Repititorga zarurat bormi?

Maktab, kollej, litsey o‘quvchilarining aksariyati qo‘shimcha darslarga – repititorga qatnaydi. Busiz oliy o‘quv yurtiga kirish imkonsiz degan fikr jamoatchilik fikrida allaqachon shakllanib bo‘lgan. Bu sohada nom qozongan ilg‘orlar ko‘pki, dong‘i respublika bo‘ylab tarqagan. 

 

O‘quv markazlari faoliyatiga kim, qanday qaraydi? Yoshlar haqiqiy bilimni qaerdan izlamoqda? Qo‘shimcha darslarga ajratilayotgan vaqt va mablag‘ barchani qoniqtiradimi? Repititorlik faoliyati nega bu qadar ommalashib ketdi? Savollar bisyor. Ularga o‘qituvchi, talaba, abiturient va o‘quvchilardan javob oldik.

Latofat TOShMUHAMMEDOVA — filologiya fanlari nomzodi, dotsent:

— Ham o‘qituvchi, ham bir paytlar repititorlik faoliyatini yuritgan inson sifatida shuni aytishim mumkin — o‘quvchi maktab, litsey, kollejdan asosiy bilimni olishi kerak. Lekin o‘quv tizimimiz 11-12 yillik ta’lim doirasida sochilib ketgan. Repititorlar esa shuni tizimga solib beradi. Shu bois o‘quvchilarning turli fanlardan qo‘shimcha darslarga borishi ularning puxta ilm olishi uchun zarur. 

 Maftuna ABDUKARIMOVA — talaba:

 — Men talabalikka erishganimni repititorlar mehnatining emas, balki o‘z intilishimning samarasi deb bilaman. Chunki, abiturientlik davrimda hech qaysi fandan qo‘shimcha darslarga bormaganman. Test jarayonidagi barcha savollar o‘quv darsliklari asosida tuzilgan. Ularni puxta o‘zlashtiradigan o‘quvchi, albatta, talaba bo‘la olishiga aminman. Bundan tashqari, qo‘shimcha mashg‘ulotlarga bormaganim tufayli vaqtimni ham mablag‘imni ham tejab, yana ikkita tilni mustaqil o‘rganishga ulgurdim. Buning uchun insonning o‘zida xohish-istak bo‘lsa bas...

Xohish-istak, intilish ham bor deya qolaylik, ammo qaysidir tilni chuqur o‘rganish niyatidagilar-chi? Ingliz, rus, frantsuz, nemis tillarini-ku bir amallab maktab, litsey o‘qituvchilari yordamida o‘rganib olar. Lekin xitoy, koreys va boshqa bir qator tillar uchun qo‘shimcha to‘garaklar bo‘lmaganida, yoshlarimizning chet tillardagi savodxonligi anchayin past bo‘lmasmidi? Yoki repititorlar faqat oliygohlarga o‘qishga kiritish uchungina xizmat qilmoqdami? O‘quv markazlarida bilim olayotgan o‘quvchilarning barchasi mamnunmi? Yo‘q, qimirlagan qir oshar. 

 Javohir QILICHEV — abiturient:

 — To‘rt yildan buyon ism-familiyam talabalikka tavsiya etilmaganlar ro‘yxatidan o‘rin egallaydi. Ammo men beshinchi yil ham talaba bo‘lish uchun izlanishdan to‘xtamayapman. Biroq bunda repititorlarimning aybi yo‘q. Ular menga yetarlicha bilim berishdi, shunchaki omad yetishmayapti, xolos. Shu yillar davomida uch tilni o‘rgandim. Vaholanki, bunda ham repititor ustozlarimning hissasi katta. Agar men maktab va kollejda beriladigan bilimning o‘zi bilangina kifoyalanganimda, til o‘rganishga mehr qo‘ymagan bo‘lardim. Shunday istagim bo‘laganida ham, uni amalga oshirishim qiyin edi. To‘g‘ri, o‘quv markazlarining barchasi birdek emas. Masalan, men shu yil bilim olgan dargohning sakson foiz abiturienti talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi. Repititorlik faoliyatini rivojlantirish kerak, deb o‘ylayman. 

Aksariyat talabalar: “qo‘shimcha darslarga bormaganimda, o‘qishga kirolmasdim”, degan fikrda. Kollej asosan kasb-kamolotga yo‘l ochib berish uchun xizmat qiladi. Lekin litsey bitiruvchilarining ham bilimni chetdan izlashayotgani oddiy hol. Bu kishini o‘yga toldiradi. Ushbu muassasaning faoliyati o‘quvchilarini oliy o‘quv yurtlarida ta’limni davom ettirishi uchun ko‘mak berishdan iborat emasmi? Nega litseyda tahsil olayotgan o‘quvchiga qo‘shimcha darslarga borish zarurati tug‘ilyapti? 

Akmal QUDRATOV —  

Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti qoshidagi akademik litseyi direktori: 

— Litseyga o‘quvchilar puxta bilim olish uchun keladi. Shu sabab litseylarda bilimli, tajribali, o‘z ishining ustalari, mohir o‘qituvchilar dars beradi. Shunday ekan, akademik litsey o‘quvchilarining repititorlarga borishini oqlay olmayman. O‘zim faoliyat yuritayotgan litsey o‘quvchilari uchun esa qo‘shimcha mashg‘ulotlarni o‘quv binomizning o‘zida tashkil etganmiz. Lekin bir tomoni bor. O‘quvchilarning ayrimlari yo o‘qishga qiziqmaydi yoki uzoqdagi donni ma’qul ko‘rishadi, shekilli. O‘quv markazlariga qatnaydiganlar ham topiladi. 2018 yil litseyimizni 598 nafar o‘quvchi tamomlagan bo‘lsa, shularning 350 nafari, ya’ni oltmish foizga yaqiniga talabalik nasib qildi. Ularning uch yuzga yaqini litseyimizdagi fan o‘qituvchilarining bergan bilimi bilan shunday natijalarga erishdi. Qisqasi, o‘quvchida xohish bo‘lsa, repititorga bormasdan ham oliy ta’lim dargohiga o‘qishga kirishi mumkinligi isbotlangan...

Ammo barcha litseylarda ham natijalar birday qoniqarli emas. Buni 2017-2018 o‘quv yilida Respublika Oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abiturientlar to‘g‘risidagi, o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari kesimidagi ma’lumotlar isbotlab turibdi. Shu yil OTMlarga akademik litsey bitiruvchilaridan 78 337 nafari hujjat topshirgan bo‘lsa, shundan 15 691 nafari talaba bo‘lgan. Kasb-hunar kollejlarining esa 626 183 nafar bitiruvchisi hujjat topshirib, 49 095 nafari o‘qishga kirgan. Qolgan o‘rinlarni umumiy o‘rta ta’lim maktablari, bilim yurtlari, maktab internatlar bitiruvchilari band qilgan. Kollej bitiruvchilari bilan suhbatlashganimizda deyarli barchasining hech bo‘lmaganda, ikkita fandan qo‘shimcha mashg‘ulotga borgani ma’lum bo‘ldi.

2018-2019 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha chiqqan Prezident qarorida bakalavrlar uchun 69 200, magistrlar uchun 5 903, maxsus sirtqi bo‘limlar bakalavrlari uchun 11 765 nafar talaba o‘rni belgilangan.

 Jahongir ABDULLAEV —  

Urganch kompyuter va axborot texnologiyalari kolleji bitiruvchisi:

 — Kollejni shu yil tamomlayman. Ikkita fandan repititor mashg‘ulotlariga borayapman. Kollejda darslar kasbga yo‘naltirilgan, kasbiy bilimlar yaxshi o‘tiladi. Inson o‘z ustida ishlashdan to‘xtamasligi lozim. Repititorlar esa bizga bu borada ko‘mak beradi. 

 Nasiba QURBONOVA — talaba:

— Maktab, kollej-litseylarda darslar yaxshi o‘tilmagani sabab abiturientlar qo‘shimcha darslarga boradi. O‘quv markazlari, haqiqatdan ham, o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Biroq, aksariyat o‘quv markazlarining eshigiga osib qo‘yilgan “Avval pul to‘lang, keyin dars o‘tamiz!” degan yozuv kishining hafsalasini pir qiladi. Ularning maqsadi faqat pul topishmi, deysan beixtiyor. Maktab, litsey, kollejlarda ta’lim yaxshiroq berilganida, repititorlikka talab bo‘lmas edi. Hech kim na ortiqcha pul va na vaqt sarflamasdi.

Ha, kim nima demasin raqobat bor yerda o‘sish bo‘ladi. Majburan o‘qiydimi yo puliga achinib o‘qiydimi, shunisi aniqki — o‘qiydi. Yuqoridagi fikrlardan xulosa qilsak, maktab va o‘rta maxsus ta’lim tizimida darslar sifatini yaxshilash, o‘quv markazlari ishini tartibga solish, nazorat qilib borish talab etiladi. Bu masala mutasaddilar e’tiboridan chetda qolmaydi, degan umiddamiz.

Shahnoza TO‘RAMURODOVA,

O‘zbekiston  jurnalistika va  ommaviy kommunikatsiyalar 

universiteti talabasi.

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2019
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.