Ho`kiz o`yini yoki soxta «jinoyat ishi»ni uyushtirish kimga va nima uchun kerak bo`lgan?

O`tgan yilning may oyida Yangibozor tuman ichki ishlar bo`limi jinoyat qidiruv bo`linmasi tezkor vakili Sarvar Sultonov va mazkur bo`lim profilaktika noziri Jo`rabek Odamboyev Jinoyat kodeksining 241-1-moddasi (jinoyatni hisobga olishni qasddan yashirish), 209-moddaning – (mansab soxtakorligi) 1-qismi, 238-moddaning (yolg`on guvohlik berish) 2-qismi bo`yicha jinoiy javobgarlikka tortildi.

 

    Tumanning Bog`olon qishlog`i Qatli mahallasida yashovchi Jalil Hojiboevning bir bosh novvosi unga qarashli “Jasur-Jalil” bog`dorchilik fermer xo`jaligi dalasida bog`lab qo`yilgan mahal yo`qolib qolgani bunga sabab bo`ldi. Tergov hujjatlarida qayd qilinishicha, S.Sultonov va J.Odamboyev mol o`Qirlanganiga oid oQzaki xabarga loqayd qarashgan. Respublika Jinoyat kodeksining 169-moddasida bayon etilgan o`g`irlik holati yuz berganiga qaramasdan, uni tuman ichki ishlar bo`limining maxsus daftariga qayd qildirishmagan. Molni egasiga topib berishni va’da qilish bilan kifoyalanishgan. Ho`kiz egasi J.Hojiboyev va uning otasi M.Hojiboyevni shu atrofdagi Shovot mol bozori va Gurlan tumanining ayrim qishloqlariga boshlab borishgan. Bu urinishlardan naf chiqmagach, mol egasining toqati toq bo`lib, ho`kizi yo`qolganidan so`ng oradan roppa-rosa bir hafta o`tgach – 2018 yilning 25 may kuni tuman ichki ishlar bo`limiga shaxsan borib, ariza topshirgan.

Uning bu tashrifi mazkur muassasa binosiga kirish joyida yuritiladigan maxsus daftarga qayd ham etilgan. Lekin,negadir ushbu bitik keyinchalik o`zgartirilgan. “Hojiboev Jalil”deya qayd etilgan yozuv ustidan chizilib, uning o`rniga “Jonibekov Maqsud”ning ismi-sharifi bitilgan. Bu hol J.Hojiboevning ichki ishlar bo`limiga chindan ham ariza bilan murojaat qilgani, biroq, mas’ullar tumanda sodir etilgan jinoyatlarni kamaytirib ko`rsatish maqsadida, uni qasddan yashirishganini ko`rsatadi.

   Izquvarlar ayni maqsadda mol egalarini qoramol o`g`irlanmagani, aksincha yo`qolib qolgani, keyinchalik topilgani haqida ko`rsatma berishga undashgan. Mazkur “ko`zbo`yamachilik” prokuratura tomonidan fosh etilgani va shu ish yuzasidan jinoyat ishi qo`zgatilganidan so`ng haqiqat ochildi. Shunday qilib, sudga taqdim etilgan hujjatlarga qaraganda, Bog`olon qishlog`ida ho`kiz o`g`irlanishi bilan bog`liq voqea qilni qirq yorib tekshirilgan. o`g`irlikni haspo`shlashga uringan xodimlarning qilmishi fosh etilgan...

   Sud “favqulodda” hisoblangan bu ishga ancha jiddiy va sinchkovlik bilan yondoshdi. Uni ko`rish jarayonida masalaning hech kim kutmagan, tamomila yangi jihatlari ochildi. Ko`rib chiqilayotgan ishning mazmun-mohiyati va yo`nalishini butunlay boshqa o`zanlarga solib yuborishga turtki bo`lgan holatlar ko`rindi. Chunonchi, ichki ishlar bo`limning har ikkala xodimi ham sudda nafaqat o`zlariga qo`yilgan ayb, shuningdek, ayblov bilan bog`liq barcha voqealar tafsilotini ham butunlay inkor etdilar. Taajjub. Sud va tergovga guvoh hamda xolis sifatida jalb qilingan boshqa fuqarolar ham aynan shu yo`sinda ko`rsatma berdilar. Zikr etilgan holatlarni mutlaqo boshqacha, hattoki, aksincha mazmunda talqin etdilar. Sud hay’ati ko`p o`yinlarni ko`rgan edi-yu, ammo ho`kiz o`yinini ko`rmagan edi.

   Sud tomonlarning vajlari, dalil-dastaklariga tanqidiy nuqtai nazar bilan qarashdan tashqari, ko`p sonli guvoh va xolislarning ko`rsatmalariga alohida e’tibor berdi. Ishonch hosil qilmagan hollarda esa masalani voqea joyiga ham borib o`rgandi, berilgan guvohliklarning haqiqatga nechog`li mosligini sinchiklab tekshirdi. Zotan, sudning mohiyati ham aynan tergov materiallari bilan sud zalida aytilganlar o`rtasida tarozining pallasini to`g`ri ushlashdadir.

   Sudda ko`rsatma bergan ayblanuvchi S.Sultonov Hojiboyevlarning ho`kizi yo`qolgani hakidagi xabarni maxsus profilaktik tadbir yuzasidan ularga qarashli fermer xo`jaligi dalasiga borgan paytda yo`l-yo`lakay eshitgani, bu haqda unga hech kim ariza bilan murojaat qilmagani, molni izlab, uning egasi bilan na bozor, na chor-atrofdagi qishloqlarga borgani, ichki ishlar bo`limi binosiga kiraverishdagi o`tish joyida yuritiladigan daftardagi yozuvlar qalbakilashtirilganiga daxldor emasligi, keyinchalik molning “o`g`irlanganlik” holatini tekshirishda qatnashgan viloyat ichki ishlar boshqarmasi tezkor vakili M.Saidov tushuntirish xatlarini o`zi yozib, so`ngra imzo chektirgani, tergov organi xodimlari esa aybiga iqror bo`lmasa, qamoqqa olish bilan qo`rqitganini bayon etdi. Sud ayblanuvchi J.Odamboevning bayonotini ham tingladi. Unga ko`ra, tergov organi xodimi uning xizmat xonasida tintuv o`tkazgan, bu tadbir nima maqsadda amalga oshirilayotganini ma’lum qilmagan. Hojiboevlar xonadonining novvosi yo`qolgani haqidagi xabarni esa tintuvdan so`ng mahalla fuqarolar yig`ini raisidan eshitgan. Shu voqeadan keyin jinoyat ishi ochilib, tezkor vakil va profilaktika nozirini sodir bo`lgan o`g`irlikni yashirishda ayblashgan va basharti qilmishidan tonsa, o`ziga nisbatan qo`llanilgan “garov” ehtiyot chorasini qamoqqa olish tarzidagi choraga o`zgartirish bilan tahdid qilishgan, hatto bu niyatini amalga oshirish uchun xonasiga konvoylik xizmati xodimlarini ham chaqirtirishgan. Oqibatda tergovchi tomonidan yozilgan tushuntirish xatlarini imzolashdan bo`lak iloji qolmagan.

    Jabrlanuvchi J.Hojiboev ta’bir joiz bo`lsa, sudda yanada shov-shuvli tarzda ko`rsatma berdi. Uning aytishicha, hamma yoqda “o`g`irlandi”, deya ovoza qilingan o`sha do`ng peshonasi, dumi va oyoqlari oqimtir, tanasi esa qoramtir bo`lgan bir yarim yashar novvosi aslida o`g`irlanmagan, ipi yechilgani bois, noma’lum tomonga ketib qolgan. Mol yo`qolgani haqida hech kimga, jumladan “osoyishtalik posbonlari”ga ham xabar berishmagan, hech kimdan madad so`rashmagan. Shu orada ho`kizning ham daragi chiqqan, uni bir necha chaqirim naridagi Mang`it kanali sohillaridan topib keltirishgan. Ushbu voqeadan so`ng oradan ko`p o`tmay, tuman prokuraturasi xodimlari Hojiboyevlar xonadoniga kelishgan. So`ngra ota-bolani ushbu mahkamaga olib ketishgan va 5-6 soat mobaynida tergov qilib, ho`kiz o`g`irlangani haqida ariza yozish hamda shu ish yuzasidan ko`rsatma berishni aldov-avrov yo`li bilan talab qilishgan. Ariza bor-yo`g`i rasmiyatchilik uchun, undan hech kim aziyat chekmaydi, jinoyatni qayd qilamiz, xolos. Siz esa xotirjam yashayverasiz, deya ishontirishgan. Ho`kiz egalarining mol o`g`irlanmagani, balki yo`qolgani, oradan 4 kun o`tgach topib kelingani va hozir uyda asralayotgani, uni bemalol borib ko`rish mumkinligi haqidagi iddaolariga hech kim quloq tutmagan. Pirovardida, ichki ishlar xodimlarini ayblash hamda jinoyat ishi qo`zg`atish uchun asosiy dastakka aylangan mash’um ariza va tergov xodimining aytgani bo`yicha yozilgan ajabtovur ko`rsatma ana shu tariqa paydo bo`lgan. Xonadon egalarini keyinchalik tergov-tushuntirish va guvohlik uchun uzoq qishloq va tuman markazi orasida zir yugurishga, asablarining qaqshashiga olib kelgan bu voqealar bir necha oy uzluksiz davom etgan. Bundan zada bo`lgan arzgo`y-jabrlanuvchilar axiyri, haqiqatni qaror topdirish, behuda ovoragarchilik va asabbuzarliklarga chek qo`yish maqsadida, yuqori mahkamalarga murojaat qilishgan. Tergov taraf esa, “ho`kiz o`g`irligi” bilan bog`liq holatlarni jinoyatni “qasddan yashirish” sifatida ko`rib, uni qat’iyat bilan tekshirish va o`rganishda davom etgan. Jabrlanuvchilar molimiz o`g`irlanmagan, shu boiski ichki ishlar xodimlariga na yozma, na og`zaki tarzda xabar bermaganmiz, boz ustiga molimiz topilgan, uni o`zimiz izlab, o`zimiz topganmiz. Hozir uyda bog`liq turibdi, deya qilgan iltijolari baribir inobatga olinmagan. Aksincha, har ikki tomonga ham tazyiq va tahdid kuchaytirilgan. Mash’um ariza va bayonnomalar ostidagi imzolar, so`roqqa oid videotasvirlar garchi noxolis usullar yordamida olingan bo`lsa-da, ularni dastaklashda davom etilgan. Jabrlanuvchi J.Hojiboevning ta’kidlashicha, ota-bolani hatto, tuman hokimiga aytib, yeridan ham, fermer xo`jaligidan ham mahrum etish, o`zlarini esa eng og`ir jazoga ro`para qilish, mol-mulkini xatlash bilan qo`rqitishgan. Sudda guvoh maqomida qatnashgan M. Hojiboev o`g`lining bu ko`rsatmalarini to`la tasdiqladi.

    Sud jabrdiydalar bergan ko`rsatmalarga inonmasligi mumkin edi... Biroq ushbu ishda ota-boladan tashqari yana o`ndan ziyod guvoh va xolis, chunonchi mahalla jamoatchilik tuzilmasi rahbari G`.Rajabov, mahalla fuqarolar yig`ini raisi R.Hayitboyev, tuman ichki ishlar bo`limi xodimlari — X.Jonibekov, B.Sobirov, YU.Ahmedov, B.Yo`ldoshev, fuqarolar — D.G`oyibova, M.Yangiboevning ko`rsatmalari ham tinglandi. Ularning bari deyarli bir xil mazmunda ko`rsatma berdilar. Guvoh G`.Rajabov Hojiboev oilasining moli o`g`irlangani haqida tergov xodimining zug`umi va dag`dag`asi ostida ko`rsatma berishga majbur bo`lgani, o`zi yozib, imzolagan tushuntirish xatini aslida tergovchining og`zidan chiqqan so`zlar asosida bitgani, o`z ko`rgani, bilgani, eshitgani xususida aytishga ham, yozishga ham izn berishmagani, o`zlari xohlagan ko`rsatmani olish uchun tahdid va tazyiqqa tayanishgani, qamoq, qiynoqlar bilan qo`rqitishgani, oqibatda tergovchining zo`ravonlikka qaratilgan xatti-harakatlaridan norozi bo`lib, viloyat prokuraturasiga shikoyat-arizasi bilan murojaat qilgani, ammo unga hech kim javob bermagani, turli do`q-po`pisalar asosida muqaddam, tergov xodimining aytgani bo`yicha yozgan va imzolagan ko`rsatmalari aslida sudlanuvchilarga nisbatan bo`hton ekanligini ta’kidlab, haqiqatdan yiroq bunday soxta dalillarni emas, suddagi guvohligini inobatga olishni so`radi. Sudda guvohlik bergan mahalla fuqarolar yiQini raisi R.Hayitboev ham tergovga bergan ko`rsatmalarini o`z xohish-irodasi bilan emas, balki bu ishni o`ylab topganlarning zug`umi ostida qog`ozga bitganini ma’lum qildi.

    Sudda tergov organi vakillari — D.Davlatov, J.Qurbonov, M.Jumaniyozov, D.Sultonov ham guvohlik berib, ayblov tarafning ro`y bergan voqeaga nisbatan qarashini so`zlarida sobit turgan holda himoya qildilar. Sudga havola etilgan fakt va dalillarning to`g`ri va asosli ekanini ta’kidladilar. Ularga ko`ra, surishtiruv jarayonida jabrlanuvchi va guvohlarning huquq va majburiyatlariga to`la rioya qilingan. So`rov jarayonlari video tasvirlarda o`zining aniq-ravshan aksini topgan, rasmiylashtirilgan bayonnomalar esa so`ralayotgan shaxsning ko`rsatmalari asosida yozilib, keyin imzo qo`ydirilgan, unda tergovga jalb etilgan shaxslarning advokatlari ham qatnashgan. Guvohlardan D.Boltaboyev, M.Hasanov ho`kiz yo`qolgan paytda ichki ishlar xodimi libosidagi bir necha kishi qushxona va uning yaqinida joylashgan fermer xo`jaligiga kelib, bedarak ketgan mol xususida surishtiruv o`tkazganini bildirdilar.

... Sud majlisida fikri tinglangan ko`pchilik guvohlar Hojiboyevlar xonadoniga qarashli novvos chindan ham o`g`irlanmaganini aytishdi. Binobarin, jinoyat ishiga tirkalgan aksariyat fakt va dalillar ham aynan shu holat — ko`pchilikning fikrini ifodalaydi. Shunday ekan, o`g`irlanmagan mol uchun kimlarnidir ayblash va jinoyat ishi ochish kerakmidi? Bu ish xuddi qorong`u uyga kesak otishga o`xshaydi. Natijada, beayb kishilarning “burni qonashiga”oz qoldi. Mash’um jinoyat ishi uchun asosiy dastak — ho`kiz o`g`irligi voqeasi aslida ro`y bermagani, jabrlanuvchi va ayblanuvchilar bu ish yuzasidan biron-bir joyga arz qilib borishmagani, ayrim shaxslarning xatti-harakatlari yuzasidangina norozilik bildirishgani ham ro`y-rost yuzaga chiqdi. Adolat tarozusini adl tortgan sud esa qonun talabiga muvofiq ish tutdi. Ayb tasdiqlanmadi. Nohaq va bemavrid qo`zg`atilgan ishning jilla bo`lmasa qurboniga aylanayozgan kishilar aybsiz bo`lib chiqdi. Tergovda ham, sudda ham bartaraf etilmagan bir qator shubha-gumonlar esa qonun talabiga muvofiq jabrlanuvchi va sudlanuvchilar foydasiga hal etildi.

Shu o`rinda atoqli adib, mashhur yozuvchimiz Abdulla Qahhorning “O`g`ri” hikoyasi yodga tushadi. Unda ham ola ho`kiz yo`qolib qoladi. “Yo`qolmasidan ilgari bormidi?” — deydi amaldor Amin. “Yaxshi ho`kizmidi yo yomon ho`kizmidi?”

Zotan, ushbu «jinoyat ishi» ham boshdan oyoq spektakl, o`yindan iborat ekani kunday ravshan. Nazarimizda, sudlovning eng katta kamchiligi ham ana shunda. Shu munosabat bilan barcha ishtirokchilarga bitta savolimiz bor: “ho`kiz o`yini”dan maqsad nima edi? Bu savolga Xorazm viloyat, Yangibozor tumani huquq-tartibot tizimi mutasaddilari nima deb javob berishar ekan?

Olimboy MASHARIPOV,

jinoyat ishlari bo`yicha

Xiva shahar sudi raisi,

Abdulla SOBIROV,

jurnalist.

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.