MADANIYAT SOHILIGA QACHON YETAMIZ?


Ijod olamida shunday o‘lmas mavzular, boqiy asarlar borki, qaysi davrda yaratilishidan qat’i nazar, o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Abdulla Avloniyning “Madaniyat to‘lqunlari” nomli  feletoni shunday asarlar sirasiga kiradi.

 Allomaning fikricha, xalqni tom ma’noda madaniyatli qilish uchun, avvalo, iqtisodiy holatni yaxshilash kerak. Qorni och, usti yamoq odamga “kitob o‘qing” deng-chi, nima deyishini ko‘rasiz. Uzoqqa bormay o‘zimizdan misol keltirsak, qornimiz och payti, hatto musiqa eshitishni ham xohlamaymiz. Bu masala yuzasidan Avloniy shunday fikrlar bildiradi: “Har bir millat maishat tarafindan taraqqiyga yuz qo‘ymasa, ma’naviy tarafdan, ya’ni ma’rifat tarafidan ham taraqqiy qilolmas, bir kishining o‘z maishatiga yetarlik molu dunyosi bo‘lmasa va bularning sababiga harakat qilmasa, moddiy va ma’naviy ishlarni qilmoqdan ojiz qolur”.

Feleton o‘z davrining ijtimoiy, iqtisodiy holati haqida obrazli tasavvur beradi. Unda insonlarning yeyishga noni yo‘qligi, sakson olti foiz aholining eng past ishlarni bajarib, zo‘rg‘a kun o‘tkazayotgani haqida kuyinib gapiriladi. Sharoit og‘ir bo‘lsa-da, to‘y-tomosha uchun sarflangan xarajatlarning ko‘pligi tanqid ostiga olinadi. Isrofgarchilik qoralanadi: “Ajabo. Bu isrof to‘lqinlari bizlarni na yerga olub boradir?.. “Dard ustiga chipqon” degandek, kundan-kun bid’at ustiga bid’at ortmakda. Ulamo, fuzalo va eshonlarimiz zikr va tasbeh o‘rniga “to‘y ustiga to‘ylar bo‘lsin” so‘zini virdi zabon qilmakda. Ag‘niyo va sarvatdorlarimiz to‘y poygasi qilub, bir-birlarining bor-yo‘qlariga qaramasdan, faqir va kambag‘allarimiz uylarini, bog‘larini, otlarini, to‘nlarini sotub to‘yga sarf qilmakdalar”.

Bu jumlalarni bugungi kun uchun ham tatbiq qilish mumkin. Ayting-chi, bugun to‘y poygalari qay darajada davom etmoqda? Odamlarimiz to‘kin-sochinlik bilan qilingan to‘yni obro‘, deb qabul qilishayotgani achinarli holdir. Hatto, to‘y kuni qancha ko‘p yegulik ortib qolsa, marosim shuncha zo‘r bo‘ldi, deya baholanadi. O‘zi yemay-ichmay farzandlarining ehtiyojlarini bir chetga surib yig‘ilgan mablag‘ni bir kunlik hashamga sarflanishiga nima deysiz?

– Dadajon, ustozim “Sariq dyevni minib” kitobini o‘qishni uyga vazifa qilib berdilar. Do‘kon bor ekan. Olib bering, sinfdoshlarim oldida uyalib qolmay.

– O‘g‘lim, axir senga aytgandim-ku. Hozir bir so‘m ham berolmayman. Keyingi hafta akangni to‘yi bo‘lsa... ortiqcha xarajat qilolmaymiz...

Bu holatga o‘zim guvoh bo‘lganman.

Kitob harid qilishni “ortiqcha xarajat” deb baholash ilm xazinasini rad etish hammamizga tanish manzara. Aksariyat yangi oila qurganlar oyoqqa turib ketishda qiynalishadi. Bo‘yinlariga osilgan qarz, orqaga tortaveradi, tortaveradi. Yo‘qchilik tufayli urush-janjallar kelib chiqadi. Natijada munosabatlarga sovuqlik tushadi. Hatto, guldek oila buzilib ketadi. Baxtsiz oilalar sonining ko‘payib ketayotgani sababini uzoqdan emas, balki o‘zimizdan qidirsak yaxshi bo‘lardi.

Avloniy o‘sha asarida bugungi kunning ham dolzarb muammosi bo‘lgan madaniyat va “ommaviy madaniyat”ning far­qiga e’tiborimizni qaratgan.

“Ba’zi yoshlarimizga o‘xshash usti yaltiragan, ichi qaltiragan bo‘lib, boshlariga Yyevropa qalpog‘ini kiyub “Madaniyat!”, “Madaniyat!” deb og‘izlarini ko‘pirtirub, oz-moz musulmoncha, chala-yarim ruscha so‘zlashub kulgu bo‘lib yurmak madaniyat bo‘lmay, masxarabozlikning bir shu’basidir”, deya keskin fikr bildiradi.

Atrofingizga teranroq nazar tashlasangiz, o‘zini madaniyatli bilib, chet el xo‘rozqandi bo‘lsa yotvolib yalaydigan insonlar hali ham ozaygani yo‘q.

– Voy o‘libgina qolay... Bolam, bu nima turish. Nima qo‘shnimizni iti taladimi seni? Soching nimaga bunday titilib yotibdi? Iya, yirtiq shim bilan qaerga ketyapsan? Olib kel bu yoqqa, tikib beraman. Ko‘ylagingning yarmi nega osilib yotibdi?

– Eyy, buvijon, siz nimaniyam tushunardingiz. Axir, bu moda-ku. Hozir zamon o‘zgargan...

Bunday suhbatlarga ko‘p guvoh bo‘lamiz va dilimiz g‘ashlanadi. Nahotki, yirtiq shim, taralmagan patala soch zamon talabi bo‘lsa...

Avloniyning fikricha, kishilar chinakam madaniyatli bo‘lishi uchun yoshlarni shunga monand tarbiyalash, ta’lim-tarbiya berish uchun mohir adib va adibalar yetishtirish,  yoshlarni ishbilarmon, tadbirkor qilib voyaga yetkazish, zamonga muvofiq harakat qilish, turli illatlardan saqlanish, o‘zlikni unutmaslik lozim.

Darhaqiqat, madaniyat insoniyatning zebu ziynatidir. U bo‘lmasa odamzodga berilgan aqlu zakovat o‘z ishini qila olmaydi yoki yovuz maqsadlar uchungina xizmat qiladi. Madaniyat bor ekan rivojlanish, taraqqiyot bor, insonlar orasida mehr-muhabbat, oqibat, ilm-ma’rifatga chanqoqlik, yaratuvchanlik hissi mavjud. Shuning uchun ham madaniyat to‘lqinlari har bir zamon uchun, har bir xalq uchun muhim. Shu sababli ham Abdulla Avloniyning XX asrda yozgan asari bugun ham o‘z qimmatiga ega.

Madaniyat nimadan boshlanadi, degan savolga hech ikkilanmasdan o‘z qalbimizdan, deya javob bergan bo‘lardim. Ko‘nglimiz ezgulikka oshno, yuragimiz poklik chashmasidan suv ichgan, ongimiz yaratuvchanlikka moyil bo‘lsa, etika va estetika qoidalariga o‘z vaqtida rioya qila olsak, demak, madaniyatlimiz.

 SH.KOMILOVA