Qalbiga quloq soling

O‘smirlikdan bir naql qulog‘imizga qattiq o‘rnashib qolgan: “Bir bolaga — yetti mahalla ota-ona”. Farzand tarbiyasi haqida gap ketar ekan, bugun ham uni har qadamda eshitish mumkin. Bu — xalqimizning bolaparvarligi, jonkuyarligi va yuksak mas’uliyat hissidan dalolat.

 

Lekin oramizda shunday ota-onalar borki, farzandining, hatto  qaysi ta’lim maskanida, qaysi bosqichda o‘qiyotganini ham bilmaydi. Yo hayot, yo mamot deb atalmish tarbiyadek o‘ta muhim ishni o‘z holiga tashlab qo‘yayotgan ota-ona farzandining kelajagini o‘g‘rilayotganini bilarmikin?

Ish, turmush tashvishlariga ko‘milgan ota-onalar farzandim to‘g‘ri yuribdi, deb o‘zlarini yupatishlari mumkin.  Hayotning past-balandini to‘liq anglab yetmagan o‘smirlar jinoyat ko‘chasiga kirib qolayotgani ana shunday xotirjamlik, befarqlik va o‘zibo‘larchilikdan emasmikin? Ha, ota-onalar, mahalla-ko‘y, butun jamiyat ahli g‘oyat katta e’tibor qaratishi kerak bo‘lgan jabhada ayrim hollarda kutilmagan muammolar yuzaga kelmoqda. Muammolar orasida eng ayanchlisi —  yoshlar o‘rtasida ko‘paya boshlagan jinoyatchilik.  

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, huquqbuzarlik sodir etgan yoshlarning 62,2 foizi bo‘sh vaqtini ko‘chada, bemaqsad va nazoratsiz o‘tkazadi. Voyaga yetmaganlar hamda yoshlar huquqbuzarliklarining oldini olishda ota-onalarning ishtiroki tahlil qilinganida, ularning 42,8 foizi farzandlari tarbiyasiga e’tiborsiz ekani, 48,7 foizi bolalarini yetarli darajada tarbiyalay olmasliklari aniqlangan. 

— Yoshlarning, ayniqsa, o‘smirlarning tarbiyasi buzilishida faqat o‘qituvchi yoki ota-onaning emas, balki barchamizning aybimiz bor, — deydi  ustozlarimizdan biri. — Ayni paytda quruq gap, statistika bilan chegaralanib qolayapmiz. O‘smirlarni tarbiya qilishimiz borasida aniq rejalar yo‘q. Mahallalar faollarini, nuroniylarni  o‘smir yoshlarga biriktirib qo‘yish kerak. Mahalla faollari  qaysi bolaning egri yo‘ldan yurishga moyilligini yaxshi biladi. 

Yoshlar ittifoqi ham bugungi kunda katta ishlarni amalga oshirib, muammolarni yechmoqda.  Ofatning boshi — bekorchilikda, deb ko‘p gapiramiz. Yoshlarni ish, ta’lim va  hunar bilan ta’minlashni yanada kengaytirish kerak. Har bir mahallada yoshlarga hunar o‘rgatuvchi markazlar bo‘lishi kerak. O‘smir  bo‘sh vaqtini ko‘chada gap sotishga emas, hunar o‘rganishga sarflasin! Yoshlarga ta’lim-tarbiya berayotgan pedagoglarning o‘zi ham avvalo tarbiyalangan bo‘lishi lozim. O‘smirlar faqat ota-onasining emas, balki millatning ham ertasi ekanligini aslo unutmasligimiz zarur. Yoshlar bilan uchrashuvlardan shunga amin bo‘ldimki, ishsizlik — ularni o‘ylantirayotgan eng  katta muammo. Bizning mahallamizda turli xil  kasbga yo‘naltiruvchi to‘garaklar bor. “Yosh jurnalistlar” to‘garagi shular jumlasidan. Har yili 20-30 o‘smir shu guruhda malakali jurnalistlardan mahorat darslarini oladi va  sohaning past-balandini tushunib olganidan keyin, o‘zi xohlagan oliy o‘quv yurtiga hujjat topshiradi. 

— Voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklar sodir qilinishining asosiy sabablaridan biri oiladagi nosog‘lom muhitdir, — deydi pedagog Nizomiddin Bozorov. — Hech bir ota-ona farzandini qotil yoki o‘g‘ri bo‘lib voyaga yetishini xohlamaydi. Ammo,  barcha ota-onalar ham o‘z farzandlariga namuna, o‘rnak bo‘la olyaptimi? O‘smir  yoshdagi farzandini ota bemalol spirtli ichimliklar ichiladigan  gap-gashtaklariga olib borsa. Bolasiga pul tutqazib, sigareta olib  kelishga jo‘natsa. Yoki kimningdir molini «tuya qilib», xotirjam yursa. Bunday muhitda  ulg‘aygan farzandlardan ertaga qanday natija kutish mumkin? Bola, eng avvalo, ota-onasidan andoza oladi. Ularga qarab, oilasini «yo to‘rga, yo go‘rga tortadi». Jabrini qaniydi faqat ota-onaning o‘zi cheksa. Noqobil farzanddan butun jamiyat  ozor chekadi. 

— Mamlakatimiz  sud-huquq tizimida o‘tkazilayotgan jadal islohotlarning asosiy maqsadi — jinoyat uchun og‘ir jazoni qo‘llash orqali emas, balki, jinoyatlarni profilaktika qilish yo‘li bilan uni kamaytirishga erishishdan iborat, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi voyaga yetmaganlar haqidagi qonunchilik  ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi katta prokurori Laylo Fayzimurodova. — O‘smirlarning jinoyatga qo‘l urishi eng og‘ir muammolardandir.  Ish rejamizda eng ko‘p muhokama qilinadigan ham yoshlar muammolari va ularni bartaraf etish yo‘llaridir.  Respublikada Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyasi tomonidan voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha 2018-2019 yillarda amalga oshirilgan qator ishlar natijasida ular tomonidan va ularning ishtirokida sodir etilgan jinoyatlar soni kamayishiga erishdik. 

2019 yilning yanvar-mart oylarida jinoyatlar soni 2018 yilga nisbatan 20 taga, ushbu jinoyatlarda ishtirok etgan voyaga yetmaganlar soni esa 32 nafarga kamaydi. 

Jinoyatlarning 89 tasi umumta’lim maktab o‘quvchilari, 42 tasi litsey va kollej o‘quvchilari tomonidan sodir etilgan. Shuningdek, o‘rganishlar voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan o‘g‘rilik bilan bog‘liq jinoyat 66 tani tashkil etdi.

O‘zbekiston Respublikasining «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonunida alkogol va tamaki mahsulotlari iste’molini targ‘ib qilish hamda yoshlar, shu jumladan voyaga yetmaganlar tomonidan iste’mol qilinishining oldini olishga qaratilgan qator normalar o‘z aksini topgan. Bular respublikamizdagi kriminogen vaziyatning yaxshilanishiga  ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qiyin ahvolda qolgan yoshlarga huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish ham bizning vazifamizga kiradi. Bunday paytlarda har bir o‘smirning boshini silab, g‘amxo‘rlik qilamiz va ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganamiz. Ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarimizga joylashtirilgan va yordam ko‘rsatilgan voyaga yetmaganlarning soni 1025 nafarga bordi. 

— Tarbiyaga muhtoj yosh farzandlarini qarindoshlariga topshirib, o‘zlari chet davlatga ketayotgan ota-onalar ham talaygina, — deydi Samarqand viloyati Tayloq tumani Talli ota mahalla faoli Dilrabo Kamolova. — Ular orasida, hattoki bir yoshga to‘lmagan go‘dagini yaqinlariga qoldirib,  o‘zga yurtlarga ketgan onalar ham bor. Oila boshi — erkaklarning chet davlatga ketishini bilar edik, ammo asosiy tarbiyani, mehrni bola onasidan oladi-ku! Ota-onasidan mehr, tarbiya olishi kerak bo‘lgan go‘daklar, o‘smirlar bugun tog‘a-yu amakilarning qo‘lida qolib ketmoqda. 

Xulosa o‘rnida aytadiganimiz shuki, maktab va kollejlarda psixolog xizmati yo‘lga qo‘yilayotgani — juda xayrli ish.  Odatda bolalar ota-onasiga aytolmagan dardini, o‘ylarini psixologga  oshkor qiladi. Bu esa ularni qiynayotgan muammolarga tezroq yechim topishda qo‘l keladi. Psixologlar ko‘rsatgan natijalarga qaraganda jinoyat va huquqbuzarlikka qo‘l urayotgan bolalar, asosan, notinch, nizoli, nosog‘lom oilalarda voyaga yetayotganini ko‘rsatmoqda. Oiladagi bunday muhitga moslashgan yoki moddiy ta’minotga muhtoj bola boshqalar bilan ko‘p janjallashadi, o‘g‘rilik, bezorilik kabi jinoyatlarga qo‘l urishga majbur bo‘ladi. Ayni paytda mamlakatimiz aholisining 40 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etishini hisobga olsak, bu jarayonda ota-ona, mahalla-ko‘y, ta’lim muassasalari, umuman, keng jamoatchilik, barchamizning zimmamizda ulkan mas’uliyat borligini anglashimiz lozim. Farzand ulg‘aytirayotgan har bir ota-ona zimmasidagi ulkan  vazifani unutmasligi lozim. Farzandingizning dardini tinglang, qalbiga quloq soling. O‘smir yoshida shirin so‘zingizni, mehringizni ayamang. Zero, bizga rahmat  olib keladigan ham, la’nat olib keladigan ham  farzandlarimiz ekanligini unutmaylik. 

Feruza RAHIMOVA, 

jurnalist.

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.