KO‘CHANING ODAMI YOKI BELBOG‘SIZ ERKAKLAR

Yaqinda tahririyatimizga bir ayol kelib, “Gazetalaringda bo‘sh ish o‘rinlari haqida e’lon beribsizlar, o‘sha sonni topolmadim. O‘zimga loyiq ish izlab yurgandim”, deb qoldi. Aytishicha, turmush o‘rtog‘i avtohalokatga uchrab, nogiron bo‘lib qolibdi. Uning dori-darmoniga ko‘p mablag‘ kerak bo‘layotgani aniq.

 Shuning uchun ayol qo‘l qovushtirib o‘tirolmay,  ish izlab yuribdi. Uning gap ohangidan oilasiga sadoqati, g‘amxo‘rligini sezish qiyin emasdi. Shunday jufti-haloli bor erkaklarga, u nogiron, vaqtincha ishlamayotgan bo‘lsa-da, havas qilsa arziydi. Ammo yon-atrofimizda oilaning sog‘lom “suyangan tog‘lar”i borki, hech bir jihatiga havas qilolmaysan.

Har kuni ishdan uyga qaytayotganimda, mahalladagi do‘kon yonida tizilib o‘tirgan bekorchilarga ko‘zim tushadi. O‘rtaga tashlangan qartalarni biri qo‘yib, biri muhokama qilishi, qah-qah otib kulishi g‘ashingni keltiradi. Eng yomoni, ularning kichkina o‘g‘li yoki nevarasi ham yonida o‘tirib, bu o‘yindan o‘ziga “kerakli” nimalarnidir olishga urinadi. O‘yin ishqibozlari esa bolakaylarning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qachondir “samara”sini berishi mumkinligini o‘ylamaydi, shekilli.

O‘sha atrofda yashaydigan ayollardan biri hasrat qilib qoldi:

– Xo‘jaynim kuni bilan ishda, qaynotam keksa, men yosh bolaliman. Shu sabab bozor-o‘char qilishga har doim ham vaqt bo‘lmaydi. Yonimizdagi do‘konda ro‘zg‘orga kerakli hamma narsa sotiladi. Ammo qaynonam “atrofida ko‘p erkak yig‘ilib oladi” deb, u yoqqa chiqishga ruxsat bermaydi. Mahalladagilar kelib ogohlantirganiga qaramay, ahvol o‘zgarmadi.

O‘sha ayolning gaplarida jon bor. Xotin-qizlar bu “to‘da”ning oldidan o‘tib-qaytaverishga xijolat bo‘lishiga ular parvo qilmaydi. Sotuvchi esa “Bu yerdan ketinglar, xaridorlarimga “yig‘in”laringiz salbiy ta’sir ko‘rsatyapti”, deb aytolmaydi. Bir mahallada yashab, to‘y-ma’rakalarda birga o‘tirib, ularga bunday munosabatda bo‘lishni o‘ziga ep ko‘rmaydi.

Erkak azaldan oila boshi sanalgan. Ro‘zg‘orning aravasini tortish, iqtisodiy masalalarni hal qilish, asosan, ularning zimmasida. Shuning uchun ham “erkak ko‘chaning odami” degan gap bor xalqimizda. Xo‘sh, bu “bekorchi xo‘jalar”ning uyida iqtisodiy muammoni kim hal qiladi? “Ko‘chaning odami” degani kun bo‘yi ko‘chada behudaga kun o‘tkazish deganimi?

Bilishimizcha, o‘sha qartabozlardan birining rafiqasi maktabda o‘qituvchi ekan. Hamkasblarining aytishicha, bu ayol odmi kiyinar, dars soatlari uchun hammadan ko‘proq “talashar”, sharoiti og‘irligi, eri ishlamasligidan shikoyat qilarkan. Ana xolos! Bu yoqda oilaning “tirgak, tayanch”i to‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib, labining bir chetiga tamakini qistirib, ko‘chada qarta o‘ynab o‘tirsa-yu, u yoqda sho‘rlik xotini dilbandlarim och qolmasin, deya o‘zini o‘tga-cho‘qqa urishga majbur bo‘lsa?! Erkaklarga xos or, g‘urur, uyat qayda qoldi? Oilaning mas’uliyatini his qilmagan insondan jamiyat rivoji uchun qanday xayrli ish kutish mumkin?

Yaqin tanishim opasining ikki bola bilan ota uyiga qaytib kelganini o‘ksinib gapirgandi. Pochchasi to‘ygacha u yer-bu yerda bo‘layotgan qurilishlarda ishlab, “kunim o‘tsin”ga pul topib yurgan ekan. To‘ydan keyin hammasini “yig‘ishtiribdi”. Opasi tibbiyot muassasasida hamshira bo‘lib, uning topganiga kun ko‘risharkan. O‘rtada ikki farzand dunyoga kelibdi. Tashvishlar ortgani sayin ayolning dilidagi g‘ulg‘ula oshar, biroq erkakning parvoyifalak bo‘lib qolavergan. Oxirgi paytlarda rafiqasining topganini olib ichadigan, mast bo‘lib, uni uradigan qiliq ham chiqargan. Oqibatda ro‘zg‘orni parokanda qilgan. Bu birgina misol. Afsuski, bunday taqdirlar oz emas...

Bugunga kelib xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni yanada oshdi. Endi u nafaqat uy bekasi, balki tadbirkor, ishbilarmon, fermer, hunarmand va rahbar shaxsga aylandi. Bular har sohada o‘z samarasini beryapti. Bir tomondan oila aravasini bir kishidan ko‘ra ikki kishi tortgani yaxshi-da. Ammo ayrim erkaklar yaratilgan imkoniyatni boshqacharoq talqin qilayotganlari va bu ularga qo‘l kelayotgani achinarli hol. Ular ham o‘z burchlarini unutmasalargina oila tinchligi, farovonligiga erishish mumkin.

Xullas, bir qo‘shiqda aytilganidek, hech qachon sog‘lom “erni xotin boqmasin”. Toki, belbog‘ erkakning belida, ro‘mol ayolning boshida mustahkam tursin.

 

Zebo QUTLIYEVA 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.