EBOLA, UNDAN KEYIN ZIKA

yoxud dard ustiga chipqon

Ayni kunlarda urushlar, ofat va falokatlardan tashqari turli yuqumli kasalliklar ham vaqti-vaqti bilan insoniyatga tahdid solmoqdaki, buning oqibatida ko‘pgina kishilar hayotdan ko‘z yummoqda. Sir emaski, keyingi yillarda ebola xastaligi infektsiyasi ko‘pgina mamlakatlarni qamrab oldi va buning oqibatida minglab kishilar nobud bo‘ldi. Dunyo shifokorlariga ushbu kasallik bilan jiddiy kurash olib borishga to‘g‘ri keldi. Shu kunlarda esa nafaqat Lotin Amerikasida, balki yer yuzining ko‘plab mintaqalarida yana bir zika, deb nom olgan xavfli virus keng tarqalmoqda.

 Endilikda bu virus Yevropa mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlariga ham yetib kelgan. Zika virusi edes (Aedes Aegypti) chivinining chaqishi orqali yuqadi. Bu hasharot Kanada va Chilidan tashqari, Shimoliy va Janubiy Amerika qit’alarining barcha mamlakatlarida mavjud.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Amerika bo‘limi zika virusi edes chivinlari mavjud bo‘lgan barcha mamlakatlarga tarqalishi mumkinligini bashorat qilayotir. Mazkur virusni yuqtirganlarning 80 foizi hech qanday kasallik alomatini sezmaydilar. Isitma va bosh og‘rig‘ini keltirib chiqaruvchi bu infektsiya ayni damda dunyoning 33 ta mamlakatida qayd qilingan. Ushbu davlatlardan 26 tasi g‘arbiy yarimsharda joylashgan.

Zika virusi minglab bolalarning rivojlanmay qolgan miya bilan tug‘ilishlariga sabab bo‘lmoqda. Bu virus homilada mikrotsefaliya – bosh miya chanog‘ining normal o‘lchamda shakllangan boshqa tana a’zolariga nisbatan sezilarli kichrayishini keltirib chiqaradi. Xastalik shuningdek, aqliy zaiflikka ham olib keladi. Shu bois Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti virus xavfi ostidagi hududlardagi homilador ayollarga shifokorga murojaat qilishni tavsiya qilmoqda. Kolumbiya, Ekvador, El Salvador va Yamayka hukumatlari virus to‘la o‘rganib chiqilmaguncha, ayollarni homilani kechiktirishga undadi. Edes chivini orqali yuqadigan infektsiya o‘ta xavfli bo‘lib, shifokorga vaqtida murojaat etilganda o‘limga olib kelmasligi mumkin.

Amerika shifokorlarining JAMA uyushmasining yaqinda e’lon qilingan bayonotida Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ebola virusiga qarshi kurashda yo‘l qo‘yilgan xatolarini takrorlamasligi va zika bezgagiga qarshi keng qamrovli kurash boshlash lozimligi ta’kidlanadi. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti Janubiy va Shimoliy Amerika qit’asi mamlakatlarida kuzatilayotgan zika bezgagi xatarli ekanini, unga qarshi kurashda xalqaro sog‘liqni saqlash tashkilotlari jiddiy choralar ko‘rishi zarurligini qayd etmoqda. Tashkilot ushbu virusga 3-4 million kishi chalinishidan ogohlantirmoqda. Shu sababli ham Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti qoshida zika virusiga qarshi kurash maxsus guruhi tashkil etildi.

Virus ilk bor 1947 yili Afrikaning Uganda mamlakatida kuzatilgan. Endilikda u dastlab o‘tgan yilning aprel oyida Braziliyada paydo bo‘lib, keyinchalik Janubiy Amerikaning boshqa mamlakatlariga tarqalgan. Mazkur mintaqaga virus afrikalik sportchilar tomonidan olib kelingan bo‘lishi mumkin, degan taxminlar aytilmoqda.

Braziliya Sog‘liqni saqlash vaziri Marselu Kastroning aytishicha, mamlakatda kasalikka qarshi kurashga armiya bo‘linmalari ham jalb qilinmoqda. Umumiy hisobda 200 mingga yaqin harbiy xizmatchilar virus tarqalishiga qarshi kurashar ekan, uyma-uy yurib, kasallik xavfi haqidagi bosma materiallarni tarqatmoqda. Braziliya sanitar shifokorlari virus tarqatuvchi chivinlarga qarshi kurashar ekan, har qanday ko‘chmas mulk inshootiga uy egalarining ruxsatisiz kirish xuquqiga ega bo‘ldilar.

Yana 6 oydan keyin Rio-de-Janeyroda yozgi Olimpiada o‘yinlari o‘tkaziladi. Biroq Janubiy Amerikada o‘tkazilishi kutilayotgan ilk olimpiada o‘yinlari xavf ostida turibdi. Hukumat rasmiylari zika virusi bilan bog‘liq epidemiya olimpiada o‘yinlarining bekor qilinishiga asos bo‘lmaydi, deyishmoqda.

Ta’kidlash joizki, ayni vaqtda 50 yil muqaddam aniqlangan virusni aniqlashning ishonchli usullari hamda unga qarshi vaktsina mavjud emas. Xastalikka qarshi vaktsina yaratish uchun olimlar uch yildan besh yilgacha ter to‘kishlari kerak bo‘ladi. Braziliya prezidenti ma’muriyati rahbari Jak Vagnerning so‘zlariga qaraganda, mamlakat tadqiqotchilari amerikalik olimlar bilan hamkorlikda virusga qarshi vaktsina yaratish ustida ish olib bormoqda. Bundan avval Amerika va Kanada olimlari Janubiy Amerikani qamrab olgan ofatga qarshi vaktsina yaratish ustida ish olib borayotgani ma’lum qilingan edi. Ular yaratgan vaktsina namunalari shu yil oxiriga qadar taqdim etilishi aytilmoqda. Hindistonning Haydarobod shahridagi Bharat Biotech International Limited kompaniyasi esa bu yerda mazkur virusga qarshi birinchi vaktsina yaratilganini ma’lum qilgan.

BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti vakillari savdo aloqalari va fuqarolarning sayohatga chiqishida hozircha cheklovlar joriy qilish shart emasligini aytishmoqda. Biroq sayyohlik tashkilotlari sayyohlarni zika virusi xavfidan ogoh etib turishlari kerak.

BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISYeF) xalqaro donorlarga murojaat qilib, G‘arbiy yarim sharda zika virusining keng tarqalishining oldini olish uchun 9 million dollar miqdorida mablag‘ berilishini so‘radi. YuNISYeF katta maslahatchisi, doktor Xizer Papovittsning so‘zlariga qaraganda, kasallikka qarshi zudlik bilan kurash olib borish kerak. Ayollar va bo‘lajak onalarga o‘z farzandlarini muhofaza qilish maqsadida virus haqida yetarlicha axborot berilishi lozim. Ayni damda YuNISYeF Braziliya va mintaqaning boshqa davlatlariga yordam berishga kirishib ketdi.

Zika virusi tarqalishi munosabati bilan Gondurasda favqulodda holat e’lon qilindi. Ilk bor Gondurasda zika virusi bilan bog‘liq hodisa o‘tgan yilning dekabr oyida qayd qilingan edi. Ayni damda virusga chalinganlar soni 3 ming 700 nafardan oshib ketdi. Shuningdek, Portugaliyada ham besh kishi bu xastalikka chalingan. Ularning hammasi yaqinda Braziliyadan qaytib kelgan kishilar ekan. Meksikaning Kintana-Roo shtati va Gerrero shtatidagi Akapulko shahrida ham zika bezgagi sabab favqulodda choralar ko‘rilmoqda. Meksika sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Pablo Kuri zika bilan bog‘liq 18 ta hodisa qayd qilinganini, bemorlar soni yana oshishi mumkinligini ta’kidladi. Shu kunlarda zika virusidan tashqari Yevropaning janubiy mintaqalari, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va boshqa davlatlarda esa grippning A(H1N1) shtammi keng tarqalmoqda.

Aytish kerakki, xalqimiz salomatligini asrash, sanitariya-epidemiologik holat barqarorligini saqlash, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizda epidemiologik vaziyatning osoyishtaligi ta’minlanmoqda. Dunyoning qator mamlakatlarida gripp va o‘tkir respirator infektsiyalar bo‘yicha yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, O‘zbekistonda bu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami yanada kuchaytirilayotir. Jumladan, mamlakatimizda yuqumli kasalliklar bo‘yicha doimiy epidemiologik monitoring hamda laboratoriya nazorat ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Respublika gripp milliy markazi va uning joylardagi tayanch punktlari gripp va o‘tkir respirator infektsiyali kasalliklarning deyarli barcha turlarini aniqlaydigan eng zamonaviy laboratoriya tahlil uskunalari bilan jihozlangan. Dori-darmon zaxiralari shakllantirilib, shifoxonalarda dezinfektsiya tadbirlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 Sharofiddin TO‘LAGANOV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.