GIHFURUSHLIKXATARLI BIZNES TURIGA AYLANMOQDA

Bugungi kunda insoniyatga ko‘plab tahdidlar xavf solayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va dunyo hamjamiyati ularni imkoni boricha bartaraf etishga harakat qilayotganidan ham xabardormiz. Bularga ekologik muammolar, odam savdosi, uyushgan jinoyatchilik va xalqaro terrorizm, OITS, qurol-yarog‘lar savdosi, giyohvandlik, ocharchilik, urush hamda boshqa tahdidlarni kiritish mumkin. Hyech mubolag‘asiz aytish o‘rinliki, insoniyat ko‘p hollarda o‘z boshiga yog‘ilayotgan bu ofatlar qarshisida ojiz qolayotir. Shulardan biri bo‘lgan giyohvandlik kishilarni o‘tgan asr boshlaridan beri shafqatsizlarcha o‘z domiga tortib kelmoqda.

 

Xolbuki, kishilar ayrim sabablarga ko‘ra azal-azaldan giyohvand moddalarni iste'mol qilib kelganlar. Qadimda shomonlar va ruhoniylar turli tantanali diniy marosim va bayramlarda yosh-yalanglarga bu giyohdan ma'lum miqdorda berib, ularni sarxush etib ruhiyatiga ta'sir o‘tkazishgan. O‘sha zamonlarda jangchilar ham qo‘rq­maslik va quvvatini tiklab olish uchun giyohvand o‘simliklarni iste'mol qilishgan. Shunga qaramasdan, hech kim giyohvandlikka bugungi kundagidek mukkasidan ketmagan, ya'ni unga butunlay tobe bo‘lib qolmagan.

Narkotiklarning Xitoydek katta bir hududda tarqalishi haqida bir qiziq dalil. Bundan 200 yilcha muqaddam Angliyaning Hindistonni boshqaruvchi Ost Indiya kompaniyasi Xitoydan choy xarid qilib, uni butun jahonga sota boshlagan. Xitoy tomoni o‘z mahsulotini faqat qimmatli kumush evaziga sotgan. Ammo inglizlar xitoyliklarni qiziqtiruvchi boshqa bir narsani o‘ylab topdilar va uni choyga bemalol alishtira boshladilar. Bu opium, ya'ni qoradori edi. Keyinchalik Ost Indiya kompaniyasi qoradorini Hindistonda yetishtirish va sotishni to‘la monopoliyalashtirib oldi. Kompaniya zahri qotilning ta'sirini yanada kuchaytirish maqsadida kashandalarga uni tamakiga aralashtirib chekishni o‘rgatdi. Bu holda narkotik qonga tezda so‘rilib, inson ruhiga yanada kuchli ta'sir ko‘rsata boshladi. Inglizlar qoradorini tozalab, undagi morfin miqdorini 50 baravar oshirgandan keyin esa vaziyat butunlay o‘zgarib ketdi. U endi qonga yanada tezroq singib, kuchli sarxushlik berar va davolab bo‘lmas narkotobelikka mubtalo qilardi.

Qarangki, shu paytgacha hech kimni o‘z ostonasiga yo‘latmagan Xitoy imperiyasi narkotik moddalar ta'siriga tushgach, XIX asr o‘rtalariga kelib ingliz, fransuz, rus va amerikaliklar uchun lang ochilib ketdi. Ost Indiya kompaniyasi Britaniyaning o‘zini ham tibbiy maqsadlarda ishlatish uchun qoradori bilan ta'minlardi. Undan tayyorlangan preparatlar asosan kuchli og‘riqlarni to‘xtatishda va zaxm kasalligini davolashda ishlatilardi. Shuni ham aytish kerakki, qirollik litsenziyasiga ega bo‘lgan Ost Indiya kompaniyasi va o‘sha zamondagi Angliya banklari narkotiklar bilan savdo qiluvchi dastlabki alyanslarni tuzdilar.

Ikkinchi jahon urush narkomafiyaning imkoniyatlarini ancha cheklab qo‘ydi. XX asr o‘rtalariga kelib Britaniyaning mustamlakachilik tizimiga putur yetdi. «Uchinchi dunyo» mamlakatlarida milliy-ozodlik harakatlari kuchayib ketdi. Ikki yuz yil mobaynida giyohvand moddalar savdosi gullab- yashnagan Xitoyda uni mamlakatga olib kirish, sotish, iste'mol qilishga butunlay chek qo‘yildi.

G‘arbiy yarim sharda esa narkomafiya unchalik darajada jiddiy talafot ko‘rmadi. U yerlardagi banklar narkotiklar savdosidan tushgan pullarni «yuvish» borasida narkobaronlarga faol xizmat ko‘rsatib turdi. Masalan, 1950 yilda AQSHdagi Morgan va Rokfeller banklarining yirik xalqaro narkosindikatlarning mablag‘larini legallashtirishda bevosita ishtirok etgani katta shov-shuv bo‘lgan edi.

BMT Bosh kotibining sobiq o‘rinbosari va Narkotiklar hamda jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Boshqarma direktori Antonio Kosta 2012 yilda banklar va narkomafiya o‘rtasidagi ittifoq haqida gapirib, uning asosiy bosqichlarini to‘rt davrga bo‘ladi.

Xususan, uning birinchi davri o‘tgan asrning 60-70 yillariga to‘g‘ri kelib, bu paytda ular shakllanish bosqichida edilar. Banklar va narkomafiya munosabatlarining ikkinchi bosqichi 70-80 yillarni o‘z ichiga oladi. O‘tgan asrning so‘nggi o‘n yilligi jahon narkokomafiyasining o‘ta kuchayib ketishi bilan xarakterlanadi. Aynan shu yillarda «globalizatsiyalashuv» atamasi ishlatila boshlandi va u o‘z cho‘qqisiga ko‘tarildi. Bu ibora tag zamirida esa mamlakatlar o‘rtasida savdo va moliyaviy aloqalarni to‘la erkinlashtirish, tovarlar, pullar, odamlar va axborotlar uchun chegaralarni ochib tashlash g‘oyasi turardi. Globalizatsiyaning eng muhim ishi 1995 yilda Jahon savdo tashkilotining tashkil etilishi bo‘lib, bu esa jahon mamlakatlari o‘rtasidagi chegaralarni yanada ochib yubordi. Interpol xodimlari izohlaganidek, erkin savdo uchun qay jihatlar qulay bo‘lsa, jinoyatchilik uchun ham shu narsalar ma'qul bo‘lar ekan. Shu ma'noda, ayni kunda ham narkomafiya o‘z faoliyatini jadal davom ettirgan holda jahon bo‘yicha giyohvand moddalarni sotish bilan qanchadan-qancha insonlarning umriga zavol bo‘l­moqda. Chunonchi, ayni chog‘da giyohvandlik savdosining yillik mablag‘ aylanmasi 400 milliard AQSH dollarini tashkil etmoqda. Ushbu jinoyat orqasidan topilgan mablag‘lar asosan uyushgan jinoyatchilik va xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, qurol-yarog‘lar noqonuniy savdosi va odam savdosini qo‘llab-quvvatlash hamda bosh­qa shu kabi qabih ishlarga sarf etilmoqda. Odamlar esa yildan-yilga an'anaviy narkotiklarni qabul qilishdan tashqari, yangi turdagi psixoaktiv moddalarni qabul qilib, o‘zlarining hayotiga zomin bo‘lmoqda.

XX asrning 20-yillariga kelib, shifokorlar kishilardagi giyohvand moddalarga tobelikni bartaraf etish uchun shprits bilan teri ostiga yuborishni taklif etishdi. Bunday kishilarda narkotikka tobelik yanada kuchaydi va bemorning ahvoli yanada og‘irlashdi. Geroin kashf etilganda, bu endi giyohvandlikka giriftor etmaydi, deb xayol qilingan edi. Afsuski, buning ham butunlay teskarisi bo‘lib chiqdi.

Narkotik moddalar inson hayoti uchun naqadar xatarli bo‘lmasin, uni iste'mol qilish tufayli paydo bo‘ladigan tobelik unga talabni orttirib yubordi. Bu esa narkomafiya uchun mo‘may daromad manbaiga aylandi. Ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda har yili Afg‘onistonda geroinning bir martalik dozasining taxminan 150 milliard baravari va gashishning 30 miliard dozasi ishlab chiqarilmoqda. Pokiston va Tojikiston orqali yiliga 800 tonnadan ziyod og‘u Yevropa va Rossiya hududiga yetkazib berilmoqda. Achinarlisi, ayni paytda narkotrafikka minglab emas, balki yuz minglab kishilar jalb etilgan. Narkotik moddalar avtransport­larning turli yashirincha joylarida, qo‘l yuklari, kiyimlar orasida va hatto inson tanasiga yashirilgan hol­da ham olib o‘tilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, giyohvandlik balosi bugungi jamiyatning eng tuzalmas va og‘riqli mavzusi bo‘lib qolyotir.

Jahon bo‘yicha besh yuz milliondan ziyod kishilarning giyohvandlik balosiga mubtalo bo‘lgani ham vaziyatning naqadar tashvishli ekanidan dalolat beradi. Eng yomoni, unga mubtalo bo‘lganlarning katta qismini ayni navqiron yoshdagi yigit-qizlar tashkil etmoqda. Shu o‘rinda giyohvand modda suiiste'molidan 2011 yilda jahon bo‘yicha 200 ming­dan ziyod kishining olamdan ko‘z yumganini afsus va nadomatlar bilan alohida ta'kidlash kerak.

Albatta, insoniyat bu ofat qarshisida qo‘l qovushtirib turgani yo‘q. O‘tgan yillar mobaynida unga qarshi kurashning huquqiy vositalari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. 1961 yilda qabul qilingan «Giyohvandlik vositalari to‘g‘risida»gi konvensiya, 1971 yilda qabul qilingan «Psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi konvensiya va BMTnng «Psixotrop va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash to‘g‘risida»gi konvensiyalar shular jumlasidandir. Afsuski, yuqoridagi kabi choralar ko‘rilayotganiga qaramay, narkotik moddalarning noqonuniy savdosi masalasi hanuz dolzarb bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi ham narkotiklarni noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro hamjamiyat oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarishga alohida e'tibor qaratmoqda. Shu o‘rinda mamlaktimizning yuqorida nomlari ta'kidlangan barcha konvensiyalarga qo‘shilganini aytib o‘tishimiz kerak. Giyohvand moddalarni nazorat qilishni muvofiqlashtirish uchun respublikamizda Narkotik moddalarni nazorat qilish davlat komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu yo‘nalishda BMT, YEXHT, YEI va Shanxay hamkorlik tashkilotining xalqaro loyi­halarini ro‘yobga chiqarish va monitoring qilish ishlari olib borilmoqda. Har yili tegishli xuquq tartibot idoralari tomonidan narkotik vositalar, psixotrop moddalar prekursorlarni noqonuniy olib o‘tishga oid o‘nlab jinoyatlar fosh etilmoqda.

Ko‘rilayotgan qat'iy choralarga qaramasdan giyohvand moddalarni noqonuniy olib o‘tish, sotish va iste'mol qilish bilan bog‘liq masalalar dolzarbligicha qolayotir. Zahri qotil kim uchundir mo‘may daromad manbaiga aylanib, jaraq-jaraq pul keltirsa, u boshqa bir kishining esa xonumonini butkul vayron qilib, joniga zavol bo‘lmoqda. Bu ofatga nafaqat davlat, huquq-tartibot idoralari, balki butun jamiyat, har bitta fuqaro jon jahdi bilan qarshi turmog‘i lozim. Negaki, yoshlarimizning sog‘­lom turmush tarzini tanlab, kelajakda har tomonlama sog‘­lom va barkamol insonlar bo‘lib yetishishlari avvalo, biz, ota-onalarning birdan-bir orzusidir. Eng asosiysi, sog‘lom turmush tarzi millat genofondini sog‘lom va toza saqlash, nasl­lari­mizning kelajagi uchun g‘am­xo‘rlik demakdir.

Abdumajid AZIMOV