EKOLOGIYA: muammo, munosabat, mulohaza

Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.

(O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 55-modda).

TABIAT – G‘AMXO‘R ONA

“Zamin – asli ona. Uning har bir unsuri onalikning o‘lmas dostonini tarannum etadi. Bag‘rida yetishtirilgan ne’matlar ona ko‘ksidagi sutga o‘xshaydi. Zamin bashariyatni to‘yg‘azadi, ichiradi-kiydiradi”. Qadimiy madaniy yodgorligimiz “Avesto”dagi ushbu so‘zlarni unutishga haqqimiz yo‘q! Tabiat, chindanam, g‘amxo‘r onaga o‘xshaydi. O‘zi ham bizdan e’tiboru e’zoz kutadi, g‘amxo‘rlikka ehtiyoj sezadi. Dunyo tibbiyotining xulosalariga qaraganda, sog‘lig‘imizning 55 foizi o‘zimizga, qolgan omillar esa ekologiyaga bog‘liq ekan. Demak, tabiat bilan inson o‘rtasidagi munosabatlarni doimiy tartibga solib turish zarur. 

“Poytaxt” biznes markazining anjumanlar zalida O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi O‘zbekiston Ekologik harakati hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tabiatni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish masalalariga bag‘ishlangan seminar-treningda shu haqda so‘z bordi. Xo‘sh, bunday tadbirlardan maqsad nima? Ekologik nazorat qoniqarlimi? Aholi ushbu sohadagi o‘zgarishlardan keng xabardormi?

Seminarda O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori S. Yusupov mazkur masalalar atrofida fikr yuritarkan, garchi OAVda ekologiya mavzusidagi materiallar sezilarli darajada ko‘paygan bo‘lsa-da, mukammal tahliliy chiqishlar kamligini ta’kidladi. Odamlarni hushyorlikka chaqirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqaligina tabiat bilan munosabatni izchil izga solish mumkinligini qayd etdi.  

Hozirgi iqlim o‘zgarishlari insoniyatning atrof-muhitga yetkazayotgan zarari bilan bog‘lanmoqda. Jahon hamjamiyati bunday o‘zgarishlarni jiddiy muammolardan biri sifatida tan olayotir. O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi ta’siriga ko‘proq moyil bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, bu kabi o‘zgarishlar ekotizimlar holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bular ta’sirida, birgina mamlakatimiz miqyosida, Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm mintaqalarida ekologik vaziyat keskinlashishi mumkin. Yil mobaynida jaziramaning davomiyligi aholi o‘rtasida kasalliklar ko‘payishiga olib keladi. Sellar, toshqinlarning tez-tez takrorlanishi kuzatiladi.

 “PARIJ BITIMI”DAN MAQSAD NIMA?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining joriy yil 25 sentyabrda o‘tkazilgan navbatdagi majlisida ana shu muammolar ko‘rib chiqildi. Unda Prezidentimizning qonunchilik tashabbusi huquqi asosida parlament quyi palatasiga kiritilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishiga oid konventsiyasi “Parij bitimi”ni (Parij, 2015 yil 12 dekabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonuni ma’qullandi. 

Mazkur bitimning maqsadi sayyoramizda global isishni industrial rivojlanish davridagi o‘rtacha haroratga nisbatan Selsiy shkalasi bo‘yicha 2°S ga saqlab turish hamda haroratning 1,5°S gacha o‘sishini cheklashga harakat qilishdan iborat. Shuningdek, unda rivojlangan mamlakatlarning taraqqiy etayotgan mamlakatlarga iqlim o‘zgarishining oldini olish va unga moslashish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash majburiyati yuklatilgan. 2020 yilda rivojlanayotgan mamlakatlarning ehtiyojlari va ustuvorliklarini e’tiborga olib, moliyaviy ko‘makni 100 milliard AQSh dollariga yetkazishga qaror qilingan. Hozirgi vaqtda maxsus jamg‘arma umumiy qiymati 1,5 milliard AQSh dollari bo‘lgan 35 loyihani moliyalashtirmoqda. Ularning orasida O‘zbekiston va Tojikiston uchun Jahon banki bilan hamkorlikdagi “Orol dengizi havzasida iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oldini olish dasturi” loyihasini moliyalashtirish masalasi ham ko‘rib chiqilayotir. Ushbu grantning umumiy qiymati 20 million AQSh dollariga teng.

 OBI HAYOTNI ASRAYLIK!    

Azaldan ota-bobolarimiz suvni qadrlagan. Suv ko‘plab afsona va rivoyatlarda hayot manbai sifatida e’tirof etilishi ham bejiz emas. Haqiqatan, suvsiz hayot yo‘q. Shukrki, mamlakatimizda ichimlik suvi juda arzon. Biroq, afsuski, deyarli barcha hududlarda suv taqchilligi sezilayotganiga qaramay, hanuz ushbu ne’matning qadriga yetmayapmiz. Odamlarimizda suvdan foydalanish madaniyati shakllanmagan. Ichimlik suvini isrof qilmaslik kerakligini yaxshi bilganimiz holda, bemalol mashina yuvamiz, tomorqa sug‘oramiz, ko‘p qavatli uylar orasidagi vodoprovod kranidan suv oqib yotganini ko‘rsak-da, befarq qaraymiz. Oramizda “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunni biladigandan ko‘ra, eshitmagan, bilmaydigan ko‘proq. Bu ham mayli. Jillaqursa, Bosh Qomusimizning 50-moddasida qayd etilgan “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar” da’vatini bilishlari va unga amal qilishlari zarur.

Suvning ifloslanishi buyrak xastaligi, onkologiya va o‘tkir infektsiyali kasalliklarga sabab bo‘lishini ham biladiganlar ko‘p emas, nazarimizda. Aks holda ushbu ne’matga nisbatan munosabat o‘zgargan bo‘lardi. Mutaxassislarning ma’lumotiga qaraganda, mamlakatimizda suv zaxiralarining hozirgi sifati o‘ta qoniqarsizligicha kolmoqda. Daryolarning o‘rta va quyi oqimlarida minerallashuv va ifloslanishning yuqori darajalari kuzatilayotir. Bu esa aholining hayoti, salomatligi va tabiiy muhitni saqlab qolish uchun jiddiy tahdid demakdir.

 TOZA HUDUD UCHUN... 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tez sur’atlar bilan ko‘payib borayotgan chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish orqali atrof-muhitini muhofoza qilish mumkin va bu eng dolzarb muammolardan biridir. Ayniqsa, yaroqlilik muddati o‘tgan ma’ishiy va tarkibida rangli metallar mavjud elektron texnika chiqindilarining utilizatsiyasiga alohida ahamiyat berish darkor. Bugun nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo xalqlarini tashvishga solayotgan chiqindi muammosi keyingi yillarda anchayin o‘z yechimini topayotir. Ayniqsa, respublikamiz bo‘ylab “Toza hudud” DUK filiallarining tashkil topgani bu sohadagi ishlarning tizimli olib borilayotganini ko‘rsatmoqda.

— Prezidentimizning joriy yil 18 maydagi “Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qulay shart-sharoit yaratish, aholi punktlarining sanitariya holatini zarur darajada shakllantirishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim muammolar bartaraf etilmoqda, — deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bosh boshqarma boshlig‘i Habibullo Husanov. — Ayni paytda chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar tashkil etilib, innovatsion texnologiyalar olib kelib o‘rnatildi. Bundan tashqari, o‘n ikkita viloyat va Toshkent shahrida 160 chiqindi tashlash punkti qurildi. Respublika bo‘yicha 174 filialimizning ahvoli o‘rganib chiqilib, 122 tasi hududida talabga javob beradigan chiqindi yig‘ish maydonchasi (garaj) qurilishi ko‘zda tutilmoqda. Hozirgacha ayrim hududlarda bunday garajlar qurib bitkazilgan. Afsuski, ekologik madaniyatdan yiroq ayrim shaxslar hamon chiqindilarni belgilanmagan joylarga yashirincha tashlab ketishyapti. Yoki suv manbalarini ifloslantirish, xazonlarni yoqish hollari uchramoqda. Aynan shunday holatlarning oldini olish uchun sinov tariqasida Toshkent shahri Yunusobod tumanida chiqindi yig‘ish yer osti modulini yaratdik. Hozir odamlarimiz ko‘cha-ko‘yga bemalol otib ketayotgan polimer plyonkali paketlar bilan bog‘liq muammo ham qarorga asosan yechimini topadigan bo‘ldi. 2019 yil 1 yanvardan boshlab bunday paketlarni bepul berish, ularning narxini O‘zbekiston Respublikasi hududida sotiladigan tovarlar narxiga qo‘shish, shuningdek, ularni o‘z tannarxidan past narxlarda sotish (tutqichsiz va tovarlarning ajralmas qismi hisoblangan paketlar bundan mustasno) taqiqlanadi. 

Tadbir so‘ngida “Amudaryo — fotokamera ko‘zgusida” tanlovi e’lon qilindi.

Xolida FAYZIYEVA

“Hurriyat” muxbiri

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.