Obunachi dodini kim eshitadi?

 Har kuni hech bo‘lmaganda bitta yangi gazeta yoki jurnalni varaqlamasam, ko‘ngil tinchimaydi. Nafaqaga chiqqanimdan so‘ng ham “Tafakkur”, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallari hamda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Kitob dunyosi” gazetalariga obuna bo‘ldim. O‘zing suygan nashrlar seni yo‘qlab uyingga kelsa, o‘tirib, mazza qilib o‘qisang, qanday yaxshi. Obuna bo‘lgan paytimda xuddi qo‘sh-qo‘sh poshshoyi ko‘ylak olgandek suyundim, desangiz...

 

Afsuski, quvonchim uzoqqa cho‘zilmadi...

O‘zim obuna bo‘lgan gazetalarning qaysi kunlari nashrdan chiqishini yaxshi bilaman, beixtiyor o‘sha kunni, gazetalarimni kutaman, “Kitob dunyosi” uchun o‘zim ishlagan tahririyat manzilini bergan edim, sobiq jamoadoshlarim ham yayrasin deb. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi esa uyimga kelishi kerak edi. Ishonsangiz, gazetalarimning bir soni kelsa, ikkinchisi kelmaydi. Pochta bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilsam, navbatdagi soni keladi. “Endi tartibga tushgandir deb, to‘rtinchi sonini kutib o‘tirsam, yana gazeta kelmaydi. Yana qo‘ng‘iroq, yana asabbuzarlik!.. 

Jarqo‘rg‘on tuman pochta idorasi bilan uyimning oralig‘i qadamlab o‘lchasangiz bir chaqirim chiqmaydi. Ammo shu qichqirsa, ovoz eshitiladigan joydan gazeta ololmay, hafsalam pir bo‘laveradi. Asosan viloyat markazida ishlab kelganim uchun Jarqo‘rg‘on pochta bo‘limi rahbarini tanimayman. Qabulxonasi telefon raqamini olib, o‘zini Oydin Ibragimova deb tanishtirgan kotiba qizdan rahbarini so‘radim. Menga ko‘rsatilayotgan xizmatdan noroziligimni bildirib, qayta-qayta qo‘ng‘iroq qildim. Yoshgina qiz ekanligi bilinib turgan kotiba rahbarining “dalada, g‘allada” ekanini aytishdan nariga o‘tmas, mening shikoyatim uni zarracha ham tashvishlantirmayotgani sezilib turardi. Obuna hujjatlarini amalga oshirgan o‘ulom ismli yigitga ham qo‘ng‘iroq qilaverib, o‘zim qo‘ltiqtayoqda yurganim sababli goh o‘g‘limni, goh kelinimni yuboraverib, charchadim. Avval-avval “Kitob dunyosi”ning toq sonlari (1, 3, 5) kelardi, nega juft sonlari kelmayapti, deb surishtiraverganimdan so‘ng, ikkita juft soni (6, 8) keldi. Nega toq sonlarni bermay qo‘ydinglar deb, yana talab qilganimdan so‘ng, 23 may kuni aprel oyida chiqqan 8-sonini yuborishibdi. “Baraka topkur, may oyi tugayapti, hali bu oydan bitta ham gazeta olib kelmadinglar. 8-sonni olib kelgan edinglar-ku, dedim asabim chidamay.

Matbuotda ishlagan yillarimning deyarli yarmi, ya’ni o‘n sakkiz yili bosh muharrirlikda o‘tdi. O‘n sakkiz yil obuna tashvishlari bilan yashadim. Gohida boshni egishga, ba’zan ma’rifiy yo‘l bilan tushuntirishga harakat qilardim. Ochig‘i, ayrim paytlarda odamlarning beparvoligidan, matbuotga qiziqmasliklaridan dilim xufton bo‘lar, nega endi arzimas haq evaziga ma’naviy ozuqa, bilim olishga o‘z ixtiyorlari bilan rozi bo‘lishmaydi, deb ajablanardim ham. 

Bugun o‘zim tahririyat vakili emas, oddiy gazetxon, obunachi sifatida ahvolimga sirtdan nazar tashlab, odamlar bir paytlar “obuna bo‘linglar” deb qilgan tavallolarimga nega e’tiborsizlik qilishganini tushungandek bo‘layapman. Qancha mablag‘ sarflab, ne-ne umidlar bilan obuna bo‘lsang-u, gazeta-jurnallaringni vaqtida ololmay asabing buzilsa, pochta xodimlari bilan jiqillashsang. Mening uyim-ku, pochtaning biqinida, ozmi-ko‘pmi haq-huquqimni taniyman. Birda bo‘lmasa, birda e’tibor qilishadi. Pochtadan 30-40 chaqirim uzoqlikdagi hududlarda yashaydigan, uncha-muncha narsaga qo‘l siltab:  “E-e, kelmasa, kelmapti, shu gazetasi. Odamning joni emas-ku”, deydigan odamlar ham bisyor. Ular, shubhasiz, keyingi yili, balki hech qachon obuna bo‘lishmas.

Xo‘sh, kim aybdor? O‘zi yaxshi ko‘rgan gazeta-jurnallariga pul sarflab, ularni vaqtida olib o‘qiyolmayotgan men kabi mushtariylarmi yoki odamlarga ziyo ulashaylik, deb bir umr kasbiga sodiq qolib mehnat qilayotgan muharrirlar, jurnalistlarmi? Ularning boshida tahririyat yumushlari bilan bog‘liq ming xil tashvish borligiga shubha qilmayman. Shunday holatda tag‘in kimlarnidir obuna bo‘lishga undab, gohida iltimos qilib yurganlari kamdek, endi gazeta va jurnallarning obunachilarga yetib borishini poylab, monitoring qilib yurishlari kerakmi?.. 

Shu o‘rinda, vazifasi gazeta va jurnallarni obunachilarga vaqtida yetkazib berish bo‘lgan pochta xizmati xodimlariga, “Siz xizmat burchingizni o‘z vaqtida bajarmay, nima qilib yuribsiz?” degim keladi.

Siz nima deysiz, hurmatli mushtariylar?

Hamma gap jamoatchilikning shu muammoni aniqlashiga bog‘liq.

 

Jamila ERGAShYeVA,

O‘zbekiston Respublikasida

xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.