Amerikaga sayohat yoxud “skvorodka” effekti 5

Amerikaga borib mehnati orqali kun ko‘rmoqchi bo‘lgan, pul topmoqchi bo‘lgan odam ma’lum bir huquqlarga ega bo‘lish uchun grinkardning qaysidir turini yutgan bo‘lish kerak. Grinkardi yo‘qmi, u qonundan tashqari odam.

Read more...

Amerikaga sayohat yoxud “skvorodka” effekti 4

Bir “korobka”cha kartoshka yaproqlarni ikki kun ermak qildim. Anchagina sillam qurigandek bo‘ldi. Bir vaqt bostirmadagi xonamga Sayohat (ba’zi ismlarni majburan o‘zgartirib boraman) ismli ellik yoshlar chamasi qotmadan kelgan, kelishgan bir o‘zbek ayoli kirib keldi. U haqda menga Farrux aka bir uchrashib qolganda: “Uch-to‘rt yildan buyon shu yerda. Bola-chaqasi Toshkentda. Quda-andali ayol. Bu yerda ham o‘zimizdan kelgan bittasiga tegib olgan”, degan edi... Ayol ichkariga kirar-kirmas, salom-alikdan avval dabdurustdan: “Oshpaz ekansiz, shundaymi?” deb so‘rab qoldi. Men “shunday” deb javob berdim.

Read more...

Amerikaga sayohat yoxud “skvorodka” effekti 3

Ish qidirib yurib “Odessa” degan rosmana katta restoranga ko‘zim tushib qoldi. O‘zbeklarda palovxonni pishira olmaydigan erkak kam topilsa kerak. Tavakkaliga shu restoranga kirib borib uning xo‘jayini Maratga o‘zimni Toshkentning “Guliston” restoranida oshpaz bo‘lib ishlaganman, deb tanishtirdim. Marat shef oshpaz ayolni chaqirtirdi. U ayol mendan qanday taomlar tayyorlashim mumkinligi haqida so‘ray boshladi. Og‘zimdan “Kiev kotleti” nomi chiqqanida bu kotletni tayyorlash texnologiyasi qanaqa bo‘lishini mendan ijikilab so‘ray boshladi-da, javobimdan qanoatlanmay Maratga qarab bosh chayqab qo‘ydi. Marat esa “balki Toshkentda Kiev kotletini shunaqa tayyorlashsa kerak-da, ha mayli, bizga bir osh qilib ko‘rsatib bersin-chi”, dedi.

Read more...

Amerikaga sayohat yoxud “skvorodka” effekti 2

U yerdagilarga rahmatimni aytib hamrohim oldiga chiqdim. Unga bor gapni aytib berdim. U ham taqdirga tan berganimga xursand bo‘ldi-da, “bu yerda avtobuslarga qog‘oz pul o‘tmaydi, tanga pul kerak bo‘ladi. Metrodan tashqari avtobusda ham ko‘p yuramiz. Anavi gazeta sotadigan kioska Obid akaniki. Shu kishining oldiga boring-da, o‘n-o‘n besh so‘mlik tanga qilib oling. Men unga tayinlab qo‘yganman. Ungacha mana bu do‘konga kirib bir tanishim bilan hol-ahvol so‘rashib olaman” deb menga maslahat berdi.

Read more...

Amerikaga sayohat yoxud “skvorodka” effekti

Hozirgi davrda amerikaga bo‘ladigan yoki qilgan sayohatingiz  bilan kimniyam qiziqtira olardingiz. Kolumb, Amerika janoblaridan so‘ng ming-minglab sayohlar ushbu mavzuni qalamga olgan bo‘lsa, bizga yo‘l bo‘lsin.

Mana 25 yil bo‘ldiki, zamon bizning xalqimizga nisbatan yaxshi tamonga o‘zgardi, to‘rt tomonimiz qibla. Qaerga boramiz desak bora olamiz.

Read more...

QUTQU

Bu voqeani men yozgi ta’tilda Rossiyaning Yekaterinburg shahrida ishlayotgan ukalarimni ko‘rgani borib, qaytishda poezdda birga kelgan sobiq provodnikdan eshitgan edim.

Read more...

SO‘ZI HAM, OVOZI HAM O‘ZIGA XOS IJODKOR

XX asr ikkinchi yarmi – XXI asr boshi o‘zbek adabiyoti haqida so‘z ketsa, shubhasiz, Husniddin Sharipov nomi mashhur shoirlar qatorida tilga olinadi. Adabiyotshunoslar, munaqqidlarning e’tiroflaridan xuddi shu xulosa kelib chiqadi.

Read more...

KITOBGA OSHNO EDI

Hotam Fayziev... Ukpardek oppoq sochlari o‘ziga yarashgan, qotma gavdali, mudom chehrasida xiyol tabassum akslanib turadigan bu insonni hamma birday hurmat qilardi. Farishtaday beg‘ubor odam edi. Suvratiyu siyrati ham shunga monand edi. 

Read more...

KELIN-KUYOVLARGA

«Xamsa» va «boburnoma»

Andijonliklar ana shunday an’anani yo‘lga qo‘ydilar!

Gruzinlar mumtoz shoir Shota Rustavelining «Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon» kitobini kelinlar sepiga solib qo‘yisharkan. Nega shunday qilishadi? Ularning aytishlaricha, bu asar yoshlarda o‘z xalqi tarixi va madaniyatiga hurmat-ehtirom hissini uyg‘otarmish. 

Read more...

SO‘ZIMIZNING OLMOS QIRRALARI

Xalqni zamonlar evrilishida unutilib ketishdan asraydigan asosiy qiymat – uning ona tili va so‘zlaridir. Turkiy shajaraning baquvvat xalqasi bo‘lmish o‘zbek lisonimizda so‘zlar mo‘l-ko‘l hamda rang-barang: ularni xotira tegirmonidan olib yanada jaranglatish fursati yetdi. So‘zlarni qayrab, yarqiroq holatda jonli muloqotga solish lozim. Bu yo‘lda har birimiz astoydil xizmatga bel bog‘lashimiz mumkinga o‘xshaydi. 

Read more...

“TEATR – MENING HAYOTIM”

Xorij filmlari yoki seriallarini tomosha qilayotganda ba’zan uning original tili va qaysi xalqqa mansubligini unutayozamiz. Bunga sabab nima? Filmning mahorat bilan o‘zbekchaga o‘girilgani — dublyaj yoki kadr orti sinxron tarjima qilingani emasmi?! Darvoqe, kadr orti mashaqqatlaridan o‘tib, ekran yuzini ko‘rgan yuzlab chet el filmlari dublyajning mohir ustalari sabab bizga qadrdon bo‘lib qolgan. 

Read more...

“QOG‘OZ KITOB”LARNI QO‘LTIQLAB...

Televidenieda, gazeta-jurnallarda kitob xususida yana intihosiz bahs boshlandi. Kelajagi biznikidan porloq ayrim navqiron  yoshlar: “Qog‘oz kitoblarning umri bugun bo‘lmasa, ertaga tugaydi, kitobxonlik komp­yuter zimmasiga yuklanadi”, degan gapni juda ishonch bilan aytmoqdalar. Katta yoshlilar bu fikrga ko‘pam qo‘shilayotganlari yo‘q. Chunki ularda hayotiy tajriba, kuzatuv bor.

Read more...

VOQEALARNING SIRLI TASVIRI

Taniqli jurnalist, shoir, nosir va dramaturg Qo‘chqor Norqobil matbuotda tez-tez ko‘rinib, asarlari nashr etilib, teatrlarda qo‘yilib turadi. Jumladan, o‘tgan yili “O‘zbekiston” NMIUda uning “Osmon ostidagi sir” hikoyalar to‘plami chop etildi. Kitob annotatsiyasida afg‘on urushi mavzusi va Surxon manzaralari o‘z aksini topganligi qayd etilgan. Afg‘on muhoribasi. Har eslanganda yuraklarga sanchiq kiradigan, og‘riqli, armon-anduhli mavzu.

Qo‘chqor Norqobil ikki yil tushda kechganday umrini bu jangohlarda o‘tkazib, o‘lim bilan yuzma-yuz kelgan, Ollohning marhamati, ota-onasi, jigarbandlari duosi bilan sog‘-salomat qaytganlardan biri. Ko‘rgan, kechirganlari, eshitgan voqealar, iztirobli taassurotlar, shahid ketganlar yodi o‘ngida ham, tushida ham tinchlik bermadi. Yozishga, aytishga da’vat etdi, she’r bo‘lib portladi, maqola bo‘lib, xotira bo‘lib fig‘on chekdi. 200 sahifaga jo bo‘lgan hikoyalarni bir qo‘lga olishda miriqib o‘qib chiqdim, keyin yana bir marta, bu gal ko‘p joylarini tagiga chizib o‘qidim. Shuhrat Rizaevning “Xotira va muhabbat qurshovida” sarlavhali muqaddimasini  ham o‘qib chiqdim.

Sh.Rizaev muallifning “Insoniyatga insonning kimligi haqida ro‘y-rost hikoya qilolmagan asarlarning hammasi yolg‘on” degan nuqtai nazaridan kelib chiqib, jumladan, yozadi: “Qo‘chqor Norqobil hikoyalarining muvaffaqiyatini, avvalo, tuyg‘ularning sofligi, ohorliligi, samimiyati, tasvirlarning bo‘liqligi, majozu ramzlarga to‘yintirilganligida, injaligida”. Bu jihatdan “Qordagi lola”, “Osmon ostidagi sir”, “Nozi... Nozigul”, “Ko‘zlaringni ko‘rgani keldim”, “Bu yerlarda hayot boshqacha” hikoyalari ilmiy-badiiy-publitsistik yo‘sinda risoladagidek, chuqur tahlil qilingan.

Qo‘chqor Norqobil tasvirda sir saqlash hadisini olayotgan ko‘rinadi. Voqea-hodisalar jarayonida o‘quvchida “Bu yog‘i qanday bo‘larkin, nima bilan tugarkin?” – degan savollar tug‘iladi. “Qordagi lola” hikoyasida Tohirni ishxonasiga Moskvadan bir ayol izlab kelgani, kutayotganini aytishadi. U hayron bo‘ladi: u yoqda biron so‘raydigan odami yo‘q edi-ku. Uchrashgach, boshda ayolni tanimaydi. Irina Mixaylovna 1987 yil Afg‘onistonning Fayzobodida kechgan bir jangni eslatgach: “Miyamga chaqmoq urganday bo‘ldi. Chayqalib ketdim. Ichimda nimadir uzildi, go‘yo. Beixtiyor ihrab yubordim. Tizzalarim qaltirab, madorsizlandim. Qarshimdagi suluv xil­qat, o‘sha...” Keyin Toshkentdagi uchrashuv tafsilotlariga o‘tiladi, o‘quvchi o‘shanda nima bo‘lganini tezroq bilgisi keladi. So‘nggi jangda ham Irina yonida bo‘lgan. Vzvodga qirg‘in solgan sallalilardan birini quvlashadi, u qochib o‘zini bir kulbaga uradi. Eshikni tepib ichkari kirgach yaralangan qochqin hansirab to‘lg‘onayotgani, yosh juvon go‘dagini ko‘ksiga bosib tosh qotib tik turgani, chaqaloqqa ko‘kragini bergani, so‘ng yaradorning qonli yuzlarini silab bag‘riga bosgani ustidan chiqadi. Shu asnoda ikki razvedkachi va Irina bos­tirib kirishadi, Tohir ularga otmanglar deb baqiradi, yaradorni tanasi bilan to‘sib oladi, so‘ng og‘riqning zo‘ridan gupillab yiqiladi, jangchilardan biri uni ko‘tarib chiqadi. Irina og‘riqni qoldiradigan ikki ampula uradi.

Xotira og‘rig‘i, yaxshi ko‘rib qolgan jangchining diydorini ko‘rish, o‘shanda kulbada uchratgan ayol – Shafiqa va uning go‘dagi – endi katta yigit bo‘lib qolgan Ahmad birga tushgan suratini minnatdorlik va qarzdorlik burchi sifatida xaloskoriga (manzilini kulbada tushib qolgan daftaridan topishgan ekan) berib qo‘yishini iltimos qilishgani tasvirini o‘qish hayajonli. “Dunyo­ning qaysi chekkasida yashashlaridan qati nazar, odamlar urushsiz, tinch-totuv hayot kechirishlari kerak. Urush insonlarni bir-biriga yovuz va shafqatsiz qilib qo‘yadi... odamlar bir-biriga mehribon bo‘lsalar... bir-birini otmasalar... bu hayotda inson bo‘lib yashay biladilar...”. Irina Mixaylovnaning bu so‘zlari hikoya g‘oyasini ochishda muhim rol o‘ynaydi.

“Ko‘zlaringni ko‘rgani keldim” Sh.Rizaev qayd etishicha, garchi qovushimsizroq boshlansa-da, keyindagi asosiy tafsilotlar qiziq va yoqimli, bunda “muallif va qahramon” birligi muhim o‘rin tutadi. Hikoya dramatizmi nimig‘dor kuchaya borib hech kutilmagan (balki kutilgan, muallif niyatiga mosdir, tasodifiyat zamirida zaruriyat yotadi-ku) yechim bilan yakun topadi: ona-bola yigirma yildan keyin Xorazmga qidirib kelishgan, lekin daragini topishmagan, poezddagi hamroh – yozuvchiga yordam so‘rab iltimos qilgach uni Aqchako‘ldan Urganchga, mehmonxonaga mashinada olib kelgan Kontuj laqabli odam, ko‘ldagi qorovul afg‘on urushida og‘ir yaralanib Moskvadagi gospitalda Irina qo‘lida davolangan, unga uylanib bir qiz ko‘rgan xorazmlik Roma (asli oti Ro‘ziboymi, Reyimboymi bo‘lgandir) bo‘lib chiqadi! Yurtida yolg‘iz onasi, ikki yetim singlisini sog‘inib mung tortib, so‘lib borayotgani, lekin xaloskori – yostiqdoshiga bu haqda og‘iz ochmaganini sezgan, “taqdir qimorida kartasini ochib o‘ynaydigan ayol” mardlik qilib, o‘zi samolyotga chipta olib yurtiga kuzatadi, bir oz turib qaytaman desa ham ichki hissiyot bilan qaytmasligini biladi, lekin qizining otam kim, topib ber degan xarxashasi yil sayin kuchayib boradi. Oting o‘chkur urush, odamlarni ne kuylarga solmaydi, qismatlarni o‘yinchoq qilmaydi.

“Osmon ostidagi sir”, “Yer hali ham dumaloq” hikoyalari bag‘riga mo‘’jaz qissa sig‘dirilgan, deb aytish mumkin. Xotira hadigi, xavotir iskanjasi asosiga qurilgan, Xayriniso, To‘lqin tank, Ro‘zi maxsum hayoti, ruhiy kechinmalari hech bir o‘quvchini befarq qoldirmaydi.

Favqulodda bo‘lmagan voqea, holatlardan ham favqulodda ma’no, xulosa chiqara bilish mahorati Qo‘chqor Norqobil ijodiga ham xosligi quvonarli. “Bu yerlarda hayot boshqacha” hikoyasida saksondan oshgan chol-kampir, uch o‘g‘il, ikki qizni ko‘kaylari qurib, ko‘k tomirlari chirib katta qilishgan, bari uy-joyli, bola-chaqali, ishli-kasb-korli. Chol kun-tun uy, bog‘, mol-hol tashvishlari bilan band, shunga o‘rgangan. Itga tinim bor, qushga tinim bor, sizga tinim yo‘q, deydi kampiri. Toshbuvi qishloq ayollarining kayvonisi, qo‘li ochiq, saxovatli, haqgo‘y, ovozi balandligi uchun Guldurak momo deyishadi, ba’zan choliga ham bosim o‘tkazmoqchi bo‘ladi (“Ukkag‘ar baxshining qizi-ey... Ajinasi otlanib qolsa, dunyoni chirpirak qiladi-ya, ellik yildan oshdi yo‘limni chizib beradi, chizig‘imdan chiqma deydi”, — o‘ylaydi chol, lekin haddini bilmasa, o‘siq qoshini chimirib, peshonasi tirishib, botiq nigohlari bilan yov qarash qiladi, shunda kampir mayin tortib siniq, mushtipar bo‘lib qoladi (uch bolasini tuproqqa qo‘ygan, aytishicha, quruq savlati qolgan, gapirganda o‘zi emas, otasining ovozi guldiraydi). Muallif keksalarning dil torlarini nozik chertadi, kardiogrammasini aniq-tiniq ko‘rsatadi. Onaizor poytaxtda katta ishda ishlaydigan, besh yildan beri qishloqqa dorimagan to‘ng‘ich o‘g‘lini, nevaralarini sog‘inadi, borib ko‘raylik deb ko‘p tiqilinch qiladi. “Telpon quloq bo‘lar, ikki ko‘z bo‘lolmaydi, ko‘ngil bo‘lolmaydi”. Axiri cholini ko‘ndiradi, yo‘lga otlanishadi. Vokzalda katta ulning shoferi kutib oladi, moviy rang qasrmonand hovliga yetib kelishadi. Ancha vaqtdan keyin taraq-turuq eshitilib kichik eshik ochiladi, ko‘z-qovog‘i shishinqirab, oq oralagan sochi to‘zg‘in, maykachan, tizzaishton kiyib olgan o‘g‘il Turdiqul sipogina kutib olib, qizg‘ishtus keramikali yo‘lak bo‘ylab imorat sari boshlaydi (Kampir mag‘rur, chol atrofga olazarak boqadi). Bir vaqt oyna eshigi ochilib kelin chiqadi, “buyam tizza ishtonda, maykasi har holda erinikidan bir navi”... Kampir ko‘zi bilan yer chizadi, chol nigohini olib qochadi. Odatiy so‘rashuv, das­turxon, choy-non. Nevaralar ko‘rinmaydi, deyishganda qizi Germaniyada, o‘g‘li lagerda ekanligi aytiladi. Mezbonlar ota-onani shunchaki qabul qilishadi-yu, televizordan tushmaydigan mashhur aktyor bilan xotinini yugurgilab kutib olishadi, cho‘lpillatib o‘pishib ko‘rishadi, o‘g‘il ota-onasini nomiga tanishtirgan bo‘lgach, aziz mehmonlarini bo‘z ortiga boshlaydi: gangur-gungur, qiyqiriq boshlanadi. Suv shaloplaydi. Qadahlar jarangi eshitiladi, kulgan kim, qiyqirgan kim... “Bu yerlarda hayot boshqacha ekan, bovosi, — dedi kampir. – Boshqacha. Hamma narsa boshqacha, — dedi chol ham. – Xo‘sh, endi nima qilamiz, bovosi? – Ertalab tongda ketamiz. Yo, qolasanmi? – Sizniki ma’qul. Siz nima desangiz shu...

Kampir bir nuqtaga ko‘z qadab jimib qoldi. U qarog‘ida aylanayotgan ko‘zlarini choli ko‘rishni istamasdi.

Muallif voqealar jarayoni qanday kechsa shunday, xolis tasvirlashga, munosabatini ochiq bildirmaslikka harakat qiladi (garchi portret, nutq detallari, plastik tasvirlar kimga yon bosayotganiga ishora qilib tursa-da), baho, hukmni ziyrak o‘quvchi zimmasiga yuklaydi. Moddiy boylik bilan ma’naviy qadriyat o‘rtasida uzoqlashishga daxldor lavhalar “Yer hali ham dumaloq”, “Nozi... Nozigul”, “Yangi yil kechasida” hikoyalarida ham ko‘zga tashlanadi.

Qo‘chqor Norqobil inson ruhiyati va tabiat manzaralarini bir-biriga vobasta, aloqador chizishda, portret, peyzaj, nutq detallaridan xarakter yaratishda, til, so‘z imkoniyatlaridan foydalanishda ko‘p izlanayotgani, ancha tajriba orttirgani ko‘rinib turibdi. Quyidagi bir chimdim nutqlardan ularni qaysi personaj, qay holatda aytganiyu jinsi, yoshigacha sezilib turadi: “Enang tengilarning hammasi qiltanglaydi, qirqqa kirib-kirmay ko‘taram bo‘p qolgan... Ikki bola tug‘ib-tug‘may uv-uvlaydi, o‘rni o‘rib, qirni qiradigan payti, go‘r bo‘lama, o‘zimizdi eski ovqatlarni qilishga bo‘yni yor bermaydi... erinadi, bilgani piyova, shildir sho‘rva... Qozonda moyni jirillatganim hisob deydi”; “Botirboydi bilasiz. Yolg‘iz bolam... Ko‘ngli o‘ksimasin, oltin medal olmoqchi bo‘lib turibdi. Shu o‘ris tilingizni o‘rganib olar... Bahosini qo‘yib bering... Keyin Govto‘da tomondan o‘n besh sotix yer beraman, hovli-povli tiklab oling, malim! Shuyting, buytib bolani xapa qilmang”. Kitobdagi “He, otangni jiligiga...”, “to‘xli”, “gapning bo‘lari”, “uzangi yo‘ldosh oshnachilik”, “iyagi o‘mgagida”, “dim-dirs”, “jon uhmida”, “gartakkina”, “korsan”, “agaram”, “ilkis”, “yo‘g‘asam”, “gerra­yishiga o‘lasanmi”, “orbonglab”, “undaychakin”, “checha”, “ena”, “momo”, “boybicha”, “tus tog‘a”, “tos manglay”, “elanish”, “o‘tirik”, “o‘yiq taqdir”, “jondorga jola qilsang ham nomardga nola qilma” kabi so‘z, iboralar, “otali olti to‘ydi, enali yetti to‘ydi”, “allada aziz, to‘rvada mayiz”, “tilim qulf, qulog‘im tosh”, “o‘ttizga kirgan o‘g‘lonning o‘tin teradigan uli bo‘lsin” kabi maqol, matallarni ko‘proq qishloqda eshitish mumkin. Biroq “jon uhmida”, “Havoga bolta otsang, muzlab qoladi”, “quruq govora”, “bid-bidloq hamshira”, “azza-bazza odamlar” kabi so‘z-iboralar o‘rniga tushmaganday, hazm qilish qiyinroqday tuyuladi.

Shu o‘rinda, ba’zi mulohazalarni aytib o‘tish joiz. “Ko‘zlaringni ko‘rgani keldim” hikoyasida ayolining xohishi, da’vati bilan yurtiga kelgan Romaning keyingi hayoti, yolg‘iz onasi, ikki yetim singlisinig taqdiri, nega biron joyda ro‘yxatlarda yo‘qligi (nahotki?), o‘zini bildirmay chekka ko‘lda qorovul bo‘lib, Kontuj laqabida yurishi mantiqiy asoslashni taqozo etadi, chamasi. Nozigulni jonidan ham yaxshi ko‘radigan, “seni menga ravo ko‘rmagan bu dunyoda toq o‘tganim bo‘lsin!” deb qasam ichgan Sarvarning so‘zida turib qirqqa kirgancha uylanmay yurishi fazilati, lafziga sadoqati, lekin yozuvchi bo‘laturib eri o‘lib qizi bilan yolg‘iz qolganini bilgani holda uning keyingi taqdiriga, qiynalib yashayotganiga qiziqmaganligi, buni sinfdoshi Norsuluvdan eshitgani bir qadar ishonarsiz. To‘g‘ri, oxirida el-yurtining ichiga kirolmay, uzoqlashib ketganini sezib jur’atli, qat’iyatli odamga aylanadi, yurak sirini ochib, Nozigulga uylanajagini baralla e’lon qiladi.

Qozonning qaeridan quloq chiqarish qozonchining ixtiyorida degandek, badiiy asarni qanday nomlash, personajlarga nima nomni, qay kasb-korni ravo ko‘rish ijodkorning inon-ixtiyorida. Bunda asar g‘oyasi, mazmunidan, estetika, mantiq talablaridan kelib chiqiladi, shu ma’noda hikoyalarga topib, mos, xos, ko‘rkam nomlar qo‘yilganini qayd etmoq joiz. Hayotdagidek badiiy asarda ham o‘xshashliklar, takroriy vaziyatlar bo‘lishi, aks ettirilishi mumkin, faqat me’yor, muvofiqlik talablaridan kelib chiqqan ma’qul. “Osmon ostidagi sir” to‘plamining to‘rt hikoyasida yozuvchi obrazi bor, bular Tohir, Nodir, Sarvar, birida faqat yozuvchi, ikki hikoyada voqea yozuvchi “men”i tilidan olib boriladi, uch hikoyada jurnalist ishtirok etadi – Nik Adams, To‘ra Qora, Tahririyat rahbari. Voqea-hodisalarni batafsil tasvirlash, portret, peyzajlar chizish, ruhiy kolliziya­larni berishni adib, jurnalistlar durust uddalaydi, albatta. Lekin, masalan, Xorazm­ga boryotgan ona-bolaga biror olim, geolog, idora xodimi hamroh bo‘lishi, Qamchiq dovonidagi savob ishini, aytaylik, biror tabiatshunos yo yo‘lsoz ham eslashi, hikoya qilishi mumkin edi. Ikki hikoyada yarador jang­chi xaloskori ikki Irina bo‘lib chiqadi, biri Nikolaevna, biri Mixaylovna. Ikki hikoyada ikki shifokor yarador jangchidan snaryad parchasini olib tashlaydi. Afg‘on muhorabasidan sog‘­ligini yo‘qotib qaytgan ikki sho‘rpeshonaga odamlar Kontuj laqabi berishadi, ikkisi ham o‘zini osib o‘ldiradi, joniga qasd qilishning boshqa yo‘llari ham bor edi-ku, degan savol tug‘iladi. Faqat Xayriniso Ro‘zi maxsumdan orttirgan qiziga Yodgoroy, Sora Alievna eri nomardlarcha tashlab ketgan o‘g‘liga Yodgor ismini berishi mantiqan to‘g‘ri, asosli. Kuzatishlarim o‘tkir, pishiq, ta’sirli hikoyalarning nuqsoni deb emas, ke­yingi nashrlarda, muallif xohlasa, e’tiborga olsa, o‘zgartirsa, degan fikrlar, deb qabul qilinsa. Sh.Rizaev ham birovning narsasiga daxl qilishga ma’naviy haqqi yo‘qligini pisanda qilgan holda, “Yangi yil kechasida” hikoyasiga “Chaqirtikan zahmi” deb nom qo‘yishni taklif etadi.

Jangchi, yozuvchi Qo‘chqor Norqobilning”Osmon ostidagi sir” nomli  kitobi Vatan himoyachilari kuni arafasida o‘quvchilar qo‘liga tekkanligi ayni muddao bo‘ldi. Uni o‘qib, ta’sirlanib, urushning nomi o‘chsin, deysiz, jonini fido etgan aziz insonlar xotirasini yana bir yodga olasiz, omon qaytganlarga tasannolar aytasiz, jahonning bir qancha puchmoqlarida kechayotgan nizo-janjallardan afsus chekasiz, qochoqlar holiga achinasiz, mustaqil yurtimiz osmoni musaffoligi, tinch-osuda hayotimiz bilan cheksiz faxrlanamiz.

Saydi Umirov,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar

murabbiysi, yozuvchi, jurnalist

HAYRAT VA HAYAJON OLAMI

- Zahro opa, bizning eng katta ishonchimiz va umidimiz bugun zamonaviy bilim va tarbiya olayotgan, endigina kuchga kirayotgan yoshlarimiz, farzandlarimizdandir. Bolalar nashriga alohida e'tibor berilayotganini sababi ham shunda. Bu borada “Gulxan” jurnalida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Read more...

UMR YO‘LLARIDA

(Ustoz Gulchehra Irmuhamedova hayot yo‘liga chizgilar)

Kuz — to‘kin va saxovatli, go‘zal va mahzun, donish fasl... Kunduzlari issiq bo‘lsa-da, oqshomlari yoz jaziramalaridan keyin dilga orom baxsh etuvchi, tunlari salqin, halovatli damlar. Bahorlari tiniq lojuvard osmon bu kunlar biroz xira tortgan, nafis tumanli parda bilan qoplanganday. Daraxtlar hali zarrin rangga kirmagan, biroq unda-bunda qizg‘ish oltin rang yaproqlar ko‘zga tashlanib qoladi. Tiniq tortgan suvlar sokin, sirli oqadi, nimadandir o‘ychandek...

Read more...

FITRAT VA G‘AFUR G‘ULOM

Ana’naviylik har bir milliy adabiyot rivojining tamal toshlaridan biri. Yigirmanchi asr o‘zbek adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan G‘afur G‘ulom, Oybek singari ijodkorlarning yirik abadiy siymolar sifatida shakllanishida Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lponlarning ham ta’siri salmoqli bo‘lgan.

bdurauf Fitratning ko‘pqirrali ijodiga xos rang-barang yo‘nalishlarni keyingi avlod vakillari badiiy ijodda, binobarin kim she’riyatda, kim nasrda, kim dramaturgiyada, kim esa adabiyotshunoslik ilmida rivojlantirdi. Fitrat yaxlit va ozod Turon, Turkiston g‘oyasini ilgari surgan, yuksak pardalarda kuylagan bo‘lsa, Hamid Olimjon O‘zbekiston timsolida ona-Vatanni ulug‘ladi.

Fitratning qizi Sevara Karomatillaxo‘jaeva o‘z xotiralarida yozishicha, o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida ular Toshkentda yashaganda, «uylaridan mehmon arimagan. Eng ko‘p keladiganlardan biri G‘afur G‘ulom edi. «Otam u kishini hurmat qilar, quvnoqligi va gapga chechanligini yoqtirardi. G‘afur G‘ulom hovlimizni shu qadar yoqtirib qolgan ediki, keyinchalik Arpapoya ko‘chasida bino etgan uyini biznikidan nusxa ko‘chirib qurgan edi».

Fitrat domla betakror tadbirkorligi, donishmandligi bilan G‘afur G‘ulomning «Hasan Kayfiy» hikoyasi bosh qahramoniga protatip vazifasini o‘tagan deya komil ishonch bilan ayta olamiz. Bu asar o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida, ya’ni G‘afur G‘ulom hayotining xotiralar yozishga moyil davrida  yaratilgan. Fitrat, qolaversa, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon singari adiblarni yaqindan bilgan G‘afur G‘ulom davr taqozosiga ko‘ra, ular haqida to‘rt satr xotira bitishdan ham mahrum bo‘lganidan iztirob chekkani ehtimoldan xoli emas. Ana shu armon undovi bilan qisman hajviy, qisman hayotiy, qisman afsonaviy «Hasan Kayfiy» hikoyasini yaratgan bo‘lishi ehtimol. Xoja Hofiz bayti tilidan tushmaydigan, «O‘z aqli va mehnatiga sig‘inadigan», «Kuniga bitta tanga topguncha ishlaydigan», «Undan u yog‘iga malikaning poshnasi uzilgan bo‘lsa ham yamamaydigan» Hasan Kayfiy tadbirkorligi, o‘ta qanoatli, zehni g‘oyat o‘tkir bo‘lgani bois, hatto podshoning xos navkari etib tayinlanadi.

Sevara Karomatillaxo‘jaeva xotiralariga ko‘ra: Fitrat domla «ko‘pni ko‘rgan, ko‘p narsani uqqan, hayot qozonida obdon qaynab, zuvalasi pishgan odam edi. U kishi hadeganda umidsizlikka tushmas, har qanday qiyin sharoitda ham o‘zini yo‘qotmas, undan qutilish yo‘llarini izlar edi».

Sog‘inch bilan yo‘g‘rilgan bu shohona bayt mazmunini G‘afur G‘ulom quyidagicha nasriy bayon qiladi: «Kemamiz sinib, daryo o‘rtasida qolganlarmiz, e yoqimli shamol, tezroq esib bizga qirg‘oqqa chiqishimizga yordam ber. Koshki o‘sha oshnolarimizni qaytadan ko‘rolsak».

G‘afur G‘ulom forsiy she’riyat namoyandalari merosiga qayta-qayta murojaat qiladi. Shayx Sa’diy, Mirzo Bedil kabi shoirlar ijodini asliyatda takror-takror o‘qigani shubhasiz. Mirzo Bedil asarlarini umr bo‘yi qo‘lidan qo‘ymagani «Sog‘inish» she’ridagi quyidagi satrlarda o‘z ifodasini topgan:

Tong otar chog‘ida juda sog‘inib,

Bedil o‘qir edim, chiqdi oftob.

«Abdurauf Fitrat hech qachon daholik da’vosida bo‘lmagan, hech vaqt daholikni o‘ylamagan, deb yozadi Ibrohim Haqqul biroq u haqiqiy daholarga xos buyuk shaxsiyat sohibi, yuksak iste’dod egasi edi. Undagi ishchanlik, ilm va ijodning bir qancha tarmoqlarida favqulodda zehniyat va did bilan faoliyat ko‘rsatish, mutafakkirlik kamdan-kam daholarga nasib aylagan fazilatlardir. Fitrat Sharq adabiyotining chinakam bilimdoni, benazir tadqiqotchisi bo‘lgan. Zero, u dinni, tasavvufni, Sharq xalqlari tarixi, falsafasi, musiqasi va badiiy ijodini havas qilarli miqyosda egallagan. Bir so‘z bilan aytganda, mumtoz adabiyotni o‘rganmoq uchun zarur sanalgan iqtidor va zukkolik Fitrat domlada mavjud bo‘lgan».

O‘tgan asrning yigirmanchi yillarida shoh asar «Qutadg‘u bilig»ning Namangan nusxasi topilishida Fitrat alohida jonbozlik ko‘rsatish bilan kifoyalanmasdan, bu asarga oid qimmatli fikrlarni bayon etgan. Fitrat «Farhod va Shirin» dostoni haqida» risolasida Nizomiyning «Xisravu Shirin» dostoni bilan Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonini qiyoslaydi. «Fors shoiri Umar Hayyom», «Bedil» singari risolalarida esa mashhur ruboiynavislarga oid qimmatli fikrlarini bayon etadi. G‘afur G‘ulom ham qirqinchi yillarda Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonining dastlabki nasriy bayonini yaratadi.

Fitrat bilan G‘afur G‘ulom fe’l-atvoriga xos uyg‘unlikni ham e’tibordan soqit qilmaslik kerak. Har ikkilasi ham o‘smirlik yillaridan e’tiboran sarguzashttalab bo‘lishgan. Fitrat otasining qarshiligiga qaramay mashaqqatli Turkiya safarini boshdan kechirgan bo‘lsa, G‘afur G‘ulom «Shum bola» qissasida e’tirof qilishicha, «Ko‘kterak, Eshonbozor, Qoplonbek, Sharobxona kabi shahri azimlarda... qilmagan ishi qolmagan».

G‘afur G‘ulom «Shum bola» qissasining, takyaxonada kechgan voqealar bayon etilgan, ta’bir joiz bo‘lsa, yakuniy bobida bir necha mahalliy nashavandlar qatorida sarrof hindi timsolini yaratgan. Sarrof hind puldor bo‘lgani holda nashavandlar bilan takyaxonani boshpana qilgani, avvaliga, biroz ajablantiradi. Lekin mahoratli bo‘lgani bois qissanavis-muallifga o‘quvchida ortiqcha e’tiroz paydo bo‘lmaydi — sarrof hindini tabiiy qabul qiladi:

«Sarrof hindi mening sevganlarimdan bittasi edi. U kelganda, ayniqsa, mening oyog‘im olti, qo‘lim sakkizta bo‘lib xizmat qilar edim. Bunga sabab ikki narsa edi: birinchidan, u Hindistonning ajoyib-g‘aroyibotlaridan hikoya qilar edi. Chunonchi, marvarid ko‘chalarda sochilib yotadi. Hind bolalari ko‘ngalagiga marvarid, yoqut solib yotadi, non daraxtda pishadi, odamlari besh yuz yoshga kirganda mo‘ylovi chiqadi. Hammasidan shunisi qiziqki, eru xotin yalang‘och yuradi. Qish bo‘lmaydi, qo‘y tekin, ona-bolali fil to‘rt tanga va hokazo, va hokazo».

Sarrof hindi timsoli yuzaga kelishida ham Fitratning Hindistonga safari  alohida ahamiyat kasb etgan. Fitrat Hindiston safari taassurotlarini o‘z farzandlariga ham qiziqarli tarzda so‘zlab berganini Sevara Karomatillaxo‘jaeva maroq bilan eslaydi:

«Yana bir kuni otam Hindistonga borgani va u yerda ajoyib-ajoyib voqealarni boshdan kechirganini gapirib bergan. Bir gal yonida bor pulini yo‘qotib qo‘yibdi. Nima qilmoq kerak? Qaytib ketishga yo‘lkirani qaerdan topsa bo‘ladi. Shunda yana topqirligi qo‘l kelibdi: bozorboshida o‘tirib, sartaroshlik qilibdi. O‘n-o‘n besh kun deganda keraklicha pul ishlab topibdi».

Binobarin, Hindiston safari bilan bog‘liq g‘aroyib sarguzashtlarni Fitrat Domla xonadonida tez-tez mehmon bo‘ladigan G‘afur G‘ulom ham bir necha marta eshitgani, bu esa o‘z navbatida, «Shum bola» qissasida sarrof hindi timsoli yaratilishiga turtki bo‘lgani ehtimoldan holi emas.

G‘afur G‘ulomning alloma shoir bo‘lib yetishishida Abdurauf Fitrat bilan Abdulhamid Cho‘lponning ta’siri ham katta bo‘lgan. Abdulla Qodiriy romanlari, shuningdek, Abdulhamid Cho‘lpon she’riyati juda mashhur bo‘lgan o‘tgan asrning yigirmanchi-o‘ttizinchi yillarida G‘afur G‘ulom shoir sifatida shakllangandan kelib chiqqanda, bu ikki ustoz adib asarlari ham bo‘lajak akademik shoir uchun o‘ziga xos ijod maktabini o‘taganiga ishonch hosil qilamiz. Cho‘lponning:

Haqorat dilni og‘ritmas,

tubanlik mangu tinmasmi,

Kishanlar parchalanmasmi,

qilichlar endi sinmasmi?!

da’vatiga javoban G‘afur G‘ulom «Sen yetim emassan» she’rida xitob qiladi:

Manglayda porlagan

Toleing — quyosh

Butun yer yuzini

Qilur munavvar.

Haqorat yemrilur,

Zulm yanchilur,

Jahonda bo‘lurmiz

Ozod, muzaffar!

Xullas, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon kabi siymolar ijodining nafaqat G‘afur G‘ulom avlodiga, butun milliy adabiyotimiz ravnaqiga ta’siri teran ilmiy ishlar uchun asos bo‘ladigan keng qamrovli mavzu sifatida alohida e’tiborga molik.

 

Abduhamid PARDAYEV

FOZIL INSON FAZILATLARI

O‘zbekiston san’at arbobi Mahkam Muhammedov O‘zbekiston televideniesida juda uzoq yillar davomida ishlagan taniqli rejissyorlardan biri hisoblanadi. U televidenie oltin fondidan joy olgan "Azizaxon" nomli televizion film, "Ko‘ngil ko‘chalari", "Mehrobdan chayon" singari ilk teleseriallarni tomoshabinlarga tuhfa qilgan. Chingiz Aytmatovning "Oq kema", O‘zbekiston xalq yozuvchisi Rahmat Fayziyning "Hazrati inson" nomli asarlarini sahnalashtirgan.

Read more...

UMIDBAXSH ADABIYOT EHTIYOJI

(Yozuvchi Ulug‘bek HAMDAM bilan suhbat)

— Ulug‘bek aka, muhtaram Prezidentimizning “Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” deb nomlangan risolasida milliy adabiyotimiz oldida turgan vazifalar haqida so‘z boradi. Bilamizki, adabiyot tarbiya vositasi — u inson ruhiyatini tozalab turadi. Bugungi kunda badiiy adabiyot, ayniqsa, yaratilayotgan asarlar xususida qanday fikrlar bildirasiz? Kitobxonlar qanday asarlarga ko‘proq qiziqayapti? Bu yoqda sarguzasht, oldi-qochdi voqealar bayonidan iborat kitoblar ham ko‘payib boryapti...

— Avvalo, shuni aytib o‘tish kerakki, yaxshi asarlar kam bo‘lsa-da, yaratilyapti. Faqat ularni ko‘ra oladigan, xasu xashaklar orasidan ilg‘aydigan nigohlarimiz haqida ko‘proq qayg‘urishimiz kerak. Agar shunday nigohlarimiz bor bo‘lsa, demak, siz aytayotgan targ‘ibot masalalar haqida gaplashsak bo‘ladi. Yo‘qsa, gulni alafdan ajratolmay qiynalamiz. Bunday deyotganimning sababi, ba’zida tuppa tuzuk munaqqidlarimiz tanlagan, tahlil qilib kitobxonlarga tavsiya etgan ayrim asarlarni (agar ularni asar deb atash mumkin bo‘lsa!) o‘qib yoqa ushlamoqdan o‘zingni tutolmaysan, kishi. Chinakam adabiyot, avvalo, dunyoga botiniy nigoh bilan qarash degani. Botiniy nigohi bor odam esa juda-juda mulohazakor bo‘ladi. U bugun(dunyo)ni qanchalik o‘ylasa, erta (oxirat) haqida ham shunchalik tashvish chekadi.  Bunday odamdan yomonlik chiqmaydi. U birovning joniga qasd qilmaydi. Bir marta hidlash uchun yashnab turgan gulni uzib chetga uloqtirmaydi. Dunyoga, dunyoviylikka mukkasidan ketib, o‘tkinchi hoyu havaslarga iymonini sotmaydi. Aksincha, inson degan nomga munosib ravishda yashashga intiladi, o‘ziga ravo ko‘rganni o‘zgaga ham tilaydi, umri boricha, qo‘lidan kelgancha hammaga ko‘mak bermakka shoshadi. Shu ma’noda chinakam adabiyot odamga insoniylikdan saboq berguvchi juda katta ma’naviy kuchdir! Shu bois ham davlatimiz rahbari adabiyotga, xususan, kelajakka e’tiborimizni qaratganda shularni nazarda tutgan. Dunyoda bir-biridan tamomila olisda, ko‘rinishidan bir-biriga mutlaqo aloqasi yo‘q shakllarda yuz beradigan ko‘pdan ko‘p va xilma xil voqea-hodisalarning zamiridagi uzviylikni ko‘ngil ko‘zi bilan ko‘rishga, anglashga imkon yaratadigan sehrli ko‘zgudir haqiqiy adabiyot! Ammo bu adabiyot har doim ham qog‘ozga tushib, kitobga aylanavermaydi, u ko‘pincha yuraklarimizda yashaydi. Matnga aylangan adabiyot bu asl, botinimizdagi adabiyotning bir uchquni, xolos. Yuragimizda bo‘ladimi yo kitoblarga darj etiladimi, qat’i nazar, haqiqiy adabiyot insonni NAFS deb atalgan botqoqdan qutqarib, uni yuksak  ideallarga xizmat qildiradi. Chinakam adabiyot ikki dunyo o‘rtasidagi KO‘PRIK bo‘la oladi, bo‘lishi kerak. Bunday adabiyot odamdagi noqisliklarni pasaytirib, uning insonlik qanotini parvozlarga shaylaydi, yuksaltiradi. Bas, shunday ekan, men bugun nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda yaxshi adabiyotning targ‘iboti qancha ko‘p bo‘lsa, uning moddiy-ma’naviy foydasi ham shuncha yaxshi bo‘ladi, deb ishonaman.

Kitobxonlar o‘zlariga yaqin mavzulardagi asarlarga ko‘proq qiziqishadi. Masalan, jamiyat bugungi kunda qanday muammolar bilan yashayotgan esa, o‘sha masalalar maroqli va yuksak badiiyat bilan aks ettirilgan asarlar o‘quvchilarda eng ko‘p qiziqish uyg‘otadi, deb o‘ylayman. Shu bilan birga, o‘z olamiga g‘arq bo‘lgan, shoir aytmoqchi, torgina hovuzni butun bir dunyo deb bilgan o‘quvchilar guruhi ham bor. Ular xuddi shunday sub’ektiv olamda yashab ijod qiladigan shoir yo yozuvchi asarlarining muxlisi bo‘lishadi, odatda.  E’tibor qilsangiz, zamonamizda talay odamlar o‘zi bilan o‘zi o‘ralashib qolganini anglaysiz. Xuddi shunday, o‘z chorbog‘ini butun bir olamga teng deydigan ijodkorlar ham topiladi. Ular, ko‘pincha, o‘z qobig‘idan tashqari chiqa olmay, eng yomoni, bunga harakat ham qilmay, o‘z sub’ektivizmi botqog‘i ichra xonish qilayotgan sho‘rlik qushga o‘xshaydi. Aslida, ijodkorning o‘z ichki dunyosiga sayohat qilishi, u yerdagini tashqariga – qog‘ozga, o‘quvchilarga olib chiqishi san’atning mohiyatiga uyg‘un xatti-harakat. Lekin, hamma gap shundaki, ma’naviy-ruhiy, ijtimoiy-siyosiy jihatdan past saviyadagi ijodkorning ko‘ngil dunyosi biqiq va maishiy hududdan iborat bo‘lib qolganda, uning qalamidan chiqqan she’r ham, qissayu roman ham o‘zga ko‘ngil va ongga ta’sir etmaydi.

Endi “sarguzasht, oldi-qochdi voqealar bayonidan iborat kitoblar ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otayotgani” masalasiga kelsak, bu hol shu kecha-kunduzda dunyoda hukm surayotgan “ommaviy madaniyat” kayfiyatidan kelib chiqadigan yengil hayot tarziga qiziqish va intilish bilan belgilansa, ajabmas. Fikrlash, bu — aslida, juda katta mehnat qilish degani.  Biz ana shunday mehnatdan qochayotganga o‘xshaymiz. Natijada qalb va tafakkur dangasa bo‘lib, o‘rniga badan bilan bog‘liq istaklarimiz hakalak otmoqda. Siz aytayotgan sarguzasht va oldi-qochdi adabiyotga qiziqishning tub ildizi, adashmasam, shu yerda. Ammo bu dardning ham shifosi bor, u ham bo‘lsa, jiddiy adabiyotga, shu jumladan, mumtoz adabiyotimiz namunalariga tizimli e’tibor qaratib, ularni maktab, kollej va litseylardanoq o‘quvchilar qalbi va ongiga malham yanglig‘ quyishda. Chunki bunday adabiyot millatning botiniy qiyofasini belgilab beradigan asosiy ustunlardan biridir! Bir xalq o‘z botiniy qiyofasini qo‘rimas ekan, u moddiy jihatdan qanchalik boy-badavlat yashagani bilan globalizm ta’siri ostida sekin-asta yon-atrofdagi o‘z “men”ini tanigan, uni himoya qilgan xalqlar qatiga singib ketishi hech gapmas. Adabiyot va ma’naviyat shuning uchun ham bugun suv bilan havodek zarur!

— Bilamizki, adabiyot bu odob-axloq fanidir. Lekin uning bu xususiyatini ikkinchi darajali, deb qaraydiganlar, badiiyat, san’at birlamchi, pand-nasihat so‘z san’ati namunasining mohiyatini belgilamaydi, deguvchilar ham bor. Sizning  bu masalaga munosabatingiz qanday?

— Bilasizmi, ijodkor hayoti mobaynida siz sanagan bosqichlarni bosib o‘tar, to‘g‘rirog‘i, bosib o‘tishi kerak ekan. Tanqid uchun o‘zgadan misol qidirib nima qildim, mana, mening o‘zim, talabalik yillarimda adabiyot his va idrok mahsuli, nimaiki, qalbimiz va badanimiz tomonidan his qilinib, aqlimiz bilan idrok qilindimi, bas, shularning bari chinakam adabiyotning mahsulidir, degan maksimalistcha qarashda yurar edim. Ijodkor haqiqatgo‘y bo‘lishi shart, u insonga nimaiki aloqador esa, borini boricha aks ettirishga mahkum deb bilardim. Talay qoralamalarim shu yo‘sin bunyod ham bo‘ldi. Vaqtlar o‘tib esa qarashlarim tahrirga uchradi. Albatta, ijodkorning har qanday vaziyatda ham o‘zgarmaydigan haqiqatlari bo‘ladi, bo‘lishi kerak. U bunday haqiqatdan hech qachon yuz o‘girmasligi lozim, bu fikrimni bugun ham, ertaga ham yoqlashimga ishonaman. Lekin vaqti-soati kelib adashganini anglab yetsayu qaysarlik qilib buni tan olmasa, bu endi, yumshoq qilib aytganda, sira yaxshi emas. Qolaversa, haqiqatning ham o‘z ahli bo‘ladi. Ahliga aytilmagan har qanday to‘g‘ri va yaxshi gapning zarari bo‘lsa bo‘ladiki, foydasi yo‘q. Demak, har bir gap o‘z ahliga aytilsagina kutilgan natijani beradi. Bundan ham muhimroq gap shuki, adabiyot inson (o‘quvchi) nigohini yuksak va pok nuqtalarga qaratmog‘i juda-juda zarur ekan! (“Botqoqlarga botsa-da jismim Qorachig‘da yashaydi osmon!” deydi shoir). Ayniqsa, bugun — globalizm davrida! “Ommaviy madaniyat” kuchayib, inson turli madaniyatlar va qarashlar buhronida yo‘lini yo‘qotayozgan pallada!

Yaqinda bir voqeaning guvohi bo‘ldim. Millatimiz, adabiyotimiz, ma’naviyatimiz uchun katta xizmat qilgan zabardast shoirimiz bilan uchrashuvga talabalarning aksariyati, bilasizmi, kimning to‘plamini bag‘irlariga bosib kelishdi? Zamonamizning “Men sevaman, Sen sevasanmi?” deb yozg‘uchi qo‘shiqchi nazmbozining! Mana, siz aytayotgan o‘quvchi saviyasiga bitta misol! Yo‘q, men hamma yoshlarimizni yoppasiga ayblamoqchi emasman. Aybdor bor bo‘lsa, u ham o‘zimiz. Chunki ularga haqiqiy, baland adabiyotdan saboq berolmagan bo‘lib chiqayapmiz. Maktab, kollej, litsey, oliy o‘quv yurtlarida imkon topib (adabiyotga ajratilayotgan dars soatlari murg‘ak ong va yurakni to‘g‘ri tarbiya qilish uchun kifoyami?) o‘quvchilar qalbiga yetarlicha kira olmagan bo‘layapmiz. Natijada, ular o‘z yoshlariga ko‘ra oson hazm qilinuvchi, dastlabki ikki qatoridan qolgan hamma misralari nima bilan tugashi ayon so‘zlar yig‘indisini she’r deb qabul qilishmoqda. O‘quvchini tarbiyalash uchun esa adabiyotning nima ekanligini avvalo o‘zi yaxshi anglab olgan hamda baland saviyada dars berishdan boshqa tashvishi yo‘q mutaxassis-o‘qituvchilar “armiya”si zarurligini yodda tutmog‘imiz kerak. Demak, jiddiy va katta adabiyot bu jamiyatning bitta bo‘g‘ini uddalaydigan oson ish bo‘lmay, hammamizning bir yoqadan bosh chiqarib, doimo bahamjihat mehnat qilishimiz natijasida qo‘lga kiritiladigan bebaho ma’naviy boylik ekan.

— Internetga munosabatingiz qanday? Bu yozuvchining imkoniyatlarini kengaytirayaptimi yoki vaqtini o‘g‘irlayaptimi? Internetning kitobxonlikka ta’siri ham bor gap...

— Yaqinda internet haqida gapira turib, bir tanishim oddiy pichoqni tashbeh sifatida qo‘lladi va bu menga juda ma’qul keldi. Uning aytishicha, pichoqni inson osh pishirish uchun ham, birovni jarohatlash yoki hayotiga zomin bo‘lish uchun ham ishlatishi mumkin ekan. Internet ham taxminan shunday qurol. Demak, internetdan siz qaysi maqsadda foydalanayapsiz, hamma gap ana shunda. Internet — taraqqiyot mahsuli. Undan va uning kabi mahsullardan voz kechilmaydi. Ixtiyorimizda nima qoladi? Unga va uning kabi tamaddun tug‘ib berayotgan boshqa texnik vositalarga qaratilgan munosabatimizni insonning sha’niga munosib maqomga ko‘tarish qoladi. Demak, internetga qaysi maqsadda yondashsak, u ham bizga shu tarzda javob berar ekan. Lekin ongi yetarlicha shakllanmagan yoshlarimizning internetga bo‘lgan munosabatlarini doimiy nazorat qilib borish shart deb bilaman. O‘g‘il-qizlarimiz qaysi saytlarga kirayapti, kimlar bilan muloqotda bo‘layapti va u yerda bir kunda yoki bir haftada necha soat vaqt o‘tkazayapti, degan savollarga aniq, ijobiy javobimiz bo‘lishi zarur. Umuman olganda esa, dunyo miqyosida internetning insonni hayvoniyligiga yog‘ quyadigan, fahsh, buzg‘unchilik, qo‘poruvchilik, terrorga gij-gijlaydigan imkonlarini butunlay va uzil-kesil chegaralash ustida jiddiy qarorlar oladigan vaqt kelmadimikan?..

Men internetga, asosan, ma’lumot olish, xabar va pochta o‘qish uchun kiraman. Bu ish uchun menga odatda, uch-to‘rt daqiqadan yarim soatgacha vaqt kifoya qiladi. Mabodo, uzoqroq qolib ketsam, asosiy hayotim tepadayu mening o‘zim yerto‘lada qamalib kolgandek his qilaman o‘zimni. Unutmasligimiz kerakki, internet bu haqiqiy hayotning bitta jilvasi, xolos. Ko‘p kuzatganman, real hayotda muvaffaqiyatsizlikka uchragan odamlar, odatda, virtual olamdan tasalli, ovunchoq izlab qoladi. Shundanmi, internetga konkret ish yuzasidan kirmay, uning bepoyon bo‘shliqlarida shunchaki vaqt o‘tkazib yurgan kishilarga ko‘zim tushsa yo ular haqida eshitsam, negadir ularning hayotlarida muammo bormikan, degan o‘yga boraman. Albatta, kasb-kori internet bilan muntazam ishlashni taqozo qiladigan mutaxassislar bundan mustasno. Alqissa, internetga to‘g‘ri maqsad va ezgu niyat bilan munosabatda bo‘linsa, u dastyorga aylanadi. Yo‘qsa, insonni turli balolarga giriftor etishi ham bor gap.

— Bugun adabiyot tabiatida qanday o‘zgarishlarni, yangilanishlarni kuzatish mumkin? Shu ma’noda “Na’matak” asaringizga to‘xtalsangiz.

— Adabiyot yangilanayotir. U vaqti-vaqti bilan libosini o‘zgartirib turadi, ya’ni  yangi to‘n kiyib oladi. Bu narsa, ayniqsa, keyingi vaqtlarda bo‘rtib ko‘rina boshladi. Bugun yostiqdek romanlarni o‘qish nihoyatda mushkul. Qisqalik, lo‘ndalik, obrazlilik bugungi adabiyotning asosiy atributlaridan. Chunki vaqtning unumi qolmagan. Texnika va axborot asrlari inson uchun vaqt deb atalgan ne’mat barakasini uchirib yubordi. Bunga amin bo‘lish uchun, ana, biron haftaga qishloqqa, odamlar kamroq yashaydigan ovloqqa borib vaqtni kuzating. Birdaniga u imillay boshlaganiga guvoh bo‘lasiz. Lekin gavjum shaharga qaytib kelganingizda hammasi o‘zgaradi – yillaringiz oylardek, oylaringiz haftalar kabi, haftalaringiz kunlar singari o‘tayotganini payqab qolasiz. Nega? Chunki bu yerda harakat ko‘p va tig‘iz. Atrofingizda ko‘pqavatli uylar, avtolar, odamlar... Va ular ko‘z o‘ngingizda tinimsiz harakatlanib turadi. G‘oyalar, qarashlar, kayfiyatlar ham shunday. Natijada vaqtni his qilishimiz o‘zgarib, inson qisqa fursat ichida ko‘proq narsaga erishish payiga tushib qoladi. Shaharliklarning shoshqaloq bo‘lib qolishi shundan. U yog‘ini surishtirsangiz, dunyoning o‘zi sekin-asta ulkan bir shaharga aylanib borayapti. Men mana “Na’matak” deb atalgan kichik eksperimetal asar yozdim. Va uni shartli ravishda roman deb atadim. Bunda ana o‘sha  ixtiyorimizda tobora kamayib borayotgan VAQT tushunchasidan kelib chiqib, roman mazmunini bitta hikoya hajmiga qamashga harakat qildim. Bu bir tajriba, xolos. Undan kattasiga da’voim yo‘q. Albatta, asarga qarashlar har xil bo‘ldi, bo‘layapti. Buni men tabiiy qabul qilaman. Faqat tomonlar bu asar o‘yin yoki havas tarzida tug‘ilmaganligini, uning aynan shunday kichik hajmda yozilganligining, yuqorida bayon etilganidek, juda salmoqli asos — sababi borligini bir bor mushohada qilib ko‘rsalar, bas. U yog‘ini so‘rasangiz, mutolaadan so‘ng xotirangizda hikoyaning yukicha mazmun qoldirmagan yostiqdek romandan, romanning yukidek mazmun qoldirgan jimitdek hikoyani chandon afzal ko‘raman.

Darvoqe, adabiyotdagi o‘yin masalasiga kelsak. Ko‘pchilik zamondosh ijodkorlar shaklga shu darajada ruju qo‘yishdiki, natijada ko‘p hollarda alam bilan mazmunning oqsayotganini kuzatishga to‘g‘ri kelmoqda. Adabiyot inson dardidan, adolat va haqiqatdan uzoqlashar va shaklbozlikni o‘zining bosh a’moliga aylantirar, san’at asosini boshqotirmadan iborat deb bilar  ekan, u sariq chaqaga ham arzimaydi. Adabiyotni ko‘ngilxushlik darajasiga tushirmaslik kerak. Haqiqiy adabiyot, bu — inson ruhi aks etguvchi ilohiy ko‘zgudir!

— Ayrimlar xoslar uchun yozaman deb aytsa, ba’zilar xalq uchun ijod qilaman deydi. Siz-chi?

— Ba’zan uchrashuvlarda turfa yo‘nalishdagi shoirlar she’r o‘qib qoladi. Yashirib nima qildim, odatda, xalqona yo‘nalishdagilarni zal ahli ko‘proq qo‘llab-quvvatlaydi, murakkabroq yo‘nalish shoirlarini esa, odatda, uch-to‘rt kishi ma’qullaganining guvohi bo‘lamiz. Meni esa har doim bitta narsa o‘ylantirib kelgan: ijodda shunday bir darajaga erishsangki, unda seni hamma – omma ham, xos ham birdek tushunsa. Bu aytishgagina oson. Hatto chinakamiga xalqona yo‘lda o‘quvchiga ma’qul bo‘ladigan to‘rt qator she’r aytish ham g‘oyat mushkul ish. Bir necha vaqt muqaddam yaqin do‘stim tavsiyasiga ko‘ra professor Suyima G‘anieva tarjimasi va tahriri ostida chop etilgan “Kalila va Dimna” asarini qayta o‘qib chiqdim. Qayta deganimning sababi, bir vaqtlar, maktab paytimda asar bilan ilk bor tanishgan edim. Bilasizmi, do‘stimdan juda-juda minnatdor bo‘lib ketdim. Axir, mana-ku, men ijodda orzu qilgan o‘sha daraja! Yetti yoshdan yetmish yoshgacha manzur bo‘ladigan uslub! Qahramonlari asosan darrandayu parranda, hasharotu odamiyzod bo‘lgan ushbu asarning syujeti bolalarga qanchalik zavqli bo‘lsa, syujet zimnidagi ma’nolar tafakkur yurituvchilar uchun shunchalar maroqli. Unda aks etgan bir-biridan qiziq voqealar xalq e’tiborini qancha tortsa, voqealardan kelib chiqadigan xulosalar, qissadan hissalar xos kishilar diqqatiga shuncha munosib. Bir vaqtning o‘zida ham ko‘pchilik, ham ozchilik didiga uyg‘un so‘z aytishning uddasidan chiqolmaganim uchun ham men hozirgacha alohida-alohida aytib keldim. Chunonchi, “Yolg‘izlik” degan qissamni yozganimda men yozuvchi sifatida aytadigan hamma asosiy gapimni aytib bo‘ldim, deb o‘ylaganman. Lekin keyinroq sinchiklab nazar solsam, u asar ko‘proq xoslar uchun bitilgan ekan. Ko‘nglim to‘lmadi va uni ko‘pchilikka tushuntirish uchun naq uchta roman yozdim: “Muvozanat”, “Isyon va itoat” va “Sabo va Samandar” aslida ana o‘sha “Yolg‘izlik”ning o‘ziga xos tarjimalari, sharhi hisoblanadi. Ayrim hikoyalarda va ayniqsa, 2013 yilda yozilgan “Na’matak” kichik romandagina orzuimga qisman erishdim. Lekin katta hajmdagi asarda buni uddalay olganim yo‘q hali. Yaqinda yakunlagan “Yo‘l va yo‘lovchi” deb nomlangan romanimni o‘quvchi sifatida o‘qib ko‘rsam, yana ko‘pgina o‘rinlarda “Yolg‘izlik”ning ruhiga tushib qolganimni angladim va ko‘nglim biroz cho‘qdi. Ko‘rib turganingizdek, men hali izlanishda ekanman. Hali orzuimdagi asar oldinda ekan. Yetib boramanmi unga yo‘qmi, buni bilmadim, bilganim va, ehtimol,  muhimi shuki, men undan esayotgan bo‘yni tuydim.

— Shu o‘rinda tanqidchiligimiz haqida ikki og‘iz to‘xtalib o‘tsangiz. Bugungi o‘zbek tanqidi chinakamiga voqea bo‘layotgan asarlarni to‘g‘ri topib, ularga to‘g‘ri tashhis qo‘ya olyaptimi?

— O‘zbek adabiy tanqidi, uning bugungi saviyasi, kelajakdagi taqdiri adabiyot jonkuyarlarini ayniqsa, bugun jiddiy o‘ylatmoqda, qaerdadir sevintirsa, qaerdadir tashvishga solmoqda. Istagimiz — o‘zbek adabiy tanqidi yuksalsin! Adabiy jarayondan ortda qolmasin, aksincha, bayroqni qo‘lga olgan holda old safga o‘tib yursin. Chunki adabiy jarayon avvalida emas, ortida yurgan adabiy tanqid, bu – asl tanqid emas, balki ana shu jarayonning ayanchli soyasidir. Ustoz munaqqid, professor U.Normatov bir maqolasida“Insoniyat hali ulkan iste’dodlar xizmatini munosib qadrlash darajasiga ko‘tarilgani yo‘q”, deb aytadiki, bu dardli hayqiriqning bir uchi kelib tanqidga qadaladi. Shunda beixtiyor xayolga amerikalik mashhur skripkachi Joshua Bell keladi. 2009 yilda  quyidagicha bir eksperiment o‘tkaziladi: jahonga mashhur, bir kun oldin “Boston Simfonik Xoll”da bergan kontsertining bilet narxi 100-120 dollar bo‘lgan skripkachi oddiy kiyim kiygan holda metro bekatiga tushib keladi va tik turgan ko‘yi 3,5 mln. dollar turadigan qimmatbaho skripkasida dunyolarga dong‘i ketgan musiqalarini chala boshlaydi. Shunda, bilasizmi, nima hol ro‘y beradi: achinarli, ammo bugungi zamonaviy dunyo va zamondosh insonning asl yuzini ochib tashlaydigan, ularda yashirin fojiani shundoq ko‘z o‘ngimizda namoyon etadigan voqea sodir bo‘ladi. Skripkachi 45 daqiqa mobaynida musiqa chaladi, lekin uni hech kim tanimaydi, tanimagani mayli, shu vaqt davomida 6 kishigina xiyol to‘xtab musiqaga quloq tutgandek bo‘ladi, ammo soatlariga qarab olgach, yana shitob bilan yo‘llarida davom etadi, atigi 20 kishi pul beradi, mashhur skripkachi bor-yo‘g‘i 32 dollar pul yig‘adi. Eng qizig‘i shuki, musiqani astoydil eshitaman degan sanoqlilarning bari bolalar bo‘ladi. Qissadan hissa — bunga o‘xshash ne-ne mo‘’jizalarni har kuni, har on nazardan soqit qilib, ularda g‘ofil holda yashayotgan ekanmiz?” degan savolni qo‘yishadi klip ijodkorlari.

Xuddi shunday, bugungi o‘zbek adabiyotida ham yuqoridagi holni yodga soladigan voqealar anchadan beri bor. Qarshisida to‘xtab tafakkur qiladigan asarlar oz bo‘lsa-da yaratildi, yaratilayotir. Lekin o‘quvchi metrodagi odamlar kabi beparvo, bee’tibor. Hatto adabiy tanqid ham deyarli shunday ahvolda, ba’zan esa yanada ayanchli hollarga tushib turadi u: asosiy e’tiborni chinakam san’at asarlariga qaratish o‘rniga, ko‘pincha,  o‘rtamiyona qoralamalar bilan andarmon bo‘lib umrini o‘tkazmoqda. Munaqqid yozgan maqolasini o‘zidan uzoqroq umr ko‘rishini istasa, o‘lmaydigan adabiy durdonalar haqida ko‘proq bosh qotirib, xo‘proq yozishi kerak bo‘ladi.

— Shiddat bilan o‘zgarib, turlanib borayotgan dunyoda ijodkorning zimmasiga tushayotgan eng muhim vazifa, sizningcha, nimadan iborat?

— Umiddan, uni odamlarga bag‘ishlashdan.  Umiddan, ishonchdan boshqa nima bor o‘zi bu olamda? O‘shani ham yo‘q desak... Adabiyot orqali, badiiy so‘z vositasida o‘sha hayot osilib turgan rishtani ham kessak, nima qoladi o‘zi?.. Bitta yoki bir qancha g‘amgin she’rning yo‘rig‘i boshqa. Lekin ijodkor tushkunlikni targ‘ib qilsa-chi? Hayotga muhabbatni emas, o‘limga muhabbatni kuylab tursa-chi?.. Uning butun ijodi shunday kayfiyatlar mahsulidan iborat bo‘lsa-chi?.. U holda jim turish jinoyat qilish bilan barobar emasmi?.. Albatta, hech kimga “sen bunday yozma!” deya buyruq berib bo‘lmaydi. Har bir ijodkor qalbi buyurganini yozadi. Faqat jamiyat ichra tushkun kayfiyat urug‘ini sepmasin, qora ruhni targ‘ib qilmasin, buzg‘unchilikni tashviq etmasin, deya istak bildirishga haqqimiz bordir, axir! Tani buzuq bo‘lgan bor, ongi buzuq bo‘lgan bor. Ko‘pincha, keyingisi chunon xavflidir. Chunki birinchi holda zarar asosan insonning o‘ziga va nisbatan ozchilikka, ikkinchisida esa aksariyat holda atrofdagilarga va ko‘pchilikka keladi. Zulmatga xizmat qiladigan asarlar o‘quvchi ongini buzuvchi asarlardir. Bugungi zamondosh uchun yorug‘ asarlar suv bilan havodek zarur. Insoniyatning iymonu e’tiqoddan mahrum qismi shundog‘am umidsizlik degan botqoqqa cho‘kib borayapti. Shunday bir paytda bashar ahliga bir qatim nur ilinish ijodkorlarning muqaddas burchi emasmi!?.

— Ba’zan bugun “qoladigan asarlar kam yozilayapti”, degandek yozg‘iriqlarni eshitib qolamiz. Nahotki, shunday bo‘lsa?

— Biz ko‘pincha “tayyor” asarlarni o‘qishga moyil bo‘lamiz. Va “tayyor” qarashlarga suyanib, ustiga ustak, xuddi Amerika kashf qilgan kabi asarni maqtay ketamiz. Hech kim bilmasa, sezmasa, o‘sha fikrlarni o‘zimizniki ham qilib olamiz. Chunki ustozimiz Tal’at Solihov aytganidek: “bizning tafakkurimiz dangasa”. Fikr yuritishdan qochamiz, unga bo‘ynimiz yor bermaydi. Xuddi do‘konlardan yarimtayyor mahsulotlarni olib, uyga kelib, elektrisitgichda apil-tapil ilitib og‘zimizga solayotganimiz kabi ijtimoiy-ma’naviy intilishlarimiz bobida ham o‘sha tayyor qarashlarga tobemiz: bizgacha aytilgan mulohazalar qoliplari doirasidan chiqib ketolmaymiz. Kundaligimga qachonlardir shunday fikrni qoralab qo‘ygan ekanman: “Biz qoliplarga ko‘ra yashaymiz. Har doim, har bir harakatimiz qoliplarga rioyadir. Aslida, tabiatimiz va vijdon amrimizga quloq osish bizni ruhiy iztiroblardan saqlar edi. Lekin biz “odamlar nima deydi?”, deb o‘zimizni yana qoliplar ichiga yashiramiz. Hayot ham shunga yarasha jazolaydi — biz qoliplar ichra ko‘rinmay ketamiz”. Hozirda, badiiy asarlarni baholashda, hatto ular o‘tmish merosiga oid bo‘lsa-da, asosan, bizgacha aytilgan tayyor qarashlarni dastak qilib kun ko‘rayotgan chalaolimlar urchib ketgan. Aslida, boshqalarni fikrlarini o‘qib-o‘rganishning yonida ularga qul bo‘lib qolmay, asarni go‘yoki endi yozilgandek mutolaa qilish va u haqida o‘z mulohazalarimizni aytishimiz kerakmasmi? Boshqa tomondan esa, ulug‘ asarlar faqat o‘tmishda yozilgan degan g‘ayriilmiy, g‘ayrimantiqiy qarashdan voz kechish kerak. Inson, agar u olim bo‘lsa ham, o‘z davri bilan, uning muammolari bilan yashamas, ularni his qilmas ekan, shu davrning ko‘zgudagi aksi bo‘lib yaratilgan asarlari haqida keskin fikr bildirishdan o‘zini tiygani ma’qul.

— “Sharq yulduzi” jurnali yoshlarni Vatanimiz tarixi va umuminsoniy qadriyatlari ruhida tarbiyalash yo‘lida xizmat qilmoqda. Bunda bosh muharrir sifatida sizning ham hissangiz bor, albatta. Jurnalning keyingi ijodiy rejalari haqida ham to‘xtalsangiz...

— “Sharq yulduzi” jurnali respublikamiz adabiy jarayonini ko‘zgu yanglig‘ aks ettirishni o‘ziga maqsad qilib olgan. Hozirgacha ushbu maqsaddan og‘ishmay faoliyat olib borishga harakat qilayapmiz. Umid qilamanki, jurnalimiz bundan keyin ham ana o‘sha jarayonni kuzatish va muntazam yoritib borishdan aslo tolmaydi. Jarayon bugun yanada qiziqarli tus olayapti. Chunki bugun odamlarimizning dunyoqarashlari, atrofga munosabatlari ayni o‘zgarayotgan, yangilanayotgan pallada yashayapmiz. Jumladan, mazkur o‘zgarish adabiyotda, ayniqsa, yoshlar ijodida ko‘zga yaqqol tashlanmoqda. Tahririyatimiz jamoasi bilan birgalikda hozirgi adabiy jarayonda manaman deya ko‘zga tashlangan har qanday janrdagi yaxshi asarlarni imkon qadar ko‘proq e’lon qilishni niyat qilib olganmiz.

 

Adiba UMIROVA gurunglashdi.

ADABIYOT — RUHIYAT TARBIYACHISI

Adabiyotimiz yukini katta iste’dodlar ko‘tarib turibdi. Ana shunday adiblarimizdan biri Nazar Eshonqulning “Yalpiz hidi” kitobini yaqinda yana qayta o‘qib chiqdim. Yozuvchi “Yalpiz hidi” hikoyasida Samandarning qishloqdan shaharga kelgan paytlari, tuyg‘ularining naqadar pokligi, hayotga zavq-shavqi, hayrati va armoni ilhom va mahorat bilan tasvirlangan. Uning “Urush odamlari”, “Momoqo‘shiq”, “Tun panjaralari” qissalarida ham samimiy, sof tuyg‘ular, iliq xotiralar aks etganki, kitobxonni aslo befarq qoldirmaydi.

Read more...

YAXSHI QO‘SHIQ NONDEK AZIZ, GULDEK MUATTAR

Tinch-osoyishta hayotimizga she'r, kuy-qo‘shiqlar yarashadi. San'at va adabiyot hamisha xalqimiz tomonidan ardoqlangan. San'atkor yoqimli ashulalari bilan qalblarga sohir tuyg‘ularni olib kirsa, barcha zamonlarda shoirlar o‘z she'rlari bilan insonlar didi, ma'naviyatining o‘sishiga xizmat qilgan. Bugungi tinch-farovon hayotimizdan ilhom olib, ko‘ngillarga yaxshi kayfiyat ulashayotgan qo‘shiqchilarimiz bisyor.      

Xushovoz xonanda, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulhay Karimov ana shunday san'atkorlardan.

Read more...

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.