BETGA AYTGANNING ZAHRI BORMI?

“Suqrot usuli” haqida eshitganmisiz? “Afina so‘nasi” nomini olgan donishmandni dunyoga tanitgan usuli nimadan iborat edi? Butun umr qarshiliklarga uchrab kelib, Suqrot muxoliflariga bir marotaba bo‘lsa-da, “Sizlar nohaqsiz” deb aytganmidi? Yo‘q! U haddan ziyod farosatli edi. Suqrot butun boshli mamlakat aholisini o‘zining g‘oyalariga ishontira olgan, lekin umri mobaynida kishilarga ularning nuqson va kamchiliklarini emas, ijobiy jihatlarini aytib kelgan. Murakkab taqdir yo‘lini bosib o‘tgan Suqrot umri davomida hech bir kishini tanqid qilmay yashagan. Biz-chi? Yon-atrofimizdagilarni tanqid qilmay yashashimiz mumkinmi? Umuman, donishmand ota-bobolarimizdan meros milliy madaniyatimiz, xususan, tanqid odobiga qanchalik rioya qilamiz?

Ye vropa tillarida “tanqid”ning muqobiliga fransuzcha “critique” asos bo‘lgan, lug‘at va ensiklopediyalarda bu so‘zga “kamchiliklar yuzasidan bildiriladigan norozilik”, deya ta'rif berilgan. Ojegovning izohli lug‘atida ham “critique”dan ildiz olgan “kritika” - “nuqsonlarni belgilab olishga qaratilgan tahlil”, deb izohlanadi. Ko‘rib turganimizdek, G‘arbda tanqid deganda kamchiliklarni oshkora aytish nazarda tutiladi. Sharq­da esa arabcha “tanqid” shunchaki salbiy illatlarni sanash emas, balki baho berish maqsadida o‘rganish, tahlil qilish va shu asosda xulosa chiqarish degan ma'noni anglatadi. Sharq va G‘arb tanqidchiligi o‘rtasidagi asosiy tafovut ham shunda: Sharqda tanqidni tarbiya vositasi deb bilishsa, G‘arbda ko‘proq tartibga chaqirish, xatolarni oshkor qilish sifatida qaralgan. Yana bir muhim jihat: “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “tanqid”ning quyidagi talqinlarini ham ko‘rish mumkin, bu - yutuqlarni qayd etish, kamchilik va nuqsonlarni belgilash va bartaraf etish maqsadidagi muhokama, tahlil qilish kabi ma'nolardir. Demak, Sharqda tanqid nafaqat kamchiliklar, balki ijobiy jihatlarni ham aniqlashga qaratilgan tahlildir.

Ilk muhabbat, birinchi safar kabi unutilmas ibtidolar haqida yozib, Said Ahmad ular bilan bir qatorda birinchi bor tanqidga uchraganini ham tilga oladi. Dastlabki hikoyasi “Ishqiboz” dan to “Ufq”gacha yozganlarining barchasini “jo‘ngina bir narsa ekan” deb kelgan Abdulla Qahhordan ilk bor tanbeh eshitgani haqida “Birinchi tanqidning “zahri” tanamni uzoq yillar zirqiratib yurdi”, - deb yozadi. Biroq Abdulla Qahhorning tanqidiga e'tibor bering, odatda u so‘zni shunday boshlagan: “Hikoyangiz mahorat bilan yozilgan. Juda o‘ynoqi, juda favqulodda detallarga boy. Qiziqib o‘qiladi. Nuqsoni yo‘q hikoya. Ammo...” Yillar o‘tib bu haqida Said Ahmad o‘zining “Yo‘qotganlarim”da shunday yozadi: “Domlaning ana shu “ammo”siga toqatim yo‘q. “Ammo” dedimi, juda asosli, aslo rad qilib bo‘lmaydigan bir gap aytadi”.

Abdulla Qahhorning tanqidlaridan maqsad nima edi, deysiz? Yosh hikoyanavisni kamsitish, adabiyotdan ko‘nglini qoldirishmi? Yo dastlab Said Ahmad o‘ylaganidek, “ko‘rolmaslik”, “ikki qo‘chqorning kallasi bir qozonda qaynamasligi”mi? Bu savolga eng to‘g‘ri javobni Said Ahmadning o‘zidan qidiramiz. Yozuvchi o‘zining ijodida Abdulla Qahhorning ta'siri, hissasini yuqori baholagan, ustozining o‘limidan so‘ng ham “yozilganlarning hammasini xayolan uning nazaridan o‘tkazib olish”ga intilgan. Tanqidning bergan natijasiga qarang! U yosh ijodkorning ijoddan yuz o‘girishi, qalamdan voz kechishiga olib kelgani yo‘q (Abdulla Qahhorning bunday maqsadi bo‘lmagan ham). Aksincha, ustozining mohirona tanqidlari Said Ahmadni umrbod faqat olg‘a intilishga undadi. Bu Said Ahmadning tanqidga bo‘lgan munosabati edi. Hozir-chi?

Kundalik hayotimizda biz biror kishini tan­qid qiladigan bo‘lsak, yuqoridagiday natijaga erishishimiz amrimahol. Lekin Abdulla Qahhor buyuk so‘z ustasi edi, uning bu vazifani uddalay olganining ajablanarli tomoni yo‘q. Demak, tanqid ham bir san'at ekan-da?

- G‘arbda tanqidni konfliktologiya faniga aloqador, deb bilishadi, - deydi O‘zDJTU professori Tursunali Qo‘ziyev. - Shu ma'noda, G‘arb falsafasi tan­qidni qarama-qarshilik, deb tal­qin qiladi. Biroq Sharq uchun tanqid azaldan san'atning bir ko‘rinishi bo‘lib kelgan. Bu tushuncha haqida gap ketar ekan, avvalo, tanqid ta'lim va tarbiyada keng qo‘llanadigan usul sifatida e'tirof etiladi. G‘arb falsafasi konflikt tan­qid qilinuvchi butunlay mag‘lub bo‘lganidagina yakuniga yetadi, deb hisoblaydi. Sharq­da esa maqsad izza qilish, so‘z bilan halok qilish emas, aksincha, tanqid uchun eng o‘rinli so‘zlarni topgan holda, uni yangi ijobiy o‘zgarishlar debochasiga aylantirish. Yapon traktatlarining birida shunday deyiladi: “Kimdir sening tanqidingdan keyin o‘z xatolarini tuzatishini istasang, shunday gapirginki, u o‘zini tashnalikdan azoblangan odamu, seni esa qo‘llarida suv tutayotgan xaloskor deb bilsin!” Bu ibora Sharqda tanqid san'atga aloqador deb sanalishiga yana bir dalildir.

Shunday deydigan bo‘lsak, tanqid faqat mohir ijrodagina kutilgan natija beradigan murakkab san'atdir. Shu ma'noda Sharqda tanqid shirin so‘z, shirin muomalaga tayanadi. Qadimdan sharqliklar tanqid qilganda ham birovning shaxsiyatiga, oriyatiga, izzat-nafsiga tegmaslikka intilishgan. Buning isbotlarini millatning ma'naviy o‘tmishi haqida eng go‘zal dalil bo‘lgan maqollar orqali ham isbotlash mumkin: “To‘g‘ri so‘z tuqqaningga yoqmas”, deydi xalqimiz. Lekin bu bilan to‘g‘ri so‘zni aytmagan yaxshi, degan ma'no chiqmaydi. Axir yana bir naql bizga shirin yolg‘ondan achchiq haqiqatning afzalligini uqtiradi. Biroq mana shu achchiq so‘zni aytishda sharqliklarning andishaga tayanganini xal­qimizning “Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit”, degan gapidan bilishimiz mumkin. Demak, Sharqda tanqid shartakilik, betgachoparlikni nazarda tutmaydi. Zarur bo‘lsa, tanqidning bilvositalikka tayanishi, biroq aslo nozik insoniy munosabatlarning buzilishiga xizmat qilmasligi uqtiriladi. Shuningdek, tanqidning yuqoridagidek, ijobiy natijalar debochasi bo‘lishi mumkinligini “Do‘st achitib gapirar, dushman kuldirib” degan yana bir maqolimiz ham tasdiqlaydi. Qoleversa, tanqid qilgan kishidan ranjimaslik odob sanalgan, zero “Betga aytganning zahri yo‘q”. Ammo bu ko‘pchilikning ishtirokini nazarda tutmaydi. Shu ma'noda tanqid Sharqda individuallikka asoslanadi. G‘arbda esa umumjamoa oldida ham tanqidga uchrash normal holatdir.

Chindan, Sharqda insonning qadr-qimmati yetakchi o‘rinda turadi. Bu sharqona dunyoqarashning shakllanishiga katta ta'sir ko‘rsatgan omillardan biri - Islom dinidir. Xo‘sh, tanqid xususida dinimizda nima deyiladi?

- Islom tanqidning umumjamoa oldida aytilishini qoralaydi, - deydi Shayxontohur tumani imom-xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li, - Chunki bunday tanqid kishini izza qiladi va aks natija beradi. Odamlarni bir-biriga dushman qilib qo‘yadi. Imom Shofeiy bir baytlarida aytadilar (ma'nosi): “Ey do‘stim, menga yolg‘iz holimda nasihat qil! Jamoa ichra nasihat qila ko‘rma! Zero, ko‘pchilik ichidagi nasihat malomatning bir turi bo‘lib, bunday narsani eshitishni istamasman”. Shuni unutmaslik kerakki, tanqid qiluvchi o‘zgalarning ayb-kamchiliklarini atayin qidirib yurishdan yiroq bo‘lishi lozim. Zero, atayin odamlarning kamchiliklarini poylab yurish dinimizda qattiq qoralanadi.

Ko‘rinib turganidek, sharqliklar birovni tanqid qilishdan avval bu tanbeh kishining ruhiyatiga qanday ta'sir qilishi haqida o‘ylashgan, ko‘ngil ozorlaridan bir-birlarini ayashga odatlanib kelishgan. Buxoroi Sharif ahlining “Bir kimsaga tanbeh berish yoki tanqid qilishdan avval og‘zingga parvarda solib ol”, degan naq­li ham tanqidning achchiq so‘zi bilan kishi qalbini yaralash sharqliklarga xos emasligini bildiradi.“Kimgadir achchiq haqiqatni aytishingdan avval tilingni asalga botirib olgin”, - arablar orasida mashhur bo‘lgan purma'no ibora ham buning yana bir isbotidir.

Ha, ruhiy poklik bilan bir qatorda go‘zal xulq-atvoru shirin so‘zni xush ko‘ruvchi Sharq kishilarining turmushiyu madaniyati bejiz mag‘rib ahlini o‘ziga rom etmagan. Ayniqsa, sharqliklarning o‘zaro so‘zlashish odobi tillarda doston bo‘lib, san'at darajasida baholanib kelingan. Qarangki, Sharqda tanqid ham go‘zal. Kamchilik, nuqson, illatlarni aytgan-da ham, achchiq-achchiq luqma tashlash o‘rniga Sharqda o‘rinli fikrni chiroyli qilib aytish odob sanaladi. Yevropada o‘zbek turmushining ensiklopediyasi sifatida qadr­lanadigan “O‘tkan kunlar”dan tanqidning go‘zal namunalarini topishimiz mumkin. Hojining o‘g‘li bilan suhbatlariga bir e'tibor bering. Ota farzandining so‘roqsiz nikoh o‘qitganidan norozi, lekin shunday bo‘lsa ham, sharqona muomala odobidan chetga chiqmaydi.

Sharqona tanqidning yana bir o‘ziga xos jihatini Behbudiyning “Padarkush” dramasi orqali ko‘rib o‘tamiz. Asar domulla va ziyolining boy uyiga kelib, yolg‘iz o‘g‘lini na yangi usul maktabi, na madrasa tahsiliga bermaganini tanqid qilishadi. Biroq buni tanqid deyish ham qiyin. Aniqrog‘i, ziyoli va domulla boyning ko‘zini ochib qo‘yish, zamon o‘qiganniki ekanini isbot qilish uchun kelgan deyish, to‘g‘riroq bo‘ladi. Shu ma'noda, tanqid Sharqda kimnidir kamsitish uchun emas, to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun aytiladigan taklifni nazarda tutadi. Zero, ko‘p jihatdan boshqa xalqlarga o‘rnak bo‘la oladigan milliy madaniyatimizda kamchilik yoki xatoga yo‘l qo‘ygan kishi didaktik yo‘l bilan, ya'ni pand-nasihat, maslahat orqali tarbiyalangan.

YUqorida mag‘rib va mashriqdagi tanqid haqida gapirdik. Ularning qay biri bugungi reallik uchun mosroq? Keling, aniq ilmiy dalillarga yuzlanamiz. Psixologiyada “pozitivlik - konstruktivlik - samara” effektiv kritikaning ideal formulasi sifatida tan olingan. Sharqona tanqid ham shu tamoyilga asoslanganini yuqorida ko‘rdik. Demak, zamonaviy ilm-fan tanqid borasida shar­qona yondashuvni yoqlamoqda. Yana bir isbot sifatida psixologlar ilgari suradigan “Feedback” usulini keltirish mumkin. Bunda avval ijobiy jihatlar, undan so‘nggina kamchiliklarning aytilishi nazarda tutiladi. Ushbu yondashuvni ham Sharq tanqidchiligida ko‘rdik. Demak xalqimizning tanqid qilishda rioya qiladigan me'yorlari bugungi kunda ham hayotiy deb tan olingan. Xo‘sh, bizning o‘zimiz - Sharq madaniyatining merosxo‘r­lari bu me'yorlarga qanchalik amal qilamiz?

Avvaliga sobiq sho‘rolar tuzumining ta'siri, keyinchalik yangi asrga kelib ommaviy madaniyat unsurlarining kirib kelishi tufayli, jamiyatda, kishilar hayotida uchraydigan xato va kamchiliklarni yuzga aytish, ko‘pchilikning ichida oshkor qilish, ularga nisbatan keskin choralar ko‘rish odatga aylandi. Jurnalist Nazira Qurbonning “Oila va jamiyat” gazetasida e'lon qilingan “Tan­qidmi yoki tanbeh?” sarlavhali maqolasida yozilishicha: “Shaxs tabiatida shartakilik, betgachoparlik, andishasizlik kabi salbiy illatlar kuchaydi. Ayniqsa, o‘rinsiz va asoslanmagan tanqidlar kishilar orasida bir-biriga nisbatan xusumat, gina-qudratni paydo qildi. Shunday ekan, tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqarilishi uchun u xolis bo‘lishi va shaxsning hamiyatiga, nafsoniyatiga tegmasligi kerak. Bu esa birmuncha amrimaholdir. Hatto aniq fakt va dalillar, ilmiy tahlilga asoslangan tanqid ham ko‘p hollarda to‘g‘ri tushunilmay, ba'zan hamkasblar, olimlar o‘rtasida qandaydir ziddiyatni, adovatni yuzaga keltiradi”.

Ko‘pincha kimningdir xatti-harakatidan norozi bo‘lganimizda buni ko‘pchilikning ichida yuziga aytamiz, qilgan xatosi va kamchiligini boshqalar oldida oshkor qilishdan cho‘chimaymiz. Ammo har bir shaxsda o‘zlik va “men” tushunchasi mavjud ekan, o‘ziga nisbatan bildirilgan tanqidiy fikr, ayniqsa u tahlilga asoslanmasa, dalilga ega bo‘lmasa, uning ichki tuyg‘ulariga, g‘ururiga, sha'niga ta'sir etadi va o‘zini haqoratlangandek sezadi. Shu bois, ko‘pincha tanqidga uchragan shaxsda to‘g‘ri xulosa chiqarishdan ko‘ra, qasdma-qasdiga ish tutish, o‘ch olish kayfiyati ustuvorlik qiladi.

Ha, albatta, tanqidning ham o‘z o‘rni bor. Lekin shuni unutmasligimiz kerakki, tanqidiy axborotni g‘arbliklar faqat aqli orqali qabul qilishsa, sharqliklar aqli va ko‘ngli, ya'ni ichki tuyg‘ulari bilan idrok etishadi. Shu ma'noda, sharqliklar haqida gapirilganda qiziqqon, g‘arbliklarga nisbatan sovuqqon sifati qo‘llaniladi. Shunday ekan, tanqidning tig‘ini birovga qaratishdan avval uning qanday natija berishi, jumladan, o‘zimiz bundan kutayotgan maqsad haqida o‘ylashni unutib qo‘ymaylik.

Umuman olganda, har kim ham tanqid qilishi, qoralashi va noroziligini bayon qila olishi mumkin. Lekin tushunish, anglashni namoyon etish va marhamatli, bag‘rikeng bo‘lish har kimning ham qo‘lidan kelmaydi. Buning uchun insondan kuchli fe'l-atvor va iroda talab etiladi. Ana shunday xislatlar egasi Benjamin Franklin bosmaxona yugurdakligidan AQSHning taniqli davlat arbobi darajasigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tib, tarixda o‘zining munosib o‘rnini egallagan. Bu muvaffaqiyatlarning siri nimada edi? Franklinning o‘zi bu savolga quyidagicha javob bergan: “Men hech qachon birovni yomonlab, xunuk gap aytmayman, har bir odam haqida uning yaxshi tomonlarini gapiraman”.

Nima uchun biz shunday qilmaymiz?!

 Mohlaroyim QAYUMOVA, “Hurriyat” muxbiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.