TARMOG‘INGDAN AYLANAYMI, QARMOG‘INGDAN?!

 

–  D6slar wowilin ke4ikvosiz...

Avvaliga hayron bo‘ldim. Bu nima degani? Keyin yozib yubordim:

– Iltimos, o`zbekcha gaplashaylik!

Man uzbek4a gapirvoman, tuwinmasayiz  ayb6zizda. (Bu gap aslida tinish belgilarisiz yozilgan edi).

Ijtimoiy tarmoqning “chiroyiga chiroy qo‘shib turgan” bu jumlalarni o‘qiyman-u, taxlam-taxlam kitoblar, imloyu izohli lug‘atlar, o‘n ikki yillik uzluksiz ta’lim ko‘z oldimdan o‘tadi. Navoiyni, Qodiriyni o‘qiy olmagan tengdoshlarimiz bunday “shifrli bitiklar”ni bemalol o‘qiy olishlari meni ajablantiradi. Biz nimaga intilyapmiz va nima qilyapmiz?! Ehtirosga berilmay, zora, kuchimiz yetsa, deb ularning “bitik”larini tahlil qilishga urinib ko‘rdik. 

Uchta so‘zdan iborat birinchi gapning o‘zida sakkizta xato bor ekan. Ajabo, “Illat izlaganga illatdir dunyo” deb shuni aytisharmikin-a?! Har soniyada suvday oqib ketayotgan internet trafigiyu, sarflanayotgan ko‘z nuriga befarq qarash mumkinmi, axir? Bu yerda axborotning qanday yetkazilishi emas, faqatgina yetkazilishi muhimdek go‘yo. Aslida-chi? O‘zbek tiliga hurmat shumi? Ijtimoiy tarmoqlardagi bunday befarqlikni qanday tushunish kerak?! Bunga chora bormi? 

Bizningcha, bor.

“Whatsapp” ijtimoiy tarmog‘ida bir qadrdon do‘stim bilan “chat”lashayotgan edim. Nuqul so‘zlarni chala yozaverishi g‘ashimga tegdi. Uni xafa qilmay turib, kamchiligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldim. Keyin “Keling, bir o‘yin o‘ynaymiz, faqat adabiy tilda yozishamiz, nima deysiz?”, deb hazil asnosida fikrimni aytib oldim. Shundan keyin doim “adabiycha” gaplashadigan bo‘ldik. Bu do‘stim vaqt tejash uchun adabiy tildan biroz chekingandir. Ammo adabiy tilda yozish uchun avval uni o‘rganish kerak. Aslida, muammo ham shunda. Tengdoshlarimiz orasida adabiy tilni (mukammal demay qo‘ya qolaylik) yaxshi biladigani kam. Biladiganiyam qisqartmalardan foydalanib, so‘zlarga “yamoq” solib ketaversa, savodxonlik darajamiz pasayib ketmasmikin, degan xavotir qiynaydi ba’zan...

***

Internet insoniyatni ham salbiy, ham ijobiy ma’noda shoshiltirib qo‘ydi. Go‘yoki odamlar emas, vaqt tezlashib ketayotgandek. Yer ostida, havoda, koinotda axborot almashinuvi shiddatli tus oldi. Shunday sharoitda odam shoshmay kim shoshsin?!

Ko‘rkam ko‘rinish uchun sochimizni taraymiz, ozoda kiyinamiz. Tilimiz-chi, qachon uni ham o‘zimiz kabi andozaga keltirib, “ust-boshini orastalab”, unga jilo beramiz? Keling, shu ishni ijtimoiy tarmoqdan boshlaylik. Unda hamma o‘z bilganini o‘z bilganicha aytmoqda. Ularni cheklashga haqqimiz yo‘q. Ammo azbaroyi go‘zal lisonimizning holiga achinib, ularning so‘zlarini tuzatib qo‘ydik, qarang u shunday o‘qiladi:

– Do‘stlar, shoshiling, kechikyapsiz...

 

Suhrob ZIYO,

O‘zDJTU talabasi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.