Aqcha o`marishning kasting usuli

Buyuk Shekspir: «Hayot — sahna, odamlar unda rol o`ynaydigan aktyorlardir», — degan ekan. Teatr-kino sahnasida kimni qaysi rolga munosib ko`rish ko`proq rejissyorga bog`liq. Hayot sahnasida esa ijobiy yo salbiy rolni tanlash o`z ixtiyoringda. Tanlovingdan o`zing ham, boshqalar ham aziyat chekmasa bo`lgani.

Toshkentlik Ravshanbek Rahimov bir vaqtning o`zida ikki rolni bajarishga usta "aktyor" bo`lib chiqdi...

 

Bundan bir-ikki yil avval u "O`zbekkino" Milliy agentligi tomonidan suratga olingan «Baxt ovi», «SHohsupa» filmlarida to`rtinchi darajali rolni ijro etdi-yu ozmi-ko`pmi soha sirlaridan voqif bo`la bordi. 2018 yilning avgustidan O`zbekiston Yoshlar ittifoqi Yangiyo`l shahar kengashi «Yosh rejissyorlar» to`garagi rahbari lavozimiga ishga qabul qilindi. Kechmishlari uni «yangi ijodiy rejalar» sari undadi. To`rt-besh oy o`tib, o`zini mustaqil rejissyor sifatida ko`rgisi keldi. Buning uchun nima qilish kerak? Oliy o`quv yurtida o`qish lozim, deysizmi? Yo`q, bunga uning sabri etmaydi. U boshqa, silliqqina yo`lini topdi. Avval o`z kompyuterida e’lon tayyorladi. Unda o`tkir syujetli «Qabr» deb nomlanuvchi film suratga olinayotganini ma’lum qildi. Afishada film «rejissyori» Ravshanbek Rahimov kasting e’lon qilib, 7 yoshdan 70 yoshgacha unda qatnashish istagi borlarni taklif qilgani ham aks etdi. Endi bu afishani qayerga ilib, ishni qanday boshlashi kerak? Buni Toshkentda amalga oshirib bo`lmaydi, chunki unda diplom ham, «O`zbekkino» Milliy agentligining ruxsatnomasi ham yo`qligini ko`pchilik biladi. Manzilni sal nariroqdan tanladi. Samarqand viloyati Pastdarg`om tumaniga borib, Juma shaharchasidagi Madaniyat uyini topdi. U erda ishlaydigan xodimlarga o`zini O`zbekiston Yoshlar ittifoqi rejissyori deb tanishtirdi. So`zining isboti uchun o`zi suratga tushgan filmlar diskini ko`rsatdi. Ularning ishonchini qozonishga shuning o`zi yetarli bo`ldi, shekilli, Madaniyat uyida kasting o`tkazish uchun ruxsat berishdi. Ustomon «rejissyor» afishalarini Madaniyat uyi va Juma shaharchasining odam gavjum joylariga ilib chiqdi. E’lonni internet tarmog`i orqali ham tarqatishni uddaladi. Qarabsizki, bu yog`i ish qizg`in. Bugun kim ko`p, kinoda suratga tushib, darhol mashhur bo`lishni istaydigan g`o`r yosh-yalang ko`p. Ular birin-sirin Ravshanbekni izlab kela boshladi. Ilk o`lja o`zini Pastdarg`om tumani Sharof Rashidov mahallasida yashovchi Shaxzod Islomov deb tanishtirgan yigit bo`ldi.

— Qiyofangiz filmdagi bosh rolga yaxshi tushadi, — dedi «rejissyor janoblari» unga. — Faqat, bilasizmi... biroz chiqimi bor. Hozircha ikki yuz dollar berib turasiz. Jami xarajatlarni keyin hisoblab aytaman. Ha, aytmoqchi, filmning ayrim sahnalari Hindistonda olinadi. Bahonada afsonaviy mamlakatni ham bir aylanib kelasiz-da!

Shaxzodbekning ko`zlari porlab ketdi, quvonchini ichiga sig`dirolmay qoldi: «Bo`ldi, aka, so`raganingizni beraman, faqat tanlovingizni o`zgartirmang», deb shoshib chiqib ketdi-da, hayal o`tmay, ikki yuz dollarni keltirib Ravshanbekka tutqazdi.

Sakkiz kun davomida o`ttizdan ziyod nomzod kastingda qatnashdi. «Rejissyor» ulardan 13 nafarini tanlab oldi. Oradan bir necha kun o`tib, bosh rolga mo`ljallangan Shaxzodni yo`qlatdi va:

— Xarajatlarni hisoblab chiqdim, Hindistonga borib kelish uchun yana 1000 dollar kerak bo`ladi. Topa olasizmi? — deb so`radi.

— Topaman, — dedi yigit go`yo ertagayoq Hindistonga uchib ketayotgandek quvonchi ichiga sig`may. — Uydagilarga aytib qo`yganman, bosh rolni berisharkan deganimda, rosa xursand bo`lishdi.

Ming dollarni qo`lga kiritgan rejissyor asta-sekin o`zi to`qiyotgan ertakka o`zi mahliyo bo`lib boraverdi. Ha, deganda osongina topilib, o`z oyog`i bilan kelayotgan navbatdagi o`ljalarga qarmoq tashlayverdi. Qarangki, qarmoqqa laqqa tushishga tayyorlar ham kam emas ekan. Sayfiddin Rabbimov 250.000 so`m, Adhamjon Pardaev 800.000 so`m, Muhammad Rahimjonov 300.000 so`m, Dilfuza Muxtorova 150.000 so`m, Shuhrat Shukurullaev 1.000.000 so`m, Nurjahon Murodullayev 400.000 so`m, Bobosher Bekmurodov 700.000 so`m, Husniddin Umirzoqov 300.000 so`m va 150 AQSH dollari, Bobur Gulmurodov 900 AQSH dollari... Xullas, ular pulini o`ylab-netib o`tirmasdan o`z qo`li bilan firibgarga topshiraverdi. Nomzodlarga «kinoda bosh qahramon va bosh qahramonning tanishlari rolini ijro etasizlar», — degan va’dalar berildi. O`zi esa qisqa vaqt qo`lga kiritgan shuncha pulni hazm qilib yubordi. Lekin ichiga bir g`ulg`ula tushdiyu pul berganlar shubhalanib qolmasligi uchun ularning bir nechtasi bilan Toshkentga qarab yo`l oldi. Yangiyo`l shahridagi "Makro" supermarketning uchinchi qavatidagi restoranda aktyor va rejissyor Sanjar Shodiyev bilan ikki-uch daqiqalik videoga tushirib, "mijoz"larini osongina ishontirdi (Sanjar Shodiyev bu ishning aldov ekanini bilmagan, albatta). Yana Pastdarg`om tumani "Beklar" mahallasida joylashgan hovlida besh-olti daqiqalik, Juma shahri Hamid Olimjon ko`chasida joylashgan bilyardxonaga kelib, uch-to`rt daqiqalik video lavha oldi. Bu nayranglar koshki shu bilan tugasa edi...

Yanvarning oxirlariga borib, nafsi ammoraning jodusi uni yana o`z izmiga sola boshladi. Shaxzod Islomov bilan uchrashdi-da, yana 4.800 AQSH dollari bersa, to`rtta chet davlatga borib, kino olishini aytdi. "Bu filmlarning barchasiga bosh qahramon sen bo`lasan", dedi. Shundan keyingina Shaxzodda "chala-chulpa o`tgan bitta filmning kastingidan so`ng suratga olish ishlaridan darak bo`lmay turib, birato`la to`rtta film haqida og`iz to`ldirib gapirayotgan bu shovvoz kim o`zi?», degan savol tug`ildi. Shubhalarim o`rinlimi-yo`qmi, deb tegishli joyga murojaat qildi. Hafsalasi pir bo`lgan «bosh qahramon» unga kimyoviy ishlov berilgan 1000 dollarni berayotganda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari soxta rejissyorning «yetib kelgan manzili»ni ko`rsatishdi.

U o`zi «qazigan» «Qabr» — chohga o`zi tushdi. Aldov yo`li bilan topgan pullarni qaytarishdan tashqari, ish haqining 20 foizi uch yil davomida davlat daromadiga ushlab qolinadigan bo`ldi. Ravshan Rahimov-ku shu tarzda qilgan qilmishlari evaziga tegishli jazoni oldi. O`nlab samarqandlik yoshlarning bitta firibgar tuzog`iga tushishiga sabab nima? Ularning ota-onalari, qolaversa, Madaniyat uyi xodimlari nega osongina aldanib qolishdi? Avvalo, ta’kidlanganidek, oson obro`-e’tibor, pul topishga intilish ishtiyoqi kuchli. Boshqa tomondan — xususiy kinostudiyalar suratga olayotgan tijorat filmlaridagi vaziyat ham shunga undaydi. Ushbu filmlar uchun o`tkazilayotgan kastinglarda hamma — ta’bir joiz bo`lsa, ko`chadan o`tayotgan yo`lovchi ham qatnashishi mumkin. Kerakli mablag`ni to`lasa, bosh rolga ham sinab ko`riladi. Shunga yarasha sabablari ham bordir, albatta. Ammo yoshlarda tegishli o`quv yurtlarida tahsil olmasdan turib ham aktyor bo`lish mumkin, degan tushunchaning shakllanishiga sabab bo`layotgani tuzuk emas-da!

Xolida FAYZIYEVA,

jurnalist.

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.