Madrasaning fig‘oni

Kun peshinga oqqan. Denovdagi Said otaliq madrasasi qoshida soqoli ko‘ksiga tushgan chol nigohlarini olislarga tikkancha, xayollarga g‘arq bo‘lib o‘tiribdi. Uning yoniga kundalik tirikchilik tashvishlari bilan ovvora denovliklar orasidan ajralib bir yigit keladi. U — mehmon. Chol ikkisining o‘rtasida suhbat cho‘g‘ oladi.

 

Yigit:

— Bobo, bu Sayid otaliq madrasasi qachon qurilgan o‘zi? 

— Bolam, buning anig‘ini biz bilmaymiz, — deydi chol. — Birovlar uni Shayx Alouddin Attor hazratlari bosh bo‘lib barpo etgan, desa, boshqalar u zotning o‘g‘li va nabiralari madrasani bobolariga atab 26 yil davomida qurgan, deydi. Shu madrasada bir zamonlar tashkil etilgan “Said otaliq” madaniy markazi raisi bo‘lgan Berdimurodboy, familiyasiyam nimaydi-ya… ha, Sattorov! O‘sha Berdimurodboyning aytishicha, Shayx Alouddin Attor zamonida Buxorodagi Mir Arab madrasasi ham qurilmagan ekan. Mir Arab XVI asrning oxiri, bu madrasa esa XVII asrning o‘rtalarida qurilgan emish. 

Hozirgi madrasaning qarshisida ham xuddi shu kabi imorat bo‘lgan ekan. Ammo sho‘rolar zamonida u buzib olinib, g‘ishtlari temir yo‘ldan hokimiyat binosigacha bo‘lgan yo‘lga to‘shab chiqilgan. Ana shuytib, katta bir madrasa — yodgorligimiz yo‘q qilingan. Haytovur, bunisi saqlanib qolganiga ham shukr! Buning ham ichida bosqinchilar ko‘p buzuqchilik qilishgan. Ovqat pishiraman deb hujralarni qop-qora tutunga to‘ldirgan, kuydirganki, qorasi hamon ketmaydi. Xuddi u istibdodning zahmi yurakdan ketmagani kabi. 

Lekin, bolam bu madrasayam omonatmi, deyman. Ustidan suv o‘tib yotibdi. Devorlar yemirilib, cho‘kib ketyapti. E’tibor beradigan na bir rahbar bor, na bir himmatli boy! 

Yigit:

— Men ham shuni so‘ramoqchi bo‘lgan edim, bobo. Besh yil oldin kelganimda ham peshonasidagi ana u qurilish bo‘layotganidan darak beradigan temir-tersak havoza turgandi. Hali ham shu alfozda. 

Chol: 

— Bu yodgorlikni obod qilish uchun 1997 yillarda bir harakat boshlandi. Samarqanddan, Buxorodan ustalar kelib ishga tushdi. Lekin nimadir bo‘lib, ish oxiriga yetmay, chala qolib ketdi. Ayniqsa, madrasa tomi ta’mirlanmagani yomon bo‘ldiki, qor-yomg‘irning shiddatidan cho‘kib, nurab ketyapti. 

Har doim shu yerga kelsam, madrasaning fig‘onini his qilaman. Yuragim zirqirab ketadi. Bobokalonlarimning savodi chiqqan joy, ularning qo‘llari tekkan g‘ishtlar... 

Otaxon ho‘rsindi. Mehmon yigit mustar. Nimaga ham otaxonni suhbatga tortdim, deb xijolat chekadi. Taskin so‘z izlaydi — befoyda. Bir fursat o‘tib, chol yana so‘z boshlaydi: 

— Ay, bolam-a, ko‘rgulik-da. Ana, Denov bekligining bundan ham qadimiy qo‘rg‘oni vayron bo‘lib bitdi. Uch xalqali qo‘rg‘onning bir xalqasining yarmi ham qolmadi. Necha asrlar dushmanlar bu qo‘rg‘onni ololmay dog‘da yurganlar. Er otalardan yodgorlik edi u... 

Menga alam qiladigani nima, bilasanmi? Qo‘rg‘onning ichi axlatga to‘lib yotgani. Uning ichiga kirib shunday noma’qul ishlarni qilishdi. “Bu yer mustabidlar tomonidan Hayit kalday millat o‘g‘lonlari shahid etilgan joy. Shularning ruhi chirqillamaydimi-ay?! Kelganga ko‘rsatadigan boyliklaring-ku, bu qo‘rg‘onu madrasa. Shularni avaylash o‘rniga qilgan ishingni qara, qadr bilmas omon bo‘lgurlar!” degim keladi.

Bolam, yana nimani o‘ylayman degin. Shu madrasa yoki qo‘rg‘on Samarqandda, Buxoroda, Xivada, ana borki, Surxondaryodan boshqa viloyatda bo‘lganda obod bo‘p ketarmidi? Bunday xor bo‘lib yotmasmidi?..

Yigit:

— Bobo, o‘ksinmang! Yuragimga bir gap kelib turibdiki, shu madrasa tez orada obod bo‘lib ketadi, nasib qilsa! Mana, shuncha joy obod bo‘lyapti. Tepasiga qarasangiz do‘ppingiz tushadigan imoratlar qurilyapti. Shularning oldida tarixiy bir madrasani obod qilish nima degan gap!

Chol:

— Ha, bolam. Gaping dilga chiroq yoqqanday bo‘ldi. Alloh o‘zi boshimizdagi rahbarlarga quvvat bersin! Qaniydi, tezroq shu kunlarni ko‘rsam...

Yigit:

— Ana, bobo, bu ishingiz boshqa bo‘ldi. Xudo xohlasa, siz bu madrasaning yaraqlab turganini ko‘rasiz…

Suhbat shu tariqa yakuniga yetadi. Mehmon yigit mehmon-da, o‘z yo‘liga ravona bo‘ladi. Nuroniy chol esa ohista o‘rnidan turib, madrasaning g‘ishtin devorini entikish ila silaydi. So‘ng tek qotadi. U devorni suyaganmi yo devorga suyanganmi, bir qarashda bilib bo‘lmaydi. Men o‘ylaymanki, madrasa devori ham, chol ham umidga suyanishgan. Umidlar uchquni so‘nib bo‘lmasdan fursatni g‘animat bilmoq kerakka o‘xshaydi…

Sirojiddin IBROHIM

“Hurriyat” muxbiri

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.