«TOSHKANDAN XORAZMGACHA…» Yoxud yo`lovchilar xavfsizligini kim o`ylaydi?

“Yo`l azobi, go`r azobi!” Eshitgandayoq odamni seskantiradigan bunday maqolni dastlab kim aytgan ekan? Balki uni ot, eshak, tuya kabi jonivorning ustida chang-to`zondan ko`zi qorayib yo`l tanobini tortgan bir karvonboshi aytgandir? Kim aytgan bo`lsa ham haq gapni aytgan ekan. Zotan, bu azob asrlar o`tsa ham, yo`l yurish qanchalik yengillashgan bo`lmasin azobligicha qolmoqda. Zotan, inson zoti bu yorug` dunyoga kelar ekan, oyati Karimada aytilganidek, ziyon ichida bo`ladi. Yo`l yurgan odamning ziyonini kamaytirish esa avvalo Allohning irodasida bo`lsa, qolaversa, karvon boshining qo`lida. Ajdodlarimiz yo`l tortar ekanlar, eng avvalida karvon va uni boshqargan karvon boshini tanlaganlari ham bejiz emas. Masalan, qaroqchilar hujum qilishi yoki karvondagilardan birovining mazasi qochib qolishi mumkin. Boshqa yana qancha xavfu xatarlar bor, barini sanab ado qilib bo`lmaydi. Qaltis vaziyatlardan eson-omon olib chiqish, to`rt tomoning qibla bo`lgan sahrolarda yo`lovchilar adashib, qum barxanlari aro omonatini topshirib qo`ymasligi, nogahon bostirib keladigan tabiat injiqliklariyu qaroqchilar hujumidan himoya qila olish uchun ham dono va o`ktam karvonboshilar zarur bo`lgan. Ular karvondagi odamlar hayoti va mulku bisoti uchun javobgar sanalganlar. Demak, odamlar o`z hayotlarini sorbonga ishonib yo`lga chiqishgan. Umrining ko`p yili ana shunday sarguzashtlarga boy sayohatlarda o`tgan Sa’diy ham “Ey sorbon, ohista yur”, deya behuda nola qilmagan.

 

Bugun-chi? Bugun karvonlarimiz o`z manzillariga shikast ko`rmay, ziyon chekmay yetib boryaptimi? Ha, topdingiz, bugunning yo`rig`i boshqa. Bugungi yo`lovchi parday yumshoq o`rindiqli, tez yurar avtomobillarga o`tiradi-yu, ko`zlagan manziliga qushday yengil etib boradi. Aslida shundaymikan?! Shaxsiy avtomobilingiz bo`lsa-ku, tuzuk, istagan joyingiz sari jo`nayverasiz. Bo`lmasa-chi? Shu topda qadimgi yo`lovchi bobomizning ahvoliga tushasiz. Karvonboshi – kirakash haydovchi qidirasiz. Chunki qadimgi karvonlarda zillat chekib yurgan ajdodimiz singari bugungi odam ham — odam. Uning hayotiga ham yo`lda kimdir javobgar bo`lishi kerak. Shunday qilib, hayotimizni avvali Xudoga, qolaversa, kirakashga omonat qilib mashinaga o`tiramiz. Bittasiga chiqasizu, ketavermaysiz, tanlaysiz. Ammo ishingiz tig`iz, tanlashga vaqtingiz yo`q, ana o`shanda uchraganiga o`tirasizu jo`naysiz.... To`g`ri, bugungiday dorilomon zamonda xotirjam ketaversa bo`ladi: yo`l qoidalari, tezlikni nazorat qiluvchi radarlar bor. Eng ma’quli, yo`llardagi postlar olib tashlandi, birov pishagingizni “pisht”demaydi. Bularning barchasi davlatimizning xalq foydasini ko`zlab ish tutayotganiga bitta yaxshi misol. Unda, qo`rqadigan nima qoldi? Kim qoldi?

Kirakash qoldi!..

Internet ma’lumotlarida, xususan, “Gazeta.uz”da o`qigandirsiz, o`tgan yil 22 oktyabrda «Buxoro –Nukus – Beruniy» avtomobilь yo`lida «Neksiya» bilan «Kobalt» to`qnashuvi natijasida 5, Jondor tumanida «Lasetti» bilan «Isuzu» yuk mashinasi to`qnashuvi oqibatida 4, joriy yil 26 martda Namanganda ro`y bergan dahshatli yo`l-transport hodisasi tufayli 4 kishi halok bo`lgan. O`tgan yili 6 236 ta yo`l-transport hodisasi yuz bergani, oqibatda 2 262 kishi halok bo`lganidan, 8 458 kishi tan jarohati olganidan, o`rtacha hisobda, bir kunda 6 kishi yo`l-transport hodisasi tufayli o`lim topganidan, halokatlarning aksar qismi Surxondaryo, Jizzax, Buxoro viloyatlari va Qamchiq dovonida sodir bo`layotgani kishini tashvishga solmaydimi? Uzoqni qo`ya turaylik, yaqin oylar ichida xabarchi saytlarda ko`zimiz tushgan bitiklarni eslatishning o`zi kifoya qilar: “3 aprel. “Qoraqalpog`istonda ikki “Neksiya” to`qnashuvi oqibatida bir yo`lovchi vafot etdi”; 5 aprel. “Andijonda yuz bergan YTH oqibatida ikki kishi halok bo`ldi”; 8 aprel. “Namanganda yuz bergan YTH oqibatida ikki kishi halok bo`ldi”; 11 aprel. “Ohangaronda mudhish YTH: 2 nafar 18 yoshli yigit halok bo`ldi”; 18 aprel. “Sharof Rashidov tumani hududidan o`tuvchi “Toshkent–Termiz” M-39 yo`lida avtotransport hodisasi sodir etildi. Natijada, transport haydovchisi va yo`lovchi tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan”... va hokazo.

Yuqoridagi ma’lumotlar biz bilganlarimiz, bilmaganlarimiz faqat yaratganga ayon. Shuncha qulayliklar odam bolasining hayotini yengillatishga xizmat qilib turgan pallada bunday achinarli voqealar kishini o`yga toldiradi.

– Avvalo, barcha yo`llarimiz ham jahon standarti talablariga to`la javob bermaydi, – deydi Qarshi–Toshkent yo`nalishida qatnovchi Komil ismli haydovchi. – Yo`l belgilarining ko`pchiligi noto`g`i qo`llanilgan. Yo`l belgilari kamligi yoki bori ham biror daraxt tagigami, uylarning devorigami joylashtirilgani uchun ham ko`plab avtohalokatlar ro`y beryapti. Ayrim joylarda yo`l ta’mirlanayotgani haqidagi ogohlantirishlar juda yaqin qolgandagina ko`rsatilgan bo`ladi. Holbuki, ancha uzoqdan ogohlantiruvchi belgilar bo`lishi kerak, menimcha. Hech qaysi haydovchi halokatga uchrayin deb yo`lga chiqmaydi. Ko`pchilik avariyalar mana shunday tashqi ta’sirlar tufayli ham sodir bo`lyapti. To`g`ri, ba’zan yosh haydovchilar tezroq va ko`proq pul topay deb tezlikni oshirib yuborishadi yoki ikki kunlab dam olmay yo`lda yurishadi. Uyqusizlik ham ta’sir qiladi, albatta. Shuning uchun yo`llarda to`xtab achchiq qahva ichamiz. Bu yog`i tirikchilik. Hech kim zerikkanidan bunday og`ir mehnatni bo`yniga olayotgani yo`q. Shukrki, postlar olib tashlandi. Vaqtimiz ancha tejaladigan bo`ldi. Lekin mavjud postlarda negadir odamlarning vaqtini olishning yangi usulini o`ylab topishgan. Postga kelganda yo`lning ikki “polosa”si yopib qo`yilgan bo`ladi, hamma mashinalar bitta “polosa”dan o`tishga majbur. Bu odamlarni ozmuncha asabiylashtiradimi?! Shunga o`xshagan ko`plab sabablar bor...

Ammo...statistik ma’lumotlarga ko`ra, dunyodagi 35 foiz avtohalokatlar haydovchining aybi bilan sodir etilar ekan.

– Shu yilning uchinchi aprel kuni soat yigirma daqiqa kam oltida men piyodalar o`tish joyida to`xtagandim, katta tezlikda kelayotgan “Damas” avtomashinasi ortimdan kelib urildi. Haydovchisi mast ekan, darhol mashinadan tushib qochib qoldi. Holbuki, men “avariya” chirog`ini yoqib to`xtagan edim.O`shandan buyon YPX idorasiga qatnayverib tinkam quridi. Hali erta keling, deyishadi, hali indin. Hozirgi paytda avtohalokatlar, asosan, piyodalar o`tish yo`lida sodir bo`lyapti. Chunki rulga o`tirgan yosh haydovchilarning ko`pchiligi yo`l belgilarini bilmaydi. Qoidalarga amal qilish uchun, birinchi navbatda, belgilar nimani anglatishini bilish kerakmi, axir?! O`zim qirq ikki yoshdaman. Lekin haliyam cho`chiyman. Qoidalarga to`la amal qilishga urinaman. Yarim kechalab yo`lga chiqmayman. Uyquga to`yib, dam olib, ertalab yo`lga chiqaman har doim. Hamisha hushyor yurishga harakat qilaman. Chunki biror qoidabuzarlik sodir etsam, suvdan quruq olib chiqadigan tanishlarim yo`q, – deya kuyinib hikoya qiladi “Matiz” rusumli davlat raqami 10 E 584 MA bo`lgan avtomashina haydovchisi Anvar aka To`lakov.

Qadimda qancha sinashta, ko`pni ko`rgan, baquvvat, yo`lning hadisini olgan kishilarga karvonboshilik ishonib topshirilgan bo`lsa, endi tirikchilik vajidan kechani kecha, kunduzni kunduz demay yo`l yurib, umri yo`lda o`tayotgan aksariyat yosh haydovchilarga Alloh omonatga bergan hayotimizni ishonib topshiryapmiz. Buning ustiga viloyatlarga qatnaydigan mazkur kirakashlarning aksariyati hech qanday litsenziyaga ega emas. Mayli, tirikchilik deb, beorom mehnatga bel bog`labdi, dersiz. Rahmat. Lekin birovlarning shirin joni evaziga tirikchilik qilinmaydi-da. O`sha mashhur qo`shiqda aytilganidek: “Toshkandan Xorazmgacha bir ming bir yuz kilometr!” Uzoq yo`llarni bosib manzilga yetgan azamat “odam” chiqib qolsa, yana ortga qarab dam olmasdan qaytib ketaveradi. Shifokorlar so`ziga ko`ra ikki-uch kun ko`zi ilinmagan inson nafaqat yo`lidan, aqlidan ham adasharkan. Nafs ortidan ot surib o`tayotgan ayrim haydovchilar o`z jonini ham, o`ziga qo`shib uch-to`rt nafar yo`lovchining hayotini ham xavf ostiga qo`ymoqdalar. Turli bayramlar arafasida esa kirakashlarning kuni tug`adi: uyqusizlikdan qizargan ko`zlari bilan “kulib” turib, yo`lkirani osmonga ko`tarishlarini aytmaysizmi?! Shuncha pulni kissasiga urayotgan bu haydovchi o`z zimmasiga qanday katta mas’uliyat olayotgani haqida hech o`ylab ko`radimi?! Zavodda qo`riqchilik qiladigan bir qarindoshim bor.Bir kecha-kunduzlik smenadan chiqqach uch kun uyda dam oladi. “Bir sutka ko`z yummaymiz, o`zi bo`ladimi, quvvatga kirish uchun ikki-uch kunlab dam olamiz-da, keyin”, – deydi u.

Ana shular haqida gap ketganda, viloyatlarga qatnaydigan shaxsiy avtomobilь egalarining harakatlanishini ham muayyan tartibga solish vaqti allaqachon yetib kelmadimikan, degan savol tug`iladi. Bu ishlarga mutasaddi tashkilotlar rahbarlari nega hanuz qo`l qovushtirib o`tirishibdi? Yoki ular o`zlari qiladigan ish uchun Prezidentning alohida qarorini kutishyaptimi? Kirakashlar ham ma’lum darajada ro`yxatdan o`tib, ya’ni litsenziya olib, haftada ikki yoki uch bor qatnashlarini ta’minlash, avtomobil va haydovchining holatini maxsus tekshiruvdan o`tkazish, yo`lga chiqishini grafik asosida nazorat qilib borish, kerak bo`lsa, ularga ham mehnat daftarchasi ochib, erta bir kun keksayganida mashaqqatli mehnati uchun pensiya olishini ta’minlash payti kelmadimikan?! Rivojlangan mamlakatlarda bunday tartib allaqachon yo`lga qo`yilgan. Bizning xalqimiz ham bunga munosib. Zotan, yo`lovchilarning xavfsizligi shuni taqozo etadi. Qum barxanlari-yu, tog`u toshlardan o`tgan yo`llarda boy berilgan umrlar uchun kim aybdor? “Tirikchilik ekan” deb besh qo`lini og’ziga tiqqan haydovchimi? Yoki yuqoridan turtki kutib o`tirgan soha mutasaddilarimi? Va yoki yaxshi niyat bilan safarga chiqqan yo`lovchining o`zimi?

Men mana shu satrlarni yozayotgan paytimda, siz esa uni o`qiyotgan daqiqalarda ham kimningdir o`zi, kimningdir akasi, ukasi, singlisi, ammasi, tog`asi, ishqilib, Xudo ko`rsatmasin, biror yaqini avtohalokatga uchramadi, deb aytaolamizmi? Bir-birlarini yo`l bo`yi uchragan radarlardan ogohlantirib, telefonda gap sotib, mashinasidagi “yuk”dan tezroq qutulib, yana boshqa “yuk”larni “ortib” qaytishni, shaqillatib pulini sanab olishni o`ylab temir otga “qamchi bosayotgan” bir bandaga hayotini ishonib, yo`l tanobini tortayotgan odamlarning sanog’i kammi? Aytishlaricha, Qamchiq dovonidagi tog` osti yo`lidan soatiga mingga yaqin mashina o`tarkan. Safarga chiqqan yaqinimizning, o`g`il-qizimizning, umr yo`ldoshimizning hayoti ishonchli qo`llarda emasligi sabab, “yetib keldim” degan xushxabarni eshitmaguncha jonimiz orom topmaydi.

Qachon uyga borsam, ota-onam, akalarim, opam, jiyanlarimni ko`rib, qaytishga chog`langanimda, albatta, otamning o`zlari meni kuzatishga chiqadilar. Ovora qilmaslikka qancha urinsam ham ko`nmaydilar. Avtoturargohga kelgach, albatta, o`zlari tanlagan avtomobilga o`tqizadilar. Otam biror marta mashinaning rusumiyu kira narxiga ahamiyat berganlarini eslolmayman. Faqat haydovchining yoshiga, o`zini tutishiga, xatti-harakatiga, tetikligiga e’tibor beradilar. O`rta yoshlardagi, og’ir-vazmin, ko`rinishidan toliqmagan, chehrasi yorishib turgan haydovchini tanlaydilar. Ba’zan borayotganimni aytsam ham, o`zini bosib olgan taksist top, deydilar. Otamning bu harakatlari menga bamaslahat karvonboshi tanlayotgan ajdodlarimizning sinchiligini eslatadi. Darhaqiqat, bunday sinchilik behuda injiqlik emas, axir bu ulov ichida azizlarimiz, oromi jonlarimiz borayotir!

Mansur JUMAYEV,

jurnalist.

   TAHRIRIYATDAN: ushbu maqolani chop etishdan maqsadimiz shaxsiy avtomobillar egalarining olis yo`llarda yo`lovchi tashib, tirikchilik o`tkazishlarini ta’qiqlash emas. Aksincha, inson hayoti bilan bevosita bog`liq bunday mas’uliyatli yumushning tartibga solinishi tarafdorimiz. Shunday qilinsa, hammaga — nafaqat haydovchilarga, balki, yo`lovchilarga ham, alal oqibat mazkur soha mutasaddilariga-da, yaxshi bo`ladi, deb o`ylaymiz. Zero, hozirgi holatda uzoqqa borishning  o`zi bo`lmaydi: kunda kun ora yo`l-transport hodisalari ko`paysa ko`paymoqdaki, ammo kamayishdan ancha yiroq. Har bir hodisa esa inson umriga teng— odamlar halok bo`lyapti, jarohat olmoqda, ba’zan butkul nogiron bo`lib qolayotir.

   Tanganing ikkinchi tomoni esa shaxsiy avtomobillarda yo`lovchi tashishni tartibga soluvchi mutasaddi tashkilotlar, xususan, “O`zbekiston avtomobil transporti agentligi” faoliyati bilan bog`liq. Agar chuqurroq mulohaza qilib ko`rilsa, o`sha kirakashlarning yashirincha yo`lovchi tashiyotganlari sababi ma’lum bo`ladi: ehtimol litsenziya qimmatroq yoki uni rasmiylashtirishda sansalorlik va qog`ozbozliklar mavjuddir? Ha, har narsaning o`z tosh-tarozisi bor, albatta. O`ylaymizki, mamlakatimizning turli hududlariga yo`lovchi tashiydigan shaxsiy avtomobillar qatnovini tartibga solish paytida masalaning ana shu jihatlariga ham e’tibor berilsa, maqsadga muvofiq bo`lardi.

   O`zbekiston Ichki ishlar vazirligining Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi mutasaddilari-chi? Maqolada qalamga olingan muammolarga qanday munosabat bildirishadi? Ular faoliyati faqat avtotransport egalaridan jarima undirishu, yo`l-transport hodisalarini qayd etishdan iborat bo`lmasa kerak?!

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.