GULBADAN xonimlar bilan gurung

Bu yorug‘ dunyoda barcha jonzodlar orasida insonni eng aziz va mukarram yaratgan. Unga badanini pokiza saqlash uchun jon ato etgan. O‘zining va o‘zganing jonini azoblamasligi uchun iymon bergan. Iymoni sog‘lom bo‘lishi uchun ong, ongini yuksaltirish uchun tafakkur, o‘zi va o‘zgalarni anglashi uchun esa aql-idrok in’om etgan. Inson nima qilayotganini anglab, o‘zini-o‘zi idora etsa, nafsini tiya bilsa, qadamini bilib bossa, unga tashqi nazoratning keragi bo‘lmaydi.

SUVARAK

Globallashuv jarayoni qonimizda singib ketgan odobimizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazayotgani shubhasiz. O‘zgarish faqat bizni o‘rab turgan tashqi muhitda emas, insonning ichki olamida ham yuz berishi kerak. o‘arbdan kirib kelayotgan shubhali odatlar ta’siridan qo‘rqib, taraqqiyot yo‘lini to‘sib qo‘ya olmaymiz. Agar inson hayotdagi qarama-qarshiliklar, ziddiyatlarni o‘zi ruhan yenga olmasa, uni birov xatarli tahdidlardan himoya qilishi qiyin.
Ochig‘i, hozir biz murakkab bir davrda yashayapmiz. Murakkabligi shundaki, birovga yaxshi tuyulgan odat boshqaning nafratini qo‘zg‘ashi mumkin. Oddiy misol — badanga gul chizish, tatuirovka. Tait tilidan olingan bu so‘z ayrim xalqlar uchun “ta” — rasm, “atoua” — iloh degan ma’noni anglatadi. Yavanliklar va polineziyaliklar tilida esa “tatu” —  “yara”, “yarador” o‘rnida qo‘llaniladi. Ko‘plar o‘z xalqini bunday illatlardan muhofaza qilish uchun ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘ygan.
 Biz-chi? Yo‘q. Aslo!
 Tarixiy kitoblarda yozilishicha, tatuirovka ashaddiy jinoyatchilar uchun jazo vositasi hisoblangan. Ilgari bunday “ijod” asosan uzoq muddat qamalganlarning tana-to‘shida bo‘lardi: vahima, qo‘rqitish va zo‘ravonlik timsoli sifatida. Endi bunday “gul”ni har qadamda uchratish mumkin. Bilak, mushak, yuz, gardan, kindik usti, osti... Aytishga uyalasan kishi.
“Gulbadanlar” — erkak, ayol, qari, yosh, qiz, yigit, o‘spirin... Orasida biz san’atiga qoyil qolib, tik turib chapak chaladiganlarimiz — nomdor artistlar, estrada, kino va sport “yulduzlari” kam emas. Badanidagi “gullar” ularning xorijiy safarlarda orttirgan tajribasidan.
Shahar ko‘rgan echkidan qo‘rq.
Barcha dinlar, jumladan, muqaddas islom, tomonidan qoralanadigan bunday odat hayotimizga sezdirmaygina kirib keldi va bu kun suvarakdek ko‘paymoqda. Diniy e’tiqodimizga zid bunday “san’at” qaerda va kimlar tomonidan “urchitilayotgani”ni bilish uchun poytaxtimizning Qatortol ko‘chasidagi ba’zi tatu-salonlariga bordik.

VOS-VOS

Bunday salonlarni har qadamda uchratish mumkin. Peshlavhalarida tatuirovka xizmatiga alohida urg‘u berilgan. Doim gavjum. 
— Kelinglar! — deb bizni tabassum bilan qarshi oldi sartarosh xonimlardan biri va kutish zaliga taklif qildi. Qo‘limizga moda jurnalini berdi. Jurnalni varaqlab, iltifotning sababini anglagandek bo‘ldik: qaysi “yulduz” tanasining qaeriga qanday “gul” chizilgani yaltiroq suratlar uzra tovlanib, ko‘zlarni o‘ynatib turar edi. Suratlarki, ko‘rgan kishi hamma yumushini tashlab, shu “yulduzlar” misoli tatukash xonimning tig‘dor ninalari ostiga yotgisi keladi. Xonim bo‘yningizga bir rasm chizsaki, ko‘cha-ko‘y, to‘y-xasham, maktabu qahvaxonalarda hamma sizga hayratu lol qarasa. Qarasa-yu, og‘zi ochilib qolsa: “Buncha chiroyli! Jahon chempioni Ronaldoning kallasiga o‘xsharkan-a!..”
Tatu muxlisalaridan biri —  o‘n olti-o‘n yetti yoshlardagi qiz yonimizdagi oromkursida qarsillatib saqich chaynab o‘tirardi. Gapga soldim.
— Bilagimga sigma rasmini chizdirmoqchiman. Bu sizga ham yarashadi, opa.
— Sigma? U nima degani, o‘zi?
— Mangulik timsoli! Turk seriallaridagi qahramonlarning ko‘pida bor. Ko‘rmaganmisiz? —  U afsus bilan qo‘l telefonini ochdi va aylana shakldagi sakkiz raqamini ko‘rsatdi: 
— Hozir hamma shunaqa chizdiryapti.
— Isming nima, singlim?
— Muslima. Nima edi?
— Muslima. Chiroyli ism ekan. Bilasanmi, badanga rasm chizdirish — dinu diyonatimizga xilof!
Qiz hayron bo‘lib qoldi. Chamamda, xato qilayotganini o‘zi ham sezib turardi.
— Ertaga turmushga chiqishingni ham o‘yla. Kuyoving, ko‘rib, yomon xayollarga borishi mumkin. Tayini yo‘q, tarbiyasi buzuq qizlar chizadi bunday rasmlarni.    
Sartarosh kelib, suhbatimizni bo‘ldi.
Muslima ikkilanibroq o‘rnidan turdi va maxsus o‘rindiqqa o‘tirdi. Tatukash og‘riqni qoldiradigan ninasini sanchganidan keyin inon-ixtiyori sartaroshning qo‘liga o‘tdi. Muslimaning nozikkina bilagiga “mangulik timsoli”ni chizish bir necha soat cho‘ziladi. Avvaliga qon ketdi. Sartaroshning tig‘i o‘tkir ashyolarining ta’siri. Ko‘nglimga, qizchaning jarohatiga biror infektsiya tushmasmikan, degan xavotir oraladi. Tushsa-chi? “Sariq”, ichburma, sil, jinsiy kasalliklar... Axir bunday o‘ta xavfli xastaliklarning soni mingta-ku! Yuqib qolsa-chi? Unda kim javob beradi? Tatukash xonimmi? Yo‘q. Salon egasimi? Yo‘q. Sanitariya xizmat vakillarimi? Yo‘q. Qizcha xastalikni qachon, qaerdan va qanday yuqtirganini isbotlash oson emas! Qiyin, o‘ta qiyin. Isbotlaganida-chi? Axir “poezd ketib bo‘lgan” — kasallik qizchani zabtiga olgan bo‘ladi-ku! Keyingi pushaymonu, oh-vohdan ne naf!

QONI QO‘SHILMAYDI

Dunyoda eng o‘tkinchi narsalardan biri —  modadir. Uning ortidan ko‘r-ko‘rona quvgan doim pand yegan. Sababi tez o‘zgaradi. Sobitlikning doyasi tabiiylikdir. Eslang, bir davrlar sochi uzun qizlar zamonning eng oldi go‘zallari sanalgan. Kiyinishlari ham odmi. Tabiat bergan husnga qanoat qilgan. Bo‘lmasa, shu paytgacha hayotimizda qanchadan-qancha urf-odatlar kelib-ketmadi deysiz, ammo hali ham tabiiy go‘zallik oldida hayratga tushamiz. Hozir butun dunyoda inson salomatligiga zarar keltiradigan sun’iy vositalardan voz kechilayotir. Masalan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida tatuirovkalarning inson salomatligiga zarari ko‘payib ketayotganidan katta cheklovlar joriy qilingan. Amerika qon banklari assotsiatsiyasi va Amerika Qizil xoch jamiyati badanida tatuirovkasi bor donarlardan qon olmaydi: Xavfli! Kasal yuqtirgan bo‘lsa, boshqalarga yuqishi muqarrar. Afrikaning tatu-salonlarida esa oddiy xinani tatuirovka uchun ishlatish taqiqlangan. Undan faqat soch bo‘yog‘i sifatida foydalaniladi. Bizda esa bunday ishlar goh yashirin, goh oshkora davom etayotir. Bunga “oyinai jahon”imizni olam jahon vaqtdan beri to‘la egallab olgan  ajnabiy seriallar ham sabab. Ana shunday filmlarni ko‘rib, “g‘aribona estetik did” asosida tarbiyalangan Muslimalardan sigmaga muhabbatdan boshqa yana nimani kutish mumkin!

“BOSH KO‘TARIB YUROLMAY QOLDIM”

Bir qarashda beozordek, ilg‘ordek, zamonaviydek ko‘ringan, aslida, tag-zaminida katta biznes, hatto yovuz maqsadlar yashiringan bunday odatlarga qarshi har bir insonda immunitet bo‘lishi kerak. Chunki o‘tkinchi hoyu havaslar deb milliy qadriyatlarimizni qo‘ldan boy berolmaymiz. Har bir millat o‘zligi bilan tirik.
Tatu-salonlaridan tashqari go‘zallik salonlari bilan bog‘liq shifo maskanlariga ham bordik. Hamma shunday qilyapti, deb soppa-sog‘ tanasini rasmlar bilan bezab, endilikda bundan pushaymon bo‘lgan bir qiz kosmetolog-shifokorning oldiga gulday badanidagi tatuirovkalarini o‘chirtirgani kelibdi.
— Birinchi tatuirovkani Turkiyada bilagimga chizdirdim. Chinnigul rasmini. Chunonam og‘ridiki! Keyin yelkamga, undan keyin belimga... Endi Toshkentda,  ko‘cha-kuyda yursam, hamma mendan betini bekityapti. Masxaralab kulyapti. Ayniqsa, yigitlar. Bosh ko‘tarolmay qoldim. Kecha bittasi: “Chekishdan oling, oyimqiz”, deb qoldi. Axir men chekmayman. Ichmayman!
Lekin badanidagi “gullar” bu e’tirozning teskarisini aytib, ko‘rsatib turar edi. Ichmasa, chekmasa, boshqa yengil-elpi ishlarga moyilligi bo‘lmasa, gulday tanasiga nega tig‘ tegdiradi? Belidagi, bilagidagi, siynasidagi “gullari”ni kimlarga ko‘z-ko‘z qilish uchun chizdirgan?
Tanasini bo‘yatganida u yigirma to‘rt yoshda bo‘lgan. Endi o‘ttizga yaqinlashibdi. Na kuyovdan, na qurilajak oiladan, na tug‘ilajak farzanddan darak bor. Orttirgani — tahlika: qari qizga aylanib, umri — xohlang bahori deng, xohlang bozori — o‘tib ketyapti. Ertaga suqqabosh bo‘lib qolishi mumkin. 
 
MODA VA “MADDA”

Olti yil go‘zallik salonlarida ishlab, shu sohaning yutuq va kamchiliklarini o‘rganishga bel bog‘lagan, ayni paytda respublikamizdagi bir qancha sog‘lomlashtirish markazlari bilan hamkorlikda ish olib borayotgan kosmetolog-biolog Nigora Olimova mutaxassis sifatida shunday deydi:
— Tatuaj va tatuirovka ignasi juda qimmat turadi. O‘zim guvoh bo‘lganman, ko‘pchilik tatuirovka ustalari pulni tejayman deb bitta ignani bir necha kishiga ishlatadi. Bu o‘ta og‘ir xastaliklarni yuqtirish ehtimolini juda kuchaytiradi.
— Ish jarayoningizda baxtsiz holatlar ham bo‘lganmi?
— Bo‘lgan. Bir gal to‘yidan bir kun oldin kelin qosh-ko‘zini igna bilan chizdirgani kelgan. Shunda tatuaj ustasining ignasi bexosdan mijozning ko‘ziga kirib ketgan va qiz bechora ko‘r bo‘lib qolgan. Tatukash juvon to‘rt yilga qamalib ketdi. To‘yi buzilgan kelin bir umr nogiron va baxsiz bo‘lib qoldi.
— O‘zingiz ham tatuirovka qilganmisiz?
— Yo‘q. O‘zimga ham, birovga ham bunday kulfatni ravo ko‘rmayman. Chunki turgan-bitgani zarar. Tatuirovkaning ignasini o‘zi ellik dollar turadi. Unga ishlatiladigan ukol, bo‘yoqlar ham falon so‘m. Xullas, bitta tatu uch yuz dollargacha aylanadi.
— Buncha qimmat?
— Birinchidan, tatuaj va tatuirovkaga ketadigan hamma ashyolar chetdan olib kelinadi. Ikkinchidan, ko‘p hollarda sartarosh-ustalar ish asboblarini yangilashmaydi. Tozalashmaydi. Shuning orqasidan qancha yuqumli kasalliklar kelib chiqayapti. Masalan, oddiy va rangli tatuirovka bor. Hozir ko‘pchilik bodi-art  rangli tatuirovkaga ruju qo‘ygan. Tatuirovkaning bo‘yog‘i falon so‘mga sotib olingani bilan u qanday sharoitda tayyorlangani, tarkibida nimalar borligini hech kim aniq bilmaydi. Bu qonga kirgandan keyin har xil toshmalarni keltirib chiqaradi. Qandli diabet, gipotet — sariqni kuchaytirib yuboradi. Keyin tatuirovka lazer nurlari yordamida o‘chiriladi. Albatta, chandiq qoladi. Nurlanish kasalligi qanday oqibatlarga olib kelishi ham ma’lum. Bu tanada har xil o‘simtalarni rivojlantiradi. Qizlarni farzand ko‘rish baxtidan mosuvo qiladi.       
— Tatuaj-chi?
— Ilgari yuzi yoki badanida biror nuqsoni borlar o‘sha joyini kosmetik vositalar bilan yashirib yurardi. Bu ham avj olib ketdi. Ko‘pchilik olti oy yoki bir-ikki yilga qosh, ko‘z, lablarini tatuaj qildirib ketayapti. Bular orasida o‘smirlardan tortib, ellik-oltmish yashar kampirlargacha bor. Hozir ajinlarning oldini olish uchun yuzni qotiradigan dorilargacha chiqib ketdi. Eng achinarlisi, bu o‘n sakkizga kirgan qizlarga ham qilinayapti. Yaqinda bitta hamkasbimiz yoshgina qizga noto‘g‘ri ukol qilib, oyday yuzini qiyshaytirib qo‘ydi.
— Ko‘pchilik go‘zallik salonlariga yaxshi niyatda keladi.
— To‘g‘ri. Lekin badanimga tatuirovka chizdiraman yoki labimni chiroyli qilaman, deb odam o‘ziga zulm qilmasligi kerak. Ayniqsa, qoqshol, sil va hatto OITS kasalliklarini yuqtirib olish hech gap emas.
Xulosani o‘zingiz chiqaring, muhtaram gazetxon!

Adiba UMIROVA
“Hurriyat” muxbiri


  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.