MUHABBAT YETIM QOLMASIN

Ko‘kni qora bulut qoplagan. G‘arbdan esayotgan shamol kuchaygandan-kuchayib, dovul borgan sari avjiga minmoqda. Shiddat bilan shibbalayotgan yomg‘ir dov-daraxtlar bargini chor tarafga to‘zg‘itadi. Xazonlar taqdirga tan bergancha yelvizak qayga yetaklasa, o‘sha tomonga uchib, oldidan nima chiqsa, urinib-surinib, ba'zilari esa loyga belanib yotibdi. Yoz bo‘yi to‘lib oqqan anhorning shashti sust bugun, suvi ham sayoz. Unga o‘rnatilgan charxpalak esa, eringandek arang aylanmoqda. 

Ahatning sokin hovlisi oldidan o‘tayotganda ko‘pgina yo‘lovchilarning yuragi uvishib ketadi va: “Xudo bir tarafdan qisgan-da” deb qo‘yishadi. Uy haqi­­qatan shohona. Chinnidek top-toza hovli barchaning havasini keltiradi. Faqat bir narsagina yetishmaydi bu oilaga. Qani edi, shu saranjomlikka xos mo‘'­jiza yuz bersa-yu, ularning tilaklari ijobat bo‘lsa?!

Oz emas, ko‘p emas - o‘n besh yil bo‘ldi ularning turmush qurganiga. Yildan-yilga chehralari so‘lib borayapti. Shahar kasalxonalariga qatnay-qatnay tovonlari teshilib ketdi. Biroq biror marta bir-birini malomat qilmaydi. Goho Olimaning o‘zi: “Ayb menda, siz farzand ko‘rishga haqlisiz, taqdirga tan berib ajrashaylik”, deya hiqillaydi, ayol-da, ko‘z yoshlari so‘lg‘in yuzlarini yuvib. Shunday qilsa, balki hammasi o‘zgarib ketar... Yo‘q, yo‘q! Hyech narsa o‘zgarmaydi. Peshonasiga yozilgani shu bo‘lsa, bekorga oilasini buzgani qoladi.

Ahat ertangi tadbirda nutq so‘zlashi uchun tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ijodxonasi tomon yurdi. Divanga uzala tushib oldingi tadbirlarda bildirgan fikrlarini birma-bir xayolidan o‘tkaza boshladi. Avvalgi ma'ruzasi so‘z­ma-so‘z yodida. Negaki, u hamma narsani hayotdan olib, tinglovchilarga tushunarli qilib gapirgan.

Ertangi tadbirda undan oldin tajribali adabiyot muallimi so‘zga chiqadi. Opaning mavzuni chuqur tushuntirishi unga ayon. Shunga yarasha yozish kerak ma'ruzani. Ahat shularni o‘ylab asta o‘rnidan turdi va xayoliga kelgan fikrlarni  qog‘ozga tushira boshladi. U ma'ruza matnini “Sevgining fasonasi bu - bir-biriga tinimsiz talpinish emasmi?”, degan atoqli adib Chingiz Aytmatovning so‘zi bilan osongina boshlab, shu ruhda davom ettirdi: “Hayotning baland-past yo‘llari insoniyatni ulug‘lab, o‘zligini tanitadigan quvonch-u tashvishlarga boy tuyg‘ularga to‘laligi barchaga ayon. Bilsangiz, o‘zi odamzodni muhabbat bilan birga yaratib, qalbimizga bu tuyg‘uni keragicha joylagan. Ammo biz kishi yuragini shirin entiktirib, qalblarga huzur baxsh etajak bu bebaho ne'matdan hamma vaqt ham o‘rinli foydalana olmayapmiz.

Muhabbat atrofi mustahkam devorlar bilan o‘ralgan mo‘'jazgina bir makon emas. U besh kunlik bu yorug‘ olamdagi hadsiz, hisobsiz, benazir ne'mat. Hammaning ham vujudiga sig‘avermaydigan muqaddas tuyg‘u. Uning torlari shunchalar nozikki, salgina tegib ketsangiz,  yurakni titratib yuborishga qodir. Pokiza dillarni qurbon qiladi. Uning qahriga uchramaslik, uvoliga qolmaslik uchun uni hamisha avaylash, asrash, qadrlash kerak. To‘g‘­ri, bir kungina yashaydigan kapalakni-da e'zozlaydigan odamlar ham bor oramizda. Ammo tili boshqa-yu, dili bosh­qalar ko‘p, baribir. Yuragida zori, qalbida ori yo‘q bunday kimsalar chin muhabbat qadrini qaydan bilsin, axir?! Qani endi, muhabbat buyruqqa bo‘ysunib, sevish-sevilish insoniyat izmida bo‘lsa-yu, ming yuraklar muqaddas tuyg‘ular qadrin toptab: “Bunisi endi bo‘ldi, ertaga boshqasini topaman!”, degancha hammasini tuproqqa chizilgan suratday bir zumda qalbidan o‘chirib tashlayversa. Yo‘q, bunday bo‘lmaydi, bo‘lmasin ham!

Ammo o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bir yilda mo‘'jazgina shaharda balog‘atga yetmay bola quchib, baxtini boy bergan nav­nihollar soni yetti nafardan oshibdi. Bu ma'lum bo‘lgani, albatta. Benazir bu  borliqni bolasiga ravo ko‘r­may bebaxt bo‘layotganlar qancha? Tug‘ilib-tug‘ilmay qurbon bo‘layotgan begunoh norasidalar qismati uchun kim javob beradi?! Dilbandini toshbag‘irlarcha ko‘cha-ko‘yga tashlab ketayotganlarni kim deb atash mumkin?!

Eh, bunchalar beshafqat bo‘lmasa bu dunyo? Qarang, kimgadir farzand xor, kimlar esa tirnoqqa zor...”

Ahat ma'ruza matnini qalbidan qaynab chiqayotgan otashin so‘zlar bilan hali uzoq davom ettirishga qodir edi. Ammo shu tobda negadir birdan to‘xtadi. Aniqrog‘i, yozganlarini ayoli o‘qib qolishidan, uning yuragi yana qon bo‘lishidan cho‘chib, ma'ruza qoralamasini yirtib-yirtib uloqtirdi...

Kuzning rutubatli seryom­g‘ir tuni yana tong bilan o‘rin almashdi. Ertalabki nonushtadan so‘ng Ahat mashinasiga o‘tirib, ishga otlandi. Qo‘shni qishloqdan o‘tayotib, darsga kech qolmaslik uchun yo‘lda chopib borayotgan qizchaning yonida to‘xtab, uni mashinaga chiqarib oldi. Qizaloqning ust-boshi yupun bo‘lgani bois:

- Ustingga qalinroq ki­yim kiygazib yuborishmabdi-da! - dedi qizaloqqa.

- Esimdan chiqibdi, - deya so‘lg‘in javob berdi qizcha.

- Ota-onang uyda emasmidi?

- Uyda.

- Nega unda sening ko‘chaga bunday chiqishingga yo‘l qo‘yishdi ular?

- E-e, ular yana ertalabdan janjallashib qolishdi, - dedi qizaloq yerga qarab.

- Nega janjallashadi ular, qizim? - deya so‘radi Ahat mehribonlik bilan.

- Otam doim “O‘g‘lim yo‘q” deb janjal chiqargani-chiqargan.

- Otang seni yaxshi ko‘rmaydimi?

- Yo‘q, yaxshi ko‘radi. Ko‘pincha meni bag‘riga bosib: “Qizim, seni yaxshi ko‘raman, biroq sen baribir o‘g‘il farzandday yonimda qololmaysan-da! Ertaga kunim qanday bo‘ladi? Bu uyning chirog‘ini kim yoqadi?” deydi. Men otamniyam, onamniyam tushunaman. Ikkisigayam qiyin. Ularda ayb yo‘q, hamma ayb menda. O‘g‘il bo‘lib tug‘ilganimda ular hech ham urishishmasdi. Onam otamning jahli chiqmasligi uchun hamisha parvona bo‘lib, hamma ishga ulgurishga urinadi, tinmaydi. Afsus, onamga boshqa farzand ko‘rish mumkin emas ekan...

Qizaloqning so‘zlarini ortiq tinglashga bardoshi yetmagan Ahat asta radio murvatini burab, undan taralayotgan qo‘shiq ovozini ko‘tardi. Oradan ko‘p o‘tmay maktab darvozasi oldida to‘xtagan mashinadan shahdam tushgan qizaloq: “Rahmat, ustoz!” degancha o‘zini ichkariga urdi. Ahat esa ish boshlashga bo‘yni yor bermay, maktab hovlisida u yoqdan bu yoqqa ancha yurdi. Hatto dasturiy hisobotni bahona qilib markazga ham borib keldi. So‘nggi saboqdan keyin hamma maktab zaliga to‘plana boshladi. Nihoyat, tadbir ham boshlanib, adabiyot o‘qituvchisi minbarga ko‘tarildi.

- Bugun yoshlar o‘rtasida erta turmush qurish ko‘p kuzatilmoqda, - deya u salmoq bilan so‘z boshladi. - O‘zimning yoshligimni misol qilay. Men yigirma to‘rt yoshimda turmushga chiqqanman. U paytlarda erta turmushga chiqish uyat sanalardi. Biroq bugun agar qizi 20-21 yoshida turmushga chiqmay qolsa, ota-ona sarosimaga tushib qolmoqda: “Qizim qari qiz bo‘lib qoldi” deb. Yo‘q, aslida unday emas, bu ayni muddao. Rivojlangan davlatlarda bejiz yigirma besh yoshdan keyin turmush qurishmaydi...

Demak, bugun bekordan-bekorga yoshlarning erta turmush qurishlari oldini olishga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilmayapti. Buni doim yodda tutib, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarning qadriga yetishimiz lozim...”, degan adabiyotchi opaning kishini o‘yga toldiradigan tiniq fikrlaridan ruhiy quvvat olgan Ahat oqshomda yozib, yirtib tashlagan ma'ruzasini xuddi ipga marjon tizganday yoddan o‘qiy turib: “Ogoh bo‘ling, odamlar, muhabbat yetim qolmasin!”, deya hayqirib yuborayozdi...

 

Yunusbek ABDIYEV