.

Ijtimoiy tarmoqlar me’yorida, o‘rinli foydalanilsa, vaqti-vaqti bilan o‘zaro xabarlashib, fikrlashib turishning ajoyib vositasidir. Biroq bu imkoniyat suiiste’mol qilinganda-chi? U kishilarning, ayniqsa, hali oq-qorani tanib ulgurmagan, g‘o‘r yoshlar, ya’ni o‘quvchi va talaba tengdoshlarimiz uchun “vaqt o‘g‘risi”ga aylanadi. Mana bu endi katta kulfat. 

Afsuski, g‘iybatu fisqu fasodlarning uyasiga aylanib borayotgan ko‘plab saytlar borgan sari tengdoshlarimizni o‘ziga bog‘lab qo‘ymoqda. “Odnoklassniki”, “Whatsapp”, “Telegramm”, “Viber”... Ayrim o‘g‘il-qizlardan qaysi o‘zbek yozuvchilarining asarlarini o‘qigansiz yoki milliy xalq dostonlarimizni bilasizmi, deb so‘rasangiz ensa qotirishi mumkin, biroq bu kabi saytlar nomini bexato aytib berishlari aniq.

Albatta, internetga to‘siq qo‘yish ilojsiz va buning hojati ham yo‘q. CHunki, undan foydalanib, o‘z bilimini boyitayotgan, dunyo xabarlaridan voqif bo‘lib borayotgan yoshlar juda ko‘p. Ammo tanganing ikkinchi tomoni shuki, bugun Er yuzida yoyilayotgan bemaza ishlarning to‘qson to‘qqiz foizi aynan internet hissasiga to‘g‘ri kelayotgani ham bor gap-da. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar sodda, ishonuvchan, va hatto biroz hovliqma yoshlarni ilintirish uchun qarmoq vazifasini o‘tamoqda.

Bu tarmoqlardan foydalanadigan yoki foydalanganlarni kuzatganlar bo‘lsa, bilishadi: bu maydonda odob-axloq, andisha, ibo-hayo qoidalariga amal qilinmaydi.

YAna bir og‘riqli masala – bu tarmoqlarga qo‘yilayotgan suratlar bilan bog‘liq. Qizig‘i shundaki, yoshi bir joyga borgan odam ham “Whatsapp”ga kirishga vaqt topyapti. Tarmoqda shunday hollar uchraydiki, kulishni ham, kuyishni ham bilmaysan. Katta yoshli kishilar o‘z suratlari o‘rniga yosh yigit rasmini tarmoqqa joylashtirib, qizlar bilan suhbatlashishdan uyalishmaydi. Ularning “qarmog‘i”ga ilinib, aziyat chekkan qizlar qancha?!

YOsh yigit-qizlar-chi, saytlarda ularning turli ko‘rinishdagi suratlarini ko‘rib, nima deyishingni bilmaysan, odam. Nahotki, bu holatdan o‘zlari uyalmasa, andisha qilmasa?! Bu bilan o‘zlarini reklama qilishmoqchimi?

Yigit-qizlarning sayt orqali bir-biriga sevgi izhorini o‘qib, g‘ashingiz keladi: “asalim”, “jonim”, “begim”, “quyoncham”, “baliqcham”. Nahotki, ular bu so‘zlarda zarracha samimiyat, rostlik yo‘qligini o‘zlari sezmasa?! Bular uchun tarmoqlar go‘yoki bir o‘yinchoqdek gap.

Ayniqsa, “Whatsapp” haqiqiy gapxonaning o‘zi. Ushbu saytda guruhlar ochib olishadi-da, ikki-uchta bekorchi satang valaqlashib o‘tiradi.

Hozir qaysi transportda yurmaylik, tengdoshlarimizning qo‘lida telefon, xayolida faqat SMS yoki qay bir ijtimoiy tarmoq. Manziliga etguncha ko‘zlarini uzishmaydi, atrofdagilarga e’tibor ham berishmaydi. Axir, bu ko‘rish va eslab qolish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi-ku. Qolaversa, buni atrofdagilarga, kattalarga nisbatan hurmatsizlik, degan bo‘lardim. CHunki transportga kim chiqib, kim tushayotganiga e’tibor berishmagach, tabiiyki, keksalarga joy berish ham eslariga kelmaydi.

Xullas, aksariyat saytlar kishini shu qadar chalg‘itadiki, oqibatda kitob o‘qish, dars tayyorlash yoqmay qoladi.

Tengdoshlarimga shunday murojaat qilgan bo‘lardim: xo‘sh, biz qachon internetdan foydalanish madaniyatini o‘rganamiz? Vaqtni behuda o‘tkazish qimmatga tushishini qachon anglaymiz? Biz puxta ilm egallab, to‘g‘ri yo‘lni tanlasakkina ota-onamiz, ustozlarimiz ishonchini oqlagan bo‘lamiz. 

 

Muhammadsodiq TO‘RAEV,

O‘zDJTU talabasi