SARXONANING TUTUNI. Chilimkashlar davrasidan reportaj

Atoqli adib G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasida bir lavha bor. Qoravoy o‘zi bilmasdan chilimkashlar davrasiga tushib qoladi. Bu yerga doimiy mijozlardan tashqari boyvachchalarning arzandalari, shaharning yarmini qarzdor qilib qo‘ygan sudxo‘rlar kelishardi. Qoravoy ularga chilimning sarxonasiga tamaki bosib, suvini yangilab bergani uchun xo‘jayinidan har kuni bir miridan choy chaqa oladi. Boshida bir-biriga to‘ng‘iz qarash qilib o‘tirgan, ziqna, qishda qorni birovga ravo ko‘rmaydigan bu mahluqlar chilim tortgandan keyin shunday yuvosh tortib qolishadiki, bir-biriga choy-non uzatgan, bir-birini uyiga taklif qilgan. Xullas, bo‘lar-bo‘lmas gaplar bilan xo‘roz qichqirguncha chilim chekib o‘tirishadi. Bu Qoravoyning joniga tegib, oxiri nosdan bo‘shagan shishaga suv solib, og‘zini mahkam yopadi-da, manqaldon cho‘g‘iga ko‘mib qo‘yadi. Shishadagi suv kutilmaganda portlaydi.

 

Yozuvchi qattiq tanqid ostiga olgan qaymoq bozorining burilishida, mahkamaning boshidagi Ilhom samovarchining kattakon choyxonasidagi hangomalar bugun hayotimizga shitob bilan kirib kelganiga ishonish qiyin. Garchand, “Shum bola”dagi choyxona-yu mayxonalar zamon o‘zgarishi bilan kafe, bar, restoranlarga aylangan bo‘lsa-da, lekin ko‘pchilik hali ham ularga ichish, chekish, maishat va o‘yin-kulgu uchun kelishi har qanday sog‘lom odamni o‘ylantiradi. Bunday tungi xilvatlarni istagan joydan topa olasiz.
Odatda, bunday joylarga ko‘proq erkaklar kelishadi. Biroq tong otargacha mijozlarning ko‘nglini ovlaydigan kafe, restoranlar endilikda ayollarning ham ko‘ngilxushlik joyiga aylanib borayotgani va ular chilim domiga tushib, hayotini qo‘ldan boy berayotgani, ayollik sha’niga dog‘ tushirayotgani o‘ta achinarli.
Bu muammo bizni bir paytlar Qoravoy kezgan qadim shahardagi ayrim go‘shalarga borishga, iskabtoparlar ham topolmaydigan “podval”lardagi xufiyona ishlarni kuzatishga va mulohaza yuritishga undadi. 

CHEGIRMA VA “TEGIRMON”

Kechasi soat o‘n birlarda chilimkashlarning “hordiq” chiqaradigan eng tinch joydagi kafe-barlarning biriga bordik. Dastavval, tamaddixona peshtoqida “ayollar uchun 20 foiz chegirma”, degan lavha e’tiborimizni tortdi. Bu mijozlarni jalb etish uchun o‘ylab topilgan “tuzoq” ekanini sezish qiyin emas. Kirish joyini qattiq nazoratga olgan barzangilarni ko‘rib, “Shum bola” asaridagi uch zarbli pahlavonlarning to‘qson olti ming botmonlik gurzigaroni yodimizga tushdi. O‘zimizni ko‘chada ko‘rmaslik uchun bir chetda turib, vaziyatni kuzata boshladik. Soat o‘n ikkilarga borib, go‘sha rosa gavjumlashdi. Mijozlarning yoshi turlicha. Kafe tepasi choyxona, podvali esa navqironlarning “ishtaha”sini ochadigan joy. Tashqariga xizmat qilayotgan ofitsiantlardan biri bizni ham podvalga taklif qildi. Bir qaraganda, bu yerdan tinchroq, holiroq joy yo‘q. Istagan joyingizga o‘tiring. Ahvol yana o‘sha... Chilimxo‘rlikka berilib, hayotini halokat yoqasiga olib borayotganlar, mijozlarga epchillik bilan xizmat qilayotgan ofitsiantlar, davrani qizitgan yallachilar va o‘zlarini farang malikalaridek his qilib, ming xil nozu karashmalar bilan xirom aylayotgan yarim yalang‘och raqqosalar.
Bu yerda xizmat qilib yurgan o‘smirlar esa mijozlarga chilimni quldiratib, obdon tortib, pishitib beradi. Yaxshi gaplar bilan ular ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatib, chilimga o‘rgatib oladi. Bizni tong qoldirgan narsa: bular ham kimningdir yaxshi niyatlar bilan dunyoga keltirgan farzandlari. Bir gul o‘stirsangiz, shu gulning biror yaprog‘iga shikast yetsa, qanchalar achinasiz. Ayni kuchga to‘lgan paytda biror kasb-hunar boshini tutish o‘rniga, ular bu yerlarda nima qilib yuribdi?
— Keling, akalar, opalar. Mijozga qara, choy, chilim olib kel, – ishboshilardan biri ofitsiant o‘spiringa tayinladi. Yemak buyurgan bo‘ldik. Tamaddidan keyin u bizdan so‘radi:
– Chilim olib kelaymi?
– Rahmat, biz dam olgani kelganmiz.
– Bu yerga ko‘pchilik chilim chekish, o‘yin-kulgu uchun keladi. Shunchaki hordiq chiqarish bo‘lsa, tepada ham joy bor. Bu yer tungi klublarning zo‘ri bo‘ladi. Buyurtmaga qarab, istagancha chilim tayyorlab beramiz.
– Qanday qilib?
– Chilimning kukunidan tortib, ko‘mirigacha chetdan kirib keladi. Biz faqat mijozlarning xohish-istagiga qarab, tayyorlaymiz.
U bizga nimani tavsiya etayotganini o‘zi bilarmikan? Chilimga qo‘shilgan mahsulotlar tarkibida qanday moddalar bor? Uni inson salomatligiga zarar keltirmasligiga kim kafolat beradi?
Lug‘atlarda chilim so‘zi tortish, ya’ni, tutunni tortish, kayf qiluvchi narsalardan foydalanish ma’nosini anglatadi. Chunki chilim tamakisi yopishqoq massa ko‘rinishida bo‘lib, unga mevali hidga ega asal yoki qiyom kabi moddalar qo‘shiladi. Qadimda O‘rta Osiyoda, shuningdek, Turkiya, Eron, Hindiston, Xitoy, Afg‘onistonda keng tarqalgan. Tarixiy manbalarda chilim chekish inson sog‘lig‘i uchun o‘ta zararli ekani qayd etilgan. Shifokorlarning ta’kidlashicha, yurak-qon, tomir va nafas olish tizimi xastaliklarini keltirib chiqaradi. Saratonga chalinish xavfini oshiradi. Haftasiga uch-to‘rt marta chilim chekadigan odam unga tobe bo‘lib, ruhiyati, tafakkuri, idroki va xotirasidan judo bo‘ladi. Ayniqsa, homilador ayol chilim tortsa, farzandidan ayrildim deyaversin.
Qo‘shni davlatlarda ham bir necha yildan beri chilimga qarshi kurash olib boriladi. Masalan, Qozog‘istonda chilimni jamoat joylarida chekish ta’qiqilangan. «Tamaki tutunisiz Qozog‘iston» koalitsiyasi xodimlari tomonidan poytaxt Ostanadagi 12 chilimxona tekshirilganda, chilimda salomatlikka ziyon yetkazadigan turfa unsurlar topilgan. Angliyalik shifokorlar o‘tkazgan oxirgi so‘rov natijalariga ko‘ra, ingliz yoshlarining qirq foizigina chilim tarkibida tamaki borligini biladi. Bugungi kunda dunyoning ko‘plab davlatlarida, jumladan, Frantsiya, Avstriya, Italiya, Germaniya kabi Yevropa davlatlari, Ukraina, Turkiya, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklarida chilim chekish qonun bilan man etilgan. Bunday taqiqlarga asos qilib, chilim chekish oqibatida tarqalgan xavfli, yuqumli kasalliklar ko‘rsatilmoqda. Shunga qaramay, bizda kundan-kunga chilimxo‘rlik g‘ovlab ketmoqda. Buni g‘ovlatayotganlar esa qarshimizda turibdi.   
– Undan hushbo‘y mevalarning hidi keladi. Tortib ko‘rasizmi? Ayollar uchun yigirma foiz chegirmasi bor, – deydi ofitsiant yigit.
Bir chilim tortish qirq besh mingdan, ikki yuz minggacha. Ustiga-ustak quruq mevaning hidi kelarmish. Ol-a, ikki yuz mingga qancha meva beradi. Hatto Afrika kokosi-yu, Eron xurmosidan ham sotib olish mumkin. Chilim chekaman, deb shuncha pulni behuda sarflab, evaziga salomatlikka zarar yetkazguncha, tabiiy mevalarni iste’mol qilgan ming chandon foydali emasmi? Nazarimizda, bu yerda boshqa gap bor. Ayrim ustasi farang tadbirkorlar chilimga tamaki bargidan tashqari shubhali giyohlarning yog‘idan ham qo‘shadilar. Mijozlarning ko‘ziga chilimdan boshqa narsa ko‘rinmay qolishining sababi ham shunda. 
– Rahmat, o‘zingiz chekavering. Baribir chilimni zararsizligiga ishonmayman – deyman men.
– O‘zim o‘n yildan beri chekaman. Shifokorga borgandim, o‘pkam toza chiqdi...
Ofitsiant yigit Aldar ko‘sa yanglig‘ chilimni qancha zararsiz deb lof urmasin, choynak tutishga qaltiragan qo‘llari-yu, rangining dokaligi haqiqatni aytib turardi. Chilimga mubtalo bo‘lganlar esa sarxonani “xurr-xurr”latib o‘zini yettinchi falakda sezar, chiqqan tutunidan havoda turli halqachalar yasab, zavq olardi.
 
DURBINDAGI HURLIQOLAR

“Shum bola”da yana bir g‘alati manzara bor. Ilhom samovarchining ukasi Ibroy durbindan har xil ayollarning suratini ko‘rsatib, shuning orqasidan tirikchilik qiladi. Qoravoy durbinning ichida nima borligini qiziqib ko‘radi. O‘rtog‘i Ubayni ham holi-joniga qo‘ymay, shunga o‘xshash tomoshalarga yetaklab boradi.
– Birinchidan qimmat. Ikkinchidan, Mayramxon degani yarim-yalang‘och kiyimda chiqarmish. Men yalang‘och xotinlardan qo‘rqaman, – deb bormaydi Ubay.
Kechasi soat ikkilardan keyin tungi klubda boshlangan “tomosha” bizni ham qo‘rqitib yubordi. Ovro‘pacha musiqiy jazavalar, yarim-yalang‘och raqqosalarning behayo raqslari erkaklarning ularga istagancha xiralik qilishlari... Aytishga til ojiz. Eng achinarlisi, erkaklar bu yerga shunchaki pivoxo‘rlik yoki chilimxo‘rlik qilish uchun emas, ayollarning ko‘nglini “ov”lash, o‘z navbatida, ayollar ham profilaktika inspektorlari tomonidan qattiq nazoratga olingan joylarda qilolmagan ishlarini amalga oshirish uchun kelgandek. Qo‘shmachi ham, axloqsiz ham, maishatxo‘r ham, aroqxo‘r ham, chilimxo‘r ham shu yerda. Bularning ko‘nglida nima borligi bilan hech kimning ishi yo‘q. Bu yerdan chiqib, qaerga borishi va nimalar qilishini taxminlash o‘zingizga havola, muhtaram gazetxon.
Kafedagi mijozlar asosan 35 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar hech g‘ami, tashvishi yo‘qdek chilimxo‘rlik qilib o‘tiribdi. Ular o‘qish yoki ishga borishmaydimi? Nahotki, ularni so‘raydigan “ega”si bo‘lmasa? Yoki hammsi shunchalik bekorchimi? Bekorchi odamda buncha pul qaerdan bo‘ladi? Agar karmon baquvvat bo‘lmasa, bunday tungi klublarga yaqinlashish qiyinligi kundek ravshan.
Ular shuncha pulni qaerdan olayapti? Faqat oylikka ishlaydiganlar bunday joylarga kela olmaydi-ku!
Keyingi paytda insonning qadr-qimmati tushib ketyapti, degan gaplar rost. Bunga o‘zimiz sababchi. Mana bu manzaraga e’tibor bering: tamaddixonadagi chilimdan miyasini peshlab olgan bir yigit oyoq tagida uzala yotibdi. Qancha tirmashmasin, turishga majoli yetmaydi. U qaerda, qanday ahvolda yotgani bilan hech kimning ishi yo‘q. Barzangilardan ikkitasi kelib, uni ko‘chaga shunday uloqtirdiki, o‘sha odamning biror joyi sinib ketmadimikan, degan xavotirga bordik. Qarang-a, la’nati chilim odamning hayotini qanday barbod qilyapti. Mehnat layoqatini yo‘qotayapti. Beburd, qashshoq, bir so‘z bilan aytganda, gadoga aylantirayapti. E’tiqodini yemirib, irodasini zaiflashtirayapti, millat genofondini buzayapti.

“ILGARI MEN HAM CHEKMASDIM!”

Albatta, bu yerga kashandalar o‘z-o‘zidan kelib qolayotgani yo‘q. Kafe, restoranlarning reklama va chegirmalari ortidagi qallobliklar, “Haydar aka”, “Afg‘oncha osh”, “Cho‘pli kabob”, “Parovoz” singari laqmalar boshini aylantiradigan nomlar zamirida qandaydir sirlar yashirinmaganmi? Biz ham bu yerga kelib, “Haydar aka”ga ishqibozlarning sherga aylangani, “Afg‘oncha osh”idan tatib, xo‘rozdek qichqirganlarini, “Cho‘pli kabob”ning “lazzat”idan ko‘zlari chaqchayib qolganlarni ko‘rdik. “Parovoz”dan o‘zini unutib, butun ixtiyorini yonidagi yigitga topshirgan qosh-ko‘zlari qop-qora, istarasi issiqqina bir qizni ko‘rib, yuragim achidi.
Allamahalda kafedan ketamiz, deb turganimizda qo‘shni stolda o‘tirgan o‘rta yashar ayol kelib, menga gap qotdi:
– Chet elda bo‘lganmisiz?
– Yo‘q.  Siz-chi?
– Bo‘lganman. Turkiyada. U yerda hamma narsa ochiq, oydin. Tamakimi, chilimmi, istagancha chekish mumkin. Chilimga ko‘zingizning oldida tamaki kukuni yoki har qanday charchoqni oladigan giyoh solib beradi. Esimda, bir marta kafeda o‘tirganimizda, hamrohlarimizdan birining tutqanog‘i tutib qolgan. Shunda o‘rtaga pul tashlab, zo‘rg‘a o‘ziga keltirib olganmiz... O‘ziyam chekmasa o‘ladigan ahvolga kelib qolgandi-da. Siz ham chekasizmi?
– Chekmayman.
– Ilgari men ham chekmasdim. Chekib, aqlu-hushini yo‘qotgan ayollarni ko‘rib, nafratlangan, qo‘rqqan kunlarim bo‘lgan. Keyin asta-sekin hammasiga ko‘nikdim. O‘shalarning biriga aylanib qoldim. Menimcha, erkaklar qatorida ayollar ham “dam” olishga haqli. Mana, siz ham bu yerga o‘zingizga yoqqan erkak bilan “dam” olgani kelgansiz. Shundaymi?
– Bu kishi erim bo‘ladilar.
– Hm... Turmushga chiqib o‘zingizni ancha oldirib qo‘yibsiz.  Qarang, menga hech kim qirq yosh bermaydi.
U titrab-qaqshab o‘rnidan turdi va chayqalgancha eshik tomon yurdi... 
Yaqinda Oliy Majlis Senati «Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida» qonun qabul qildi. Unda «chilim», «chilim uchun tamakisiz chekish aralashmasi», «chilim chekish uchun damlama», «chilim uchun chekish toshi», «elektron sigareta»larni tekshirish va aholi xavfsizligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirish uchun bir qancha chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Chilim va elektron sigaretalarni chekish mumkin bo‘lmagan jamoat joylarini nazorat qilib borish ham qonundagi tegishli moddalarda belgilangan.
Biz bo‘lgan bar jamoat joyiga kirsa, demak tez orada bu joylar ham o‘tmishga aylanadi. Ha, tezroq bunday xilvatgohlar berkilsinu, yoshlarimiz bu ofat changaliga minba’d tushmasin.

Zubayda ZOHIDOVA
jurnalist.

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.