«Mushuklarni jinim suymasdi»

Ko`p yillardan beri diydorlashmagan dugonam bilan ko`rishib qoldik. Yuzini ajin qoplab, ko`zlari nursiz bo`lib qolganidan xavotirlandim. Xayolimdan: “balki  ko`p yildan beri tirnoqqa zorligi uchun shu holga tushdimikin?” degan o`y o`tdi. Boshqa dugonalarimdan u haqida “ko`rinmagan shifokori qolmabdi. Er-xotin sog`lom ekan, ammo nimagadir farzandga zor” deganlarini eshitgandim. Yaqin atrofdagi qahvaxonalardan biriga kirdik. 

  — Befarzandligimizda turmush o`rtog`imning aybi yo`q, — dedi u yig`lab. — O`zim aybdorman... Esingdami, bolaligimda mushuklarni jinim suymasdi. Duch kelganini ayovsiz o`ldirganman. Bir kuni, hech esimdan chiqmaydi. Qish edi. Ukalarim ko`chada qolgan mushukchani uyga olib kirishdi. “Opa, egasi chiqquncha biznikida yashab tursin. Muzlab qolay debdi” – deyishdi. Nima qildim, bilasanmi? Dir-dir titrab turgan mushukchaga rahm qilish o`rniga, yonib turgan pechkaning eshigini ochib, ichiga otvordim. Ukalarim nima bo`layotganini ham tushunmay qolishdi. Mushukcha bir-ikki miyovlab, tinchidi. Qaniydi, shu bilan bosilgan bo`lsam… Begunoh jonivorlarga rahm qilmaganim va qarg`ishiga qolganim uchun Alloh menga farzand bermayotgandir… Vijdon azobi qiyin ekan. Qaniydi, o`sha damlar ortga qaytsa-yu, ularga mehr ko`rsata olsam... 

PETITSIYA VA DEPUTATLAR

    2019 yil boshida fuqaro Alan Ponomaryovning qarovsiz qolgan jonivorlar uchun yozgan  petitsiya murojaati «Mening fikrim» portalida 10 mingdan ortiq ovoz to`plab, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga yuborilgan edi. Quyi palataning yalpi majlisida ushbu masala deputatlar tomonidan ko`rib chiqildi va «O`zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 111-moddasiga o`zgartish va qo`shimcha kiritish haqida»gi O`zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi birinchi o`qishda qabul qilindi. Maqsad — insonlarni hayvonlar va jonivorlarga nisbatan har qanday ko`rinishdagi zo`ravonlikdan tiyib turish va bunday harakatlar uchun jazoni kuchaytirish yo`li bilan ularni shafqatsiz va noto`g`ri munosabatdan himoya qilishdan iboratdir. 

JAVOBGARLIK

    Egasiz jonivorlarga rahmsizlik oqibatlariga aksariyatimiz duch kelganmiz. Ammo yana shunday shafqatsizliklar borki, buni aslo kechirib bo`lmaydi. Bunday holatlarga nafaqat kattalar, balki bolalar ham bemalol qo`l urayotgani tashvishli. Olmaliq shahrida yuz bergan fojia bunga misol. Bolalar itning qorniga sim tiqib, ustidan benzin quyib, yoqib yuborishgan. Toshkent shahrining Olmazor tumanida 18 yoshli qizlar tomonidan mushuk suvga cho`ktirib o`ldirilgan. Ma’muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 111-moddasiga muvofiq, sud tomonidan ularga nisbatan eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida jarima solish haqida qaror chiqarilgan. Toshkent shahrining Yunusobod tumanida farrosh tomonidan mushuklar shafqatsizlarcha o`ldirilgan. Sud mazkur qilmishni mayda bezorilik sifatida malakalagan va eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solish haqida qaror chiqargan. Aynan ushbu tumanda bir odam 6 nafar voyaga yetmagan bolalar ko`z o`ngida kuchuk bolasini chavaqlagan. Mirzo Ulug`bek tumanida esa bir o`spirin mushukni pnevmatik quroldan otib tashlagan, ushbu holat videokuzatuv kamerasi tomonidan suratga olingan. Unga nisbatan sud eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima solish haqida qaror chiqargan...

Hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo`lishning ijtimoiy xavfi, jonivorlarni voyaga etmaganlar ko`z o`ngida o`ldirish yoki ularga shikast yetkazish voqea shohidlari va hayvonlarning egalariga ruhiy ziyon etkazadi. 

Toshkentdagi “Mehr va oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyatining statistik ma’lumotlariga ko`ra, 2014-2018 yillarda mazkur tashkilotga fuqarolardan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo`lish haqida 3588 ariza tushgan. Bunday tashvishli holatlarning statistikasi yildan-yilga o`sib bormoqda: 2014 yilda 494, 2015 yilda 550, 2016 yilda 720, 2017 yilda 810 va 2018 yilda 1014 shikoyatni tashkil qilgan. SHu bilan birga, “Mehr va oqibat” jamiyati faqat Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o`z faoliyatini amalga oshirayotganini va bunday holatlarning hisobi mamlakatimizning boshqa mintaqalaridan kelayotgan ayrim holatlar bo`yicha murojaatlarni hisobga olmaganda, respublikamiz miqyosida yuritilmasligini ham e’tiborga olish zarur.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudidan olingan ma’lumotlarga ko`ra, 2014-2017 yillarda va 2018 yilning 9 oyi davomida ma’muriy sudlar tomonidan Ma’muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 111-moddasi bo`yicha 399 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik haqidagi 277 ish ko`rib chiqilgan. Ulardan faqat 199 ish bo`yicha 281 shaxsga nisbatan ma’muriy choralar qo`llanilgan. Ayni paytda sud statistikasining ko`rsatishicha, huquqbuzarlik sodir etilishining oshib borayotgani kuzatilmoqda. 

Nargis QOSIMOVA,

“Rahmdil bo`l” egasiz hayvonlarni himoya

qilish tashabbuskor guruhining a’zosi, jurnalist: 

— Xalqaro tajribani o`rganish shuni ko`rsatadiki, bir qator mamlakatlarda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo`lish bilan bog`liq harakatlarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik ham nazarda tutilgan (Belarus Respublikasining Jinoyat kodeksi — 3391-modda, Rossiya Federatsiyasining Jinoyat kodeksi — 245-modda, Qozog`iston Respublikasining Jinoyat kodeksi — 316-modda, Ukrainaning Jinoyat kodeksi — 299-modda). Shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha, Yaponiya, Hindiston singari davlatlarning qonun hujjatlariga muvofiq hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo`lish jinoyat hisoblanadi va katta miqdorda jarima solishga yoki ozodlikdan mahrum qilishgacha jazo qo`llanilishiga sabab bo`ladi. Ushbu qonunlarning maqsadi insonlarni hayvonlarga nisbatan har qanday ko`rinishda zo`ravonlikdan tiyib turish va bunday harakatlar uchun jazoni kuchaytirish yo`li bilan jonivorlarni shafqatsiz va noto`g`ri munosabatdan himoya qilishdan iborat.    

Qolaversa, qarovsiz qolgan uy hayvonlarining atrof-muhit va jamiyatga ko`p foydasi tegishini ham unutmasligimiz kerak. Himoyasiz jonivorlarni qirish oqibatida 1958 yil Xitoyda dahshatli voqea ro`y bergan. Maosszedun buyrug`iga asosan qishloq xo`jaligi ekinlariga ziyon yetkazishda “ayblanib”, ikki milliarddan ortiqroq qush yo`q qilingan. Ko`p o`tmay, ekinlarga chigirtka qiron keltirgan. Ochlik va kasallikdan o`sha zamonda 10 milliondan ortiq odam qirilib ketgan. 

Guli ERGASHEVA, 

“Rahmdil bo`l” egasiz hayvonlarni himoya

qilish tashabbuskor guruh rahbari:

— “Rahmdil bo`l” tashabbuskor guruhimiz bag`rikeng, tilsiz, himoyaga muhtoj jonivorlarga beminnat yordam ko`rsatadigan insonlardan tashkil topgan. Biz iloji boricha ko`chadagi it va mushuklarni “ovlab ketuvchilar”dan qutqarish, ularni veterinariya ko`rigidan o`tkazish, ijtimoiy tarmoqlar orqali yangi ega topishga ko`maklashamiz. Albatta bu harakat guruhimiz a’zolarining o`z hisoblaridan amalga oshiriladi. Ammo jonivorlarga nisbatan shafqatsizlik kuchaygan bir paytda bizning va “Mehr va oqibat” nodavlat-notijorat tashkilotimiz a’zolarining faoliyati dengizdan bir tomchi, xolos. Biz yuksak ma’naviyat uchun kurashar ekanmiz, jonivorlarga ham mehrli bo`lishimiz lozim. Egasiz jonivorlarning sonini nazorat qilish ularni o`ldirish orqali emas, aksincha sterillash, ularga veterinariya pasportini berish, boshpanalar qurish asosida amalga oshirilishi zarur. Bu faoliyat albatta davlat tomonidan nazorat qilinishi va qo`llab-quvvatlanishi kerak.

Afsuski, qonun qabul qilinib, jazo turlari kuchaytirilgan bo`lsa-da, hanuz O`zbekistonda egasiz jonivorlarga shafqatsiz munosabat deyarli o`zgargani yo`q. Toshkent shahrida it va mushuklarni zaharlash, o`ldirish, qiynash davom etmoqda. Eng yomoni, respublika viloyat, shahar va tuman hokimliklari qoshida faoliyat yuritayotgan maxsus mexanizatsiyalashgan bo`limlar tomonidan tutib ketilgan it va mushuklar ayanchli ahvolda saqlanib, kasal yoki kasal emasligi tekshiruvdan o`tkazilmasdan, emlanmasdan o`ldirilmoqda. 

Kriminologiya, psixologiya, sud psixiatriyasi sohasidagi olimlarning tadqiqotlari shuni ko`rsatadiki, hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo`layotgan shaxslar ko`pincha potensial jinoyatchilar bo`ladilar va huquq-tartibot organlarining jiddiy e’tiboriga loyiqdirlar. Tadqiqotlarning ko`pchiligi shuni ko`rsatadiki, manьyak-qotil 8-12 yoshdanoq shakllana boshlaydi. Agar ilgari bolalarning hayvonlarni tahqirlashi asosan oiladagi nomaqbul vaziyat tufayli tarbiyadagi nuqson sifatida talqin etilgan bo`lsa, hozirgi kunda olimlarning so`nggi ma’lumotlariga ko`ra, shafqatsizlik va tajovuzkorlik alohida genga boQliq ekan. Bolalik yoshida ushbu gen ma’lum bir vaziyatlarda psixopatiyaga olib kelishi mumkin. Singapurda, jamiyat bolalar tarbiyasi yuzasidan muammolarga duch kelganida, mamlakat bosh vaziri Li Kuan YUning o`tkazgan islohotlari natijasida maktablarda o`simlik va hayvonot dunyosiga mehrni kuchaytirish borasida ekologiya darslari soni oshirilgan. Shunda hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo`lgan ota-onalarini ularning o`z farzandlari uyaltira boshlaydi. Singapurda aynan uysiz hayvonlarni himoya qilish borasida kampaniyalar boshlandi. Natijada o`smirlar va bolalar amalga oshirayotgan jinoyatlar soni keskin kamaydi. SHuning uchun, ko`rilayotgan choralar, shu jumladan, qabul qilinayotgan qonunlar hayvonlarga nisbatan insonparvarlik madaniyatini va mas’uliyat hissi shakllanishiga xizmat qilishi kerak.

Shuhrat MUHAMMADJONOV,

Toshkent shahar hokimligi qoshidagi maxsus

mexanizatsiyalashgan bo`lim mexanigi: 

— Biz fuqarolarning chaqirig`iga asosan daydi it va mushuklarni tutib ketamiz. Ular hammasi bir joyda saqlanadi. Iloji boricha, o`z yonimizdan ularga ovqat beramiz. Keyin o`sha jonivorlar tabiiy o`lim topadi.

Bir qafasda it va mushuklarning saqlanishi, ochlik va suvsizlikdan sillasi qurigan jonivorlarning bir-birini g`ajishi dahshatli holat. Mazkur bo`lim tomonidan it va mushuklar temir buyumlar bilan urib o`ldirilib, jonivorlarning jasadlari chiqindi poligonlaridagi “Hayvonlar qabristoni”ga olib borib tashlanadi. 

O`zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo`mitasining xodimi (ismini sir saqlashni so`radi) bergan ma’lumotlarga ko`ra, bugungi kunda egasiz jonivorlarning nazorati Јo`mita tasarrufidan chiqarilgan. Jonivorlarga insoniy qadriyatlar asosida mehr ko`rsatish, emlash, ularning sog`lig`ini nazorat qilish o`rniga shavqatsizlik usullariga o`tilgan.

Muhim masalalardan biri hisoblangan hayvonlarga munosabat afsuski, qonun jihatdan ham to`la tartibga solinmagan. 

Alqissa, gapni mushukdan boshlagan edik. Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mushuk va shunga o`xshash jonivorlarga e’tiborsiz bo`lmaslik, ularga aziyat etkazmaslik, qiynamaslikka buyurganlar. Bir hadisi sharifda ul zoti muborak: «Bir mushukni bog`lab qo`yib, unga ovqat va suv bermagan, yerdagi qurt-qumursqalarni tutib yeyishiga ham qo`yib bermagan odam jahannamga kiradi», deb aytganlar. 

Yaratgan panoh bersin, rahm qilsin.

Xulosani esa har kim o`zi chiqarsin.  

Feruza BERDIYEVA, 

jurnalist.

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2019
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.