SUVDA ATOM BORMI?

Bizga tanish hajviynamo bir filmda, kimyo fanidan imtihon topshirayotan abiturientdan o‘qituvchi: “Suvda atom bormi?” — deb so‘raydi. “Suvda atom nima qilsin, domlajon? Atom — bomba-ku!” — deb javob qiladi savodi g‘ovlab ketgan abiturient. Sirasini aytganda, suvga bo‘lgan munosabatimizdan kelib chiqadigan bo‘lsak, ayrimlarimizning intellektual saviyamiz o‘sha abiturientnikidan sira farqlanmaydi. 

Binobarin, suvning turgan-bitgani sir-sinoat ekani, uning tarkibida nima boru, tuzilishi qanday – bilamizmi? Holbuki, unga har daqiqa zarurat sezamiz. Nafaqat “baliqning tirikligi”, balki olamdagi barcha mavjudot suv bilan tirik ekanini his qilamiz, xolos. Shu bois ham unga ehtiyoj tug‘ilgan taqdirdagina eslaymiz, chanqog‘imiz qongach, darrov unutamiz. Qadimda ota-bobolarimiz suvning qadrini bizdan ko‘ra teran anglashgan. “Oqar suvga tupurma – uvol bo‘ladi” deyishgan. Suvga axlat tashlash, uni ifloslantirish gunohi azim ekanini uqtirishgan. Kezi kelganda suv baloi ofat ekanini eslab, undan panoh so‘rab Yaratganga iltijolar qilishgan. Sababi, insoniyat o‘z kechmishida suvning vayronkor kuchga aylanib xuruj qilganini ko‘p bor boshidan kechirgan. Birgina Nuh to‘fonini eslang!..

Diniy manbalarda yerda hayot barpo bo‘lishidan oldin besh million yil muttasil yomg‘ir yoqqani, okeanlar, daryo va dengizlarda yetarli miqdorda suv g‘amlangach, boshqa tartibotlarga raqam berilgani aytiladi. Qizig‘i, bu ishlar bir mavjudot uchun – Hazrati Insonning zaminga tashrifi tufayli ro‘y beradi. Shuning uchun ham Mirzo Bedil insonning buyukligiga iqtido keltirib, uning “hurmat va ehtiromga sazovor zot ekanini tan olmaslik – mal’unlik”, ekanini ta’kidlaydi.

Xudo inson zotiga shuncha imkoniyat yaratdi, uni sarxil tabiat ne’matlari bilan siyladi. Shuning barobarida uni mulki borliqning mavjudligiga mas’ul qilib qo‘ydi. Qur’on oyati nozil bo‘ldi:  “Yenglar, ichinglar – isrof qilmanglar!” Bu da’vat suvga ham taalluqli. Isrof qilmaslik faqatgina tejashni anglatmaydi, balki undan samarali va oqilona foydalanishni ham bildiradi. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari VI Umumjahon suv forumi ishtirokchilariga yo‘llagan qutlov maktubida “suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish masalasi”ga alohida urg‘u bergan edilar.

Endi mana shu masala ustida kengroq to‘xtalamiz. Suvdan oqilona foydalanishning omillari xususida fikr yuritamiz. Buning uchun esa, avvalo suvning o‘ziga xos xususiyatlari haqida bir muncha ma’lumotga ega bo‘lish talab etiladi. O‘zbek kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan yana bir kinoasarda e’tiborga molik bir sahna bor. O‘g‘ri to‘dadagi Buqoq ismli badkirdor davrasiga tushib qolgan domladan, “nega suv nuqul oldga oqadi, ortga oqmaydi?”, deb so‘raydi. Domla esa: “Ortga ham oqadi, faqat uni biz va siz ko‘rmaymiz!” – deb javob qiladi. Haqiqatdan ham, suv suyuq holatida balanddan pastga, yuqoridan quyiga qarab enadi. Bug‘langanida yuqoriga ko‘tariladi. Yaxlaganda – muz, eritilsa yana suvga aylanadi. Bir so‘z bilan aytganda – mo‘’jiza!

Olimlarning shahodat berishlaricha, suvning boshqa kimyoviy elementlardan keskin farqlanuvchi jihatlari ham bor. Masalan, Mendeleev davriy sistemasidagi boshqa biror-bir modda, suv singari uch xil ko‘rinish xususiyatiga ega emas ekan. Haqiqatdan ham faqatgina suv tabiatda suyuq, gaz va qattiq kristal holatida namoyon bo‘ladi. Bunda uning kimyoviy tarkibi o‘zgarmaydi, tuzilishida o‘zgarish ro‘y beradi, xolos. Xuddi shunday tafovut uning issiq va sovuq ta’sirida o‘z holatini o‘zgartirishida ham mavjud. Ya’ni boshqa barcha narsalar sovuqda torayib, issiqda kengaysa, suvda buning aksi kuzatiladi. Xalq xo‘jaligining ko‘pgina sohalarida, xususan, uy-joy va yo‘l qurilishi, injener kommunikatsiya tarmoqlarini vujudga keltirish va tasarruf etishda suvning ana shu xususiyatini hisobga olmaslik, katta talafotlarni keltirib chiqaradi. Qish qattiq kelib, sovuq zabtiga olgan 2008 yili, bir qator isitish tarmoqlari ishdan chiqqaniga ko‘plarimiz guvohmiz. Ichida suv muzlab qolgan quvurlar, isitish moslamalari tars-tars yorilib ketgan edi, o‘shanda.

Shu o‘rinda, olimlarni juda ko‘p zamondan beri lol qilib kelayotgan suvning yana bir o‘ziga xos xususiyati haqida to‘xtalib o‘tsak. Bu O‘rta yer dengizi bilan Qizil dengizning sho‘r va chuchuk suvi o‘zaro aralashib ketmaganida ko‘rinadi. Mashhur okeanshunos olim Jan Jak Kusto bu holni ko‘rib, olamshumul yangilikka guvoh bo‘ldim, deb o‘ylagan. Dunyo ahliga birinchi bo‘lib shu ma’lumotni yetkazmoqchi bo‘lgan. Biroq keyinroq bu narsa Qur’on oyatlarida zikr etilganini bilib, boshqalar singari bu mo‘’jizadan hayratlanish bilan kifoyalanib qo‘ya qolgan. Bitta havzada, o‘rtada hech qanday to‘siq bo‘lmagani holda ikki xil suvning o‘zaro aralashib ketmasligi haqiqatdan ham g‘aroyib hodisa, suvning mo‘’jiza unsur ekanidan dalolat.

O‘tkir nafas eshon va mullalarning suvga dam urganlari haqida eshitganmiz. Katta yoshdagilar bunga guvoh ham bo‘lishgan. Muqaddam bu narsaga sarqit deb qaralgani, tanqid va tazyiq ostiga olingani ham sir emas. Ammo olimlar buning sirini endi aniqlashdi. Qur’on oyatlaridan o‘qib dam urilgan suvning shifobaxshlik xususiyati ortishi bor gap ekan. Nafaqat oyatlar, suv barcha yaxshi so‘zlarga, ezgu amallarga befarq emaskan. Uning tarkibida tasvir va axborotlarni o‘zida singdirish va xotirasida saqlash qobiliyati mavjud ekan. Tashqi ta’sirlar uning molekulyar tuzilishini musbat yoki manfiy qiyofaga o‘zgartirar, samarasi ham shunga yarasha bo‘lar emish. Xususan, tajribalar turli yo‘nalishdagi musiqalar ta’siri ostida o‘tkazib ko‘rilgan. Suvning tarkibi mikroskopda tekshirilganda Motsart, Betxoven, Bax singari bastakorlarning asarlaridan uning molekulalari jozibali ko‘rinish olgan bo‘lsa, og‘ir rok musiqalaridan u ayanchli qiyofa kasb etgani kuzatilgan.

Keyingi paytlarda dunyoning turli mintaqalarida kuchli suv toshqinlari, vayronakor to‘fonlar ro‘y berayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Olimlar buni uchta sabab bilan izohlashmoqda: birinchidan, atmosferaning haddan ziyod ifloslangani – ozon tuynugining hosil bo‘lishi oqibatida suv yetarli kislorod bilan to‘yina olmayotganidan; ikkinchidan, zavod va fabrikalarning chiqindilari suv havzalariga quyilishi va nihoyat, inson faktori – turli ijtimoiy mojarolarning suvga salbiy ta’siri deb izohlamoqdalar. Shu o‘rinda transchegaraviy daryo va boshqa suv manbalaridan foydalanishning umume’tirof etilgan xalqaro me’yor va qoidalari mavjudligi, ular o‘zaro manfaatli asosda istifoda etilishi maqsadga muvofiq ekani haqida ham eslatib o‘tmoq joiz. Zero, mintaqaning seysmik holatini e’tibordan soqit qilib, shu mintaqa aholisi uchun yirik suv inshootlarini qurish, o‘zi tashvishini qilayotgan xalqning boshiga texnogen xarakterdagi katta ofatlarga yo‘l ochib berish bilan barobar ishdir. Qo‘shnilar uchun esa bu amal sun’iy ravishda suv taqchilligini keltirib chiqaradi. Bu esa Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, “energetik va moliyaviy inqirozdan ko‘ra xavfliroq” oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Sirasini aytganda, kurrai zamin million yillar muqaddam quruq toshlardan va tog‘ jinslaridan iborat bir sayyora bo‘lgan. Unga suv bilan hayot kirib kelgan. Ana shu nuqtadan boshlangan barcha jarayonlarda suv ishtirok etadi. Tarkibida ma’lum miqdorda suv bo‘lmasa, hech qaysi bir jism yonmaydi. Suvi siqib olinganida, hatto benzin ham yonuvchanlik xususiyatini yo‘qotar ekan. Suvsiz urug‘ nish urmaydi, maysa ko‘karmaydi. Hatto inson organizmi ham ochlikka bardosh berishi mumkin, ammo suvsizlikka chiday olmaydi. Sababi, organizmimiz 70-80 foiz suvdan tashkil topgan. Har kuni har birimiz kamida uch litr suv iste’mol qilamiz. Suvsiz hayot yo‘q, degan hikmatli so‘zning ma’nosi shu aslida. Demakki, insonning sog‘lom bo‘lishi, ma’nan yuksalishida suvning alohida o‘rni bor. Binobarin, ta’lim va tarbiyani yaxlit bir jarayon ekanini bilamiz, shuningdek, parvarish ham tarbiyaning tarkibiy bir bo‘lagi aslida. Xonadon bekalari har kuni oila a’zolariga taom tayyorlashga tutinadi. Choy damlashadi. Bularning barchasida suv ishtirok etadi. Demakki, bekaning oshxonadagi kayfiyati, suvga va u orqali xo‘randaning botiniy olamiga kirib boradi. Niyati yaxshi, taom tayyorlash jarayonida o‘y-xayollari pokiza bo‘lsa, uning tayyorlagan taomi malham bo‘ladi. Har qultum choy shifo bo‘lib singadi, oila a’zolariga. Aks holda, taom tatigan kishi hazmiga qiynaladi. 

Sir emas, dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida odamlar asrlar osha suv tanqisligini boshdan kechirib keladi. Mamlakatimizning shimoliy va janubiy viloyatlarida ham suv taqchilligi sezilib turadi. Ayniqsa, orolbo‘yi mintaqasida bu muammo haqiqiy  muammoga aylandi. “Inson hayoti, salomatligi, millat genofondiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillar oqibatida nafaqat bevosita ekologik halokat hududida yashovchi aholi, balki butun O‘rta Osiyo mintaqasi doimiy ekologik tahdid ostida qolmoqda”, deb yozgandi Prezidentimiz VI Umumjahon suv Forumi qatnashchilariga yo‘llagan qutlov maktublarida.

Bundan bir ma’no kelib chiqadi. Shundoqqina yonimizda oqib yotgan suvga munosabatimizni o‘zgartirishimiz kerak. Toki u doimo ishonchli sherik, manfaatli hamrohimiz bo‘lib qolsin. Hurmatini joyiga qo‘yaylikki, izzat qilsin. Qalbiga ozor yetkazmaylikki, to‘fon bo‘lib boshimizga bostirib kelmasin! Yuziga tupurmaylik, toki bizni tark etmasin yoki tashrifini darig‘ tutmasin! Buning uchun nima qilish kerak! Ota-bobolarimizda ibratli amallar ko‘p. Mana shularning biri: qadimda qashqadaryoliklar va samarqandliklar bahor arafasida Darg‘om arig‘ini tozalab, suv bayramini nishonlashgan. Qurbonlikka qo‘ylar so‘yishgan, qozon-qozon osh tarqatilgan. Suvning sha’niga she’rlar aytib, qo‘shiqlar kuylashgan. Agar suvning tashqi ta’sirlarga o‘ta ta’sirchanlik xususiyatini nazarda tutadigan bo‘lsak, mazkur marosimlar shunchaki mehnatdan keyingi ko‘ngilxushlik bo‘lmagani, balki baayni suv yo‘llarini tozalashdan ko‘zda tutilgan maqsadning mantiqiy davomi ekani kundek ravshan bo‘ladi. Suvning serob bo‘lib kelishiga chorlov, ekinlarni serhosil qilib berishiga undov bo‘lgan u. Bu esa suvga uning hayotbaxsh unsur ekanini singdirgan, yoshlarda esa suvga nisbatan hurmat hissini tarbiyalagani ham shubhasiz. 

 Xudoyor MAMATOV,

yuridik fanlar doktori

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.