OSTONADA OLTIN BOR

Asosiy Qonunimizda mustahkamlab qo‘yilganidek, inson shaxsi daxlsizdir. Uning sha’nini, qadr-qimmatini toptashga hech kimning haqqi yo‘q. Afsuski, o‘zlarining tor manfaatlari yo‘lida o‘zgalarga o‘ylamay-netmay zarar yetkazayotgan kimsalar ham kam emas. Achinarlisi, ularning nayranglariga uchayotgan o‘zimiz bo‘lyapmiz. Aniqrog‘i, ba’zi soddadil yurtdoshlarimiz o‘ta ishonuvchanligi, qolaversa, o‘z haq-huquqlarini, qonun-qoidalarni yetarli darajada bilmasliklari oqibatida ko‘p qiyinchilik, ovoragarchiliklarga duchor bo‘lishmoqda.

 Andijonlik Farhod ham (ismlar o‘zgartirilmoqda) va’dalarga ishonib, aldanib qoldi.

U xorijga ishlagani bormoqchi bo‘lib yurganida tanishlaridan Mar­g‘ilonda Farida ismli bir ayol odamlarni chet elga ishga yuborishini eshitib qoldi. Bu Farhod uchun ayni muddao edi. U Farida timsolida o‘ziga ajoyib ko‘makchini ko‘rdi. Uchrashdilar, ayol ham dangalchi chiqib qoldi: Qozog‘istonda oyiga 50 ming tenge haq to‘lanadigan ish topib berishni va’da qildi. Faqat “jinday kutish kerak” ekan, “Bir kishini jo‘natolmayman, yana odam topay, o‘zim xabar qilaman...” dedi u.

Ko‘p o‘tmay Farhodga qo‘ng‘iroq qilib, Marg‘ilonga chaqirdi. “Odam topganga o‘xshaydi, yaxshi bo‘ldi-da, sheriklar bilan boradigan bo‘ldim” deb sevingan yigit Marg‘ilonga kelib o‘ylagan “sherik”larining qorasini ham ko‘rmadi. Farida odam topa olmaganini, o‘zi ham u bilan birga xorijga ketishini aytdi. Faqat ozgina xarajati bor ekan: Toshkent­gacha yo‘l haqi, undan tashqari, yana 300 ming so‘mcha pul kerak emish.

Farhodning javobini eshitmasdanoq qo‘shib qo‘ydi: “Xavotirlanmang, Qozog‘istonda hamma ishimiz zo‘r bo‘ladi!”.

Shu yilning 29 apreli. Farhod Mamajonov mo‘may daromad keltiradigan ish topib bergan “xa­lo­s­kor”i­ Farida Isroilova bilan Toshkentgacha birga boradi. Toshkentdan Chinoz tumanidagi Qozog‘istonga o‘tiladigan chegara postiga kelishadi. U yerdan o‘tishgach, ularni qozog‘istonlik, 35-40 yoshlardagi, o‘zini “Bek” deb tanishtirgan kishi kutib oladi. Mezbon Farhodga Sariog‘och tumanidagi akasi Yerg‘alining yerida ishlashini aytadi. Vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yish bahonasida Far­hodning fuqarolik pasportini qo‘lga kiritadi. Yigitning boshidagi qora kunlar shundan keyin boshlandi.

F.Mamajonov u yerda topshiriqqa ko‘ra 6 gektardan ziyod yer maydoniga beda ekadi, 2 gektarga yaqin bog‘dagi ishlarni sidqidildan bajaradi, 60 ta qo‘y, bitta sigirni boqish bilan shug‘ullanadi. “Bek” esa, berilgan va’dalarning birortasini ham bajarmaydi. U har kuni ovqat tayyorlash uchun bir donadan kartoshka va sabzi, non bilan suvdan bo‘lak hech vaqo bermaydi. Bu ham yetmagandek, “Birorta qo‘yim yo‘qolsa, bilib qo‘y, kallang bilan javob berasan, pulingni bermayman” deb po‘pisa qiladi. Bir oy ichida birorta qo‘yi yo‘qolmaydi, lekin u “so‘zida turadi” — Farhodga bir chaqa ham bermaydi. “Ishla...” deb haqorat qiladi. “Ketishni xayolingga ham keltirma, pasporting menda, go‘rga ham borolmaysan!..”

Vaqtida ovqatlanmagan, do‘q-po‘pisayu tinimsiz mehnatdan toliqib, madori qurigan F.Mamajonov shu yilning 14 iyun kuni holdan toyib, betob bo‘lib, ketmon chopayotganida yiqilib tushadi. U kasal bo‘lib qolgani uchun “Bek”dan pasportini, hech bo‘lmasa, uyiga ketishi uchun yo‘l haqi berishini yolvorib so‘raydi. “Xo‘jayin” yana ruxsat bermaydi.

Farhod agar ketishiga ruxsat bermasa, o‘z joniga qasd qilishini aytadi. Agar shunday bo‘lsa, boshim tashvishdan chiqmay qoladi, deb qo‘rqqan “Bek” tilxat evaziga pasportini qaytarishga ko‘nadi va xizmat haqini ham xuddi qarzdek qilib beradi. Yigit uning shartiga rozi bo‘ladi va 170 AQSh dollari miqdoridagi pulni olib, bu haqda hech kimga aytmaslikka ont ichib, tilxat yozadi. Fuqarolik pasporti va yo‘l haqi uchun 6500 tengegina pul olgan Farhod shunga ham shukr qilgancha, yo‘lga tushadi. Eh-he, yo‘ldagi sarsongarchiliklarni aytmaysizmi? U Qozog‘iston Respublikasining “B.Konыsbaev” chegara postiga boradi. Sochlari o‘sib ketgan, holdan toygan bemor yigitning ahvolini ko‘rib postdagilar rahm qilishgan, deb o‘ylaysizmi? Chegara xizmati soq­chisi undan bu yerdan o‘tishi uchun 500 tenge so‘raydi. Shundoq ham puli kam yigit bunga rozi bo‘lmaydi va keyingi soqchini kutadi. “500” tilangan soqchining o‘rniga kelgan hamkasbi esa sal boshqacharoq yo‘l tutadi. 2 baklashka energiya beruvchi salqin ichimlik olib kelsa o‘tkazib yuborishini aytadi. Noiloj qolgan Farhod bu shartni bajarmasa bo‘lmasligini anglaydi va talabni bajo keltiradi... Shu tarzda ming azob-uqubatlar bilan bir amallab O‘zbekistonga o‘tib oladi.

Bu orada Faridaxonim Isroi­lova Farhodga o‘xshagan yana qirq nafar navqironni “qurbon” qilishga ulguradi. U shunchalik ustomonlik bilan ish tutadiki, ishlashga ketayotganlarga Qozog‘is­tonga o‘zimning ishim bilan ketayotgan edim, deganga o‘xshash yolg‘on gaplarni o‘rgatadi va bu bilan ularning huquqni muhofaza qiluvchi xodimlar nazariga tushib qolishidan go‘yo ehtiyot qiladi. Farhod yurtimizga qaytgachgina uning barcha qilg‘iliqlari fosh bo‘ladi...

Jinoyat jazosiz qolmaydi. F.Isroilova kabi qonunbuzarlarning qonun oldida, xalq oldida javob berishlari tayin. Bizni o‘yga soladigani boshqa masala: xo‘sh, Far­hod singari yurtdoshlarimiz qachongacha aldanib yuradi?

Vatan ostonadan boshlanadi, deb bejiz aytishmaydi. Bu gapda hikmat ko‘p. Ostona hatlab ko‘chaga chiqsak, odatda, kattalarning oq fotihasini olamiz, ich-ichimizdan ezgu duolar qilamiz. Vatanning ostonasini xom xayollar bilan hatlab o‘tayotganlar ham bekorga xoru zor bo‘layotganlari yo‘q! Ular aslida ostonasi ostida yotgan oltinni ko‘rmay, qonunni oyoq osti qilib, faqat hamyonini o‘ylab ish tutishmoqda, nazarimizda.

Mamlakatimizda odam savdosining oldini olishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy asos yaratilib, inson erkiga daxl qiluvchi ushbu mudhish jinoyatga qarshi keskin kurashilmoqda. Biroq va’dalarga aldanib, oxir-oqibat pushaymon yeyayotganlarning orasida mamlakatimiz fuqarolarining ham borligi aholi o‘rtasida huquqiy ma’rifat borasida qilinadigan ishlarimiz yetarli ekanini ko‘rsatmoqda. Har bir kishi avvalo o‘zining huquqlarini to‘liq anglab yetmas ekan, chora-tadbirlar samara bermaydi. Demak, bu illatga qarshi kurashish barchamizning vazifamizdir.

 

Gulbahor ORTIQXO‘JAYEVA