SAYG‘OQ SHOXLARI KONTRABANDASIGA CHEK QO‘YILDI

Mamlakatimiz faunasini oqquyruq, ya’ni sayg‘oqsiz tasavvur qilish qiyin. O‘zbekiston ushbu noyob jonivorlar saqlanib qolgan dunyoning atigi beshta mamlakatidan biri hisoblanadi.

 

Sahro kengliklarida yashashga moslashgan bu jonivorlar tabiat injiqliklaridan emas, balki odamzodning hakalak otgan nafsi tufayli qirilib ketayotgani ayanchlidir. Ular nafaqat lazzatli go‘shti, eng avvalo qimmatbaho shoxlari uchun brakonerlarning o‘ljasiga aylanmoqda. Xususan, Xitoy va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari tabobatida hozirga qadar keng qo‘llanilayotgani bois sayg‘oq shoxlari mo‘may daromad orttirish vositasiga aylanib ulgurgan.

Afsuski, O‘zbekistonda sayg‘oqlarni asrash, ular yashab, ko‘payadigan hududlarni muhofaza qilishga alohida e’tibor berilayotganiga qaramasdan, qonunga xilof tarzda ovlangan sayg‘oqlarning shoxlarini yashirin ravishda olib chiqishga bo‘lgan urinishlar ko‘zga tashlanmoqda.

Yaqinda Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi va Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari bilan xamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi sayg‘oq shoxlarining kontrabandasi fosh qilindi. 

Farg‘ona shahridagi omborlardan biri amaldagi tartiblarga muvofiq xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, ushbu omborda 468 dona sayg‘oq shoxlari hamda 72 dona mazkur turdagi shoxlar bo‘laklari, bundan tashqari 170 dona terilar yashirin ravishda saqlanayotganligi fosh qilindi. 

Surishtiruvlar davomida aniqlanishicha, noqonuniy ravishda olib chiqishga mo‘ljallangan ushbu noyob mahsulotlar va terilar So‘x tumanida istiqomat qiluvchi Farhod Amurovga (ism-sharifi o‘zgartirilgan) tegishli bo‘lib, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning narxi salkam 148 mln. so‘mni tashkil qilar ekan. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, Sayg‘oq milliy va xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan bo‘lib, uni ovlash 1992 yildan boshlab qat’iyan man qilingan. Sayg‘oq sonining qisqarish tezligi jihatidan sut emizuvchilar orasida o‘ziga xos “rekordchi” hisoblanadi – so‘nggi 25 yil davomida ushbu jonivorlar 95 foizgacha qisqargan.

Amaldaga tartiblarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitdan olish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining roziligiga binoan, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.

Yovvoyi hayvonlarni, ularning qismlarini, shuningdek yashash faoliyati mahsulotlarini olib kirish va chetga olib chiqish esa Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, teri xomashyosini O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish ta’qiqlanadi.

 Unutmang, Ona tabiatni asrash xar birimizning insoniylik burchimizdir!

 

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati