Kunduzi yoqilgan chiroqning xira shu’lasi

Ommaviy axborot vositalarida (jumladan, “Hurriyat” gazetasining shu yil 7-sonida)  va ijtimoiy tarmoqlarda aholi, xususan, saylovchilarimiz tomonidan  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil  9 apreldagi №292-sonli  qarori bilan  Yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishlar ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

 

Kunning yorug‘ paytida barcha avtomototransport vositalarining yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart  etib belgilanganligi ko‘plab muhokama-yu e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Bunday o‘zgartish kiritishga asoslar yetarli emasligi, transport vositalarining bugungi kundagi texnik holati mos kelmayotganligi bilan bog‘liq haqli fikrlar bildirilmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga ham saylovchilar tomonidan shu mazmundagi ko‘plab murojaatlar tushmoqda.

Biz bu o‘rinda yangi hujjatning ishlab chiqilishi va qabul qilinishidan asosiy maqsad haydovchi va piyodalarning xavfsizligini ta’minlashda yuqori natijalarga erishish nazarda tutilganligini e’tirof etamiz. Ammo...

Birinchidan, O‘zbekiston sharoitida bunday qarorni qabul qilishda o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olinmagan. Jumladan, O‘zbekistonda yil davomida sutkaning asosiy qismi yop-yorug‘ vaqtga to‘g‘ri kelishi sababli piyodalar va yo‘lovchilarning harakatlanishida inson ko‘zining atrofni to‘liq ilg‘ab olishi uchun quyosh yorug‘ligi yetarli ekanligi. 

Ikkinchidan, mamlakatimiz iqlim sharoitini inobatga olsak, yil davomida kunlarning asosiy qismi issiq, yog‘ingarchiliksiz, tuman va havo kam bulutli mintaqa ekanligi inobat olinmagan. Masalan, Moldovada bunday tartib faqat qish mavsumida joriy etilgan va tartibni buzganlik uchun jarima choralari qo‘llanilmaydi. 

Uchinchidan, kunduz kunlari, shu jumladan yoz faslida haroratning o‘ta yuqori vaqtida ham chiroqlarning yoqib yurilishiga eski rusumdagi avtomobillarning texnik jihatdan mos kelmasligi. 

Mazkur masalada rivojlangan  Yevropa mamlakatlari tajribasiga tayanilsa, o‘rganilgan 46 Yevropa davlatidan Germaniya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Belgiya, Frantsiya kabi 21 mamlakatda bunday tartib joriy etilmagan. Bunday tartib joriy etilgan 25 davlatda  barcha avtomobil ishlab chiqaruvchilarga avtomobillarga kunduzi avtomatik tarzda yonuvchi chiroqlarni o‘rnatish majburiyati belgilangan. 2011 yilgacha ishlab chiqarilgan, avtomatik  chiroqlari yonmaydigan avtomobil egalariga esa majburiy chiroqlarni yoqib yurish tartibi yo‘q. Shuningdek, mazkur masala bo‘yicha belgilangan jarimalar miqdori ulardagi mos o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan olganda nihoyatda  oz miqdorni tashkil etadi. Masalan, yo‘l harakati qoidalari eng kam buziladigan va eng xafsiz yo‘lga ega Shvetsiyada belgilangan jarima miqdori o‘rtacha oylik ish haqining 40 dan birini tashkil etsa, ushbu tartibga rioya etmaslik oqibatida to‘lanishi kerak bo‘lgan jarima miqdorlari o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan Italiyada 85 marta, Latviyada 146 marta, Sloveniyada 56 marta, Finlyandiyada 82 marta kam miqdorni tashkil etadi. Bizda esa belgilangan jarima o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan o‘ta yuqori belgilangan va taxminan  16-17 marta kam miqdorni tashkil etmoqda.

To‘rtinchidan, ushbu qabul qilingan qaror loyihasi 2018 yilning 11 dekabridan 31 dekabrigacha bo‘lgan davrda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Loyihani 542 nafar odam ko‘rgan va jami 55 taklif bildirilgan. Ushbu takliflarning eng ko‘p qismi, ya’ni 17 tasi loyihaning aynan muhokamalarga sabab bo‘lgan qismiga nisbatan  bildirilgan.  Biroq, so‘nggi yillardagi amaliyotga mos ravishda ijtimoiy ahamiyatga ega muhim normativ huquqiy hujjatlar keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi va bildirilgan takliflar asosida takomillashtirilib, shunga mos ravishda ko‘rib chiqish bo‘yicha huquqiy asos va amaliyot bo‘lishiga qaramasdan, hujjatda jamoatchilik  fikri — demak, xalqning fikri  inobatga olinmagan. 

Beshinchidan,  2016 yil sentyabr oyiga qadar amalda bo‘lgan Yo‘l harakati qoidalarining 138-bandidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-moddasiga “tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzganlik” uchun eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima belgilash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 23 sentyabrdagi Qonuni tahriridagi dispozitsiyasi deputatlar tomonidan ma’qullanib, qonun qabul qilingan edi. O‘sha vaqtda amalda bo‘lgan Yo‘l harakati qoidalarining 138-bandida “kunning yorug‘ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlar transport vositalari tashkiliy jamlanma safida harakatlanayotganda; yo‘lovchilarni tashiyotgan avtobus va yo‘nalishli transport vositalarida; bolalar guruhini tashkiliy tashishda; xavfli, katta o‘lchamli va og‘ir vaznli yuklarni tashishda; mexanik transport vositalarini shatakka olishda (shatakka olib ketayotgan transport vositasida); mototsikl va mopedlarda yoqilishi shart” ekanligi belgilangan bo‘lib, deputatlarimiz mana shu shartlarga mos javobgarlik belgilanishini ma’qullagan edilar.

Shunday ekan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yilning 9 aprelidagi qarori bilan Yo‘l harakati qoidalarining 138-bandiga kiritilgan “Kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart” degan o‘zgartirish O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 23 sentyabrdagi qonunining tegishli qismi  kontseptsiyasiga mos kelmaydi.

Oltinchidan, amaldagi tartiblarga ko‘ra Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomilini murakkablashtirishni va tadbirkorlik sub’ektlariga yangi majburiyatlarni yuklashni nazarda tutuvchi, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari javobgarligining yangi choralarini belgilovchi normativ hujjatda uning (yoki uning bir qismining) kuchga kirishi muddati ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Bunda normativ hujjatning kuchga kirishi muddati u rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oydan kam bo‘lmasligi kerak. Biroq, ushbu qabul qilingan qarorda yo‘l harakati qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar qachondan kuchga kiritilishi ko‘rsatilmagan va qaror e’lon qilingandan bir oy o‘tgach amaliyotga joriy etildi. 

Yettinchidan,  Vazirlar Mahkamasining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish masalalarini tartibga soluvchi hujjatlari loyihalari muhokama qilinishi va belgilangan tartibda tadbirkorlik faoliyatiga ta’siri baholanishi kerak. Ishlab chiquvchi tomonidan tayyorlangan Vazirlar Mahkamasining hujjatlari loyihalari manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilishi shart. Vazirlar Mahkamasi hujjatning loyihasini tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan kelishish uchun javobgarlik ishlab chiquvchiga yuklanadi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan — tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita ta’sir qiluvchi masalalarga oid loyihalar majburiy tartibda kelishilishi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, bunday kelishuv bo‘lganligi mas’ullar tomonidan bildirilmadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari loyihalarini ularning qonunchilikka, xalqaro shartnomalar normalariga, mamlakatimizda amalga oshiriladigan islohotlarning maqsadlari va vazifalariga, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligini aniqlash, ularda korruptsiya namoyon bo‘lishi, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar uchun ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklovlar tug‘diradigan shart-sharoitlar yaratadigan qoidalar va normalarni aniqlash yuzasidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazadi. Biroq, ushbu tartib ham to‘liq amalga oshirilmagan.

Ushbu asoslardan kelib chiqqan holda biz, bir guruh deputatlar, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hamda Ichki ishlar vazirligiga Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 apreldagi №292-sonli  qarori bilan  Yo‘l harakati qoidalariga “kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart”ligi bo‘yicha kiritilgan o‘zgartirishni bekor qilish yoki jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda, takomiliga yetkazish, jumladan, bunday qoidabuzarlik uchun jarima belgilamaslik masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha taklif kiritdik.

Umid qilamizki, yaqin  kunlarda mazkur masala o‘zining ijobiy yechimini topadi.

Rasul KUSHERBOYEV,

Abdurashid  ABDUQODIROV,

Jamshid PIRMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik 

palatasi deputatlari.

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.