ZILZILANING SABABLARI KO‘P, AMMO...

Keyingi paytlarda zilzilalar ko‘proq sodir bo‘lmoqda. Ayni damda O‘zbekiston hududida seysmik holat qay darajada? Ularning kelib chiqishiga sabab nima? Bu kabi savollar ayni damda ko‘pgina yurtdoshlarimizni qiziqtirishi tabiiy. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi G‘. Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti geodinamika va seysmotektonika laboratoriya mudiri, fizika-matematika fanlari nomzodi Ulfat Nurmatovga murojaat qildik. 

– Keling, suhbatimizni zilzilalarning kelib chiqish omillaridan boshlasak. Tabiatda hamma narsa o‘zgarishda, harakatda, jumladan, yer osti ham. Yer mantiyasidan to ustki qatlamigacha uzluksiz kimyoviy-fizikaviy jarayonlar kechadi. Har bir qatlam o‘ziga xos moddalardan iborat. Yerning mantiya qatlamidagi kimyoviy jarayonlar ma’lum bir oqimni yuzaga keltiradi. Ana shu oqim yer plitalarining siljishiga turtki bo‘ladi. Yer ostida million yillardan beri hosil bo‘lgan yoriqlar – yer qobig‘ining yoriqlari mavjud. Ularning chuqurlikdagi uzunligi kilometrlab, hatto mantiyagacha bo‘lishi mumkin. Asosiy zilzilalar yirik yer qobig‘i bo‘laklarining bir-biriga to‘qnashib, sinishi natijasida yuzaga keladi. Qaysi bo‘lakning tarkibi mo‘rt bo‘lsa, u sinadi. Hatto sinish ovozi bizgacha ham yetib keladi. Sinish natijasida katta miqdordagi energiya ajralib chiqadi va yer silkinishiga olib keladi. Hosil bo‘lgan sinish zonasi zilzila o‘chog‘i hisoblanib, u ikki xildagi to‘lqinni hosil qiladi. Bo‘ylama va ko‘ndalang to‘lqin. Seysmologlar mana shu to‘lqinlarni qayd qiladi. Bu ikki to‘lqinning tezligi ikki xil ko‘rinishda bo‘ladi: tez va sekin. Shuning uchun ular kuzatuv punktiga ketma-ket yetib keladi. Xalq tilida uni “zilzilaning qaytishi” deyishadi. Aslida esa ikkala to‘lqin ham zilzila o‘chog‘idan bir vaqtda tarqaladi. Bo‘ylamaning tezligi pastroq, ko‘ndalang to‘lqinning tezligi esa yuqoriroq bo‘ladi.

Zilzilalarning kelib chiqishiga yer ostidagi jarayonlardan tashqari quyosh, oy hamda boshqa sayyoralarning tortishish kuchlari, koinotdagi o‘zgarishlar ham ta’sir etadi. Bularning barchasini bir vaqtda kuzatib, o‘rganishning imkoniyati yo‘q. Shuning uchun ham fan-texnika qancha taraqqiy etsa-da, zilzila yuz berishini oldindan aytish haligacha muammo. Ba’zilar zilzila sabablari yer osti qazilma boyliklarni ko‘p olinayotganidan deb biladi. Biroq bu asosiy omil emas. Ayni damda institutimiz laboratoriyalari tomonidan respublika bo‘yicha qaysi hududlarda  va qanday kuch bilan yer silkinishi sodir bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi seysmogen zonalar va seysmik rayonlashtirish xaritalari yaratilgan. Lekin bu o‘choqlar qachon o‘zini namoyon etadi, buni hech kim bilmaydi.

Markaziy Osiyoda zilzilalar o‘choqlari 8-20 kilometr chuqurlikda bo‘ladi. Bular yer qobig‘idagi zilzilalar hisoblanadi. Yer kurrasining boshqa joylarida zilzilalar 70-220 hatto 720 kilometrgacha chuqurlikda sodir bo‘lishi mumkin. Zilzila o‘chog‘i qancha chuqur bo‘lsa, uning ta’siri shuncha keng maydonga tarqaladi, aksincha yuza bo‘lgan sari ta’sir doirasi kamayib boradi. Hodisaning murakkabligi shundaki, zilzila qaysi qatlamlarda kutilayotganini bilish qiyin.

Shu bilan birga tabiat hodisalarining o‘z davriyligi mavjud bo‘lib, bu jarayon zilzilalarda ham kuzatiladi. Davriylikning o‘lchamlari shu qadar ko‘pki, ular bir necha kunlar, oylar va yillardan bir necha minglab yillargacha bo‘lishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘lkamizda 19 asr oxiri 20 asr boshlarida zilzilalar ko‘p kuzatilgan, 21 asrda u o‘zini qayta namoyon qila boshladi. Bu davriylik 15-20 yil davom etadi. Ayni kunlarda zilzilalarning ortishini davrning qaytalanishi ham deyish mumkin. Shuni aytish joizki, agar kuchli zilzila sodir bo‘lsa, uning ketidan 5-10 yilgacha mayda silkinishlar bo‘lib turadi. Bu asta-sekin zilzila o‘chog‘ining so‘nishidan dalolat.

Silkinishlarning tez-tez sodir bo‘lgani bir jihatdan yaxshi, chunki bunda yer ostida quvvat, energiya yig‘ilishiga imkon bo‘lmaydi. Bu energiya yillar mobaynida yig‘ilib qolsa, kuchli silkinishga olib kelishi mumkin. Shuning uchun so‘nggi paytlarda yurtimizda sodir bo‘layotgan kuchsiz zilzilalarni mutaxassislar ijobiy baholaydi.

– Seysmologlarninng ishlari zilzilalarni oldindan bilishga qaratilgandek. Olimlar bugungi kunda zilzilalar sodir bo‘ladigan joylarni va uning kuchi qanchaligini oldindan aytaoladimi? Favqulodda vaziyatlarda jabr ko‘rmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

– Bu tabiat hodisasi oldida inson baribir ojiz. Rivojlangan mamlakatlarda bu masalaga alohida e’tibor berilib, ma’lum natijalar olingan. Biroq taxminlar o‘zini oqlamagan. Zilzilalarning yuzaga kelish jarayonlari biri ikkinchisiga o‘xshamaydi. Bundan tashqari, uni yuzaga keltiruvchi omillar ham ko‘p. Ularning barchasini kuzatishni esa hozircha imkoni yo‘q. Shuning uchun ham uning qachon sodir bo‘lishini hech kim oldindan ayta olmaydi.

Uzoq muddatli ko‘rsatkichlarga asosan Markaziy Osiyo hududida seysmik faollik holati davom etmoqda. Respublikamiz hududida zilzilalar sodir bo‘lish ehtimoli bo‘lgan 24 ta zonaga ajratilgan, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan zilzilalarning kuchlari baholangan. Bular ichida yuqori seysmik potentsialga ega bo‘lganlari G‘arbiy O‘zbekistonning Gazli zilzilalari, 1902 yilda Andijon zilzilasi sodir bo‘lgan zonalar, Namangan va Xisor-Kokshaal  seysmogen zonalaridir.

Eng asosiysi, mamlakatimizda kuzatilayotgan silkinishlarning quvvati katta emas. Boshqa o‘lkalar bilan solishtirsak, ancha past. Rixter shkalasi bo‘yicha 6,5 balldan o‘tmaydi. Mutaxassislar tadqiqotlariga ko‘ra, hududimizdagi zilzilalarning kuchi 7-8 ballga to‘g‘ri keladi. Inshootlar, ko‘p qavatli binolar va uylarning seysmik holatiga ko‘ra bu darajani xavfsiz deyish mumkin.

Bir narsani aytish kerak,  binolar seysmik talablarga javob bermas ekan, zilzila kishilar uchun xavfli bo‘lib qolaveradi. Uyimizni mustahkam qursak, zilziladan qo‘rqishning hojati yo‘q, nazarimda. Aksariyat o‘rganishlardan ko‘rish mumkinki, uylarning sifatli qurilmagani kishilar hayotiga xavf solgan. Binolarni loyihalashtirish va qurish jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolar, loqaydlik, qurilish texnologiyalarining buzilishi bino va inshootlarning mustahkamligini kamaytiradi, u yerda yashaydigan aholi uchun xavf tug‘diradi. Diqqat-e’tibordan chetda qolgan eng yaxshi bino ham muddatidan avval, avariya holatiga kelib qolishi mumkin. Hushyorlik hech qachon zarar qilmaydi. Loqayd bo‘lsak, u nimalarga olib kelishi barchamizga ma’lum.

 – Bugungi kunda yurtimizda seysmologiya sohasining salohiyati qay darajada? Ko‘pincha silkinishlardan so‘ng hech qancha vaqt o‘tmay internet tarmog‘i orqali tezkor xabarlarni o‘qib qolamiz. Bunday tezkor ma’lumotlar qanday tayorlanadi.

– Avvalo, bir masalaga oydinlik kiritsak. Seysmologiyada Rixter shkalasi degan tushuncha bor. Bu termin zilzila o‘chog‘idan qancha energiya ajralganligini ko‘rsatadi. Uning yer ustidagi ta’siri esa ball deb yuritiladi.

Tezkor berishga kelsak, umumiy o‘rganishlar, seysmik qonuniyatlar va matematik hisob-kitoblar yordamida zilzilaning kuchi va hududi haqida ma’lumot beramiz. Aniq ma’lumotlar esa biroz vaqt o‘tib beriladi. Zilziladan so‘ng maxsus xodimlar tomonidan joylardagi zilzilaning ta’siri o‘rganilib, shu asosda xarita tuziladi. Birinchi va ikkinchi xabar o‘rtasida farq katta bo‘lmaydi.

Ayni damda yurtimizda 61 ta seysmik stantsiya ana shunday ma’lumotlar yig‘ish va tahlil ishlari bilan mashg‘ul. Ular doimiy ravishda seysmik holatni kuzatib borishadi. Quvonchli jihati shundaki, so‘nggi yillarda deyarli barcha markazlarimiz zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Bu esa imkoniyatlarimizni yanada oshirdi.

Yer silkinishi bir necha soniya, chuqurroq va olisda bo‘lsa, uzoqroq davom etishi mumkin. Tebranishlar insonga noqulaylik tug‘dirib, sarosimaga tushiradi. Lekin yer silkinishining to‘xtashini kutishdan boshqa chora yo‘q. Ko‘pchiligimiz bunday hollarda nima qilishni, zilzila vaqtida qanday qilib jon saqlashimiz mumkinligini bilmaymiz. Shuning uchun vahimaga tushmaslikka va xotirjamlikni saqlash, harakat qilish joiz. Bunday vaziyatda aql bilan ish ko‘rilsa talafotsiz chiqishga imkoniyat ko‘proq bo‘ladi.

 

Suhbatni Bobur MUHAMMADIYEV tayyorladi.

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.