YIGIRMANCHI ASRNING AYANCHLI TUHFASI

Navbatchiligi tinch o‘tayotganidan mamnun o‘tirgan Nodirani ogohlantirishdi: darhol jarrohlik xonasini tayyorlang, ko‘richagi yorilgan bemorni olib kelishyapti. Saharga yaqin boshlangan jarrohlik ishi soat oltilarga borib yakunlandi. Hamshira bilan xodimlar bajaradigan yumushlar qolgandi. Nodira barcha tibbiy asboblarni yuvib, qayta ishlatishga tayyorlash uchun maxsus idishlarga soldi. Hademay navbatchilikni topshirishi kerakligini o‘ylab shoshildi. Shpritslarni yig‘ishtirib olayotganda, ehtiyotsizlik qildi, shekilli, barmog‘iga igna suqilib, qon sizib chiqdi. Sanitar ayol uning barmog‘ini bog‘lab qo‘ydi-da, qolgan ishlarni o‘zi amalladi.

...Bir necha oydan so‘ng Nodira o‘zida kuchli charchoq, lanjlik seza boshladi. Keyin yo‘tal, harorat ko‘tarilishi tez-tez takrorlanaverdi. Hamshira emasmi, avvaliga o‘zini o‘zi davolagan bo‘ldi. Ammo haligi alomatlar o‘zgarmadi. Shifokorlar maslahati bilan bir necha tahlillardan o‘tdi. Natijasini eshitib... naq hushi boshidan uchdi: OITS!
Buni oilasidan uzoq yashirib yurolmadi. Baribir aytish kerak, degan xulosaga keldi. Turmush o‘rtog‘ining bunday noxush gapga munosabatini taxmin qilgandi, to‘g‘ri chiqdi:
– Hamshiradan yaxshi xotin chiqmaydi, deyishgandi. Bu bir gap-da, deb e’tibor bermagandim... Yo‘qol, ko‘rgani ko‘zim yo‘q...
Nodiraning yuragi uzilib tovoniga tushdi go‘yo, ammo dadil turib dedi:
– Ikki farzandim haqqi, aybim yo‘qligini isbotlayman.
– Urinib ko‘r...
Tibbiyotchilar orasida yurgan kishi bu vaziyatda qanday yo‘l tutishni biladi. Ushbu kasallik uch xil yo‘l bilan yuqishi ma’lum. U faqat qon orqaligina yuqtirganiga amin bo‘ldi. Hamshiralar ko‘plab jarrohlik ishlarida ishtirok etadi. Lekin barmog‘iga igna suqilishi hamishayam bo‘lavermaydigan hol. Nodira o‘sha kungi bemorning barcha tahlillarini oldirib, ko‘rib chiqdi. Adashmagan ekan, aynan undan yuqqani aniq bo‘ldi. U oilasi oldida o‘zini oqladi, ammo sog‘lig‘ini, avvalgi shirin hayotini qaytara olarmidi?!
Taqdirning tuhfasini qarangki, tunni tongga ulab kimningdir hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shsangu evaziga seni shunday dardisar bilan siylasa...
Ha, yigirmanchi asr insoniyatga ana shunday bedavo dardni ravo ko‘rdi. Afsuski, unga yo‘liqish xavfidan hech kim kafolatlanmagan. Dunyo ilm-fani hozircha bu kasallikka davo topishga ojiz. Biroq unga chalinishning oldini olish uchun chora-tadbirlar belgilangan.
2013 yil 23 sentyabrda qabul qilingan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infektsiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, mamlakatimizda ham ehtiyot choralari ko‘rilmoqda. Qonunning 20-moddasiga ko‘ra, OIVni yuqtirib olganlar bepul, maxsus davolanadi. O‘n sakkiz yoshga to‘lmaganlar kasallik bosqichidan qat’i nazar qonun hujjatlarida belgilangan har oylik ijtimoiy nafaqa va nogiron bolalar uchun imtiyozlarni olish huquqiga ega. OIVni yuqtirib olgan bolalarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar ishdan vaqtincha ozod qilingan va vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini olgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davolash-profilaktika muassasasida (statsionar sharoitda) bolalar bilan birga bo‘lishlari mumkin.
– Prezidentimizning 2008 yil 26 dekabrdagi 1023-sonli qaroriga asosan mamlakatimizda OITSga qarshi kurashning yagona tizimi yaratilgan, — deydi Respublika OITSga qarshi kurash markazi epidemiologik monitoring bo‘limi mudiri Abduvohid Nurmatov. – Mazkur tizimga muvofiq barcha viloyatlarda markazlar tashkil etilgan. Ularda OIV infektsiyasi profilaktikasi, tashxis qo‘yish va uni davolash bo‘yicha aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, tibbiyot muassasalarini uslubiy jihatdan ta’minlash hamda ushbu vazifalarni amalga oshirishning zamonaviy usullarini joriy etishni zimmasiga oladi. OIV yuqishining jadalligiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni aniqlash va ularning faolligini baholash bo‘yicha maxsus epidemiologik tadqiqotlar ham o‘tkazadi. Kasallikning to‘rtta bosqichi bor. O‘tgan yilgi natijalarga qaraganda, murojaat qilgan bemorlarning 92,8 foizida OIV infektsiyasi birinchi va ikkinchi klinik bosqichlarda aniqlangan. Bu bir tomondan yaxshi. Negaki, iloji boricha kasallik dastlabki bosqichdan aniqlansa, bemorning umrini uzaytirish choralari ortadi va kutilgandek samara beradi. Bizda dori vositasiga sodiqlik, degan qoida bor. Bemor ana shu qoidaga umrining oxirigacha amal qilishi shart. Agar rejim buzilsa, organizmda sezuvchanlik oshib, virus dori vositasiga o‘rganib qoladi, ya’ni bari bekorga ketadi. Hozirgi kunda Respublika bo‘yicha 10 mingdan ortiq shaxs maxsus dori vositasini olmoqda. 2014 yilning o‘zida Global Jamg‘arma hisobidan 3,2 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ga maxsus dori preparatlari xarid qilingan. Shuningdek, davolash tadbirlariga davlat byudjetidan 1 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ ajratildi. OIV infektsiyali bemorlarni tibbiy va ruhiy-ijtimoiy qo‘llab quvvatlash borasida joylarda infektsionist, psixolog va ijtimoiy ishchidan iborat multidistsiplinar jamoa faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bizga ko‘pincha, immuniteti doim past yuradiganlarda qachondir shu kasallik kelib chiqishi mumkinmi, deb savol berishadi. Yo‘q, OIV virusi faqat o‘sha uch yo‘ldan biri orqali organizmga tushgan taqdirdagina yuqishi mumkin. Inson o‘zini ana shulardan asray olsa, bunday xavotirga o‘rin yo‘q. Mana, so‘nggi statistik ma’lumotlarni olaylik: ushbu xastalikka chalingan onalardan tug‘ilayotgan farzandlarning 98,7 foizi sog‘lom ekani aniqlangan. Albatta, ularga kasallikning onadan bolaga yuqishi oldini olishning bir necha tadbirlari amalga oshiriladi va natijada bola bu xavfdan xoli ulg‘ayadi...
Ko‘p kasalliklar sog‘lom turmush tarziga amal qilmaslik oqibatida kelib chiqadi. Ammo OITSga nisbatan bunday deb bo‘lmaydi. Negaki, o‘z kasalini yashirib, stomatolog yoki xizmat ko‘rsatish salonlariga bemalol kirib-chiqadiganlar bor. O‘zini har qancha asramasin, ular tufayli boshqalar ham aziyat chekayotir. (So‘zimiz avvalida keltirilgan voqea ham buni tasdiqlaydi). Holbuki, qonunning 19-moddasiga ko‘ra, ushbu virus bilan kasallangan shaxs “...teri va shilliq qatlamlarning yaxlitligini buzuvchi muolajalarda sanchiladigan va kesadigan asboblardan foydalanadigan tibbiyot xodimlarini va xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlarini o‘z kasalligi to‘g‘risida xabardor etishi shart”.
Respublika Vazirlar Mahkamasining 365-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom hamda mazkur qonunning 15-moddasiga asosan 50 yoshgacha bo‘lgan nikohlanuvchilar OIV infektsiyasiga tibbiy tekshiruvdan o‘tishlari majburiy qilib belgilangan. Agar ulardan birida ushbu infektsiya aniqlansa, ikkinchisining arizasi bilan nikoh qayd etilmaydi. Yoki aksincha bo‘lishi ham mumkin...
...Umida (ismlar o‘zgartirildi) bolaligidan militsioner bo‘lishni orzu qilardi. Orzusiga erishdi. Sevgan kasbida astoydil ish boshladi. Uning forma yarashgan qaddi-bastiga oshiq bo‘lganlar ko‘p edi. Ulardan birini tanlashga to‘g‘ri keldi. Unashtiruv marosimidan so‘ng bo‘lajak kelin-kuyov tibbiy ko‘rikdan o‘tishdi. Tahlil natijalari tayyor bo‘lgach, ular tibbiyot muassasasiga borishdi. Shifokor ikkisini alohida qabul qilishini aytdi.
– Avval sen kiraqol, – dedi yigit va shifokorning nigohiga qarab negadir ko‘ngli g‘ash bo‘ldi.
Umida natijalarni eshitib, qayg‘uga botishini xayoligayam keltirmagandi. U bir muddat ikki o‘t orasida qoldi. Shifokorning so‘zlari qulog‘iga kirmadi, juda olisdan eshitilganday bo‘ldi:
– Tanlash imkoni faqat sizda, istasangiz rad eting.
U oxiri bir qarorga keldi:
– Ilojim yo‘q, endi shu odam bilan yashashim kerak.
– Nega, bunga majbur emassiz, yaxshilab o‘ylab ko‘ring!
– To‘g‘ri, ammo shunisi ma’qul ko‘rinyapti. Chunki men militsiyada, erkaklar orasida ishlayman. Shundan kelib chiqib, o‘zimni ayblashadi. Bir gapi bordirki, unashtiruvni bekor qildi, deyishadi. Buning ustiga, bog‘lanmay turib uzilgan rishtalarni xosiyatsizlik belgisi, deydi keksalar...
Ha, taassufki, oramizda gapga to‘n bichadiganlar topiladi. Odamlar nima deydi, degan andisha hayotimizni-da o‘zgartirishga qodir. Balki bu taqdir yozig‘idir?! Umidaning qarorini faqat andisha o‘zgartirmadi. Uning qat’iyligi, jasurligi ham bunga sabab bo‘ldi. Axir kasalga chalinganlarni chetga chiqarib qo‘yib bo‘lmaydi. Aksincha, qonunda ularni kamsitmaslik, o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli a’zosidek his qilishlari uchun ko‘maklashish zarurligi qayd etilgan.
Avvalo, to‘g‘ri yo‘lda qo‘yilgan qadam, yaxshi niyat, pok tuyg‘ular bizni ayanchli qismatdan asrashini anglashimiz lozim. Bizga in’om etilgan har bir ne’matni borida qadrlashimiz kerak. Toki, betartib hayot tarzi, poklikka xiyonat bir kuni isyon bo‘lib, taqdirimizga daxl qilmasin...

Xolida FAYZIYEVA