IBRATLI QO‘SHNICHILIK

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yuragi - mintaqada yetakchi, quruqlik bilan o‘ralgan, dunyo sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan, boy tarixga ega davlatdir. Bugungi kunda mintaqadagi infratuzilmani, shuning­dek davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni bog‘lash va mustahkamlashda O‘zbekiston Respublikasining alohida o‘rni mavjud. Buni mamlakatimizga tashrif buyurayotgan yetakchi mamlakatlar davlat rahbarlari va ekspertlarning xulosalariga tayanib baralla aytish mumkin.

 

Davlatimiz jahon hamjamiyati, shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro manfaatli, istiqbolni oldindan baholay bilish siyosatiga amal qilgan holda faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu o‘ziga xoslik o‘zga davlatlarning e'tiborini qozonishda ular bilan tinchlik, hamkorlik va bunyodkorlikka asoslangan do‘stona aloqa o‘rnatishda boshqalarga ibrat bo‘lmoqda. Darhaqiqat, mamlakatimizning o‘tgan 24 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘liga nazar tashlasak,  sohada muhim qadamlar tashlanganining guvohi bo‘lamiz.

Mustaqil davlatning siyosiy nufuzi va jahon hamjamiyatida tutgan o‘rni uning tash­qi siyosatda tutgan yo‘li, mamlakat ichkarisidagi demokratik jarayonlarning  dunyo talablari darajasida shakllanishi bilan belgilanadi. Konstitutsiyamizda tash­qi siyo­satning yetakchi tamo­yillari sifatida milliy manfaatlarga asoslangan davlatlararo munosabatlarning ustuvor  yo‘nalishlari belgilab berilgan. O‘zbekiston uchun xalqaro munosabatlarda muhim mezon - o‘zaro hurmat va o‘zaro foydali hamkorlikka asoslangan teng huquqli sherikchilikdir. Bu munosabat davlatlarning suveren tengligiga asoslangan tamoyillarni, ya'ni kuch ishlatmaslik yoki tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizoli masalalarni tinch yo‘l bilan hal etish va xalqaro huquqning boshqa me'yorlaridan kelib chiqadi.

Davlatimiz rahbari Islom Karimov tashabbusi bilan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyo­siy faoliyat konsepsiyasida mamlakatimiz tashqi siyosati uchun Markaziy Osiyo ustuvor mintaqa hisoblanadi, zero u davlatimizning hayo­tiy manfaatlari bilan bevosita bog‘liqdir. Markaziy Osiyo muammolari mintaqa davlatlari tomonidan tashqi kuchlarning aralashuvisiz hal qilinmog‘i kerak. O‘zbekiston o‘zining yaqin qo‘shnilariga nisbatan ochiq, do‘stona va amaliy siyosat olib borish tarafdori bo‘lib, mintaqaning mavjud siyosiy, iqtisodiy va ekologik muammolari o‘zaro manfaatlarni hisobga olgan holda, konstruktiv muloqot hamda xalqaro huquq qoidalari asosida hal qilishga intiladi.

Xalqaro sherikchilik rishtalari O‘zbekistonning uzoq o‘tmishiga borib taqaladi. Davlatimiz Buyuk ipak yo‘lida joylashgan bo‘lib, qadimdan Xitoy, Hindiston, Misr va boshqa ko‘plab YAqin Sharq, Osiyo va Yevropa mamlakatlari bilan do‘stona aloqa bog‘lab kelgan. O‘zbekiston bugungi kunda ham qo‘shni davlatlar bilan teng huquqli sherikchilik va qo‘sh­nichilik munosabatlarini olib bormoqda. Yurtimizni ular bilan chuqur tarixiy, ma'naviy, diniy va madaniy birlik bog‘lab turadi. Shu bilan birga mamlakatimiz yaxshi qo‘shnichilikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan xalqaro tadbirlar tashabbuskori hamdir.

Masalan, davlatimiz rahbari afg‘on muammosini harbiy kuch ishlatish yo‘li bilan bartaraf etib bo‘lmasligini, Afg‘oniston zaminida tinchlik va xotirjamlik o‘rnatish uchun birdan-bir to‘g‘ri yo‘l - muloqotlar yo‘li ekanini, bu zaminda yashayotgan xalqlarning dini va madaniyati, qadriyatlarini hurmat qilish, izzat-hurmatini joy-joyiga qo‘yish lozimligini nufuzli minbarlarda, har bir chiqishlarida alohida ta'kidlab keladilar. Afg‘on muammosini hal etishning aniq-ravshan yo‘li - mamlakatda tinchlik jarayonini boshlash uchun dunyo hamjamiyati ko‘mak berishi lozim. O‘zbekiston tinch va barqaror Afg‘oniston bilan xalqaro huquqning umumme'yor va tamoyillari asosida yaxshi qo‘shnichilik o‘rnatishdan manfaatdordir. Davlatimiz shu maqsadda yon qo‘shnisiga qo‘lidan kelgancha yordam berayotganini jahon hamjamiyati ko‘rib turibdi, e'tirof etyapti.

Mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash doirasida O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliya­tining yana bir muhim yo‘nalishi Markaziy Osiyoda va unga qo‘shni mintaqalarda omma­viy qirg‘in qurollari tar­qalmasligi muammosini hal qilish hisoblanadi. Yurt­boshimizning Markaziy Osiyo­ni yadro qurolidan xoli hududga aylantirish haqidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, BMT Bosh Assambleya­si uchta rezolyutsiya qabul qildi. 2000 yili Yadro qurolini tar­qatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha konferensiyasida «Mintaqa davlatlari Markaziy Osiyo yadro qurolidan xoli hudud to‘g‘risidagi shart­noma» loyihasini ishlab chiqqani va u ma'­qullangani bu borada oldinga tashlangan muhim qadamdir.

Bulardan tashqari davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 2000 yil sentyabr oyida bo‘lgan Mingyillik sammitida xalqaro terrorchilik va giyohvand moddalarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashga, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga, BMT faoliyati va uning tarkibiy tizimini isloh qilishga doir ko‘plab takliflarni ilgari surdi. Shu bilan birga, jahon hamjamiyati e'tiborini yana bir bor Orol muammosiga qaratdi. Bu muammo nafaqat Markaziy Osiyo xalqlarining, balki butun dunyo mamlakatlarining jiddiy ekologik muammosi ekani alohida ta'kidlandi.

Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlik bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar majmuini ko‘rib chiqar ekanmiz, bunda hamkorlikning iqtisodiy jihatlari katta ahamiyatga ega ekaniga guvoh bo‘lamiz. Chunki mintaqa mamlakatlarining tinchlik, barqarorlik va farovonlik sari odim tashlashi ko‘p qirrali iqtisodiy hamkorlik evaziga ta'minlanadi. Bunda o‘zaro hurmat tamoyili mustahkam zamin bo‘ladi. Shu ma'noda O‘zbekistonning mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga qaratayotgan e'tibori diqqatga sazovordir.

Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Turkmaniston Respublikasi prezidenti bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarning muntazam tus olayotgani mintaqaviy muammolar yechimini topishda qo‘l kelmoqda.  O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining o‘tgan yili 23-24 oktyabr kunlari Ashxobod uchrashuvi oliy darajadagi samarador va faol muloqotlarning mantiqiy davomi desak yanglishmaymiz.

Dunyoning turli mintaqalarida vaziyat shiddat bilan o‘zgarayotgan, voqyealar rivoji oldindan aytib bo‘lmaydigan holatga kelgan, bos­qinchilik va zo‘ravonlik kengayib borayotgan bugungi sharoitda davlat rahbarlarining siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik xavfsizlikni ta'minlash masalalaridagi bunday hamfikrligi alohida ahamiyat kasb etadi.

Ma'lumki, davlatlar hamkorligida transport kommunikatsiyalari muhim rol o‘ynaydi. Ikki mamlakatning avtomobil va temir yo‘llari yaxshi integratsiyalashgan tizim bo‘lib, nafaqat O‘zbekiston va Turkmaniston, balki uchinchi davlatlar uchun ham qulay tranzit majmui vazifasini o‘tamoqda. Xususan, Prezident Islom Karimov tashabbusining amaliy ifodasi bo‘lgan O‘zbekiston - Turkmaniston - Eron - O‘mon yangi xalqaro transport-kommunikatsiya koridorini barpo etish bo‘yicha 2011 yili imzolangan bitim muhim geostrategik ahamiyatga egadir.

Ushbu g‘oyaning hayotga tatbiq etilishi Markaziy Osiyo davlatlarini YAqin Sharqning iqtisodiy faol ko‘rfazlaridagi bandargohlar bilan bog‘lash imkonini beradi. Bu kelgusida bojxona sohasida, avtomobil, temir yo‘l va dengiz transporti orqali yuk tashish va tranzit qilishda qulayliklar yaratilishiga yo‘l ochadi.

Ekspertlarning fikricha, loyiha ijrosi yakuniga yetgach, boshqa mamlakatlar ham undan foydalanishdan manfaatdorlik bildiradi. Bu lo­yihaning jozibadorligini yanada oshiradi.

Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi bilan ham yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari izchillik bilan rivojlanib bormoqda. Buning tasdig‘i o‘laroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 2014 yil 24-25 noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘lib qaytdi.

O‘zaro hamkorlikni 2013 yilning iyun oyida Toshkent­da imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘is­ton Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma ruhida izchil rivojlantirish ikki mamlakat xalqlarining tub manfaatlari, ularning tarixiy va madaniy yaqinligi, vaqt sinovidan o‘tgan mustahkam do‘stlik va qardoshlik rishtalariga mosligidan, mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, uni barqaror rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2014 yil 11-12 sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotining Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sammiti doirasida Tojikis­ton Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashuvi ham yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va konstruktiv hamkorlikka asoslangan O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari xalqlarimiz manfaatlari, mintaqada tinchlik va bar­qarorlikni ta'minlash yo‘lida izchil rivojlanayotganidan darak beradi. Suv-energetika tizimidan foydalanish borasidagi qarashlarda ayrim tafovutlarga qaramay, Tojikiston va Qir­g‘izis­ton bilan ham mintaqada xavfsizlikni ta'minlash, umumiy barqarorlikka erishish, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik kengayib borayotganini, bu borada O‘zbekistonning yetakchilik salohiyatiga alohida hurmat bilan qaralayotganini ta'kidlash joiz. Bu dunyo xalqlariga o‘rnak bo‘larli ibratdir.

Mintaqada yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, qadim qadriyatlar asosida o‘zaro hurmat va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamisha tinchlik va farovonlikka olib kelgan.

 

A. SAYIBNAZAROV