KUZGUDA OLAM AKSI

It odamni tishlagani emas, odam itni tishlagani yangilik, degan qarash g‘arb nashr­larida asosiy mezon hisoblanadi. Xo‘sh, nihoyasiga yetgan yilda qaysi yangiliklar ana shunday darajaga loyiq topilib, sahifalarni to‘ldirdi ekan? Xorij matbuoti nafasini tuyish uchun ularga imkon qadar “ko‘z yugurtiramiz”.

Buyuk Britaniyaning mashhur “Time» jurnali bu safar ham o‘zining an’analariga sodiq qoldi. Doimiy ravishda “Yil odami”ni e’lon qiluvchi tahririyat bu gal dunyo jamoatchiligini tashvishlantirgan, ko‘pchilikning umriga zomin bo‘lgan ebola virusiga qarshi kurashganlarni bu nomga loyiq, deb topdi. “Urushda qurol emas qahramonning yuragi jang qiladi”, degan maqol bilan shu mavzuga oid maqolasini boshlaydi muharrir Nensiy Gibs. U ebola virusi keltirgan talafotlar haqida to‘xtalib, shifokorlarning unga qarshi harakatlarini jasoratga mengzaydi. Shu bilan birga, har qanday mamlakatdagi sog‘liqni saqlash tizimining rivoji nafaqat o‘sha yerdagilar uchun, balki butun yer kurrasi uchun ham ahamiyatli ekanini ta’kidlab o‘tadi.

Bundan tashqari, Antarktidada turizm sayohati pingvinlarga xavf solishi, gaz narxining tushishi, yil oxirida o‘tkaziluvchi turli tanlovlar g‘oliblari, Madonnaning yangi olti qo‘shig‘ining muxlislariga taqdim etilishi, Kubaning tashqi ishlariga oid mavzular bo‘yicha ham jurnalda materiallar berilgan.

 

Doimiy ravishda eng ko‘p mutolaa qilingan, ko‘rib chiqilgan, ko‘chirib olingan yoki sharhlar qoldirilgan maqolalarni e’lon qilib boruvchi “The New York Times” nashri o‘zining elektron sahifasini har soatda yangilab boradi. Materiallarni bunday shaklda ajratish orqali qaysi mavzular o‘quvchilarni eng ko‘p qiziqtirayotganini bilib olish mumkin. Gazetxonlar asosan mamlakat ichidagi hodisalar haqida o‘qishni ma’qul ko‘rishar ekan. Chunki qotillik, o‘g‘irliklar, garovga olish haqidagi eng ko‘p materiallar ko‘rib chiqilgan. Biroq bu bilan o‘quvchilarni tashqi dunyoga butunlay befarq deyolmaymiz. Kuba, Rossiya singari davlatlardagi bugungi vaziyatni izohlovchi tahliliy maqolalar ham katta qiziqishga sabab bo‘layotir. Musiqa maktab o‘quvchilarining ta’lim olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirishi mumkinligi, shuningdek, amerikalik yozuvchi, jurnalist Laura Xillendbrend­ning bukilmas irodasi haqidagi nisbatan yengilroq, ko‘ngilochar maqolalar ham e’tiborga arzirli, deb hisoblanmoqda. Nashrning ijtimoiy tarmoqlardagi, jumladan, “facebook”dagi sahifasiga qilingan “tashriflar” bo‘yicha ham jurnalda alohida ma’lumot berib boriladi. Ularni kuzatib, bugun ijtimoiy tarmoqlarning vazifalari muloqotni ta’minlashgina emasligini, ular ham axborot uzatuvchi, to‘plovchi manbalar sirasiga kirayotganini xulosa qilish mumkin.

Ommaviyligi va o‘quvchilari soni jihatidan dunyoda yetakchi o‘rinda turuvchi yana bir sariq nashr “Times of India” dir. Uning sahifalarida Pokistondagi to‘rt nafar terroristning jazoga tortilgani, Buyuk Britaniyadagi xorijlik bitiruvchilar masalasi, Impxal provinsiyasidagi portlashda uch nafar migrantning vafot etgani hamda Rossiya, Yevropadagi mojarolar o‘rin olgan. Bundan tashqari Bollivud yulduzlari shaxsiy hayotidagi mojarolar, qo‘ydi-chiqdilar uchun ham nashrda alohida joy ajratilgan. Aktrisa Anushka Sharma “o‘ta jozibali” suratlaridan sevgilisining ranjigani yoki Salmonxon raqiblariga jo‘natgan yeguliklar haqidagi maqolalar uchungina ham uni sotib oluvchilar bor ekan.

O‘rgimchak to‘ri deb ataladigan internet tarmoqlari ham keyingi paytda OAVning asosiy turiga aylanib borayotganini hisobga olsak, u orqali qaysi axborotlarga talab ko‘proq bo‘lganini bilib qo‘yish zarar qilmaydi, nazarimizda. Google qidiruv tarmog‘i o‘tgan yilda eng ko‘p murojaat qilingan axborotlar ro‘yxatini undan foydalanuvchilarga havola qildi. Unga ko‘ra, ebola virusi bilan bog‘liq yangiliklarga nisbatan Gollivud aktyori Robin Uilyamsning vafoti haqidagi ma’lumotlarga ko‘proq murojaat qilingan. Buni qarangki, Malaysia Airlines samolyotining yo‘qolishi, Braziliyadagi futbol bo‘yicha jahon chempionati voqyealari keyingi o‘rinlarni band etgan.

Angliyaning yana bir mashhur nashri “The Guardian”da ham keng jamoatchilik e’tiborini tortgan mavzular chop etildi. Kundalik gazeta, avvalo, so‘nggi xabarlarni o‘quvchilarga birinchilardan bo‘lib yetkazayotgan bo‘lsa-da, unda keyingi yildagi sodir bo‘lishi kutilayotgan hodisalar bashoratiga bag‘ishlangan tahliliy materiallar ham alohida o‘ringa ega. “O‘t-o‘lan Dan Jarvis oyoqlari ostida o‘smaydi”, deb boshlangan maqolada Parlamentga a’zo bo‘lganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan siyosatdonning kelajagi haqida so‘z boradi. 2010 yili turmush o‘rtog‘ining bevaqt vafotiyu, o‘shanda atrofdagilar siyosat olamida unga o‘rin yo‘qligini ta’kidlashgani, ammo Dan o‘z fikrida qatiy turgani ham hikoya qilinadi. Vaqtida Kosovo va Afg‘onistonda xizmat qilgan sobiq harbiyning bugungi mamlakat siyosiy hayotidagi ta’siri kuchli. Bundan tashqari, Londondagi mash­hur restoran faoliyatidagi nuqsonlar aks etgan Jey Raynerning maqolasi ham ancha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Dosches­ter mehmonxonasining res­toraniga muallif shaxsan o‘zi borib, u yerdagi ahvolni boricha qalamga oladi. Taomlar narx-navosining sifat bilan uyg‘un emasligini tanqid qiladi.

“Men siz uchun katta yo kichik, istalgan yangilikni izlab topa olaman, mabodo yangilikni o‘zi bo‘lmagan taqdirda, ko‘chaga chiqaman va itni tishlayman”, degan edi film qahramonlaridan biri. Xorij muxbirlari haqidagi kinoda obraz tilidan aytilgan bu so‘zlar qay bir ma’noda bugun dunyo OAV haqidagi tasavvurimizni oydinlashtiradi. Zero, har doim ham aniq axborot xolis yoritilmasligi mumkin.

Mohira OTABOYEVA,

“Hurriyat” muxbiri