QORA KO‘LANKA

Bugungi kunda terrorizmga qarshi kurash dunyo hamjamiyati oldida dolzarb muammolardan biri bo‘lib turibdi. Har bir mamlakat boshiga tushgan balodan qutilish yo‘llarini o‘zicha hal etmoqda. Terroristik tashkilotlarning nomi o‘zgarib turgan bo‘lsa-da, biror-bir maqsadni ko‘zlamay yoppasiga qirg‘in yo‘lini tutayotgani anglab bo‘lmas sirligicha qolmoqda. Terrorizm aslida siyosiy maqsadlarga erishish yo‘lida jamiyatda qo‘rquv paydo qilish demakdir. Ibora lotincha bo‘lib, “dahshat”, “qo‘rquv” degan ma'nolarni anglatadi.

Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, bu harakat asosan 20 asrda keng tar­qala bosh­ladi. O‘shanda terror metodidan bir qator mamlakatlarning maxsus xizmatlari, radikal tashkilot a'zolari birdek foydalangan.

Bugungi kunda dunyoda o‘zining qabohatli xatti-harakatlari bilan insoniyatga tahdid solib turgan shunday tashkilotlardan biri ISHIDning paydo bo‘lishi. Uning faoliyat ko‘lamlariga nazar solsangiz, ular aniq maqsadga ega bo‘lmagan jangari to‘dalar ekanligiga guvoh bo‘lasiz.

 2013 yilning 10 aprel kuni “Iroq va Levanta(Shom) Islom Davlati” jangarilari “Al Qoida” rahbari Ayman az-Zavaxiriga sodiqlik borasida qasamyod qabul qildilar. Bungacha ular “Al Qoida” terror tarmog‘ining Suriya va Iroqdagi ikki filiali - “Iroq islom davlati” va “Jabxat an-Nusra” sifatida o‘z hollariga faoliyat yuritishardi. Iroq va Suriya guruhlari o‘rtasida raqobat mavjudligi bois az-Zavaxiri 2013 yilning noyabrida “Iroq va Levanta(Shom) Islom Davlati” tarqatilganini e'lon qildi. Ammo ISHID avvalgi nomga qaytmadi. O‘tgan yilning yanvar oyi­da ularga qarshi Suriyaning «mujohidlar armiyasi”, “Suriya isyonkorlar fronti”, «Islom fronti» va «Jabxat an-Nusra» kabi guruxlari qarshi chiqdi. 2014 yil fevral oyida Ayman az-Zavaxiri “Iroq va Levanta(Shom) Islom Davlati”ning “Al-Qoi­da”ga mutlaqo aloqasi yo‘qligi haqida bayonot berdi. BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan ham imkoniyat doirasida jazo choralari qo‘llandi.

Dubaydagi YAqin Sharq va Fors ko‘rfazi harbiy tahlil Instituti mutaxassislarining so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda “Iroq va Levanta Islom Davlati” saflarida 10 mingdan 15 mingacha jangari mavjud. Britaniyada nashr qilinadigan “Ekonomist” jurnalining yozishicha, 2014 yilning iyun oyida bu guruxning Iroqda 6 ming, Suriyada 5 ming jangarisi bor.

Jangarilar endilikda asosan o‘g‘irlik, bosqinchilik, garovga olingan odamlarni pul evaziga ozod qilish or­qali mablag‘ topish yo‘lini tutayotir. O‘tgan yil iyun oyida ular Mosuldagi Markaziy bank filialiga hujum qilib, 900 milliondan 2 milliard dollargacha bo‘lgan mablag‘ni o‘zlashtirib olgan. Bundan tash­qari, guruh Fors ko‘rfazidagi ayrim mamlakatlardan moliyaviy ko‘mak olib turishi ham taxmin qilinadi. 

Qovun-qovundan rang olar deganlaridek, endilikda nafaqat YAqin Sharqda, balki Afrikada ham terrorchi guruhlar muqim qo‘nim topayotgan ko‘rinadi. Nigeriya hududlarida faoliyat yuritadigan “Boko Xaram” a'zolari zamonaviy ta'limga qarshi bosh ko‘tarib chiqdi. Bu guruhning aniq bir dasturi yo‘q. Guruh a'zolari saflariga asosan yoshlarni jalb qilib, zamonaviy texnologiyalardan voz kechishni va eski aqidalar asosida yashashni targ‘ib qiladilar. «Boko Xaram” o‘z faoliyatini mayda-chuyda buzg‘unchiliklardan boshlagan. Masalan, bu guruhga 2009 yilda Nigeriya hukumatining “mototsikl haydovchilari albatta maxsus shlemda bo‘lishi kerak”, degan qarori yoqmagan. Vaqt o‘tishi bilan guruh o‘z qarashlarini o‘zgartirib, radikal g‘oyalarni targ‘ib qila boshladilar. O‘zlariga yot qarashdagi kishilarni jismonan yo‘q qilish amaliyotiga o‘tishdi.

Ayni damda “Boko Xaram” Nigeriyadagi Borno va Yobe shtatlarining 20 ming kvadrat kilometrdan ortiq hududini nazorat qilib turibdi. “Boko Xaram”ning g‘oyalari Niger, Chad va Kamerun hududlarida ham tarqalishi haqida xavotirlar mavjud.

Avvaliga “Boko Xaram” jangarilari odamlarni o‘g‘irlash, umummiliy va mahalliy siyosatchilar hayotiga suiqasd qilish bilan shug‘ullanib kelgan. Oradan ko‘p o‘tmay tashkilot yirik terrorchilik harakatlarini amalga oshirishga o‘tdi. Bunga “Boko Xaram”ning “Al Qoida” terror tarmog‘i bilan hamkorlik o‘rnatgani sabab bo‘ldi, deb sharhlashmoqda siyosatchilar.

Tashkilot tarkibida beshta fraksiya bo‘lib, ular doimo o‘zaro raqobatlashib keladi. Bu guruhlar o‘z hollaricha harakat qilib, ularning rahbarlari keng qamrovli terror hodisalarini uyushtirish yo‘li bilan obro‘ topishga urinishadi. Tahlilchilarning fikricha, tashkilot ichidagi o‘zaro raqobatlar qisqa muddatda jangarilarning faolligiga sabab bo‘lishiga olib keladi.

Kuzatuvchilarning fikricha, “Boko Xaram”ning Nigeriya, Chad va Kamerun hududlarini egallab olayotgani uning kuchliligidan dalolat emas, balki mazkur mamlakatlar huquq-tartibot idoralari va armiya bo‘linmalarining yaxshi tayyorgarlikka ega emasligidandir. 2013 yilning may oyida Nigeriya prezidenti Jonatan Gudlak mamlakatning shimoliy-sharqidagi uchta shtatida harbiy holat e'lon qildi. Biroq bu chora samara bermadi. Chunki Nigeriya harbiylari jangarilar olib boradigan partizanlik urushiga harbiy jihatdan ham, ruhiy jihatdan ham tayyor emasligi ko‘rinib qoldi. Ma'lumki, mintaqada vaqti-vaqti bilan jangarilar tinch aholi vakillariga qarshi hujumlarni uyushtirib turishibdi. Quyi hokimiyat vakillarining befarqligi ham vaziyatni yanada chigallashtirmoqda.

Terrorchilar o‘z nomi bilan terrorchi. Ular jangovar harakatlardan ko‘ra, ko‘proq tinch aholida qo‘rquv, vahima uyg‘otish orqali o‘z maqsadlariga erishish yo‘lini tutishadi. Xususan, 2014 yilda terrorchilar qo‘lida 8138 kishi halok bo‘lgan. Bunday tashkilotlarning giyohvand moddalar va qurol-yarog‘lar noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanuvchi uyushgan jinoiy guruhlar bilan xamkorlik qilishi endilikda sir bo‘l­may qoldi.

O‘z maqsadlariga erishish yo‘lida ular Internet tarmoqlaridan, radio va televideniyedan keng foydalanmoqdalar. Xalqaro terrorizm insoniyat taqdiriga tobora xatar solmoqda.

Mana shunday vaziyatda har bir xalq, har bir inson dunyoda sodir etilayotgan vahshiyliklardan boxabar bo‘lishi, Vatanning tinch-osoyishtaligi, turmush farovonligining qadriga yetib, uni ko‘z qorachig‘idek asrashni o‘z burchi deb bilishi zamon talabidir. Binobarin, Bizning jonajon mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro hushyor va sergak bo‘lib, kimlar bizga xayrixoh, kimlar g‘arazli ko‘z bilan qarayotganini, bugungi hayot, bugungi davr oldimizga qanday o‘tkir talab va vazifalarni qo‘yayotganini chuqur anglab yashashi hayotiy zaruratga aylanib bormoqda.

 Sharofiddin TO‘LAGANOV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.