“Pochcha”ning haykali qani?..

Bu dunyoda nimalaru qanday qiziq voqealar bo‘lmaydi, deysiz. Ushbu voqeani menga bir do‘stim aytib bergan edi. Undan siz ham bahramand bo‘lishingizni istadim. Voqea o‘tgan asr oxirgi o‘n yilligining boshlarida bo‘lgan.

 

O‘sha paytlarda kolxoz, sovxoz degan xo‘jaliklar bo‘lardi. Kolxoz degani jamoa xo‘jaligi, sovxozi esa sovet xo‘jaligi (qarang, xo‘jalik ham sovetcha edi) bo‘lib, bu so‘zlarning ma’no-mazmunini biladigan odam kam, aniqrog‘i, bilish birovning xayoliga ham kelmasdi, hamma birday “kalxo‘z”, “savxo‘z” derdi. Negadir kalxo‘zga rais, savxo‘zga direktor rahbarlik qilardi. Aslida ikkovining ham qiladigan ishi bir xil bo‘lgan — paxta yetishtirish. 

Shunday qilib, bir kolxozda katta yig‘ilish bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligi masalalariga, xususan, paxta yig‘im-terimiga bag‘ishlangan majlis. Unda tumandan, viloyatdan vakillar ishtirok etadi.

Kolxoz raisi Boynazar aka avval qilingan ishlar haqida biroz maqtanadi. Bu orada tuman va viloyat vakillariga yer ostidan bir-ikki qarab-qarab qo‘yadi. Maqsad — ular bu maqtovlarni qanday qabul qilayotganini bilish. Tuman vakili bir maromda o‘tiribdi, ammo viloyat vakilining ensasi qotganday ko‘rinadi Boynazar raisga. “Bir-ikki kishini tanqid qilmasak bo‘lmaydi, shekilli”, deb o‘ylaydi-yu gapning nishabini tanqid sari buradi. Bunday zalga qarasa, uchinchi brigada boshlig‘i boshini egib o‘tiripti. Rais buni mudrayapti, deb o‘ylaydi-da, birdan unga tashlanib qoladi:

— Hov, uchinchi! Tur o‘rningdan! Bu yerga uxlagani kelganmisan?

“Uchinchi” irg‘ib o‘rnidan turadi-yu atrofga alanglaydi. “Men uxlaganim yo‘q, rais bobo”, demoqchi bo‘lib og‘iz juftlaganda, rais uning og‘ziga uradi:

— Yana gap qaytarmoqchi bo‘lasanmi?.. Nimaga  paxtang shu paytgacha yaxshi ochilmagan? Yoningdagi pochchaning kalxo‘zidagi paxtani qara, chamanday ochilib yotipti. Ertalab o‘zim borib ko‘rdim. Pochchadagilardan nimang kam? Bir ariqdan suv ichsang, yering yeriga tutash bo‘lsa. — Uchinchi nimadir demoqchi bo‘ladi, ammo rais bunga imkon bermaydi. — Yalqovsan, odamlaring ham yalqov! Xayolingni yig‘ishtirib ol, bola. Ertaga chechaning kalxo‘zi terimda orqada qolayapti, degan tanqid kaltagi mening boshimda sinadi. Senlar bir chekkada qolasanlar hech narsa ko‘rmaganday. Bunday isnodni men ko‘tarolmayman. Tushundingmi?! O‘tir. Ko‘zingni och! — Boynazar rais tobora qizishaveradi. — Sen-chi, hov, oltinchi? Sen ham pochchaga yondoshsan. Seniyam ahvoling go‘r emas. Nima balo, hammang kelishib olganmisan? Yo pochchadan oldinga o‘tishga uyalasanlarmi? Chechaning hurmati yo‘qmi?

Viloyatdan kelgan vakil bu gaplarga tushunmay hayron o‘tiradi. Pochchasi kim, chechasi kim? Qo‘shni kolxozda buning pochchasi raismikan? Unda chechasi kim bo‘ladi?

Boynazar rais endi batamom g‘azab otiga minadi.

— Hammang tur o‘rningdan, — deydi brigada boshliqlariga. — Mana bu hurmatli vakillar oldida aytib qo‘ymoqchiman: agar biron-bir sohada pochchaning kalxo‘zidan orqada qolsak, hammang kallang bilan javob berasan. Paxtadayam, kartoshka-yu karamdayam, boringki, kuzgi shudgordayam pochchadan orqada qolgan brigadir mendan xafa bo‘lmasin. Tushunarlimi?

Viloyat vakili yonida o‘tirgan tuman vakilidan sekin so‘raydi: “Rais nima deyapti? Pochchasi kimu chechasi kim?”

Tuman vakili miyig‘ida kulib, pichirlab tushuntiradi: “Bu kolxoz Krupskaya nomida, qo‘shni kolxoz Lenin nomida. Bular otini aytib o‘tirmaydi-da, chechaning kolxozi, pochchaning kolxozi, deydi. Hamma shunga o‘rganib qolgan”. Viloyat vakili kulgidan o‘zini to‘xtata olmaydi. Ro‘molchasi bilan og‘zini berkitib, yo‘tal tutgan kishiday o‘rnidan turib, sahna ortiga o‘tadi va rosa miriqib kuladi.

Boynazar rais hamon kimlarningdir po‘stagini qoqar, chechaning hurmatini joyiga qo‘yishni bot-bot takrorlar edi...

Taqdir o‘yinlarini qarangki, shu voqeadan bir yil o‘tar-o‘tmas hamma joydan sho‘ro dohiylarining haykallarini olib tashlash boshlanadi.

Haligi viloyat vakili sizu bizga tanish Lenin nomidagi kolxozdagi (“pochcha”ning kolxozi) dohiy haykalini olib tashlashga mas’ul etib belgilanadi. U kolxozga kelib, mutasaddilar bilan maslahatlashadi. Haykal bahaybat, Leninning o‘zidan naq ikki baravar katta. Qizig‘i shundaki, haykalning boshida ham, qo‘lida ham shapkasi bor edi. Sho‘x-hazilkash odamlar o‘zaro kulishib “Lenin bobomiz ja pishiq bo‘lgan-da, qarang, har ehtimolga qarshi bitta shapkani zapasnoy olib yurgan, mabodo boshimdagini shamol-pamol uchirib ketsa, qo‘limdagini kiyib olaman, degan-da”, desa, boshqasi “Pochcha aqlli odam bo‘lgan, biz tomonlarning shamoli kuchli bo‘lishini bilgan”, deydi.

Maslahatga to‘planganlar haykalni tunda ko‘chirishga kelishadilar. Har holda dohiy, shuncha yildan beri turib edi, odamlar o‘rganib qolgan-da. Uning “O‘qish, o‘qish va yana o‘qish” degan dono so‘zlari yetti yashardan yetmish yoshgacha yod bo‘lib ketgan. Ba’zi sho‘xroq bolalar dohiyning bu iborasini teskari aytib yurardi: “Shiqo‘, shiqo‘ av anya shiqo‘”. Bilganlar bilar, bilmaganlar bu nima deyapti, deb hayron.

Shunday qilib, mutasaddi-yu mutaxassislar oldi odamlar uxlaganda Lenin haykali yonida to‘planadi. Qisqa maslahatlashuvdan keyin ishga kirishiladi. Aksiga olib oy yop-yorug‘. Birov aytgan ekan, men o‘g‘irlik qilaman desam, oy ham botmaydi, deb. Kutishning, boshqa kunga qoldirishning iloji yo‘q. Topshiriqni vaqtida bajarish shart.

Shu mahal kolxoz idorasi yonidan o‘tgan katta ko‘chada besh-olti yigitning shodon kulgisi, qiyqirig‘i eshitiladi. Ular to‘ydanmi, ulfatchilikdanmi kelishayotgan bo‘lsa kerak, tuzukkina kayflari borligi sezilib turardi. Haykalni buzayotganlar vakilga qaraydi. Vakil davom eting, dedi. Bir mahal nimadir qars etadi-yu dohiyning shapka ushlagan qo‘li uzilib tushadi. Xuddi shuni poylab turganday haligi shirakayf yigitlar yugurib keladi.

— Ie, pochchaning qo‘li qani? — deydi biri.

— Hoy birodarlar, sizlar kimsizlar? Pochchamni nima qilayapsizlar yarim tunda? — dedi-yu haykalni quchoqlab oladi. — Tegmanglar pochchamga!

Boshqa yigitlar ham ularga qo‘shiladi.

— Nima balo, sizlar xalq dushmanimisizlar?! Pochchamizni o‘g‘irlab ketmoqchimisizlar? Tegmanglar, o‘zimizga kerak.

Ishchilar vakilga qaraydi. Vakil yigitlarga vaziyatni, topshiriqni tushuntirmoqchi bo‘ladi. Rais biroz po‘pisa ham qiladi. Biroq shirakayf yigitlar ularning gapini eshitishni ham istamaydi. Birovi dohiyning yerda yotgan qo‘lini olib, haykal yoniga keladi.

— Berahmlar, qo‘lini sindiripti-ya, joyiga qo‘yib qo‘yaylik buni, — deb uzilgan qo‘lni tanaga yopishtirmoqchi bo‘ladi.

Vakil hayron: hozir bularga gap uqtirib bo‘lmaydi, tortishishu bahslashuvdan foyda yo‘q... Boshqa kunga qoldirish ham mumkin emas... Biron-bir chora topish kerak.

Mutasaddilarni chetga tortib, maslahat soladi.

— Hozir bularga gap kor qilmaydi, — deydi vakil. — Sizlar narsalarni yig‘ishtirib, ketayotganday bir chekkaga o‘tib turinglar, men rais bilan kolxoz idorasiga borib, rayonga qo‘ng‘iroq qilaman. Balki uch-to‘rtta melisa chaqirish kerakdir. Yigitlar melisani ko‘rsa qo‘rqadi, xavfsizligimiz ham ta’minlanadi... Chunki bu holda boshqa kunga qoldirib bo‘lmaydi. Ertaga odamlar bir qo‘li yo‘q haykalni ko‘rsa, gap-so‘z ko‘payib ketadi.

— Bo‘pti, yigitlar, pochchangizga tegmaymiz. Lekin sizlar ham uyingizga boringlar endi, kech bo‘ldi, — dedi rais.

— Avval sizlar ketinglar, keyin biz ketamiz, — deydi yigitlar.

— Yo‘q, — deydi boshqasi, — biz tong yorishguncha shu yerda o‘tiramiz pochchani qo‘riqlab.

Mutasaddi-yu mutaxassislar asbob-uskunalarini yig‘ishtirib, yo‘lga tushgan bo‘ladi. Vakil bilan rais ildam yurib, kolxoz idorasiga ketadi. “Pochcha”ga sadoqatli yigitlar esa haykal oldidan jilmaydi.

Oradan bir soat o‘tib-o‘tmay qizil-ko‘k chirog‘ini lipillatib, chinqirgancha militsiya mashinasi yetib keladi-da, besh militsioner tushadi. Buni ko‘rib shirakayf yigitlar hushyor tortadi. Militsionerlarning yoshi kattarog‘i (boshlig‘i bo‘lsa kerak) yigitlarga yaqin boradi-da, o‘ktam ovozda so‘raydi:

— Haykalning qo‘lini kim sindirdi? Dohiy haykalini buzishga kimning haddi sig‘di?! Ushlanglar bularni! Qo‘liga kishan solinglar!

Yigitlarning kayfi tarqab, dovdirab qoladi. Birovi sal o‘zini qo‘lga olib, deydi:

— Biz sindirmadik. Kimlardir buzishayotgan ekan, qaytanga biz himoya qilib qoldik.

— Axmog‘ingni topibsan aldagani, — deydi boyagi boshliq. — Sizlardan boshqa it ham yo‘q-ku, bu yerda.

Shu mahal vakil bilan rais ko‘rinadi.

— Nima gap? — deydi rais hech narsadan xabari yo‘qday. 

— Mana bular dohiy Lenin haykalini buzmoqchi bo‘lishayotgan ekan, — deydi boshliq.

— Biz emas, manavilar, — deydi yigitlardan biri.

Boshliq darg‘azab bo‘ladi:

— Yana birovga tuhmat qilasizlarmi? Bular endi keldi-ku, bu yerga.

— Biz rais bilan idorada ishlab o‘tirgan edik, shovqin-suronni eshitib keldik, — deydi vakil.

— Eshitdilaringmi? — deydi boshliq yigitlarga. So‘ng militsionerlarga yuzlanadi. — Ushlanglar hammasini!

Rais oraga tushdi.

— O‘rtoq nachalnik, men shu kolxoz raisiman. Bu yigitlarni yaxshi bilaman, hammasi odobli bolalar. To‘yda biroz ichishgan bo‘lsa, shunga sal sho‘xlik qilgandir. Kechiring bularni.

— Haykaldi singan qo‘li nima bo‘ladi? — deydi boshliq.

— Ertalabgacha o‘zimiz hamma ishni to‘g‘rilab qo‘yamiz, xavotir olmang, o‘rtoq nachalnik, — deydi rais.

Boshliq biroz bo‘shashganday bo‘ladi:

— Bo‘pti, sizga ishonaman, rais. Biz faqat akt tuzib qo‘yamiz. Lekin ortiqcha gap tarqamasin. Bo‘lmasa bizga ham gap tegadi.

Endi oraga vakil tushadi:

— O‘rtoq nachalnik, keling, shu yigitlarga rahm qiling, akt ham tuzib o‘tirmang. Ko‘rinishidan hammasi bama’ni yigitlarga o‘xshaydi. Qo‘yib yuboring, uyiga borsin.

Bu gaplardan yigitlar hang-mang edi. “Axir haykalni buzishga shu ikkovi bosh-qosh bo‘lib turuvdi-ku... Hatto bizga do‘q-po‘pisa ham qiluvdi... Endi bunaqa deyapti... Yoki kayfchilikda adashtirayapmizmi?.. Yo‘q, shular, xuddi shular edi...” Bu fikrlarni yigitlardan birontasi tiliga chiqara olmaydi. Aksincha, rais bilan uning yonidagi odam (yigitlar vakilni tanimas edi) bularning yonini olganidan, boshliq rahm qilganidan xursand, uy-uyiga jo‘naydi...

Ertalab kolxoz idorasi oldidan o‘tganlar hayratdan yoqa ushlaydi: “Pochcha”ning bahaybat haykali yo‘q, o‘rni bo‘m-bo‘sh. “Yo, tovba, kechagina o‘z ko‘zim bilan ko‘ruvdim, savlat to‘kib turuvdi. Bir kechada qayoqqa g‘oyib bo‘ldi ekan?”

“Pochcha”ning haykali yo‘qligini eshitgan kechagi ulfatlar ham nimalar bo‘layotganiga aqli yetmay, hayron. Rostdanam, haykal yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun bir-ikkitasi zimdan borib ko‘rib ham keladi. “Pochcha” yo‘q edi joyida. Tovba! Ammo yigitlar bir narsadan xursand edi: kechagi balodan eson-omon qutilib qolishdi. 

“O‘sha kuni yigitlar har ehtimolga qarshi qo‘shni kolxozga o‘tib qarashsa, chechaning haykali ham joyida yo‘q, — deb hikoyasini tugatdi do‘stim. — “Pochcha”ning izidan ketgan bo‘lsa kerak-da!..”

Mamatqul  HAZRATQULOV.

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2019
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.