Tug‘ilgan kun

G‘ulom Temirov ishlaydigan firma unchalik katta emas. Bor-yo‘g‘i o‘n chog‘li odami bor. U bu idoraga kelguncha ko‘p joylarda ishlagan. Ozgina muddat bir korxonaga direktor o‘rinbosari ham bo‘lgan. Biroq negadir, injiq fe’li tufaylimi, uni rahbarlar ko‘pam xushlayvermaydi. Oxirgi ish joyidan ham rahbar ustidan  imzosiz xatlar uyushtirgani fosh bo‘lgach, lavozimi “qisqartildi”.

 

Hozirgi firma rahbari bilan bir vaqtlari maktabda, keyin institutda oldinma-ketin o‘qishgan. Ma’lum muddat birga ishlashgan. Firma direktori Mirzo Ahmedovich do‘stining ancha paytdan beri bekor yurganiga rahmi keldimi yoki og‘aynisining mehnatsevarligini hisobga oldimi, dap-durustdan uni ishga taklif qilib qoldi.

o‘ulom Temirov bundan ajablandi. Chunki u doimo bu omadli maktabdoshiga biroz hasad bilan qarardi. Undan o‘zini har jihatdan ustun chog‘lar, aslida bunday tashkilot rahbarligiga o‘zini munosibroq deb bilardi. Ammo taklifga rozilik bildirdi. Zero, olti oydan beri ish qidirib, kirmagan idorasi qolmagandi.

Yangi ishxonada o‘ulom Temirovga xush kelmaydigan bir odat bor ekan. Bu yerda hamma tug‘ilgan kunini nishonlarkan. Kimdir tushlikka osh qilib keladi, kimdir yana bir taom tayyorlatadi. Boshqa birov jamoani firma yonidagi kafega olib kiradi. Ishqilib, olti erkagu to‘rt xotindan iborat kichik jamoaning tushligi uning bo‘ynida.

o‘ulom Temirov tug‘ilgan kuni yaqinlashgan sari tashvishga tushardi. Nishonlamayin desa, hammaning taomini yegan, tug‘ilgan kunlariga qatnashgan. Nishonlayin desa, bu o‘n odamni to‘yg‘azish osonmi? Ikki-uch donadan somsa olib berganda ham falon pul bo‘ladi? Qo‘shimchasiga salat, suv, kola, shirinlik deganday. Har kuni xotini o‘lchab beradigan “payok”dan qisib yiqqani bu xarajatlarning yarmiga ham yetmaydi. Axiyri u firma hisobchisi, ishxonadagi yagona ulfati, yosh bo‘lsa-da ko‘p narsaga aqli yetadigan do‘mboq Mo‘mindan maslahat so‘radi.

Qip-qizil yuzlari yog‘i ko‘pligidan doimo yaltirab yuradigan Mo‘min shartta gapini kesdi:

— Har bir kishiga ikki donadan somsa? Yo‘q, bo‘lmaydi! Bu sizning obro‘yingizga to‘g‘ri kelmaydi, aka! Hech bo‘lmaganda, mana, rahbarimizdan o‘rnak oling. Qancha kamtar (aslida xasis demoqchi ediyu tilini tiydi) bo‘lsalar-da, uch kilo tovuq (bir kilo qo‘shib aytdi u) keltirdi. Hamma mazza qilib o‘tirdi. Sizning bo‘limingiz firmamizda eng kattasi. Hisobotlaringizni hamisha maqtashadi.

— Gaplaringiz to‘g‘riku-ya, uka. — Yerga mahzun tikildi  o‘ulom Temirov. — Ammo cho‘ntak quruq-da. Yangangizning fe’lini bilasiz, har kuni yo‘lkira va tushlik uchun pul beradi, xolos. Haliyam shundan “ekonom” qilib, ozroq pul yiqqandim...

Mo‘min ko‘pni ko‘rgan yigit edi. o‘ulom “aka”sining ahvoli unga ma’lum. Bir-ikki ichib mast bo‘p qolganda uyiga eltib qo‘ygan. Kennoyi to‘g‘ri qiladi, bunga pul bersa, hammasini ichib qo‘yadi.

— Ko‘p siqilavermang, aka! — dedi Mo‘min sirli jilmayib. — Bir ilojini qilarmiz!

o‘ulom Temirovning tug‘ilgan kuniga bir kun qolganida Mo‘min “aka”sining uyiga telefon qildi.

— Kennoyi, bu men Mo‘minjonman, o‘ulom “akam”ning ishxonasidan...

— Ha, akangiz yana mastmi? — savol berdi o‘ulom Temirovning xotini.

— Yo‘q, akam yaxshilar. Ishlab o‘tiribdilar. Sizga bir masalada maslahat so‘rab telefon qilayotgandim. Ammo zinhor u kishiga aytmang. Bilasiz, ertaga “akam”ning tug‘ilgan kunlari!

Yanga masalaga tushunganday bo‘ldi. “Uyga kelinglar!” dedi.

— Rahmat, kennoyi! Shu bizning ishxonada tug‘ilgan kunida tushlikda hamkasblarga “haq” berish an’anasi bor. “Akam” bo‘lsa, ikki donadan somsa oberaman, deydimi-ey. Endi sizga to‘g‘risini aytsam, akaning ishxonamizda obro‘yi juda baland. O‘rinbosarimiz yaqinda “ko‘tarilib” ketyapti. U kishining o‘rniga “akam”ni mo‘ljallab turibmiz. Keyin do‘st bor, dushman bor, deganday...

— Boshqalar, masalan, direktorlaringiz tug‘ilgan kunida (ikki og‘aynining o‘rtasidagi munosabatni yanga bilardi, o‘ulom Temirov ichib borganida necha marta og‘zidan “gullagan”) nimalar tashkil qildi? — O‘smoqchiladi o‘ulom Temirovning xotini.

— Endi rahbarimiz, bilasiz, kamtarroq odam. — Mo‘min gapi nishonga tekkanidan dimog‘i chog‘, sayrab ketdi. — Uch kilo tovuq go‘shti, tort, “anavi” shishalardan ham bor edi...

— Sizni tushundim, uka. Direktoringiznikidan ziyodroq bo‘lsa bo‘ladiki, kam bo‘lmaydi. Ertaga soat o‘n ikkida o‘g‘lim hamma narsani olib boradi. Ko‘nglingiz to‘q bo‘laversin, gap bitta! — Gapni erkakcha yakunladi yanga.

Ertasiga tushlikda hamma hayratda qoldi. Mo‘min hisobchining jonbozligida majlislar xonasiga o‘n kishilik dasturxon tuzaldi. Dasturxon to‘kin-sochin edi. Ayniqsa, Mo‘minning kayfi chog‘, ozgina “urib” olganga o‘xshaydi.

Tug‘ilgan kun sohibini tabriklash uchun hamma yig‘ilgan, ammo negadir o‘ulom Temirovning o‘zi ko‘rinmasdi.

“Qani, anavi “non yemas?” demoqchi bo‘lgan direktor dasturxonga qarab tilini tiydi. 

— Yubilyarning o‘zlari ko‘rinmaydilarmi? — deya oldi.

O‘rinbosar yelkasini qisdi. Ishga yangi kelgan kotiba tortinibgina dedi:

— Idoramiz yonidagi somsaxonaga ketuvdila. Xodimla tushlikka chiqmay turishsin, deb tayinladila.

Hamma bir-biriga qaradi. Mo‘min sharaqlab kulib yubordi.

Abdujalol TAYPATOV

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.