FOLBINLIK KASBGA AYLANMAYAPTIMI?

Qishlog‘imizga borganimda bir voqeaning ustidan chiqdim. Bir kirakash yigit folbin ayolni do‘pposlab qamalib ketishiga sal qolibdi. Voqea bunday bo‘lgan ekan: do‘stining telefoni yo‘qoladi. Yigit uni kim o‘g‘irlaganini  bilish niyatida folbinga borsa, u o‘sha yigitning ismini tilga olibdi.

Tuhmatga, isnodga chiday olmay, u qo‘liga erk bergan ekan.

O‘ylab qolasan, kishi. Keyingi paytlarda “falonchi folchi bo‘lgan emish”, “falonchi issiq-sovuq qilar emish”, “falonchi duo o‘qib jinni chiqarar emish” kabi gap-so‘zlar qulog‘imizga tez-tez chalinadigan bo‘lib qoldi. Hattoki, oramizda bunday holatlarga tabiiy hol deb qaraydiganlar ham ko‘p. Butun hayotini folbinning “nasihatlari” evaziga qurib, ostonasini chuqur qilgan ayollar, afsuski, oramizda yo‘q emas.

Shunday ayollardan birini yaqindan bilaman. O‘n besh yil bo‘liptiki, hanuz kelini bilan chiqisha olmaydi. Har safar uni ko‘rganimda nasihat qilaman. Keliningizga yaxshi muomala qiling, deb. Aksincha, garchand noto‘g‘ri bo‘lsa ham, u o‘z fikrida qat’iy turadi. Yaqinda folbinga boripti. Folbin ayol “qachon enasi o‘lsa, shundagina munosabatlaring yaxshi bo‘ladi”, deganmish. Bu so‘zga ishongan qaynona, Ollohdan qudasining o‘limini tinmay so‘raydi. “Birovga o‘lim tilaguncha, o‘zingizga umr, iymon so‘rang”, deyman. Koshki, so‘zlarim qulog‘iga kirsa.

Kasb taqozosi bilan, viloyatlarda, qishloqlarda bo‘lishimga to‘g‘ri keladi. Yaqinda Xorazmda bo‘lgandim. Taksi haydovchi “mana shu katta yo‘lning o‘ng tomonida yashaydigan Rustam degan yigit o‘z-o‘zidan tabib bo‘lib qoldi. Fol ham ko‘radi. Odamlar qabuliga oqib borayapti. Men ham bormoqchiman” dedi. Men unga folbinlar sehr-jodu bilan shug‘ullanishini, muqaddas kitoblarda folbinlik qoralanganligi haqida, bunday noma’qul ishlarga ulamolarimiz, din olimlari qarshi ekanligi xususida gapirdim. Tushuntirishlarim zoe ketmadi. Haydovchi fikridan qaytdi shekilli.

Xo‘sh, nega folbinlar, “duoxonlar”, issiq-sovuq qiluvchiyu oluvchilar bu qadar ko‘payib ketmoqda? Nega odamlar ularning huzuriga yopirilib borishmoqda? Nahotki, odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itadigan folbinlarni tartibga chaqirish mumkin emas? 

Mana shu savollar qalam olishga undadi. Kimdir tomosha uchun, kimdir chiqmagan jondan umid qabilida, ba’zilar esa “mendan nima ketdi, bir boray-chi, ko‘p pul olmas ekan, odamlar borishayapti-ku”, deyishadi. Bunday ishlar noto‘g‘ri ekanligini bilsak-da,  miq etmay turamiz.

Ulardan “qanday folbin bo‘lib qoldingiz?” deb so‘rasangiz, bilganlari bitta so‘z. “O‘zimga qolsa shu  ishni qilmasdim. Ammo majburman. Og‘ir kasal bo‘lgandim. Folbinga borgandim, qo‘l olishing kerak dedi, o‘zi qo‘l berdi”, deyishadi.

“Mayli, siz aytganchalik bo‘lsin. Qo‘l olganingizdan so‘ng yaxshi bo‘lib qolibsiz. Shu ishingizni tashlang. Fol ko‘rmang. Odamlarni bir-biriga gijgijlamang. Bu ishingiz uchun erta bir kuni Olloh huzurida javob berasiz, desangiz, bitta javobni bilib olishgan.

“Menga Ollohning o‘zi folbinlik qilishni buyurgan”, deyishadi. Birinchidan, uning bu fikri uzoqni ko‘ra olmasligiga dalolat bo‘lsa, ikkinchidan, folbinlikni nafsining buyrug‘i bilan qilayotganini bilmaydi. Yoki bilsa ham bilmaslikkka oladi.

O‘ziga yoqa bo‘lolmagan, boshqaga yeng bo‘larmidi?! Ularning hayotini o‘rgansangiz, yo farzandi, yo biror yaqini albatta bemor bo‘lib chiqadi. 

Bunday “kasb” egalari esa qaynona bilan kelin, er bilan xotin, ovsinlar, tug‘ishganlar, qishloqdoshlar o‘rtasiga nizo solishdan boshqasiga yaramaydi. Bolalarning yetim bo‘lishiga, onalarning achchiq ko‘z yoshlariga sababchi bo‘lsalar-da, tomoshabin bo‘lib turishaveradi. Insonlarning yaratishga, yashnatishga bo‘lgan ishtiyoqini  so‘ndirib, vaqtini o‘g‘irlab, qo‘ydi-chiqdilar, nizolar girdobiga tashlaydi. Ya’ni inson kuch-quvvatining behuda sarflanishiga sababchi bo‘lishmoqda. 

Hayotda boshiga bemorlik tushmagan, mushkul vaziyatda qolmagan insonning o‘zi topilmasa kerak. Shukr, hozirda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tibbiyot sohasida ham katta yutuqlar qo‘lga kiritildi, kiritilmoqda, shu bilan birga davolash maskanlari qurilmoqda. Zamonaviy tibbiyot asbob-anjomlari, dori-darmonlar har qanday kasallikni aniqlashga, tuzatishga qodir. Marhamat boring,  davolaning.

Bir zumda folbin, “duoxon”, “mulla” bo‘lib qolganlar huzuriga ko‘proq ayollar, qizlar borishayapti. Bunday irodasi sust, ma’naviyati sayozlarga folbinlikni kasb qilib olgan duoxonlar, albatta, o‘zlarining salbiy sehr quvvatini yo‘naltirishadi. Qalbiga, miyasiga, vujudiga, ruhiyatiga salbiy quvvatni yo‘naltirib, ularni o‘z izmiga solishadi. Chalgan nog‘orasiga o‘ynatishadi.      

Oqil inson yaratish, yashnatish ishqi bilan yashaydi. Va shu yo‘lda sa’y-harakat qiladi. Taraqqiyotga o‘z hissasini qo‘shib, qalb degan zaminga  yaxshilik, ezgulik urug‘ini qadaydi. Johil kimsa esa buzish, buzg‘unchilik fikri bilan yashaydi. Insonlar o‘rtasidagi ijobiy munosabatlarni yemirib, qalblarga yomonlik, yovuzlik urug‘ini qadaydi. 

Oygul UBAYDULLA qizi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.