ham ta’malar seziladi. Masalan, mana bu qabr toshidagi yozuvga e’tibor bering: “Falonchi buvijon, Yaratgan sizni o‘z rahmatiga olsin! Ushbu qabrtosh o‘g‘lingiz Botirjon, qizingiz Shohidaxon, jiyaningiz Vositjon va sizni yaxshi ko‘rguvchi nabirangiz Azamatjon tomonidan qo‘yildi”. O‘ylab qolasan kishi: shuni muhtojlarga xayr-sadaqa qilsalar, shuning savobi ham marhumlarning ruhiga yetib boradi-ku?! Qabristonda oyoq bosgudek joy yo‘q. Har bir marhumga yarqiragan marmardan mahobatli yodgorlik o‘rnatilib, atrofi tsementlab tashlangan. Bu ketishda bora-bora hammayoq tosh-betonga aylanib ketmaydimi? Bundan xulosa shuki,  qabristonlarda ham nazorat va tartib o‘rnatilishi kerak. Bu yerni “kimoshdi” savdosiga aylanib borayotgani nafaqat marhumlar, balki tiriklarga ham zulm-ku!

Gulu chechaklarga burkangan qabrlar yonida yovvoyi o‘tlar bosib yotgan mozorlarni ko‘rib, shularning ham yaqinlari bormikan, degan savol o‘tadi ko‘ngildan. Hayriyatki, Toshkent shahar hokimligi “Chig‘atoy”ni o‘z otalig‘iga olgan. Ishchilar qarovsiz qabrlarga ham qarab turishibdi. Kelganlar yaqinlarini ziyorat qilib ketishi uchun qulay sharoit yaratilgan. Lekin boshqa joylarda ahvol qandaykin?! Har holda, qabristonning ham o‘ziga xos qoidalari bor.

 MARHUMLAR NIMA ISTAYDI?

 Haqlariga duo-yu, qabrlaridan xabar olib turish. Tirikchilik tashvishlaridan ortib, hamma ham qabristonga kelishga vaqt topolmasligi mumkin. Bu borada qabriston mutasaddilaridan biri Mirabbos Hoshimov bilan suhbatlashganimizda, aholining qabristondagi obodonchilikka e’tiborsizligini aytib qoldi. Umumxalq hasharlarida diniy idoralar, Yoshlar ittifoqi markazlariga xat bilan chiqishibdi. Bundan biror natija chiqmagach, yollanma ishchilar mehnatidan foydalanayotgan ekan.

Respublika Vazirlar Mahkamasi 2018 yil 15 fevralda “Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qilgani muqaddas maskanlarni saqlash va qadrlash, xalqimiz ongida ajdodlar xotirasiga hurmat-ehtirom tuyg‘ularini shakllantirish bilan birga, har bir qadamjo va ziyoratgohni obodonlashtirish, yanada fayzli, tarovatli go‘shaga aylantirish, bu borada ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga xizmat qilmog‘i kerak. Axir, hammaning ham boradigan so‘nggi manzilimiz shu Yer-ku!

 “CHIG‘ATOY”DAN BIR UMIDI BOR

 “Minor”ga yo‘l oldik. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki, bu yerda ham diniy va milliy qadriyatlarimizga zid ishlar ko‘zga tashlanadi. Ayrimlarni shu yerdan ham umidi bor shekilli, o‘lmasdan turib, o‘ziga “joy” hozirlab qo‘yibdi. Har oyda bir marta kelib, atrofiga gullar ekib ketisharkan. Hatto maxsus qorovul yollab, qarab turishi uchun maosh to‘larkan. Go‘rkovlardan biri Islom Usmonovning aytishicha, yaqinda bir kishi o‘ziga sag‘ana qurdiribdi. Oradan ko‘p o‘tmay, o‘zi olamdan o‘tibdi. Tayyorlab qo‘ygan joyiga dafn etishibdi. Bunday holatlar avval ham kuzatilgan ekan. Hamma narsa niyatga bog‘liq, deydilar. Hadisi shariflardagi o‘limni orzu qilmanglar, o‘lim haq. Hammamiz o‘lishga ulguramiz. Lekin dunyoga inson yashash uchun keladi. Yashashga kechikmaslik kerak, deyilganini unutmaylik.

Yashash ham bir imkon. Halol mehnat qilib, Haq yo‘lida yashagan odam bandalikni bajo keltirganda, xokisor qabrda yotgani bilan qadri oyoq osti bo‘lib qolmaydi. Yoki aksincha, hayotligida o‘z insoniyligini yo‘qotib, o‘lgandan keyin qimmatbaho marmarlardan “bezangan” qabrga qo‘yilgani bilan u narigi dunyoda ardoqlanib qolmaydi. Qabristondan qaytayotganimizda, qabr ustida o‘rnatilgan qimmatbaho yodgorliklar, gulchin temir panjaralarga ham vaqt o‘z hukmini o‘tkazganini ko‘rib, og‘ir mulohazaga cho‘mdik. Inson nima bo‘libdi, hatto alp tog‘lar ham, mahobatli obidalar ham bora-bora husnu tarovatini yo‘qotadi. Ammo insondan eng yaxshi xotira bo‘lib, uning ezgu ishlari, qobil farzandlari, shogirdlari va bog‘-rog‘lari qoladi. Shunday yashash va boqiy nom qoldirish hammaga nasib etsin!

 

Adiba UMIROVA

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.