SHOU-BIZNES VA MA'NAVIYAT

Bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharofati bilan tadbirkorlik qadr topib, har bir sohada - sanoatda va qishlok xo‘jaligida ham, qurilish, savdo va transport xizmati ko‘rsatish va umumiy ovqatlanishda ham faoliyatning asosiy shakli bo‘lib qoldi.

Keyingi paytlarda - asosan san'at sohasidagi tadbirkorlikni anglatuvchi shou-biznes deganlari ham hayotimizga shiddat bilan kirib keldi.

Tadbirkorlikning asosiy maqsadi, tabiiyki, daromad, foyda olish, pul ishlab topish. Shou-biznes bilan shug‘ullanib foyda olishga ham endilikda tabiiy hol sifatida qaralmoqda.

 Ta'kidlash kerakki, qaysi sohada bo‘lmasin tadbirkorlikning o‘ziga xos tartib-qoidalari bor. Masalan, chakana savdo korxonalariga kassa apparati orqali hisob-kitob qilish talabi qo‘yiladi, aholiga transport xizmatini ko‘rsatish uchun maxsus ruxsatnoma - litsenziyaga ega bo‘lish kerak va hokazo.

Ayni paytda shou-biznesni ham tartibga soluvchi muayyan me'yoriy hujjatlar amal qilmoqda. Xususan, Soliq kodeksining 63-bobida ushbu biznes vakillariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilab qo‘yilgan. Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimida estrada san'atini rivojlantirishga qaratilgan «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi faoliyat yuritib kelmokda. Ushbu tashkilot o‘z vakolatlari doirasida mamlakatimizda shou-biznesni tartibga solish borasida ko‘pgina chora-tadbirlarni amalga oshirib kelayotganini ham e'tirof etish lozim.

Shu bilan birga, shou-biznes sohasida «ommaviy madaniyat» alomatlari mavjudligi va ular, nazarimizda, tobora kuchayib borayotganini, birinchidan, ushbu sohadagi muammolar yechimini topishda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik yanada faol qatnashishini, ikkinchidan, shou-biznes faoliyatini yuritish va bu yo‘nalishdagi biznes mahsulotlarini iste'molchilarga takdim etish qoidalarini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Zero davlatimiz rahbarining «Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch» asarida milliy estrada san'ati haqida so‘z yuritilib, quyidagilar kuyunchaklik bilan ta'kidlanadi: «Ayniqsa, bizning milliy an'analarimizga, axloq-odob qoidalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan kliplar, turli tillardagi so‘zlarni qorishtirib yoki talaffuzni ataylab buzib aytish kabi nomunosib harakatlarni ayrim yosh ijrochilar o‘zi uchun qandaydir yangicha uslub deb bilayotgani, menimcha, san'atni, uning mohiyati va ahamiyatini tushunmasliqdan boshqa narsa emas. Madaniy jamoatchiligimiz, avvalambor musiqashunos olimlar, ustoz san'atkorlar, kompozitorlar, yozuvchi va jurnalistlar, ko‘p sonli san'at ixlosmandlari bunday masalalar yuzasidan o‘z fikrini ochiq bildirib borishi, shu tariqa yoshlarimizga to‘g‘ri tarbiya berishimiz ham qarz, ham farz, deb o‘ylayman».

Nazarimizda, shou-biznes bilan shug‘ullanish tartib-qoidalarini belgilash ishlari ushbu biznesning hayotdagi rivojidan orqada qolmoqda. Oqibat natijada bu soha betartib, stixiyali rivojlanmoqda deyishga jazm etamiz.

Shou so‘zi inglizcha to show - «ko‘rsatmoq», «namoyish etmoq» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, bunda eng avvalo tomosha ko‘rsatish nazarda tutiladi. Odatda shou-biznes deganda ko‘ngil ochar (xordiq chiqarar), tomosha tadbirlarini tashkil etish va yoki ularda ijrochi sifatida ishtirok etish orqali daromad olishga qaratilgan faoliyat tushuniladi.

Tabiiyki, shou-biznes san'at sohasi bilan bevosita bog‘liq. Binobarin, shou-biznesni san'at sohasida faoliyat yuritib daromad topish deyish xato bo‘lmasa kerak. San'at turlari ko‘p bo‘lgani sababli shou-biznesning ham turlari, yo‘nalishlari turfa xil. Ammo bunda, shubhasiz ko‘shiqchilik sanati, kengroq ma'noda musiqa san'ati asosiy o‘rin tutadi. Shuning uchun maqolada shou-biznes haqida so‘z borganda eng avvalo qo‘shiqchilik nazarda tutilmoqda. Zero, Prezidentimizning «Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch» asarida ta'kidlanganidek «Eng muhimi, bugungi kunda musiqa san'ati navqiron avlodimizning yuksak ma'naviyat ruhida kamol topishida boshqa san'at turlariga qaraganda qo‘proq va kuchliroq ta'sir ko‘rsatmoqda».

 MUSIQAMI O‘ZI BU YO SHOVQIN?

Shou-biznes, yuqorida ta'kidlab o‘tganimizdek, insonlarning moddiy emas, ma'naviy ehtiyojlarini qondiradi. Ammo, bashar farzandi

yaxlit bir mavjudot, unda moddiy va ma'naviy, jis­moniy va ruhiy jihatlar uzviy bog‘lanib ketgan. Buni shou-biznes misolida ayniqsa yaqqol ko‘rish mumkin. Xususan, zamonaviy texnika rivoji tufayli, aniqrog‘i texnika yutuqlaridan nomaqbul tarzda foydalanish natijasida shou-biznesning jismoniy jihatdan ham odam salomatligiga salbiy ta'siri oshib bormoqda.

Zero, musiqaning texnik vositalar yordamida to‘yu-tomoshalarimizda, konsertlarda, qahvaxona va restorandagi ziyofat va o‘tirishlarda, ta'lim muas­sasalarida o‘tkaziladigan musiqiy tadbirlarda haddan tashqari baland yangrashi, ko‘cha-ko‘yda quloqlik (naushnik) tutib musiqa-qo‘shiq eshitib, o‘zi bilan o‘zi ovora yoshu yalang, hatto katta yoshlilar kundan-kunga ko‘payib borayotgani, ko‘cha transporti shov­qini kamlik qilganday ayrim betamiz haydovchilarning yetti mahalla eshitadigan qilib mashinasida musiqa taratishlari, to‘g‘rirog‘i, musiqiy shov­qin zamonaviy shou-biznesning ko‘pchiligimiz chidashga majbur bo‘layotgan mahsuloti sifatida, ming afsuski, turmushimizdagi odatiy holga aylanib bo‘ldi.

Musiqiy shovqinning zarari xususida olimu mutaxassislarimiz ommaviy axborot vositalarida ko‘p bora bong urdilar. «HURRIYAT» gazetasining 2014 yil 7 may sonida e'lon qilingan «Bolalarimizni shovqindan asraylik» nomli maqola bunga misol bo‘la oladi. Maqola mualliflari turmushimizda o‘zimizga o‘zimiz yaratayotgan musiqiy shov­qin illati haqida kuyunchaklik bilan fikr bildirib, yosh avlodni tarbiyalash sohasidagi madaniy tadbirlar doirasida ro‘yobga chiqarishimiz zarur bo‘lgan taklifni ham o‘rtaga tashlaganlar. «Mahallalar, maktab, kollej, litseylarimizdagi musiqiy tadbirlarni shovqin-suronli elektron ohanglar ostida va disklarda yozilgan fonogramma «asarlarini» namoyish etish uchun kelgan guruhlar ishtirokida emas, balki tabiiy musiqa asboblarida yuqori professional darajada yaratilgan musiqiy asarlarni jonli, ovoz yetkazuvchi (kuchaytiruvchi emas, ayni yetkazuvchi) texnik vositalarni sanitariya talablariga, ya'ni tovush kuchini sog‘liqqa zarar yetkazmaydigan darajada sozlangan holda ijro etish maqsadga muvofiqdir».

Aslida, qonun hujjatlarimizda shovqin borasida sanitar normalar, hamma rioya qilishi zarur bo‘lgan muayyan qoidalar bor, bu sanitar normalar va qoidalarga rioya qilmaganlik uchun javobgarlik choralari ham belgilangan. Masalan, ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning «Maishiy shov­qinga qarshi kurash talablarini buzish» deb nomlangan 192-moddasida tungi vaqtda - soat 23:00 dan 06:00 gacha bo‘lgan vaqtda baland ovoz bilan qo‘shiq aytish, musiqa chalish, ovoz chiqaruvchi apparaturalardan foydalanish singari xatti-harakatlar bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzish fuqarolarga eng kam ish haqining uchdan bir qismi (ayni vaqtda bu 39 ming so‘mga teng), mansabdor shaxslarga esa - uchdan bir qismidan ikkidan bir qismigacha (39 ming so‘mdan 59 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shou-biznesmenlik qilib, non topayotganlar «sharofati» bilan kundalik turmushimizda musiqiy shov­qin holatlari urchib-ko‘payib, ko‘pchilikning salomatligiga uning salbiy ta'siri xavfli darajaga yetganligini hisobga olib, ushbu qonun normalarini yanada kuchaytirish lozim ko‘rinadi. Fikrimizcha, tungi vaqtlardan bo‘lak vaqtlarda ham musiqiy shovqinga yo‘l qo‘yish fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini, ish sharoitlarini yomonlashtirish, yo‘l harakati xavfsizligini buzish, ular sog‘ligiga zarar yetkazish deb baholanib, yanada qattiqroq javobgarlik choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘lishi lozim.

Nazarimizda, to‘y-hashamlarga xizmat ko‘rsatish tariqasida qo‘shiq aytish, musiqa asbobini chalish va bunda ovoz chiqaruvchi apparaturadan foydalanishda tovush kuchi me'yorlariga rioya qilishni nazorat qilish va bunday me'yorlarni buzish holatlarini aniqlash bo‘yicha ta'sirchan tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni ham amalga oshirish vaqti keldi. Xususan, musiqiy asarlar ijro etiladigan barcha joylarni - konsert zallari, to‘yxona, restoran, qahvaxona va shu singarilarni tovush kuchini o‘lchovchi vositalar bilan majburiy tartibda jihozlash va bu vositalarni shahar miqyosida yagona tizimga ulab, maxsus nazorat qiluvchi tashkilot ixtiyoriga topshirishning hozirgi texnika taraqqiyoti zamonida, shak-shubhasiz, imkoniyati bo‘lsa kerak. Bunda ushbu nazorat idorasiga qachon, qaysi to‘yxona yoki konsert zalida tovush kuchi me'yorlari buzilganligi haqida aniq ma'lumot avtomatik ravishda tezkorlik bilan kelib tushadi va qonunbuzilishni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo choralarini qo‘llashda bu asos bo‘lib qoladi.

 MA'NAVIYAT QALQONI

«Ommaviy madaniyat» alomatlari bilan tavsiflanadigan qo‘shiqlarning keng tarqalishida va bunday shou-biznes mahsulotlari yaratuvchilarining «tegirmoniga suv quyish»da ommaviy axborot vositalarining «hissasi» bor deyishga haqlimiz. Bunday qo‘shiqlarni efirga uzatish-u shou-biznes namoyandalari haqida axborot berish - ya'ni shou-biznes reklamasi endilikda OAVlarning daromad manbai­ga aylangan.

Reklama OAVlar uchun daromad keltirishi mohiya­tan tabiiy holdir. Ammo bunda xalqona qilib aytadigan bo‘lsak do‘ppini yerga qo‘yib, obdan puxta o‘ylab ish yuritish lozim. Binobarin, OAVlarning reklama faoliyatida, fikrimizcha, birinchi navbatda moddiy tovar va xizmatlar nazarda tutilishi lozim, ma'naviy ozuqani tijorat reklamasi predmetiga aylantirishga esa teran yondashuv talab etiladi. Xususan, asl san'at asarlarini OAVlarda notijoriy asosda, ya'ni ijtimoiy reklama sifatida keng targ‘ib qilish davr bilan hamqadamlik mezonidir.

Odatda, ko‘pchiligimiz televideniyeda nima ko‘rsatilsa, radioda nima eshittirilsa, gazetada nima yoritilsa - shuni hayotiy norma, me'yor tarzida qabul qilamiz.

Shunday ekan, ayni paytda shou-biznesning yuqorida misol tariqasida keltirilgan mahsulotlari qabilidagi qo‘shiqlar «Ko‘ngil qo‘shiq istaydi» («O‘zbekiston» kanali), «Yoshlik navolari» («Yoshlar» kanali) kabi musiqiy va boshqa xil tijoriy shou-dasturlarda, shou-biznes reklamasiga ixtisoslashgan maxsus «Navo» kanali, ko‘plab radiokanallar, qo‘l telefonlari, Internet vositasida, ko‘cha-ko‘yda tartibli va tartibsiz, rasmiy yoki norasmiy shakl­da ming-minglab, millionlab sotilayotgan disklar orqali, konsert, to‘yu-tomoshalarda qo‘shiq shinavandalari uzra yomg‘ir misol yog‘ilmoqda.

Darvoqye, musiqiy ko‘rsatuvlar haqida so‘z borganda, telekanallarda musiqiy tijoriy dasturlarga keng yo‘l ochib qo‘yilgunga qadar bo‘lgan davrdagi ilk chiqishlari bilanoq haqiqiy san'at oshuftalari mehrini qozongan «Tarannum» dasturining har bir ko‘rsatuvi iliq, ijobiy so‘zlar bilan tilga olinardi.

Boshqa musiqiy dasturlardan farqli ravishda, unda qo‘shiqlar faqat jonli ijroda namoyish etilgani, taniqli san'atkor, suhandon Shuhrat Qayumov ma'nodor savollar bilan san'atkorlarni samimiy suhbatga tortib, dasturga yuksak professional darajada boshlovchilik qilgani tufayli «Tarannum» milliy qo‘shiqchilik san'atimizga muhabbat, uni namoyish etishga mas'uliyat, ustoz san'atkorlarga munosib ehtirom ko‘rsatish, tomoshabinlarni asl san'atning sehrli olamidan bahramand etish namunasi darajasiga yetdi.

Endilikda tijoriy «Tarannum» dasturlari tayyorlanib, efirga uzatiladigan bo‘ldi. Bu tijorat dasturi - yakshanba kunlari soat 16:10-16:40 oralig‘ida ko‘rsatilyapti.

To‘g‘risi, tijoriy «Tarannum»larni bekanda kuzatib boryapmiz deya olmaymiz. Ammo, ishonch bilan aytish mumkinki, ilgarigi ayrim notijoriy «Tarannum»larda goh-gohida kuzatilgan ikkinchi jihat ko‘proq sezilib qolayotir. Tijorat das­turining asosiy maqsadi san'at targ‘iboti, telemuxlislarning estetik didini tarbiyalash va o‘stirish emas, balki daromad olish va san'atkorni reklama qilish ekanligi sababli, shunday bo‘lishi turgan gap!

 SHOU-BIZNESNING HAM QOIDALARI BORMI?

Takror bo‘lsa ham aytamizki, savdo faoliyati, aholiga transport xizmati ko‘rsatish bilan shug‘ullanish uchun alohida talablar belgilangan, maxsus ruxsatnomalar olinmog‘i lozim. Hatto oddiy, kichik ishlab chiqarish korxonasida ham ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatiga qo‘yiladigan talablar, muayyan standartlarga rioya qilish shart.

Shou-biznes faoliyati boshqa tadbirkorlik turlari kabi o‘z oldiga moddiy naf ko‘rishni asosiy maqsad qilib qo‘yganligi sababli uning reklamasida ma'naviyat, odob-axloq, mentalitet, milliy qadriyatlarga zid narsalar bo‘lishi xatari kuchlidir. Shu sababli, fikrimizcha, shou-biznes reklamasini tashqi reklama, bosma nashrlar va internetdagi reklama bilan cheklab, radio va televideniyeda berilishini taqiqlash maqsadga muvofiq ko‘rinadi. Darvoqye, shu nuqtai nazardan qaraganda televideniye va radio kanallari orqali berilayotgan «Sado» gazetasida shou-biznes yangiliklari bilan tanishasiz degan reklamani ijtimoiy jihatdan bezarar reklama deb bo‘lmaydi.

Televideniye va radio kanallarida san'atkorlarning tijorat asosida qo‘shiq aytishlarini moddiy tovar va xizmatlar reklamasini kengaytirish, fuqarolar bilimini har tomonlama oshiradigan, ular ongiga ijobiy ta'sir etuvchi eshittirishlarni ko‘paytirish hisobiga cheklash yoki umuman taqiqlash maqsadga muvofiqdir.

Gap shou-biznesni taqiqlash haqida emas, balki xuddi alkogolli va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish sohasida bo‘lgani kabi uning ijtimoiy zararini imkon qadar kamaytirishga yo‘naltirilgan harakat haqida bormoqda. Shou-biznesning salbiy ta'siri amaliyotidan kelib chiqib, amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish, qolaversa muayyan yangi me'yoriy hujjatlar qabul qilish bugungi kunda hayotiy zarurat ko‘rinadi.

 TABIIY IJRO SHOU-BIZNESGA QANOT

Milliy shou-biznesni sog‘lomlashtirish yo‘lida, fikrimizcha, faqat taqiqlash, tanqid qilishlarga o‘tib olmasdan namuna ko‘rsatish prinsipiga amal qilish, ya'ni tashkiliy-ma'rifiy ishlarni kuchaytirish ko‘proq samara berishi mumkin. Xususan, Davlat konservatoriyasi, boshqa musiqiy ta'lim muassasalari o‘qituvchi va talabalari, faoliyat yurituvchi san'atkorlar ishtirokida «Mahalla» xayriya jamoat fondi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati kabi jamoat tashkilotlari shafeligida poytaxtimizda va joylarda nodavlat notijorat tashkilotlari shaklida jonli ijroga asoslangan milliy ansambllarni tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Ularni Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa ins­titutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi grant­lari va boshqa homiylar mablag‘lari hisobiga moliyalashtirish mumkin.

Bunday ansambllar milliy mumtoz va zamonaviy estrada qo‘shiqchilik, musiqa san'ati asarlarining eng yuksak namunalarini - saralangan, durdona asarlarni jonli ijro etish yo‘li bilan aholining, birinchi navbatda yoshlarning sog‘lom musiqiy didini shakllantirishga, musiqiy ongini, musiqiy madaniyati va ma'naviyatini yuksaltirishga, «ommaviy madaniyat»ning salbiy ta'siriga nisbatan immunitetini oshirishga xizmat qilgan bo‘lar edi.

Ansambllar oldiga eng avvalo oliy o‘quv yurtlari madaniyat saroylarida, kollej, litsey va umumta'lim maktablarida, mahallalarda, istirohat bog‘larida konsertlar berish vazifasi qo‘yiladi, shu bilan birga ular ishtirokida alohida san'at asarlarining yaratilishi, mazmuni, jamiyat ma'naviy, madaniy hayotidagi o‘rni haqida san'atshunoslar va san'atkorlar bilan birgaliqda suhbatlar, musiqiy madaniy-ma'rifiy tadbirlarni o‘tkazish mumkin.

Bunday milliy mumtoz ansambllari faoliyatini litsenziyalash, qonun hujjatlariga asosan nazorat qilish, ularda hisobot yuritish va xodimlar bilan mehnat munosabatlarini tartibga solish kabi qator tashkiliy, qolaversa moddiy-texnik masalalar yechimini topish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish zarur bo‘ladi, albatta.

Ishonchingiz komilki, dono xalqimiz, ijtimoiy faol ziyolilarimiz, ilmu ma'rifatga intiluvchi yoshlarimiz, asl san'atni kasb qilgan ijodkorlarimiz, sog‘lom didli millionlab musiqa shinavandalari, qolaversa tegishli davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari xech qachon xalqimiz qalbi to‘ridan joy olgan «CHo‘li Iroq», «Munojot», «Tanovor» kabi navolarni va «Mustahzod»u «Lazgi» kabi sho‘xchan yallalarni ham, zamonaviy estradamizning ushbu san'at durdonalari qatoridan munosib o‘rin egallashga loyiq bo‘lgan mavjud va yaratilajak kuy-qo‘shiqlarini ham hech qachon «ommaviy madaniyat»ning qabih to‘riga ilinishi yoki chohiga tushishiga yo‘l qo‘ymaydi va shou-biznesning salbiy oqibatlaridan saqlaydi!

 Farhod QURBONBOYEV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.