Biz bu xatar haqida yozgandik

Shu yil 1 avgust kuni gazetamizning 32-sonida jurnalist Z. Zohidovaning “Xatar” ruknida chop etilgan  “Sarxonaning tutuni” chilimkashlar davrasidan reportaji”ga  ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak.
Unda shaharlarimizda tungi klublarda tobora avj olib, keng ildiz otayotgan tonggacha davom etuvchi  ichkilikbozlik, chilimkashlik, maishatbozlik va zo‘ravonlik kabi illatlar nazoratdan chiqib borayotgani va bu xatarning oldi olinmasa, katta fojealarni keltirib chiqarishi mumkinligidan ogoh etgandik.

Afsuski, xavotirimiz to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Reportajda qalamga olingan ana shunday tungi maishat maskanlaridan biri  — poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi  “Aurum 898” tungi klubida  9 avgustga o‘tar kechasi yuz bergan qonli voqea hozir ko‘pchilikning tilida.
 Erkin kurash bo‘yicha professional sportchi Jamshid Kenjaev va klub qo‘riqchilari o‘rtasida kelib chiqqan pichoqbozlik oqibatida sportchi hayotdan ko‘z yumdi. Qo‘riqchilardan ayrimlari yaralandi. Bir qanchasi xibsga olindi. Bosh prokuratura Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan jinoyat ishi ochdi.
Biz bu o‘rinda kim haq, kim nohaq — qozilik qilmoqchi emasmiz. Izlasangiz, bu dunyoda hamma narsaga bahonai sabab, vaj-karson topiladi. 
Achinarlisi — ko‘za sindi. Kuni keldi va sindi.
U sinmasligi mumkin edi. Tegishli davlat va jamoat tashkilotlari o‘z vaqtida masalaga e’tibor qaratganida, fojeaning oldini olish mumkin edi.
Aslida, yosh yigitning o‘limiga sabab bo‘lgan pichoqbozlik fojeaning bir bo‘lagi. Bunday maishatxonalardan ichib, chekib, yo‘l transport hodisalari oqibatida halok bo‘layotganlar-chi? Ichish va chekishning dastidan bor-budidan ajralib qolayotganlar-chi?
Ular bu hisobda yo‘q. Bo‘lishi ham gumon.
Gazetamizda chop etilgan “Sarxonaning tutuni” reportajida ta’kidlangan ediki, odatda, bunday joylarga ko‘proq erkaklar kelishadi. Biroq tong otargacha mijozlarning ko‘nglini ovlaydigan bunday maskanlar endilikda ayollarning ham ko‘ngilxushlik joyiga aylanib borayotgani va ular chilim domiga tushib, butun hayotini qo‘ldan boy berayotgani, ayollik sha’niga dog‘ tushirayotgani o‘ta achinarli. Ayni muassasalarning mijozlari asosan yoshlar ekanini ham e’tibordan qochirib bo‘lmaydi.  Ular 35 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlardir. “Nahotki, ularni so‘raydigan “ega”si bo‘lmasa? — deb kuyinib yozgan edi jurnalist. — Yoki hammasi shunchalik bekorchimi? Bekorchi odamda buncha pul qaerdan bo‘ladi? Agar karmon baquvvat bo‘lmasa, bunday tungi klublarga yaqinlashib bo‘lmasligi kundek ravshan”.
Endi ijtimoiy tarmoqlardagi shavvozlardan qilni qirq yorgan mutaxassislargacha qonli fojeaning tub ildizini qidirish bilan  ovora. Birov uni tungi klublardagi barzangi qo‘riqchilarning vahshiylashib ketganida ko‘rsa, boshqasi qonunchiligimizdagi ojiz jihatlarga borib taqaydi. Kimdir muammoning sababini soliq to‘lashdan qochishda ko‘radi. Aslini olganda hamma haq.
Kun.uz saytining qayd etishicha, tungi klublarning hammasi yagona soliq to‘lovchi.  2018 yilning birinchi yarmida byudjetga 1,3 mlrd. so‘m yoki oyiga o‘rtacha 226 mln. so‘mdan soliq to‘lagan.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkazilgan xronometraj va tahlil natijalari kechdan tonggacha ishlayotgan bunday sub’ektlarda tushumlarni o‘rtacha 4 barobargacha yashirilayotganini ko‘rsatgan. Bu raqamlar 6 oyga ko‘paytirilsa, haqiqiy tushum 54,2 mlrd. so‘mni tashkil etadi.
Lekin, ayni korxonalar hisobotlarida jami tovar aylanma summasi 13,6 mlrd. so‘mni tashkil etganligi qayd etilgan. O‘rtadagi farq — 40,6 mlrd. so‘m. Bu 4,1 mlrd. so‘m soliq byudjetga to‘lanmadi degani.
Shuningdek, o‘rganishlar jarayonida har bir tungi maskanda mijoz tomonidan bir dona stolni oldindan band qilish uchun norasmiy majburiy buyurtma (obyazalovka) mavjudligi aniqlangan. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha olib borilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, bir kishi bitta stolni band qilishi uchun o‘rtacha 137,4 ming so‘m to‘lashi lozim. O‘rindiqlar soni o‘rtacha elliktadan hisoblanganda, bir kunda 254,2 mln. so‘m,  olti oyda esa 45,7 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Bu yana 4,5 mlrd. so‘m to‘lanmagan soliq degani.
“Pul qutirtirgan” deydi kimdir qotillikka olib kelgan pichoqbozlikni izohlar ekan.
Bu fikrni ham inkor etish qiyin. 

Adiba BOYITOVA

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.