HOVLI OLMA, QO‘SHNI OL

Milliy me'morlik an'analari asosida barpo etilayotgan va har tomonlama qulaylikka ega zamonaviy turar-joylar va hovlilar mahallalarimiz fayzu shukuhini yanada oshirmoqda. Ammo bir masala e'tibordan chetda qolayotganga o‘shaydi. Bunga o‘zim yashab turgan, poytaxtimizning ko‘rkam, markaziy massivlaridan birida guvoh bo‘lganim, balki quyida ifodalanayotgan voqyea-hodisalarning bevosita ishtirokchisi bo‘lganim uchun masalaga keng­roq qarashga ehtiyoj sezdim. Chunki bu muammo faqat mengagina tegishli emas.

 

Ma'lumki, yurtimizda tadbirkorlikka yo‘l ochilib, odamlarmizda mulkchilik hissi uyg‘ondi. Kimdir fermer, kimdir boshqa ishlarning boshini tutib, o‘z ishbilarmonligining foydasini ko‘ryapti.  Ayniqsa savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ko‘pymoqda. Bu juda yaxshi albatta. Ammo ko‘p qavatli uylarning savdobop birinchi qavatlarida do‘konlar ochish maqsadida qayta qurilayotgani me'moriy yechimlarga mosmi, ularni kim nazorat qiladi? Qilyaptimi? Gap shu haqda. Pulni pulga urib pul qilishning usullari ko‘p. Shunday usullardan biri keyingi paytda ko‘p qavatli uylar xonadonlarini sotish-sotib olish jarayonida XUJMSH va MFYlarni yetarli darajada aralashmasligi, uy-joy xonadon egasining xohishiga ko‘ra o‘zboshimchalik bilan “ta'mir”lanishi me'morlik qoidalarining buzilishiga olib kelmoqda.

Lahjamizga «dom» bo‘lib kirib kelgan, ko‘p qavatli uylarning biridagi xonadonda ta'mirlash ishlari boshlandi. Birinchi qavat ayvonlarini kengaytirish, qo‘shimcha yo‘lak ochish, yuqori qavatdagi xonadonlarda xonaning ichki devorlarini (hatto asosiysining ham bir qismini) kuchli parchalovchi texnika yordamida boshlangan bu ishdan qo‘shnilarning uyi larzaga keldi. Moddiy va ma'naviy zararku mayli, ammo loyihada ko‘zda tutilganidan ikki barobar ko‘p miqdorda qurilish materiali ishlatish bunday uylarning sifatini yo‘qotmaydimi? Mustahkamligiga putur yetkazmaydimi?

Ayrim turar-joylarda birinchi qavat ayvonlari ostiga tirgovich qo‘yilayotganligining o‘zi xonadonning jiddiy shikast yeganidan dalolat emasmi? Ayniqsa, uy sotib olib, o‘zibilarmonlik bilan ta'mirlab, uchinchi odamga sotuvchi “tadbirkor”larning qilmishi hammasidan oshib tushmoqda. Oyog‘imizga bolta urayotgan bunday manzara, afsuski, hech kimni tashvishga solmayapti. «Jarrohlik operatsiyasi»ni boshidan o‘tkazgan bunday uylar tez orada istiqomat uchun yaroqsiz bo‘lib qolmasligiga kim kafolat beradi?

To‘g‘ri, har bir viloyat, tumanda qurilish va me'morlik (arxitektura) bo‘yicha mas'ul odamlar bor. Ularning ishi aslida, shunday buz­g‘unchilikning oldini olish maqsadida arxitektura hisob-kitoblariga moslab chizilgan xonalar tarixini qo‘pol bo‘lsa-da, aytish kerak - nazorat qilish, qonuniy chora ko‘rish, kerak bo‘lsa, bong urish emasmi?! Davlatimizning milliardlab mablag‘iga qurilgan ko‘p qavatli uylarning birovlar manfaati uchun nochor ahvolga tushganiga kim javob beradi? Qachongacha o‘zimizni ko‘rib-ko‘rmaganlikka, eshitib-eshitmaganlikka olamiz?

Uchinchi qavatda yashaydigan qo‘sh­nimiz uyini sotib, xorijga ketishi bilanoq, bu xonadonda haddan ziyod shovqin, taraqa-turuq boshlandi. Qo‘shnilar bilan yuqoriga ko‘tarildik. Qo‘ng‘iroq tugmachasini uzoq bosib turganimizdan so‘ng, eshik ochildi. Shiddat bilan tash­qariga yopirilgan chang ichidan bir yigit chiqib keldi. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki, uy devorlari ostin-ustun qilib, buzilayotgan edi. Biz dar­hol ishni to‘xtatishni, uy egasini chaqirishni, aks holda militsiyaga murojaat qilishimizni aytdik. Usta xo‘p degancha, quloqni qomatga keltiruvchi uskuna bilan devor buzayotgan sheriklari tomon shoshildi. Biz izimizga qayt­dik. Biroq, oradan bir soat o‘tar-o‘tmas, yana xonadonlarimiz titrashga tushdi.

Mahallaga, hokimiyat va militsiya­ga sim qoqib, yordam so‘radik. So‘ng, uy qo‘mitasi raisi bilan yana buzilayotgan xonadonga yo‘l oldik. Qo‘ng‘iroq chalishdan tashqari eshikni rosa taqillatdik, hatto tepdik ham. Ichkarida jimlik cho‘kkan bo‘lsa-da, eshik ochilmadi. Kechqurun mahalla noziri keldi (mahalla rahbarlaridan esa hech biri qorasini ko‘rsatmadi). Bu paytda ustalar ketib bo‘lgan, hammayoq jim-jit edi. Nozir ham ertaga kelib gaplashaman degancha  g‘oyib bo‘ldi. Kaltakni yetim yer deganlaridek, ustalarning aybi bilan qo‘shnimiz uyi­ga bir necha bor suv o‘tib, xonadonning holiga maymunlar yig‘laydigan bo‘ldi. Uy shifti va devori qorayib, darz ketgan, hattoki, paydo bo‘lgan yoriqlardan qum va tosh bo‘laklari tushib turardi.

Ana shunday bir paytda tasodifan paydo bo‘lib qolgan uy egasini amal-taqal qilib, o‘sha qo‘shninikiga olib kirdik. Hammasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Hammasini eshitdi. «Xavotir olmang, ta'mirlab beraman» dedi. Ammo, qaytib ko‘rinmadi. Telefonini o‘chirib qo‘ydi. Uch oydan keyin uning derazasida “Uy sotiladi” degan yozuv va telefon raqami paydo bo‘ldi. Lekin, bu telefon raqami boshqa bir olib-sotarga tegishli edi. Albatta, ish nima bilan tugaganligini tezroq bilgingiz kelayapti. Mayli, aytsam, aytaqolay. Gapning ochig‘i sudda ham oson bo‘lmadi. O‘zini shifokor deb tanishtirgan uy egasining sevimli mashg‘uloti uyni arzon-garov xarid qilib, ta'mirlab, bir necha barobar qimmatga sotish ekan. Firibgarlikda ko‘plarni yo‘lda qoldiradigan, ustasi farang bu ayol qonun oldida bosh egishga majbur bo‘ldi. Qo‘shnimizga yetkazgan moddiy va ma'naviy zararni to‘ladi. Endi qo‘shnimizning uyida ish boshlanadi. Usta yollaydi. Do‘konma-do‘kon yuguradi va hokazo.

Eng muhimi, boshqalarga ibrat bo‘lishi kerak bo‘lgan poytaxt markazidagi mahallada bunday ajabtovur qing‘ir xatti-harakatlar sodir bo‘layotganiga kulasizmi-kuyasizmi? Birniki mingga, mingniki tumanga deganlari shu bo‘lsa kerakda, ota-bobolarimiz hovli olma, qo‘shni ol, deb bejiz aytmagan ekanlar. Buni ayniqsa, shu ishga aloqador tashkilotlar mutasaddilari bilib qo‘ysalar yomon bo‘lmas edi. Axir, biz buz­g‘unchi emas, bun­yo­d­­kor xalq farzandlarimiz. Tinch­gina o‘tirgan qo‘shnilarni bezovta qilish, moddiy zarar yetkazish, ko‘p qavatli uylarning nafaqat ichkarisida, balki tashqarisida ham noqonuniy qurilish ishlarini bajarish bir kun ofat keltirmaydimi?! Shunday ekan ortiqcha orzu havasga berilib, “yevroremont” qilaman, deb o‘zini turli kuyga solayotganlar yana bir marta o‘ylab ko‘rsalar yaxshi bo‘lardi. Hamma narsani pul bilan hal qilaman degan odam chuchvarani xom sanabdi. Qilmishi uchun bugun bo‘lmasa ertaga albatta, qonun oldida javob beradi.

 

Nuriddin OCHILOV,

jurnalist

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.