Bir olmaning ikki yuzi

Zamonaviy jamiyatda tirik yetim o‘sayotgan murg‘ak qalblar taqdiri barchani sergak tortirishi darkor.  “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilgan “Yarashtiruv komissiyalari” mahallalarda qanchalik faollik bilan ish yuritmasin, ish ajrimgacha  yetib bormoqda.

 

Ajrimdan eng ko‘p aziyat afsuski, bolalar zimmasiga tushmoqda. Keksalarimiz kuyunchaklik bilan qushning ham ini buzilmasin, chirqillab qoladi, deyishadi. Eridan yoki xotinidan shikoyat qilgan insonga sabrli bo‘lishni tilash o‘rniga, “ajrash — qutulasan” deymiz. Ajrim ko‘payishiga bugun kim ko‘proq aybdor? Ermi yo xotinmi? Aksariyatimiz oilada totuvlik yo‘qligiga ayollarni ayblaymiz. Ammo erkaklar-chi? Uyning bosh ustuni bo‘lgan erkaklar bugun o‘z vazifalarini to‘liq ado etyaptimi? Oilasiga har taraflama o‘rnak bo‘la olyaptimi? Har qadamda qizlarni oilaga tayyorlash o‘quv markazlari bor, ammo erkaklar borasida bu kabi e’lonlarga ko‘zimiz hech tushganmi?  

“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan 2018–2019 yillar davomida ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazildi va ularda aniqlangan muammolar ichida aynan erkaklarga bog‘liq bir qator jihatlar namoyon bo‘ldi. Ajralish holatlari ko‘p bo‘lgan viloyatlarda oiladagi doimiy janjal va mojarolar, er-xotin o‘rtasida bir-birini tushunish va totuvlikning yo‘qligi (22,5 foiz) asosiy sabablar sifatida ko‘rsatildi. Ko‘rinadiki, mustahkam oilani barpo etish ham erkakka, ham ayolga teng bog‘liq jarayondir. Odatda erkaklar ruju qo‘yadigan alkogolizm (11 foiz) ham ekanligi oilalarning darz ketishiga sabab bo‘lmoqda. Ichadigan erga toqat qilib yashaydigan ayollarning sanoqli ekanini  inobatga olsak, bu ham mustahkam oila yaratishga jiddiy to‘sqinlik qiladigan illat ekani ayon bo‘ladi. 

Oilada erkakning ijtimoiy pastligi — fojeadir. Erkakning o‘rni, o‘z mavqei bo‘lmas ekan, oilaning mustahkamligi uzoqqa bormaydi.  400 ga yaqin uylanmagan yigit orasida yigitlarning oilaviy hayotga tayyorlik darajasini aniqlashga qaratilgan so‘rovlar o‘tkazilganda, 44 foiz yigit tasavvurida oilada farzand tarbiyasiga faqat ayollar mas’ul degan qarash borligi ma’lum bo‘ldi. 57 foiz yigitlar “ota-onasi badavlat qizga uylangan yigitlarning hayoti moddiy qiyinchiliksiz o‘tadi” degan tasavvur va qaynota-qaynoning kuyoviga bergan yoki qilgan moddiy ko‘magiga ishonib qolish, oilani moddiy jihatdan mustaqil ta’minlashda mas’uliyat his etmaslik kabi xususiyatlar shakllanganligini tadqiqot natijalari ko‘rsatdi.

Aslida ayolning, farzandlarning moddiy ta’minoti to‘la er bo‘ynida ekanligi jamiyatda qabul qilingan odatiy qoida. Kuyovlikka da’vogarlar otasining puliga, oilasining qudratiga ishonib emas, peshona teri, bilimi va kuchi bilan mustaqil, asosiysi, halol pul topib, topganining qadriga yetgandagina “oila boshlig‘i” degan nomga sazovor bo‘lishi tabiiy. Chunki, erkak kishining eng katta burchi o‘z qaramog‘idagilarning o‘zgalarga qaram bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymasligidir. So‘rov natijasida ayrim yigitlarning mustaqil fikrga ega emasligi, ular uchun qarorni garchi voyaga yetgan bo‘lsa ham, ota-onasi qabul qilishi oilada katta muammolarni keltirib chiqaradi. “Ulg‘aymagan” yigitlar qanday qilib bo‘lajak o‘z farzandiga mustaqil tarbiya bera  oladi? 

— Hech kim ajrashish niyatida turmush qurmaydi, — deydi ruhshunos Zebuniso Ahmedova. — Kimdir yo ayolga, yo erkakka salbiy  ta’sir o‘tkazadi va oqibatda oilada turli xil tushunmovchiliklar boshlanadi. Odatda qizlarimizni hayotga, oilaga tayyorlaymiz-u, o‘g‘illarimizga kelganda “pul topsa bo‘ldi-da”, deymiz. Oila qurgan yigitlar kimga qanday muomila qilishni bilmay  arosatda qoladi. Ayolining shu oilada palak yozib ketishi uchun ham erning o‘rni bo‘lakchadir. Farzandlarimizni tarbiyalash chog‘ida oilaning muqaddasligini ham bot-bot qulog‘iga quyishimiz shart. To‘zib ketayotgan oilani saqlab qolishga erishmog‘imiz darkor.

Feruza RAHIMOVA, 

jurnalist.

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.