Qing‘ir ishning qiyig‘i

 

Xalqimizda “Nafsim mening balodur, yonar o‘tga solodur” naqli bejiz aytilmagan. Nafs, chindan ham odamni ne ko‘ylarga solmaydi deysiz. Zangiota tumanida istiqomat qiluvchi Zamira Eshpo‘latova (ism-shariflar, joy nomlari o‘zgartirilgan) ham shunday nafs quliga aylandi-yu, oqibatda qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keldi,

 

2014 yili Zamira “ERKIN SAVDO INVEST” MChJ rahbari Turdiev Salim bilan tanishib, unga tegishli Yakkasaroy tumanidagi xizmat ko‘rsatish tarmog‘ida kassir-operator lavozimida norasmiy tarzda ishlay boshladi. Shartnoma og‘zaki tuzilib, ish haqi ham shunga yarasha kelishildi. U faoliyati davomida Salim bilan oldindan til biriktirib, naqd pul tushumlarini biror marta nazorat kassa mashinasidan o‘tkazmagan. 

Mana necha yildirki, davlatimiz tomonidan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida naqd pulni nazorat kassa mashinalaridan o‘tkazish hamda noqonuniy pul aylanmalarining oldini olish bo‘yicha huquqiy me’yorlar qabul qilinishi barobarida, ko‘plab amaliy choralar ham ko‘rilmoqda. Albatta, bundan asosiy maqsad davlatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligidir. Ammo shunday kishilar borki, ular faqat o‘z manfaati, nafsi uchun hech narsadan tap tortmaydilar. Yuqoridagi ikki shaxs — operator bilan uning rahbari ham naqd pulni nazorat kassasidan o‘tkazish lozimligini bilishsa-da, unga amal qilmaydi. Xullas, ishlar shu zayl “silliqqina” kechaveradi. Zamiraning ish faoliyati davomida kuniga 300 ming so‘mdan bir milliongacha tushum bo‘lgan. Endi umumiy tushumni o‘zingiz tasavvur qilavering. Aniqlanishicha, ular 300 million so‘mga yaqin naqd pulni nazorat kassa mashinasidan o‘tkazmasdan bank muassasasiga topshirgan. Xizmat ko‘rsatishdan tushgan 50 million so‘mdan ortiq naqd pulni esa rahbar va xodim o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborishgan. 

Ishtaha ovqat mahal keladi deganlariday, Zamira xizmat ko‘rsatish davomida pul uchun boshqa ishlarga ham qo‘l urdi. “Ishbilarmon” Z.Eshpo‘latova fuqaro Turopov Hoshimga, u taqdim etgan boshqa bir fuqaro Murodov Shokir nomiga, unga tegishli pasport, asosida  “Beeline” aloqa kompaniyasining tegishli bo‘lgan sim kartasini rasmiylashtirib beradi. Ammo qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi deydilar. Operator va MChJ rahbarining qilmishlari fosh bo‘ldi. Ular xizmat ko‘rsatayotgan shoxobchada tegishli nazorat organlari tomonidan qisqa muddatli tekshiruv o‘tkazilib, ularning noqonuniy ishlariga chek qo‘yildi.

Sud jarayonida Zamira Eshpo‘latova unga e’lon qilingan ayblovga to‘liq iqrorligini ma’lum qilib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirdi. Sud uning muqaddam sudlanmaganligi va jinoiy javobgarlikka tortilmaganligini, qilmishidan pushaymonligi, oilaviy sharoitini, qaramog‘ida bir nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lib, yolg‘iz onaligini, davlatga yetkazilgan zarar to‘liq ravishda qoplanganligi va shu kabi qator omillar tufayli Zamira Eshpo‘latova jazodan ozod qilingan. 

Shu bilan birga “ERKIN SAVDO INVEST” MChJ rahbari Turdiev Salim ham qilmishidan pushaymon bo‘lib, yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangan.

Bugun yurtimizda halol ishlayman, qonun doirasida tadbirkorlik qilaman, deganlar uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Mavjud tartib-qoidalarga rioya qilganlar davlatimiz himoyasida. Afsuski, bu sharoit va imkoniyatlarning qadriga yetmay, o‘zlariga bildirilgan ishonch-ni suiiste’mol qilayotganlar ham uchraydi. Oqibat esa... 

 

U.ABYeRQULOV,

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi SVOJJDLQK

Departamentining Yakkasaroy tuman bo‘limi katta surishtiruvchisi