AQSH GENERALINING “TOSHKENTLIK MA’SHUQASI”

So‘nggi yillarda “Nigeriya maktublari” deb nomlangan elektron yozishmalar tovlamachiligi avj olib ketdi. Aytish joizki, bunday firibgarlar nog‘orasiga o‘ynagan ko‘plab odamlar, ayniqsa, yoshlar havoyi his-hayajonga berilib,  tuzatib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘ymoqdalar.

 

Mavjud ma’lumotlar asosida aytish mumkinki, bundan qariyb 40 yilcha avval Afrikaning nisbatan qoloq davlati — Nigeriyadan dastlabki yozishmalar dunyoning turli mamlakatlariga jo‘natila boshlangan. Yillar o‘tgani sari millionlab bunday maktublar sekin-asta o‘z mijozlari sonini ko‘paytirib borgan. Gap shundaki, yozilgan maktublardagi taklif va istaklar shunday ustalik bilan bitiladiki, xatni olib o‘qigan kishilarning ko‘pchiligi havoyi va’dalarga chippa-chin ishonib,
to‘rga tushib qoladi. Shu yo‘l bilan nigeriyalik tovlamachilar yil davomida millionlab dollar ishlab oladi. Boshqacha aytganda, ushbu yo‘l bilan topiladigan mablag‘ davlat g‘aznasini to‘ldirishga qaratilgan asosiy omillardan biriga aylanadi. Chunki ba’zida bunday qing‘ir ishlarga davlat idoralari, banklar va boshqa tashkilotlar ham bosh qo‘shadi.
Darhaqiqat, amalga oshirilishi kerak bo‘lgan hiylada davlat tashkilotlarining haqiqiy muhrlari, ishonch qog‘ozlari va zarur dalil sifatida ishlatiladigan boshqa hujjatlardan ham foydalaniladi.
Idoramizga ko‘p yillar maktabda muallimlik qilgan kishi kelib, qo‘lidagi bir varaq qog‘ozni avaylab bizga uzatdi: “Boshimizga baxt qushi qo‘ngan ko‘rinadi. Shu masalada sizlardan yordam so‘rab keldim. Qo‘shni mamlakatlardan birida telefon raqamlariga lotoreya o‘ynalibdi. Omadni qarang, aynan bizning raqamimizga mashina yutug‘i chiqibdi. Yutuqni olib ketish to‘g‘risidagi taklifni qo‘limga olishim bilanoq, qo‘ni-qo‘shni, qarindoshlarga ham bildirmay, sizlar bilan bamaslahat ish yuritayin, deb shu tarafga kelaverdim”, deb so‘zini yakunladi u. Bu orada men mehmon olib kelgan xat mazmuni bilan tanishib chiqishga ulgurdim. Chamasi u xatdagi asl maqsadni yaxshi tushunmagan ko‘rinadi.
— Bizdan nima istaysiz?, — deb so‘radim.
— “Imkon bo‘lsa, meni taklif qilgan o‘sha mamlakatga borib-kelishga moliyaviy ko‘mak bersangiz...
Men unga xatning so‘nggi jumlasidagi fikrni qayta-qayta tushuntirishga harakat qildim — yutuqni olishga kelishdan avval quyida ko‘rsatilgan manzilga, mehmonxona va bir haftalik kundalik xarajatlar uchun 500 AQSH dollari miqdoridagi pulni tezda jo‘natishi kerakligi ta’kidlangan edi. Mehmonga oddiy tovlamachilikdan iborat nomani  tushuntirishimiz uchun salkam bir soat vaqt ketdi.
Yana bir misol. Nigeriyalik bir ayol akasi kosmonavt ekani, 1990 yili sovetlar davlati tomonidan uchirilgan kosmik kemada fazoga uchgani haqida internet tarmoqlariga xabar tarqatadi. Xabarda Rossiya hukumati o‘z kosmonavtlarini Yerga qaytarish uchun alohida kosmik kema uchirganida, nigeriyalik kosmonavtga joy yetmagani bois u hanuz kosmosda ekanini achinib yozadi.
Xatda yozilishicha, nigeriyalik kosmonavtning o‘tgan 26 yil davr davomida to‘plangan oylik maoshi 15 000 000  dollarga yetgan. Ushbu mablag‘ni olish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va Rossiya rahbarlarini kosmonavtni Yerga qaytarishga “ko‘ndirish” uchun bir necha ming dollar miqdorida mablag‘ kerak. Agar xatni olgan kishi (jabrdiyda deyavering!) nigeriyalik xonimga moddiy yordam bersa, u kosmonavt qarindoshi to‘plagan katta miqdordagi mablag‘ni teng bo‘lishga roziligini bildirgan.
Hushyor odam bunday va’dalar bilan yozilgan xatni o‘qigan zahoti SSSR va Rossiya kosmonavtlari ro‘yxatini topadi-da, u yerda nigeriyalik kosmonavt bor-yo‘qligini aniqlab, shunga yarasha xulosa chiqaradi. Lekin afsuski, bunga hammaning ham aqli yetavermaydi.
Endi bunisini eshiting. Toshkent shahrida yashovchi bir  qizga Afg‘onistonda ko‘p yillar Amerika harbiy bo‘linmalariga qo‘mondonlik qilgan va yuqori harbiy unvonga ega, hozir zahiraga bo‘shatilgan insondan elektron xat keladi. Bir-ikki yozishmalardan so‘ng iste’fodagi general o‘z suratini qizga jo‘natib, u bilan yaqinroq tanishish taklifini bildiradi. Xushsurat va kelishgan yosh generalning  nomalari qiz ko‘nglida hayajon uyg‘otadi. Kunlar o‘tib, ular bir-biriga o‘rganib, ko‘ngil qo‘yadi. General xatlarining birida so‘qqabosh ekani va o‘ziga mos umr yo‘ldoshi qidirayotganini yozadi, “senga o‘xshagan ayol uchrab qolsa, ikkilanmay uylangan bo‘lar edim” deb qo‘shimcha qiladi.
 Sodda hamshaharimizning ko‘nglida o‘zga yurtlarda bekamu-ko‘st yashash istagi paydo bo‘ladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, yozishmalarning birida general qiz uchun bir necha yuz ming dollarlik sovg‘a-salom jo‘natmoqchi ekanini yozadi. Sovg‘alar keyingi haftaning falon kunida Nyu Yorkdan Toshkentga uchib boruvchi odamlar orqali yetkazilishi aytiladi.  Aytilgan kuni qiz uyidan chiqmay, kechgacha sovg‘ani poylaydi. Oradan kunlar o‘tsa ham sovg‘adan darak yo‘q. Bir hafta o‘tgach, general tag‘in xat yozadi. Uzr so‘rab, jo‘natilgan buyumlar aeroport xodimlarining aybi bilan boshqa samolyotga o‘tib qolgani va yuklar hozir Yevropa davlatlarining biridagi aeroportda turganini, ularni o‘z joyiga qaytarish uchun 2500 yevro miqdoridagi pulni o‘sha aeroport hisob raqamiga jo‘natish
kerakligini aytadi. Yaxshiyamki, hamshaharimiz o‘ziga pishiq ekan, turli yo‘llar bilan generalning qaerda yashashi va nima ish bilan shug‘ullanishini surishtiradi. Buni qarangki, general rostdan ham hayotda bor ekan. U to‘g‘ridagi deyarli barcha ma’lumotlar to‘g‘ri edi. Faqat general hech kim bilan internet orqali xat yozishmaganini aytib, uzr so‘ragan. Toshkent bilan yozishmalar olib borgan kimsani esa, kimligini aniqlashning iloji bo‘lmagan.
Ikkinchi jahon urushi paytida turli voqealar sabab boshqa davlatlarda qolib ketgan insonlar taqdirini yaxshi o‘rgangan “ustakorlar” o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanmoqda.
O‘tgan yilning aprel oyida Birlashgan millatlar tashkilotining mas’ul xodimiman deb o‘zini tanishtirgan bir kimsa, BMTdek obro‘li xalqaro tashkilotning yozishmalar blankasidan foydalangan holda bir tanishimizga xat yo‘llagan. Xatda uning amakisi AQShda yashab o‘tgani va yaqinda vafot etgani aytilib, o‘sha sobiq jangchidan O‘zbekistondagi qarindoshlari uchun ikki million dollardan oshiqroq meros qolgani haqida xabar beradi.  “Shu ishda sizga advokat sifatida yordam bermoqchiman”, deb o‘z xizmatini taklif qiladi. Xat davomida meros qilib qoldirilgan mablag‘ni tegishli odam nomiga o‘tkazib berish uchun vaqt juda kam qolgani, ishni tezroq amalga oshirish uchun 3000 dollar pul mablag‘i kerakligini ham qistirib o‘tgan.
Ko‘rinib turibdiki, xatlar turlicha bo‘lgani bilan ulardagi maqsad bir xil –laqmalarni chuv tushirishdir.   

Abdumajid TO‘RAYEV


  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.