Sog‘lik faqat shifokorga bog‘liqmi? Yoki tibbiy madaniyat yuqori bo‘lmasa, hammasi bekor!

 

Dilmurod IRGASHEV, “Doktor D” klinikasi bosh direktori:

— Sog‘lik — bebaho boylik. Sog‘­lom odamni boy deyish mumkin. Kasal odamga hech qanday mol-dunyo tatimasligini yosh bola ham biladi. Tibbiy madaniyat faqat moddiyatga bog‘liq emas. Unda xohish, e’tibor birlamchi. Arzimas, mayda-chuyda deb biladigan masalalarga ham e’tibor qaratish orqali tibbiy madaniyat shakllanadi.

Odam o‘zini turli tashqi ta’sirlardan himoya qilishi, ozoda kiyinishi, kun tartibi va gigienaga rioya qilishi, atrofdagilarga g‘amxo‘rlik qilib, mehr ko‘rsatishi, samimiy bo‘lishi — ayting-chi, bularning qaysi biri mablag‘ talab qiladi? Biz kezi kelganda, o‘zimizni ayamaymiz. Biror jo­yimiz og‘risa, yotib turay, o‘tib ketar, dori ichsam, tuzalib qolarman kabi bahonalar bilan taskin izlaymiz. Oramizda kasalga qancha e’tibor qilsang, shuncha taltayadi, deydigan odamlar ham bor. Vaholanki, biror kasallik alomati paydo bo‘lganidanoq shifokorga murojaat qilinsa, ortiqcha ovoragarchiligu sarf-xarajatlarga xojat qolmaydi.

Oliygohda turli millat vakillari bilan o‘qiganman. Ular biz kichik barmog‘imiz og‘risa ham shifokorga boramiz, siz esa bemorni, albatta, ko‘tarib borasiz. Chunki o‘z oyog‘i bilan borishga xoli ham qolmaydi, deyishar edi. Bu achchiq haqiqat. Vaqt o‘tib ketganidan keyinyelib-yugurishlar befoyda. Bilasizmi, to‘g‘ri ovqatlanish ham salomatlikni asrashda muhim o‘rin tutadi. Aksariyat odamlar sotib olayotgan yoki iste’mol qilayotgan mahsulotining salomatlikka qanchalik ta’siri bor-yo‘qligiga u qadar ahamiyat bermaydi. Yoki xarid qilayotgan oziq-ovqatining yaroqlilik muddati, sifati, kaloriyasi bilan qiziqmaydi. O‘ta kuchli yoki sifatsiz oziq-ovqat organizmga zarar. Shifokorlar nega parhez buyuradi? Chunki organizmda yaxshi xazm bo‘ladigan yoki aksincha uning holatini yanada og‘irlashtirib yubordigan oziq-ovqatlar bor.

Zamon o‘zgarayapti, qarashlar o‘zgarayapti. Kimdir sport-sog‘lomlashtirish markazlariga, sog‘lom ovqatlanish kurslariga, turli shifo muolajalariga borayapti, yana kimdir parhez qilayapti. Odamlar hayotni qadrlashni o‘rganayapti. Bu ham ularning tibbiy madaniyati oshayotganining bir belgisi.

Ammo aholining tibbiy madaniyati meni uncha qoniqtirmaydi. Kasbim taqozosi bilan turli mamlakatlarda xizmat safarlarida bo‘laman, tajriba almashaman, maslahat berish jarayonlarida ishtirok etaman. Kuzataman. Rivojlangan mamlakatlarda tibbiy madaniyat shu darajada yuqoriki, bizda uchraydigan kasalliklarning 80 foizi ularda deyarli yo‘q. Aholining 80-90 foizi parhezga rioya qiladi, hayot tarzini sport bilan o‘tkazadi, qat’iy tartib-qoidalarga rioya qiladi. Qisqacha aytganda, umrni uzaytirish choralarini ko‘radi. Chunki ularda tibbiy madaniyat yuksak. Uzoq umr ko‘rish tibbiy madaniyatga ko‘p jihatdan bog‘liq. Biz hozir sog‘lom bo‘lish bosqichidamiz. Tibbiy madaniyat to‘liq shakllanganidan ke­yin uzoq umr ko‘rish choralarini ko‘rishga kirishamiz.

Tibbiy madaniyatni oshirishda turli tadbirlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar ma’lum ma’noda yordam berishi mumkin. Hammasi insonning o‘ziga bog‘liq. Xal­qimizda kamroq uxla, kamroq gapir, kamroqye, degan gaplar bejiz aytilmagan. Bunda hikmat ko‘p. Bu odatlar nasldan naslga o‘tsa, avlodlar bardavomligi ta’minlanadi. Loqayd va dangasa kishilar kam yashaydi yoki ko‘proq kasallikka chalinadi. Umuman olganda, inson salomatligi, birinchi navbatda, o‘zi uchun muhim. Shifokorlar esa salomatlikni asrash haqida yo‘l-yo‘riq beradi, xolos.

Muqaddasxon RAHMATILLAYEVA, Toshkent shahar, Shayxontohur tumanidagi 44-son oilaviy poliklinika bosh shifokori:

— Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlarining fikricha, inson sog‘lig‘ining 20 foizi irsiy omillarga, 20 foizi atrof-muhitga, 8-10 foizi tibbiy xizmatga, qolgan 50 foizi esa turmush tarziga, ya’ni hayot kechirish darajasiga bog‘liq ekan. Demak, inson salomatligi har jihatdan uning o‘z qo‘lida desak, xato bo‘lmaydi. Salomatlikni asrashning eng muhim sharti esa tibbiy madaniyatni shakllantirish hisoblanadi. Tibbiy madaniyat kundalik turmushni inson organizmi va u yashayotgan muhit qonuniyatlaridan kelib chiqib salomatlikni saqlash hamda mustahkamlashga qaratilgan tadbirlardan iborat. Unumli mehnat qilish, maroqli dam olish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish, organizmni chiniqtirish, shaxsiy gigienaga rioya qilish, tartibli va to‘g‘ri ovqatlanish, zararli odatlardan o‘zini tiyish, doimiy ravishda shifokor ko‘rigidan o‘tib turish tibbiy madaniyatni tashkil etadi.

Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Tibbiyot xodimlari har qancha jon kuydirgani bilan odamning o‘zida intilish, harakat bo‘lmasa qiyin. Afsuski, aholining tibbiy va sanitar-gigienik madaniyati darajasiyetarli bo‘lmagani tufayli profilaktikaga emas, kasalliklar bilan kurashishga asosiy e’tibor qaratilayapti.

2018 yil 18 dekabrda Prezidentimizning “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, sog‘­lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorda tibbiy-profilaktika sohasida olib boriladigan ishlarni takomillashtirish, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini, jismoniy faollik va to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini keng tar­g‘ib etish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining tibbiy madaniyatini rivojlantirish singari vazifalar qayd etilgan.

Tibbiy madaniyat darajasi qancha yuqori bo‘lsa, aholining kasallikka chalinish xavfi shuncha kamayadi, kasalliklarning surunkali shaklga o‘tib ketmasligi yoki nogironlikka chalinishining oldi olinadi. Shuningdek, insonda ishchanlik kayfiyati barqaror bo‘lishi ta’minlanadi.

Tibbiy madaniyat ekologik madaniyat bilan chambarchas bog‘liq. Atrof-muhit tozaligi salomatlik garovi deb bejizga aytilmagan. Musaffo havo, go‘zal tabiat, betakror manzaralarni ko‘rib, odamning bahri dili yayraydi. Afsuski, shunday go‘zal manzaraga dog‘dek bo‘lib turgan chiqindilarni ko‘rganda ta’bingiz xira bo‘ladi. Ilgari hovlilar supurib-sidirilganda chiqindilar hech qachon darvozaning tashqarisiga chiqarib qo‘yilmagan. Chunki yoshi ulug‘ insonlar chiqindi oyoq ostida, ko‘zga ko‘rinadigan joyda turmasin, bexosiyat bo‘ladi deb uqtirishgan. Ko‘cha-ko‘yda, yo‘llar va ariqlar yoqasida sochilib yotgan chiqindilar inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Xazonlarni yoqish bilan faqat havo ifloslanmaydi, balki turli kasalliklar ham kelib chiqishi mumkin.

Shu o‘rinda yana bir masala. Mamlakatimizda bolalarni boshqariluvchi yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha bepul emlash ishlari amalga oshiriladi. Bu ham bolalarni turli kasalliklardan asrashga qaratilgan. Ayrim yosh onalarning tibbiy madaniyatiyetarli bo‘lmagani uchun emlashni tushuntirish qiyin kechadi. Tibbiyot xodimlarining uyma-uy yurib yoki maktab va kollejlarga borib o‘tkazgan targ‘ibot ishlari, nazarimda,yetarli samara bermayapti. Chunki eshitgan boshqa, ko‘rgan bosh­qa. Shuning uchun ommaviy axborot vositalarida ta’sirchan, qisqa-qisqa ijtimoiy reklamalar berib turish kerak.

Poliklinikamizda 177 nafarga yaqin tibbiyot xodimlari 43 mingdan ortiq aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishyapti. Aholining tibbiy madaniyatini oshirish, ularda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini hosil qilishga qaratilgan tushuntirish, targ‘ibot ishlari olib borilayapti. Chunki tibbiy madaniyat shakllansa, kasallikning 50 foizi oilaning o‘zidayoq bartaraf etiladi.

Viloyat DAVLETOVA, psixolog:

— Hayot — oliy mukofot. Uni asrab-avaylash, qadrlash uchun sog‘lom bo‘lish shart. Bu oddiy haqiqatni faqat vaqt ko‘rsatadi. Inson shu qadar murakkab zotki, uning ong ostiga ijobiy quvvatni yo‘naltirish uchun tashqi ta’sirlar talab etiladi. Tibbiy madaniyat ham bevosita tashqi ta’sirlar asosida shakllantiriladi. Ko‘nikma hosil qilish, ibrat bo‘lish, o‘rnak ko‘rsatish bunda muhim ahamiyatga ega. Inson ulg‘ayganida o‘rgangan tartib-qoidalarni hayoti davomida qo‘llaydi. Kerakli ma’lumotlarning 80 foizi ko‘z orqali qabul qilinadi. Demak, xalqimiz “qush uyasida ko‘rganini qiladi” deyishi bejiz emas. Tevarak-atrofdagilar tozalik, tartib-intizom yoki mehr-oqibat haqida nasihat qilsayu o‘zlari uning teskarisini amalga oshirsa, bu qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi? Ust-boshi bir ahvolda bo‘lgan onaning farzandi toza kiyimlarda yurishini tasavvur qilish qiyin. Yoki ko‘chadan keliboq qo‘lini yuvmasdan ovqatyeydigan odam hech qachon farzandiga tozalik, gigiena haqida maslahat berolmaydi. Chunki o‘zi o‘rnak bo‘lolmaydi. Inson xotirasida muhrlanib qoladigan xatti-harakatlar istaydimi yo‘qmi kelgusida, albatta, takrorlanadi. Oddiy misol. Aksariyat hollarda oshpazning farzandi oshpaz, shifokorning farzandi shifokor, huquqshunosning farzandi huquqshunos bo‘ladi. Nega? Sababi bola ulg‘aygan joyda shunday muhit to‘liq shakl­langan va u tabiiy ravishda shunga moslashadi. Demak, tibbiy madaniyat borasida ham farzandlarimiz xuddi shunday ko‘nikma asosida voyagayetadi.

Turli zararli odatlar, masalan, tamaki chekish, alkogol iste’molini ham bola avval oiladan o‘rganadi. Ota qo‘lida tamakini tutatib uning zararlari haqida nasihat berolmaydi-ku. Otasining tamaki chekayotganini ko‘rgan qaysi bola o‘zini tiyib tura oladi? U bir marta bo‘lsa ham qiziqib chekib ko‘radi. Bola hech narsadan qo‘rqmay, sog‘lig‘i haqida o‘ylab o‘tirmay bu zararli odatlarni o‘ziga singdiradi. O‘zini qadrlamagan insonni qanday tarbiyalash mumkin? Shuning uchun tibbiy madaniyatni shakllantirishda ehtiyotkorona yondashuv talab etiladi. Hattoki hali bola dunyoga kelmasidanoq bu tarbiya boshlansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Homiladorlik davrining osoyishta, ijobiy muhitda kechishi, ota-onaning sog‘lom bo‘lishi sog‘lom bolaning dunyoga kelishiga zamin yaratadi.

Psixologlar bo‘lg‘usi onalarga hali tug‘ilmagan go‘dak bilan muloqotda bo‘lishni, ular bilan suhbatlashishni, yoqimli musiqalar eshittirishni tavsiya qiladi. Boi­si go‘dak onadagi har bir o‘zgarish va xatti-harakatni his etadi. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, homiladorlik davrida turli ruhiy stresslar, asabbuzarliklarni boshidan o‘tkazgan onalarning farzandi g‘oyat yig‘loqi, injiq, asabiy bo‘lib tug‘iladi. Kasallikka moyilligi yuqori bo‘ladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, tibbiy madaniyat, ruhiy tarbiya hamda jismoniy barkamollikni farzand dunyoga kelmasdanoq boshlash zarur.

E’tibor qilganmisiz, ko‘pincha keksa odamlar yoshlarni issiqroq kiyinib yur, ovqatingni vaqtidaye, deb tergaydi. Chunki ularyengil ki­yinib yoki vaqtida ovqatlanmagani uchun turli kasalliklar, hatto surunkali xastaliklarni orttirib olish mumkinligini yaxshi tushunishadi.

Bir so‘z bilan aytganda, mo‘’tadil sharoit, ijobiy muhit, ruhiy sog‘lomlik, tani sihatlik tabiiyki, inson umrining zavqli va mazmunli bo‘lishiga xizmat qiladi. Bu borada tibbiy madaniyat nihoyatda muhim ekanini unutmaslik lozim.

Mutaxassislarning fikr-mulohazalaridan ham ko‘rinib turibdiki, hayotda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar, duch kelinayotgan muammolarga qaramasdan, inson o‘z sog‘lig‘ini birinchi o‘ringa qo‘yishi kerak. Zotan, sog‘ tanda — sog‘lom aql, deb bekorga aytilmagan. Sog‘lom g‘oyalar esa baxtli kelajak uchun poydevor bo‘ladi, zamin yaratadi. Shuningdek, uzoq umr ko‘rmoq saodati nasib etadi. Buni shunchaki gap deb qarash xato. Uni chuqur his etish, ongli ravishda intilib yashash lozim. Mazkur yo‘nalishda inson o‘zida ko‘nikma hosil qilsa maqsadga erishadi. Taraqqiy etgan mamlakatlarda aholi salomatligiga istiqbolning asosiy omili sifatida qaraladi. Binobarin, aholi orasida tibbiy madaniyatni rivojlantirish orqali har jabhada yuqori ko‘rsatkichlarga erishish amaliyotda o‘z isbotini topgan. Shunday ekan, tibbiy madaniyat nafaqat ehtiyoj, balki zaruriyatga aylanmog‘i lozim.

Hidoyat JO‘RAYEVA, jurnalist

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MEHR RISHTASI

2019-08-21 06:21:09

Kasallikni davolagandan ko‘ra...

2019-08-21 10:27:02

O‘zbekiston

2019-08-21 11:19:53

“Axborot”da kechgan yillar

2019-08-21 05:30:04

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.