45-PREZIDENT

Shu yilning 8 noyabr kuni AQShda 58-marta prezidentlikka  saylov bo‘lib o‘tdi. AQShda hisob bo‘yicha 45- prezident etib  Respublikachilar partiyasining nomzodi Donald Tramp saylandi. Donald Trampning “Mening hayotim omadsizlarniki emas, g‘olibnikidir”, “Haq ekanligim haqida o‘ylasam, meni hech narsa qiziqtirmay qo‘yadi”, “Mening sochlarim mukammal emas. Ammo ular meniki”, “Mening tviterim shu qadar kuchliki, shu orqali raqiblarimni rost gapirishga majburlay olaman” kabi  iboralari  ayni paytda keng ommalashib ketgan.

 

“Okean orti mamlakati”da 1789 yildan boshlab prezident saylovi o‘tkazib kelinadi. AQShda prezident saylovi har 4 yilda — 4 ga qoldiqsiz bo‘linuvchi yillarning noyabr oyining birinchi dushanbasidan keyingi birinchi seshanbasida o‘tkaziladi. Ko‘pchilik, demak, noyabrning birinchi seshanbasida ekan-da, deyishi mumkin. Ammo bunday emas. Mabodo, 1 noyabr seshanbaga to‘g‘ri kelib qolsa, u holda saylovlar bu yil bo‘lgani kabi 8 noyabrda o‘tkaziladi. Shuni ham eslatib o‘tish kerakki, AQShda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida faqat ikki nomzod – “demokratik va respublikachilardan vakillar qatnashadi” degan tasavvur mutlaqo noto‘g‘ridir. Aslida prezidentlik saylovlariga rasman o‘nlab nomzodlar qo‘yiladi. Biroq yozilmagan qoidalarga ko‘ra, nima uchundir 2 ta partiya vakillariga ko‘proq e’tibor qaratiladi.

Avvaliga saylovchilar prezidentni saylovchi Hay’atni saylaydi. Saylov Hay’ati tomonidan o‘z navbatida prezident va vitse-prezident saylanadi. 1853 yildan boshlab AQShning barcha prezidentlari yo Respublikachilar, yo Demokratik partiyaning vakillari bo‘lib keladi. Bu har ikki partiya ramzlari haqida gapirsak, demokratlar eshakni, respublikachilar esa filni o‘z timsollari sifatida qabul qilishgan. Demokratlar ilk bor eshak timsolidan 1828 yilda targ‘ibot maqsadlarida foydalangan. 1870 yilda eshak surati karikaturachi Tomas Nast tomonidan Harper’s Weekly jurnalida foydalanilgan va shu tariqa demokratlar ramziga aylangan. Respublikachilar partiyasining ramzi bo‘lmish fil ham karikaturachi Tomas Nast qalamiga mansub. Fil surati Harper’s Weekly jurnalida ilk bor 1874 yil 7 noyabrida paydo bo‘lgan. 

AQSh Demokratik partiyasi jahondagi eng keksa siyosiy partiyalardan biri sifatida tan olinadi. Bu partiyaga 1828 yilda asos solingan. Bu partiya asoschilaridan biri AQShning uchinchi prezidenti Tomas Jefferson (1801—1809)dir. Partiya asoschilari sifatida tan olinadigan Endryu Jekson va Martin van Byurenlar ham kelajakda prezident etib saylangan. 

Respublikachilar partiyasi esa 1854 yilning 20 martida Ripon shahrida tuzilgan. Partiya asoschilari 1832—1856 yillarda faoliyat yuritgan  Viglar partiyasi, 1848—1854 yillarda faoliyat yuritgan Ozod yerlar partiyasi va 1828 yilda asos solingan Demokratik partiyaning vakillari bo‘lgan edi.  

1828 yildan shu kunga qadar Demokratik partiyaning 16 nafar vakili prezident etib saylangan. Bu partiya mamlakatni umumiy hisobda 80 yil boshqargan. XX asrda bu partiyaning Vudro Vilson, Franklin Ruzvelt, Garri Trumen, Jon Kennedi, Lindon Jonson, Jimmi Karter va Bill Klinton singari vakillari Oq uyga boshchilik qildi. 2000 yilda Demokratik partiya vakili  Albert Gor respublikachi Kichik Jorj Bushga imkoniyatni boy berdi. 2008 va 2012 yillarda bo‘lib o‘tgan saylovlarda demokrat Barak  Obama g‘alaba qozondi. 

Birinchi respublikachi prezident sifatida Avraam Linkoln (1861—1865) tan olinadi. Respublikachilar Oq uyni umumiy hisobda 18 marta egallab, 80 yildan ortiq vaqt davomida AQShni boshqarishgan. XX—XXI asrlarda Respublikachilar vakillari 1953—1961 yillarda Duayt Eyzenxauer, 1969—1977 yillarda Richard Nikson, Jerald Ford, 1981—1993 yillarda Ronald Reygan, katta Jorj Bush  va 2001—2009 yillarda kichik Jorj Bush  prezident lavozimini  egallagan. 

AQShning birinchi prezidenti etib bir ovozdan Jorj Vashington saylangan.  U shu kungacha  yuz foiz ovoz bilan saylangan AQShning yagona prezidenti sifatida tan olinadi. Prezidentlik lavozimida Franklin Delano Ruzvelt eng ko‘p (1933—1945) 12 yil (4422 kun) faoliyat yuritgan bo‘lsa, Uilyam Garrison atigi 31 kun faoliyat yuritdi. U 1841 yilda inauguratsiya marosimidan ko‘p o‘tmay vafot etdi. AQSh tarixida eng yosh prezident sifatida Teodor Ruzvelt (1901—1909) tan olingan. U 42 yoshga kirganida prezidentlik lavozimiga kirishgan edi. Eng keksa prezident sifatida Ronald Reygan (1981—1989) ko‘riladi. U lavozimiga kirishgan vaqtda 69 yoshda edi. Ikki muddat AQShni boshqargan Ronald Reygan 78 yoshida Oq uyni tark etdi.

AQShning uch nafar prezidenti — Teodor Ruzvelt, Vudro Vilson va Barak Obama  o‘z faoliyatlari  mobaynida Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, eks-prezident Jimmi Karterga ham Nobel mukofoti berilgan.

Prezident lavozimi 1787 yilda qabul qilingan Konstitutsiyaga ko‘ra joriy qilingan va 1789 yilda kuchga kirgan. Prezident davlat va ijroiya hokimiyat rahbari, hamda Qurolli kuchlar oliy Bosh qo‘mondonidir. AQShda tug‘ilgan, kamida 14 yil mamlakat hududlarida istiqomat qilib kelayotgan va saylov vaqtida 35 yoshga kiradigan har qanday AQSh fuqarosi prezidentlikka nomzodini ko‘rsatishi mumkin. Prezident 4 yil muddatga saylanadi. Bir kishi ketma-ket ikki muddatga prezident etib saylana olmaydi. Konstitutsiyaga ko‘ra, Prezident “qonunlarni bajarilishini nazorat qiladi va Qo‘shma Shtatlardagi barcha amaldorlarni tayinlaydi”. Yuqori mansabli rahbarlar (vazir va idoralar rahbarlari), shuningdek, Oliy sud a’zolari “senat roziligi va maslahati bilan” prezident tomonidan tayinlanadi. 

Prezident veto huquqiga ega. Ammo Prezident Kongressni tarqatib yubora olmaydi. Prezident tashqi siyosatni belgilab beradi. Shaxsan o‘zi yoki o‘z vakillari orqali xalqaro muzokaralar olib boradi va shartnomalarni imzolaydi. Xorijiy davlatlar elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oladi va xorijiy davlatlarga AQSh elchilarini tayinlaydi. 

Prezident harbiy sohada cheklanmagan vakolatlarga ega. U boshqa davlatlar hududlarida jangovar harakatlar boshlash borasida qurolli kuchlarga buyruq berishi mumkin. Ammo urush e’lon qilish huquqiga ega emas. Bu huquq Kongressga berilgan. Prezident qaroriga ko‘ra mamlakatda favqulodda holat joriy etilishi mumkin.  

Konstitutsiyaga ko‘ra, “davlatga xiyonat, korruptsiya va boshqa og‘ir jinoyatlar va xatti-harakatlari uchun” prezident impichment orqali iste’foga chiqariladi. AQSh tarixida impichment ikki marta — 1868 yilda Endryu Jonson, 1998—1999 yillarda  Bill Klintonga nisbatan qo‘llanilgan. Ammo ularning har ikkisi ham oqlangan. O‘z xohishi bilan faqat bir prezident — Richard Nikson (1974 yilda impichment tahdidi sabab) mansabidan voz kechgan. 

Harakatlanish uchun prezidentga aloqa jihozlari bilan ta’minlangan shaxsiy vertolyot va yaxta berilgan. Shaxsiy avtomobili zirxlangan. Prezidentga mamlakat ichkarisi va xalqaro yo‘nalishlarda parvoz qilishi uchun ikkita maxsus samolyot  ajratilgan. Prezidentlar vakolatlarini topshirganlaridan keyinoq ularning nomlarini abadiylashtirish boshlanadi. AQShda yana bir yaxshi an’ana bor. U ham bo‘lsa prezident kutubxonasini tashkil qilishdir. Bu an’ana 1939 yildan beri amal qilib keladi. O‘shanda Franklin Ruzvelt o‘ziga tegishli hujjatlarni Milliy arxiv xizmatiga topshirgan edi. AQShda “sobiq prezident” atamasi deyarli yo‘q. Ular raqamlari bilan atalishadi. AQSh prezidenti etib saylangan kishi bu maqomni umrining oxiriga qadar saqlab qoladi. Bugungi kunda Barak Obamadan tashqari Jimmi Karter, katta Jorj Bush, Bill Klinton va kichik Jorj Bush ham prezident maqomini saqlab qolgan.  

O‘zbekiston—AQSh munosabatlari o‘zaro hurmat va ishonch, bir-birining manfaatlarini inobatga olish tamoyillari asosida izchil, muvaffaqiyatli rivojlanib va mustahkamlanib bormoqda. Turli darajadagi muntazam muloqotlar ko‘p qirrali hamkorlikni samarali rivojlantirish hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, gumanitar va boshqa sohalarda salmoqli natijalarni qo‘lga kiritish imkonini bermoqda. 

An’ana tusini olgan siyosiy maslahatlashuvlar doirasida tomonlar o‘zaro munosabatlarga doir keng ko‘lamli masalalar, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar, jumladan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashib kelmoqda. Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan barqarorlashtirish jarayoni va ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Savdo, sarmoya va yuqori texnologiyalar sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlik ham  yuksak darajada. Bugungi kunda O‘zbekistonda AQShning “General Motors”, “Boeing”, “General Electric”, “Honeywell”, “Hyatt”, “Hilton” kabi ko‘plab yetakchi kompaniyalari samarali faoliyat yuritmoqda. Amerika — O‘zbekiston savdo palatasining aniq maqsadli faoliyati keng miqyosdagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va kengaytirishga xizmat qilmoqda. 

O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari uzoq muddatli manfaatlarga mos keladigan barcha istiqbolli yo‘nalishlarda sheriklik va hamkorlikni izchil mustahkamlab, kengaytirib borish uchun zarur imkoniyat va salohiyatga ega. 

Sharofiddin TO‘LAGANOV

 
 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

March 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.